SHRIFT
SHRIFT (nem. yozmoq) — matbaada — harf terish mashinalarida matnlar terish uchun moʻljallangan bosmaxona literlari (harflari). Vazifasiga koʻra, matnlarni terish; muqovalar, titul varaqlari, sarlavhalarni terish va kichik bosmaxona formalari (diplomlar, blanklar, etiketkalar, eʼlonlar va h. k.) matnlarini terish uchun moʻljallangan Shrift larga boʻlinadi. Bosmaxona Shrift lari yozilish shakliga, yaʼni qiyaligiga qarab, toʻgʻri, kursiv, qiya; normal, ensiz, enli; oddiy (oq), yarim qora, qora Shrift larga boʻlinadi. Yozilish shakli bir xil boʻlgan Shriftlar turli kegldat Shrift larga boʻlinadi; kegli va yozilish shakli turlicha, lekin yozilishi bir xil boʻlgan Shriftlar shrift garniturasi deb ataluvchi bitta guruhga birlashadi (q. Garnitura). Garnitura jurnal uchun moʻljallangan, darsliklarga moʻljallangan va boshqalar xillarga boʻlinadi. Bulardan tashqari, chizmachilik Sh. lari ham bor. Ular qoʻlda yozilib, chizmaga qoʻshimcha tushuntirishlar berish, texnik hujjatlarni toʻldirish va boshqalarda qoʻllaniladi. Bosmaxona Shriftlari standartlashtirib qoʻyiladi. Oʻzbekistonda Shriftlar 6 guruh qilib standartlashtirilgan.
Ensiklopediya.uz
SHRIFT