Sistit — ayollarda va erkaklarda, tasnifi, alomatlari, tashxislash, davolash
Sistit — siydik pufagi (qovuq) va siydik yo’llarining eng keng tarqalgan yallig’lanish kasalliklaridan biri. Kasallikning eng keng tarqalgan sababi siydik-tanosil tizimiga mikrob kirishi va yallig’lanish chaqirishidir.
Sistitning taxminan 80% i ayollarda kuzatiladi. Buning sababi ayollar siydik yo’llari erkaklarnikiga nisbatan qisqa va kengroq bo’ladi, shu sababli bakteriyalarning kirib borishi osonroq bo’ladi. Shuningdek ayollar siydik chiqarish kanali orqa chiqarish teshigiga yaqinroq joylashgani sababli u orqali uretraga Ichak tayoqchasi — ayollar va erkaklarda sistitning eng keng tarqalgan qo’zg’atuvchisi kirib borishi osonlashadi.
Statistika ma’lumotlariga ko’ra, ayollarning taxminan 25% turli darajadagi sistitni boshlaridan kechirgan va har o’n ayoldan biri surunkali sistitdan aziyat chekmoqda. Erkaklarga bu patologiya faqatgina 0,5% ni tashkil qiladi.
Qovuqning yallig’lanishi — sistitning asosiy sabablari
Ayol va erkaklarda sistit rivojlanishining sabablari quyidagilardir:
- Infektsiyalar. Ko’p hollarda sistitning rivojlanishi sababi siydik yo’llariga infektsiya tushishidir. Yuqorida aytib o’tilganidek, patogen (va shartli-patogen) mikroflora siydik yo’liga orqa chiqaruv teshigi (anus) yoki qin orqali kirishi mumkin. Infektsiyaning kirib borishi sovuq qotish (gipotermiya) yoki mahalliy immunitetning pasayishi natijasida osonlashadi. Bu ikki omil sistitning 75-85% ining sababchilaridir. Biroq, ba’zi holatlarda infektsiya qovuqqa boshqa yo’llar orqali kiradi. Masalan, ba’zi hollarda buyraklardagi infektsiya qovuqqa tushadi (tushuvchi yo’l). Kam hollarda infektsiya qovuqqa va siydik yo’llariga qon oqimi orqali kirib boradi (infektsiya tushishining gematogen yo’llari). Infektsiyaning gematogen yo’llar orqali tarqalishi tanadagi har qanday yuqumli kasallik ochog’ining mavjudligi (masalan, yallig’langan bodomsimon bezlar [angina, tonzillit] yoki karies) sabab bo’lishi mumkin. Va nihoyat, patogen mikroorganizmlar kirib borishining yana bir yo’li — limfa orqali (limfogen).
- Ba’zi dorilarni qabul qilish. Ba’zi preparatlarni nojo’ya ta’sir sifatida siydik tizimida yallig’lanishni keltirib chiqarishi mumkin. Bunday dorilarga, masalan, sitostatiklar (o’simtalarga qarshi kurashda ishlatiladi) kiradi. Ushbu dorilarni metabolizmi natijasida organizmda akrolein hosil bo’ladi va u qovuq shilliq qavatiga qo’zg’atuvchi ta’sir ko’rsatadi. Shunday ravishda dori-darmon sababli sistiti rivojlanishi yuzaga keladi.
- Allergiya. Ba’zi ayollar siydik yo’llarining shilliq qavati mahalliy allergik reaktsiyaga ega bo’lishi mumkin. Bunday holatda allergenni aniqlash va u bilan aloqa qilishdan ehtiyot bo’lish kerak.
Qovuqning yallig’lanishini bevosita rivojlanishiga olib keladigan sabablarga qo’shimcha ravishda, shuningdek, sistitga sabab bo’ladigan ikkilamchi omillar ham mavjud. Ushbu omillar quyidagilardir:
- Sintetikadan tayyorlangab tor ichki kiyimlarni kiyish. Bu genital hududdagi bakteriyalarni rivojlanishiga yordam beradi, bu esa o’z navbatida sistit rivojlanish ehtimolini oshiradi.
- Tasodif jinsiy aloqa. Jinsiy hamkorlarning tez-tez o’zgarishi va himoyalanmagan jinsiy aloqa qilish jinsiy yo’l bilan yuqadigan kasalliklar (JYYK) rivojlanish xavfini oshiradi. JYYK fonida siydik yo’llari bilan siydik pufagi yallig’lanishi mumkin.
