Sil — davosi yo‘q kasallik emas! haqida malumot
Dunyoda OITS dan keyin ikkinchi o‘rinda turgan sil kasalligining asl mohiyati ham shunda.
Men bir insonni bilaman. U ham bir vaqtlar og‘ir dard-silga chalingan edi. Uning taqdiri… Keling, yaxshisi bu haqda keyinroq to‘xtalamiz.
Shifoxona tomon yo‘l olarkanmiz, shifokorlardan Naima opa Nazarova(ismi o‘zgartirildi)ning tuzalib qolganini eshitdik. Har qalay ona o‘g‘liga bergan va’dasining ustidan chiqibdi.
Xo‘sh, u bunga qanday erishdi ekan? Naima opaning telefon raqamini olgach, opaga sim qoqdim. U nima haqida gapirishimni tezda payqab, menga hammasini boshidan gapirib berdi.
ONALIK JASORATI
-Oyijon, men keldim. Bog‘chadan qaytgan Abrorbek onasini ko‘rib quchog‘ini ochgancha yugurib bordi. Naima opa ham unga peshvoz chiqdi. Ona farzandini bag‘riga qattiq bosib, to‘yib-to‘yib hidlaydi. U uchun bu tuyg‘u qachonlardir armonga aylanishi, u bu buyuk ifordan bebahra qolishi mumkin edi. Uning metin irodasi, jasorati yo‘lida ro‘baro kelgan har qanday to‘siqni yanchib tashladi. «Bolajonim, bo‘ylaringdan o‘rgilay», pichirlaydi Naima opa. «Yetkazganingga shukur».
Naima opa qattiq isitmalasada, yana ishiga chopqilladi, tuzalmas dardga chalinsada, parvo qilmadi. Hammasi o‘tib ketar qabilida ish tutdi. Tirikchilik ham qursin. Shifokorning o‘z vaqtida davolanmasangiz og‘ir xastalikka chalinishingiz mumkin degan so‘zlarini eshitsada, quloqsizlik qildi. Endi isitmalash kun ora takrorlanardi. Oxiri qattiq isitmalab to‘shakka mixlanib qoldi. Uning bu ahvolidan qo‘shni shifokor ayol ham koyigandi. Naima opa ikki kun shunday yotdi. Uchinchi kun o‘zini sal yaxshi his qildi va yana beparvo bo‘ldi. Muolajani oxirigacha yetkazmadi ham.
Taqdirning o‘yinini qarang, Naima opa e’tibor qilmagan salomatligi allaqachon uni tark etganini xastalik butun tanasini o‘rab olganida anglab yetdi.
Afsus. Yo‘q, unaqa bo‘lishi mumkin emas. Axir bu oddiy shamollash edi-ku?
…o‘sha kuni…men… ruhim tanamni tark etishga shaylanib turgan, tanam esa bu og‘irlikni ko‘tara olmasdi.
…menga hayot kerak… men yashashni istayman…
Isitmam ko‘tarilib, shifokor «menda sil kasalligining belgilari borligi»ni aytganida ko‘z oldimda farzandim gavdalandi. Axir men u uchun yashashim kerak. Nahot, beshafqat hayot ikkimizni ayro qilsa. Nahot, men uni ortiq bag‘rimga bosa olmasam. Axir men onamanku…
Menga uning o‘sha, men xastalikka chalinmagan paytlardagi bag‘rimga bosgan beg‘ubor hidi kerak. Ana shu oddiy, ammo buyuk kuchgina meni har qanday qorong‘u yo‘llardan olib chiqadi. Men bunga ishonaman. Men shunday qilaman.
YETKAZGANINGGA SHUKUR
Shifoxona. Naima opa davolanishni boshladi. Axir u o‘g‘liga va’da bergandi. «O‘g‘lim, biz yana quchoqlashamiz, men senga mehrimni beraman». Yana bo‘yingdan to‘yib-to‘yib hidlayman”
Shu payt eshik taqilladi. Hamshira qiz ayolning xayollarini bo‘lib yubordi. Keyin uning bilaklarini ochib, unga shpresning «nish»ini qadadi. So‘ng shu nish uning o‘rta barmog‘idan qonini simirdi. Muolaja boshlandi. U, bu yerda qancha vaqt qoladi? Kasali qancha vaqt davom etadi? Shifokorlar unga qachon ruxsat beradi? Savollari cheksiz, ammo javobini hech kim bilmaydi. Hatto shifokorlar ham. Eng yomoni, «tuzalib ketarmikanman?» Bu yerda yotgan ko‘pchilikning dardi ham shu. Kecha palatada yotgan hamxonalarning so‘zlaridan vahimaga tushdi. Qo‘lidagi «osma»ning ignasini sug‘urib, hamshira bergan dorilarni derazadan tashqariga otib yuborgisi keldi. Nodir akaning bu yerga kelganiga olti oy bo‘libdi. Nasibaxon esa mana ikki yildan buyon uyi yuzini ko‘rgani yo‘q. Nega, axir bu dardning davosi bor deyishgandiku? Men bolamga va’da berganman. Men bu yerda buncha uzoq vaqt qolib keta olmayman.
