Silni yuqtirmaslik chora-tadbirlari
Silni yuqtirmaslik chora-tadbirlari
DO`STLARGA ULASHING:
uni davolashdan ko‘ra oldini olgan afzalroq
Sil – yuqumli kasallik bo‘lib, uni mikobakteriyalar, ya’ni Kox tayoqchalari keltirib chiqaradi. Kasallikning asosiy manbai – o‘pka siliga chalingan odamdir.
Mikobakteriyalar ayniqsa, bemor yo‘talganda nafas yo‘llaridan ajraladigan balg‘am orqali tashqariga chiqadi. Havoga yo‘tal yoki aksirish sababli sachragan balg‘am tomchilari bemor odamdan yon atrofdagilarning nafas yo‘llariga tushadi. Bundan tashqari balg‘am ko‘chalarda yer yuzasiga, uy sharoitida polga, narsa va buyumlarga o‘tirib qoladi. Tashqaridagi infeksiya organizmga shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilinmaganda, ya’ni avtobus tutqichlarini ushlagandan so‘ng qo‘llar sovunlab yuvilmaganda, meva va sabzavotlarni qaynab sovugan suvda yuvmasdan iste’mol qilinganda, go‘sht hamda sut mahsulotlarini termik ishlash va tayyorlanishiga e’tibor berilmagan holatlarda tushadi.
Organizmning himoya kuchini pasayishiga qanday omillar sabab bo‘lishi mumkin?
Agar nafas yo‘llariga ko‘p miqdorda sil mikobakteriyalari – tayoqchalar tushgan bo‘lsa, organizm ularga qarshi qarshilik ko‘rsata olmaydi. Bemor odam bilan uzoq vaqt muloqotda bo‘lishga to‘g‘ri kelsa, organizmning immuniteti susayib, u kasallikka qarshi tura olmaydi. Bundan tashqari mikobakteriyalarning tanada rivojlanib ketishiga boshqa holatlar ham imkon yaratishi mumkin:
Stress (ruhiy zo‘riqish) jismoniy charchash, muntazam spirtli ichimliklar iste’mol qilish va chekish, giyohvand moddalarni iste’mol qilish hamda sifatli bo‘lmagan oziq-ovqatlarni iste’mol qilish.
Organizmning zaif (nimjon) bo‘lib qolishiga olib keluvchi kasalliklar.
Sil mikobakteriyasining organizmga kirishida birlamchi muloqot katta ahamiyatga ega. Kasallik tarqalishi, ularning turlari quyidagicha farqlanadi:
havo – tomchi,
alimentar (ovqat hazm qilish tizimi orqali),
muloqot orqali,
homilaga yuqish orqali.
Tuberkulin – tuberkuloproteidlardan biri bo‘lib, organizmning kasallik mikobakteriyasi bilan zararlanishini aniqlashda amaliyotda keng qo‘llaniladi. Silning rivojlanish sikli odam vujudining zararlanishdan toki klinik namoyon bo‘lishigacha va atrof – muhitga tarqalishigacha 5 bosqichga bo‘linadi:
Bosqichlar: 1. Infeksiyaning tarqalishi, silning boshlanishi, proliferatsiya va dissiminatsiya jarayonining zararlangan organizmda kechishi, organizmning immun reaksiyasi jarayonining rivojlanishi, kazeksiya (kazeozli nevrozning rivojlanishi) va sil mikobakteriyasining tezlik bilan organizmda ko‘payishi, infeksiyaning ikkilamchi tarqalishi (uning zararlash xususiyatining kuchayishi).
Kasallik profilaktikasi
O‘ziga xos epidemiologik holatlarda sil bo‘yicha profilaktik va epidemiyaga qarshi chora – tadbirlarni o‘tkazish zarur.
Bemorlarni erta aniqlash va ularni maxsus silga qarshi uzoq muddat ichiladigan dori-darmon vositalari bilan ta’minlashga mablag‘ ajratish shart. Bu chora – tadbirlar bemorlar bilan infeksiya o‘chog‘ida muloqotda bo‘ladiganlarning kasallanishini kamaytirishi mumkin.
Umumiy yotoqxonalarda yashovchi va korxonalarda faol sil bilan kasallangan bemorlarning yashash va ish joylarini alohida qilinishini yo‘lga qo‘yish darkor. Avvalo, ular silning faol davrida uzoq muddat davomida maxsus shifoxonalarda davolanadilar.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga o‘z vaqtida (tug‘ilgandan to 30 kungacha bo‘lgan davrda) birlamchi vaksinatsiyani o‘tkazish kerak.
Agar oilada bemor bo‘lsa…
Avvalo, bemorning o‘zi tibbiy savodxon bo‘lishi zarur. Tartib va ichki madaniyatiga ko‘p narsa bog‘liq ekanligini u anglashi lozim. Bemor barcha shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishi shart. Shuningdek, xasta kishining oila a’zolari va yaqinlarining gigiyena masalalaridagi bilim va malakalari ham katta ahamiyatga ega. Bemor o‘z xonasiga yoki o‘z burchagiga ega bo‘lishi kerak. Uning yotoq karovati derazaga yaqin bo‘lishi, dardmand odam umumiy xonadagi divanda yotmasligi lozim. Chunki kunduz kuni divanda boshqa oila a’zolari va bolalar o‘tirishlarini unutmasligi kerak. Xastaning narsalari, idish – tovoqlari alohida faqat uning o‘zi uchun ajratilgan bo‘lishi lozim.
Bemor balg‘am ajratganida ehtiyotkorlikka amal qilishi va tozalikka rioya qilishi kerak. Dardmand odamga qanday yordam berish, uning kiyim-kechaklari va xonasini tozalash, balg‘am ajratganda uni qay usulda poklash kerakligi haqida bemorga va uning oila a’zolariga sil dispanseri mutaxassislari tomonidan maslahat beriladi. Dispanser tomonidan bemorning oila a’zolari nazorat qilinadi. Ular o‘z vaqtida tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, ftiziatr-mutaxassis tavsiyasiga ko‘ra profilaktik davo muolajalarini olishlari zarur.
Malik UTESHEV,
Natalya XOMOVA,
Jamiyat salomatligi va sog‘liqni saqlashni tashkil etish ilmiy-tadqiqot
instituti kichik ilmiy xodimlari, ftiziatrlar
soglom.uz/tavsiya/silni-yuqtirmaslik-chora-tadbirlari/
Silni yuqtirmaslik chora-tadbirlari