Shukur Xolmirzayev. Ijodkor adolatli bo‘lishi kerak!

Shukur Xolmirzayev. Ijodkor adolatli bo‘lishi kerak!
shukur xolmirzayev ijodkor adolatli bolishi kerak 65cb24cd22d8e

shukur xolmirza

Shukur Xolmirzayev. Ijodkor adolatli bo‘lishi kerak!

Mundarija скрыть
Shukur Xolmirzayev. Ijodkor adolatli bo‘lishi kerak!
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

Yozuvchi kundaligi matematikning formulalar daftariga o‘xshaydi.
* * *
Bu o‘tkinchi dunyoda adib degani shaxs bo‘lib qolishi kerak.
* * *
Mening butun ongli hayotim — ijod bobidagi izlanishlarim — mumkin qadar soddalikka yetishish, asar voqealarining mumkin qadar hayotga va uning tabiiy jarayonlariga o‘xshashligiga, qolaversa, asar g‘oyasi — badiiy niyatning ham ana o‘sha voqea-jarayon tizimidan beixtiyor sitilib chiqishi yo‘lida kechib kelayotir. Bu izlanishlarni sintezga erishish, deb baholash ham mumkin.
* * *
Iqtidorli yozuvchilar bilib-bilmagan holda o‘zini — o‘zligini izlaydi; o‘zlikni bilmoq esa — o‘zgalarni bilmoq uchun kalit vazifasini o‘taydi.
* * *
Roman ustida ishlayapman: roman yozishni, umuman, san’at yaratishni o‘rgandim.
Final xususida:
Bir ulug‘ (masalan) odamning favqulodda (masalan) qazosidan hayratga tushamiz. Ammo do‘ppini olib qo‘yib: «Ne bo‘lib shunday o‘lim topdi?» deb o‘ylay boshlasak va oshiqmasdan uning hayot yo‘liga nazar tashlasak, shunday «nuqta»larni ko‘ramizki, o‘shalarga nazaran shu odam ayni shunday o‘lishi lozim ekaniga aqlimiz yetadi.
Endi: asarda ham shu tariqa hol yuz berishi lozim. Ammo asarga qahramon etib olingan shaxsning o‘shandoq «nuqta»lariga alohida e’tibor zarur…
Shu «e’tibor» yozuvchiga «dastur» bo‘lsa, asar o‘z-o‘zidan yoziladi va kerakli-lozim voqealar tasvirlanadi, haligi «nuqta»larga yot-­favqulotda-o‘tkinchi hollar o‘z-o‘zidan tushib qoladi.
Bu – buyuk qonun!
* * *
Adabiyot — hasratdan boshqa narsa emas. Faqat yozuvchining oddiy odamdan farqi – oddiy odam o‘z dardidan hasrat qilsa, yozuvchi birovlar dardidan hasrat qiladi.
* * *
«Dinozavr»ni qayta boshladim. Ilgarigilardan farqi — bosh qahramonni o‘zimdan ajratmadim.
Shunday silliq va ravon ketdiki, o‘zim o‘zimni yaxshi ko‘rib ketdim.
Demak, eng iblisni ham tasvirlaganda o‘zim bo‘lay!!!
* * *
Eng qisqa maslahat: o‘zimga ravo ko‘rgan, o‘zim intilgan maslahat: o‘zni — o‘zlikni topish!
* * *
Fikr:
Bu «qabila» (rassomlar, shoir-yozuvchilar, bastakor-mashshoqlar, xonandalar, kulollar) bir umr o‘zi uchun emas, o‘zgalar uchun xizmat — ijod qiladi va shundan zavq olib yashaydi.
Ularning o‘zgalardan talabi bitta: shu ish — ijodni davom ettirishga imkon va madad berib tursalar – bas!
* * *
Vaqti kelganda, ijodkorni bir og‘iz iliq so‘z bilan siylab qo‘yish ham uning hayotini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Biroq pishmagan mevani urib tushiradigan “mergan”dek mukofotga intilish, hay-hay, uyat! Ta’magirlikdan boshqa narsa emas.
* * *
Xudbin odamniyu xudbinlikni kechirmaslik kerak. Inson qusurlarining jamisi shunda.
* * *
Eng muhim «narsa»ni birinchi navbatda yozish kerak ekan!!!
Men «Qil ko‘prik» va boshqa romanlarimni qayta «ko‘rib» chiqquncha umr oxirlab qolishi mumkin ekan. Demak, «Dinozavr» (eng muhim asar)dan ortgan vaqt — o‘sha romanlarniki!
* * *
«Dinozavr»ning so‘nggi qanday tugaydi?
Mening azobim — shu edi!
Bugun S.F. va boshqalar meni suhbatga taklif etishdi. Men g‘amgin edim.