- Qabziyat va ichak kasalligi. Ichak kasalliklari va ich qotishi fonida shartli-patogen mikroorganizmlar faollashadi, ular esa siydik yo’llariga kirib borishi mumkin.
- Buyrak kasalligi. Nefrologik kasalliklar bilan infektsion jarayonning qovuqqa (tushuvchi yo’l) tarqalishi ehtimoli oshadi.
- Gormonal fonning buzilishi. Yuqori gormonal sharoitlarda qin va uretra shilliq pardalardagi mikrofloralar ham o’zgaradi.
- Immunitetni zaiflashtirishga yordam beruvchi kasalliklar. Immunitetning zaiflashishi fonida patogen bakteriyalar siydik yo’llariga osonlik bilan kirib, yallig’lanish jarayonining rivojlanishiga yordam beradi.
Kasallikning turlari: sistitning tasnifi
Sistitning birlamchi va ikkilamchi, yuqumli (spetsifik, nospetsifik) va yuqumli bo’lmagan (termal, kimyoviy, toksik, allergik, radiatsiyaviy, dorivor, ovqatlanish) turlari farqlanadi. Kasallikning kechishiga qarab sistit o’tkir va surunkali bo’ladi. O’tkir sistit aniq alomatlar mavjudligi bilan ajralib turadi, surunkali sistit esa bulaniq belgilar bilan boshlanadi.
Sistit qanday namoyon bo’ladi
Ba’zi bir belgilarga e’tibor berish muhim sanaladi. Agar ayol yoki erkak kishida sistit rivojlansa, bunday kasallik bilan bog’liq alomatlar turlicha bo’lishi mumkin. Sistitning eng keng tarqalgan belgilari:
- Siydik chiqarish vaqtida qichishish va achishish. Bu sistitning eng o’ziga xos belgilaridan biri. Ko’pincha bu alomatlar kasallikning infektsion yoki allergik tabiatli ekanligiga ishora qiladi. Yuqumli infektsiyalarda mikroorganizmlar siydikda to’planib qoluvchi toksik moddalar chiqaradi va ular siydik yo’llariga tushgach, shilliq qavatlarda qo’zg’atuvchi qiluvchi ta’sir ko’rsatadi. Allergiyadagi qichishish va achishish ko’p miqdordagi gistamin — yallig’lanishning asosiy mediatori ajralishi sabab yuzaga keladi.
- Sistitda og’riqlar. Sistitning boshqa umumiy belgisi qorinning pastki qismidagi va oraliqdagi og’riqdir. Og’riqning kuchliligi turlicha bo’lishi mumkin. Taxminan 10% hollarda sistit og’riqsiz kechadi. Ko’pincha e’tibor qilinmaydigan ozgina noqulaylik va bosim his etilishi mumkin. Sistitdagi og’riq hissi ko’pincha belga tarqaladi va bu alomatni bemor bel og’rig’iga yo’yishi mumkin. Ko’pincha sistitda og’riqlar bilan birga bosh og’rig’i, charchoq, yuqori tana harorati kabi alomatlar kuzatiladi. Shifokorlar og’riq va intoksikatsiyani sistitda yagona simptom majmuasi deb hisoblashadi. Biroq, zaiflashgan immunitetda isitma va boshqa zaharlanish alomatlari kuzatilmasligi mumkin.
- Gematuriya (siydikda qon bo’lishi). Ba’zida erkaklar va ayollardagi sistitda siydikda qon mavjudligi uchraydi . Siydik pushti va g’ish rangi kabi tus olishi mumkin. Ko’pincha siydikdagi qon siydik yo’li shilliq qavatining virusli yallig’lanishini ko’rsatadi. Gematuriya vaqtida shifokorlar sistitning ikkita variantini ko’rib chiqadilar: o’tkir va asoratli. Bunday holda, sistitning turini aniqlash uchun yana bir qator tadqiqotlar o’tkaziladi va tegishli davolash rejasi tayinlanadi.
Sistit aniqlanganda bemorning harakati
Kasallikning birinchi alomatlarida darhol shifokor bilan maslahatlashing. O’tkir sistitda yotoq rejimi, ko’p suyuqlik ichish va ovqat ratsionidan sho’r, achchiq, konservalangan oziq-ovqat, go’sht qaynatmalari, spirtli ichimliklarni chiqarib tashlash kerak. Medikamentoz davolashga qo’shimcha sifatida siydik haydovchi damlamalar tavsiya etiladi. Og’riqni qoldirish maqsadida fizioterapiya, grelka, issiq vannalar buyuriladi.