-Opajon, havotirlanmang, kasalingizni vaqtida payqab, shifokorga murojaat qilgan bo‘lsangiz, tezda tuzalib ketasiz,- sochlari tovonini o‘pgan Nigoraning bu so‘zlarini eshitgan Naima opa xuddi o‘z singlisini ko‘rgandek bo‘ldi.
-Shundaymi, singlim?
-Mana, men ham vaqtida kelgan ekanman uch haftada o‘zimga keldim. Yaqinda uyimga ketaman.
Uning bu so‘zlari Naima opaning ko‘nglini ko‘tardi. Demak, uch haftada tuzalsa bo‘ladi. “Muolajalarni qoldirmayman. Men, albatta, tuzalishim kerak… “
Naima opa uch haftalik muolajalardan keyin o‘zida o‘zgarish xis qildi. Bir oy Qarshi shahrida davolandi. Keyin har oyda Toshkentdagi tashxis markazlarida «analiz» topshirib turdi.
-Kasalxonada yotganimda ishxonamdagilar meni ko‘rgani kelishganida yig‘lab yuborganman, — deydi Naima opa Nazarova(ismi o‘zgartirildi). — Yaxshi insonlar ham oramizda ko‘p ekan. Ular mendan o‘zlarini olib qochmadi. Qaytanga, dorilarni o‘z vaqtida ichishimni qattiq tayinlashdi. Hozir ko‘pchilikning bu kasallik haqidagi fikri o‘zgargan. Mustaqilligimiz tufayli, tibbiyotning rivojlanishi, shifokorlarning targ‘ibotlari sabab yaqinlarim meni o‘z davrasidan chiqarishmadi. Tuzalib ketganimdan so‘ng oilam bilan bir dasturxonda ovqatlanamiz, bolamni ham bag‘rimga bosib erkalay olaman.
Faqat bir narsa meni hamisha qiynab kelgan. Bilasizmi, o‘zingizda shunday kasallikni payqadingizmi zudlik bilan shifokorga murojaat qiling. Shu kasallik bilan og‘riganingizni atrofdagilar ham bilsin. Bir voqeani aytib beray. Bir kuni singlim bilan go‘zallik saloniga bordik. U yerda pardozchi qizning gigiyenik qoidalarga rioya qilishi meni xursand qildi. Negaki, u tirnoqlar muolajasida har bir mijozdan o‘zi bilan kerakli qurolini olib kelishini aytarkan. Biz ham hamma qatori tirnoqlarimiz muolajasi uchun pelkamizni pardozchi qizga ko‘rsatdik. Shu payt qoshlari kerilgan, sochlari yoyiq, tor shimdagi bo‘ychan bir qiz kelib navbatini kutmay mening o‘rnimga o‘tirib oldi. Uning bu odatidan achchiqlansam-da navbatda turishga majbur bo‘ldim.
Pardozchi undan o‘z pelkasini so‘radi . Qiz shaxsiy anjomini olib kelmaganini va o‘zidan ishlatishi kerakligini aytdi. Pardozchi bedavo kasalliklar turi ko‘payib ketayotganligini uqtirib, bunga rozi bo‘lmadi. Qiz jahl qilib xonadan chiqib ketdi. Shunda boshqa bir mijoz o‘sha qizni avvaldan tanishini uning qandaydir yuqumli kasallik bilan xastalanganini aytganida jimib qoldik.
Men ham kasallikka chalinganimni atrofdagilarimdan yashirish payiga tushmayman. Axir buni yuqtirish emas oldini olish kerak-da!
Keyin muolajalarni vaqtida olib, davolanishni to‘xtatmaslik kerak. Agar silni davolash jarayoni to‘xtatilsa yoki bemorlar dorilarni noto‘g‘ri qabul qilsalar, sil bakteriyalari silni davolash uchun ishlatiladigan dorilarga nisbatan chidamli bo‘lib qoladi, keyinchalik uni davolash uchun ancha ko‘p vaqt va harakat talab qilinadi.
Axir, har birimizning sog‘ligimiz o‘z qo‘limizda. Har birimiz yilda bir marta bo‘lsa ham tibbiy tekshiruvdan o‘tib turishi kerak buning salomatligimizga foydasi katta.
© Hulkar Rajabova, «Voha».
silning-davosi-bor.uz
Kasalliklar
Sil — davosi yo‘q kasallik emas!