SHOYMURODOV
SHOYMURODOV Ahmad (1936.25.3, Samarqand) — haykaltarosh, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1975). Moskva badiiy sanoat bilim yurti (1959) va Surikov nomidagi Moskva badiiy instituti (1964)ni tugatgan. Shoymurodov ijodi bilan oʻzbek tasviriy sanʼatida monumental haykaltaroshlik rivojiga katta hissa qoʻshdi; ayniqsa, portret janrida samarali ijod qilib, tarixiy shaxslar obrazlarining yorqin qiyofalarini yaratdi: Navoiy byusti (marmar, 1968, Toshkentdagi Adabiyot muzeyida; nusxalari Samarqand unti va Samarqand badiiy muzey qoʻriqxonasida), «Mirzo Ulugʻbek» (mis, 1965), «AlXorazmiy» (gips, 1985); xalq baxshilari Fozil Yoʻldosh oʻgʻli (mis, 1974), Ergash Jumanbulbul oʻgʻli (mis, 1974), Islom shoir Nazar oʻgʻli (mis, 1975) portret haykallari; Shoymardon Qudratov (bronza, 1977), Enver Aliyev (bronza, 1986), yapon rassomi Chexiro Okubo (bronza, 1986) va boshqalar; shuningdek, haykaltaroshlik kompozitsiyalari («Jarroh», gips, 1964. ; «Mutafakkir», beton, 1968; «Ilhom parisi», mis, 1980 va boshqalar) hamda Toshkent metropolitenining «Alisher Navoiy» bekatining rangli koshinkori bezaklari muallifidir (1980—85, Ch. Ahmarov bilan hamkorlikda). 80—90-y. larda Amir Temur (bronza, 1994; beton, 1995 va boshqalar) hamda Alisher Navoiy (bronza, 1991 va boshqalar) va boshqalar siymolarni yaratdi. Shoymurodov asarlari respublika va xorijiy mamlakatlar muzeylarida saqlanadi.
Ensiklopediya.uz
SHOYMURODOV