Sistitni tashxislash
Tashxis qo’yishda kasallikning o’ziga xos alomatlar borligi, antibiotik davolash ta’siri ostida tezda yaxshilanish kuzatilishi yordam beradi.
Laboratoriya diagnostik usullaridan foydalaniladi: umumiy siydik tahlili, siydikni bakteriologik sun’iy o’stirish orqali patogen organizmni va antibiotikka sezuvchanligini aniqlash, Nechiporenko bo’yicha siydik tahlil, kam hollarda PZR (polimeraza zanjir reaktsiya), disbiozis uchun qin mikroflorasi o’rganish. Shuningdek siydik-tanosil a’zolari ultratovush tekshiruvi (UTT), sistoskopiya va biopsiya (ko’rsatilgan bo’lsa) amalga oshiriladi.
Sistitni davolash
Kuchli o’griq kuzatilganda muskullarning spazmini kamaytirish uchun dorilar (papaverin, drotaverin), og’riq qoldiruvchi preparatlar (metamizol, diklofenak) buyuriladi. Sistit kasalligini davolashning asosida keng ta’sirga ega antibiotiklarni qo’llash yotadi, bunday preparatlarga monural, nitroksolin va antibiotiklarga zevuchanlikni inobatga olgan holda boshqa antibioriklar kiradi. Odatda ftorxinolonlar qo’llaniladi (siprofloksatsin, norfloksatsin, ofloksatsin, tsifran, levofloksatsin). Tashxilash jarayonida viruslar yoki zamburug’lar aniqlangan bo’lsa, mos ravishda virusga qarshi yoki zamburug’larga qarshi dorilar buyuriladi.
Agar to’gri davolash olib borilsa, sistitdan 7-12 kun davomida to’liq qutulish mumkin.
Surunkali sistitni davolash yallig’lanishga qarshi va o’simlik ekstrakti saqlagan dorilar bilan normal siydik ajralishini ta’minlashga qaratigan bo’ladi. Shuningdek organizmdagi barcha infektsiya o’choqlarini (karies, surunkali tonzillit va boshqalar) davolash amalga oshiriladi.
Organizmdan zaharli moddalarni tez va samarali chiqarib tashlash uchun ko’proq suyuqlik ichish tavsiya etiladi (tana vazniga qarab shifokor tomonidan belgilanadi).
Dori-darmonlardan tashqari, shifokor o’tli damlamalar va o’simlik choylarini belgilashi mumkin. Bunday holda o’zboshimchalik bilan sistitni xalq tabobati yordamida davolash tavsiya etilmaydi. Barcha dorilar va o’tlar shifokor tomonidan belgilanishi kerak.
Sistitning asoratlari
Sistitning asoratlariga quyidagilar kiradi:
- Gematuriya (siydikdagi qon): ayrim hollarda og’ir qon ketishi yuzaga kelishi mumkin;
- Interstitsiyal sistit: yallig’lanishi nafaqat qovuq shilliq qavatiga tarqaladi, balki muskul qatlamiga ham o’tishi mumkin va oxir-oqibat organ qurishi va uning disfunktsiyasiga sabab bo’ladi;
- Pielonefrit: infektsiya buyrakga tarqaladi va yallig’lanishga olib kelishi mumkin.
Sistitning oldini olish
Profilaktika ayniqsa ayollar o’ta muhim hisoblanadi, chunki ularda uretra erkaklarnikiga nisbatan kaltaroq va kengroq bo’ladi, siydik chiqarish kanali orqa chiqarish teshigiga yaqin joylashganligi ham ayollarni ushbu kasallikka ko’proq moyil qiladi. Tualet qog’ozini ishlatganda uretradan anusga qarata harakat qilinish kerak, aksincha emas. Santexnikaning tozaligi ham katta ahamiyatga ega — vaqti-vaqti bilan ularni dezinfeksiyalovchi moddalar bilan tozalab turish kerak. Siydik-tanosil kasalliklarini to’liq va o’z vaqtida davolash kerak, uzoq sovuq qotishdan saqlanish kerak.
Kasalliklar
alomatlari, davolash, Sistit — ayollarda va erkaklarda, tashxislash, tasnifi