SKILUR
SKILUR (yun. Skiluros) — skiflar podshosi (mil. av. 2-a.). S. davrida Skifiya tarkibiga Jan. Bug va Dnepr daryolarining quyi oqimi boʻyidagi yerlar va poytaxti Skiflar Neapoli (hoz. Simferopol hududi) boʻlgan Qrim dashtlari kirgan (q. Neapol). Skiflarga tobe etilgan Olviyada Skilur tanga zarb ettirgan, mahalliy savdogarlar yordamida gʻalla (bugʻdoy)ni xorijiy mamlakatlarga chiqargan, davlat hududini kengaytirishga, qad. shahar-davlat — Xersonesdan Qrim sohili va b. mulklarni tortib olib, dengizga chikishga harakat qilgan. Bunga erishish uchun u sarmatlarga mansub roksolanlar bilan xarbiy ittifoq tuzgan, biroq Xersones Pont podshosi Mitridat Yevpator homiyligiga oʻtgan. Mitridat bilan boʻlgan urush davrida Skilur vafot etgan, Skifiya mil. av. taxm. 108—107-y. larda maglubiyatga uchragan.
Ensiklopediya.uz
SKILUR