— Biz g‘amnokmiz, Sizdan quvvat olmoqchimiz, — dedi S.F.
— Men — o‘zim shunga zorman-ku! — dedim.
So‘ng, hujramda (qizim Sayyora berib qo‘ygan uychada) chiroqlarni o‘chirib, gaz yonib turgan xonaga chiqib, shuning shu’lasida chekib o‘tirib… o‘ylab…
…Asarning xulosasini topdim: bu — Hayot davom etadi (Sensiz ham…) ekan, xolos.
Ko‘nglim yorishib, bag‘rim kengayib ketdi.
— Kimim bor?!
Sayyora!
Qo‘ng‘iroq qilib aytaman: «Yo‘lim ochiq…».
* * *
«Dinozavr» boshlandi. ­Dastlabki 5 beti yozildi. Nega buncha kechikib? Sababi — g‘oyani aniqlashtirishdan ham qiyin bo‘lgan bir hol edi. Ya’ni, «o‘zim» uchunmi, «birov» uchunmi yozish kerak?
«Birov» — kim o‘zi? Faylasufmi, omi odammi? Va hokazo. Baribir ularga moslashishga to‘g‘ri kelardi.
Moslashildi — eng sodda, bilishni istovchi, samimiy insonga — HASRATDOShga!!!
(Bu ulug‘ muammo meni o‘n yillar burun ham ko‘p o‘ylatgan, o‘nlab yillarim shu yo‘lda sovurilgan edi…).
Nihoyat, birinchi shaxs tilidan hikoya qilingan asarlarim menga qo‘l keldi: Birinchi shaxs kimga hikoya qilgan ekan?!
Ana shuni kavlashtirib topdim: u — ushbu samimiy HASRATDOSh ekan…
* * *
Ijod – Yaratuvchilik bo‘lar ekan, ijodkor o‘zi yaratgan olamiga ilohiy bir adolatda bo‘lishi shart!
* * *
No‘mon Rahimjonov aytdi:
— Shukur aka, juda yengil yozasiz-a?
— O, bu juda qiyin, — dedim beixtiyor. — O‘zing ko‘rgan voqealarni-ku bir amallab (engil) yozasan. Ammo ko‘rmagan voqealarni ko‘rgan (ko‘ringan) holiga keltirguncha o‘lib bo‘lasan. (Akademiyadagi suhbatdan.)
* * *
Muammolarning muammosi — odam. Odamni chinakamiga aks ettirar ekansan, uning qilmish-qidirmishlaridan muammolar kelib chiqaveradi. O‘sha muammolarni hal etish esa… sening ishing emas: uni hayot hal etadi va pirovardi, o‘sha “hal etilish” jarayoni yana adabiyotda aks etishi mumkin.
* * *
Zamon qahramoni haqida yozadigan yozuvchining o‘zi to‘g‘ri, to‘liq bo‘lishi kerak. Kim o‘zgani o‘zichalik tasavvur etadi?! U o‘zini, o‘zligini asarlarida aks ettiradi. O‘zi, o‘zligi chatoq bo‘lgandan keyin ijobiy qahramon qayerdan paydo bo‘lsin?
* * *
Haqiqiy adib aslo ruhini tushirmay ijod qilishi lozim. Chin adib o‘sha — yorug‘ kunlarni kutmasdan, unga umid bilan boqib ijod qilaverishi kerak.
* * *
Hikoyada yechim — yozuvchining dunyoni zuhur etishi, inson ruhining ichki va sirtqi qonuniyatlarini nechog‘li bilishi, qolaversa, mahorat — professionallik, ijod texnikasini qanchalik egallagani bilan bog‘liq masaladir.
* * *
Adabiyotning o‘suvi — millatning o‘suviga garov va millat kamolini ko‘rsatuvchi oyna.
* * *
…yana bir tabiiy istak tug‘iladi: koshkiydi adabiyotga o‘zlaricha homiylik qilayotganlar asl adabiyot bilan xalturaning farqiga tezroq yetsalar.
* * *
Qo‘lingdagi asarni qiyomiga yetkaz. “Yaxshi asarim oldinda” deyverib umring haligiday asarlar yozish bilan o‘tganini bilmay qolishing mumkin.
* * *
Hikoya yozganda ham, yozayotganda ham o‘zingni erkin his etasan, nafsilambri, “Kitob o‘zi uchun o‘zi javob beradi”, deganlaridek, hikoyaning o‘zi ham har bir asar kabi o‘ziga xos bir olam, sen – yozuvchi — shu olam ustidan turib, undagi o‘zing bino etgan sarguzashtlarni, Flober aytmish “insonlar taqdirini kuzatuvchi xudo singari kuzatasan”, lekin, albatta, ular ishiga hadeb bosh suqavermaysan.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 12-son
ziyouz.uz

Shukur Xolmirzayev. Ijodkor adolatli bo‘lishi kerak!