SISTITSERKOZ

SISTITSERKOZ

SISTITSERKOZtasmasimon chuvalchanglar (sestodlar sinfiga kiruvchi choʻchqa solityorlarining lichinkalari) qoʻzgʻatadigan gijja kasalligi. Odam va hayvonlarda uchraydi. Choʻchqa solityorining lichinkasi sistitserklar deb atalib, odatda, chuchqaning koʻndalang targʻil muskullarida yashaydi (choʻchqa oraliqxoʻjayin). Odamga sistitserkli choʻchqa goʻshtini chala pishirib isteʼmol qilganda yuqadi. Odam organizmiga oʻtgan sistitserk meʼda shirasi taʼsirida parchalanadi va parazit oʻz soʻrgʻichlari bilan ingichka ichak devoriga yopishib, shu yerda jinsiy yetiladi. Ichakda yetilgan gijja odamda tenioz kasalligini qoʻzgʻatadi. Baʼzi hollarda, yaʼni bemor qayt qilganda ichakning teskari qisqarishi tufayli gijjaning ichakda yetilgan boʻgʻimlari meʼdaga, qiziloʻngachga tushib, ular devoridagi qon tomirlariga oʻtadi va u yerda tuxumidan onkosferalar chiqadi. Onkosferalar qon va limfa orqali bemor skelet muskullariga, bosh va orqa miyaga, koʻzga va b. ga tarqalib, sistitserklarga aylanadi (bunda odam oraliq xoʻjayin boʻlib qoladi). Sistitserklar odam organizmida oylab, yillab yashaydi va uni surunkali zaharlab turadi. Sistitserklar qoʻzgʻatadigan kasalliklar ogʻir kechib, ular qaysi aʼzoda parazitlik qilsa, oʻsha aʼzo qattiq zararlanadi (mas, koʻz xiralashadi, bosh qattiq ogʻriydi, bemor tirishadi, tutqanoq tutadi va h. k.).

Ensiklopediya.uz
SISTITSERKOZ