SHOKILA

SHOKILA

SHOKILA, shovqila (tovush chiqaruvchi) — zargarlik buyumi; Xorazm ayollarining murakkab, koʻp qismli taqinchogʻi. Shokila peshonani yopib turuvchi osmatuzi, chakkalik (yarimtirnoq)ka ulanadi hamda ular birgalikda ansambl hosil qiladi. Shokila halqachalardan tuzilgan turlicha uzunlikdagi zanjirlarga yaproqcha, marjon, gʻuncha, zigʻiraklardan iborat osilmachoqlar biriktirib hosil qilinadi hamda 2 ta halqali chakka taqinchogʻining har biriga sershokilali oʻzaro ketmaket ulangan 3—4 ta qubbalar qatori osiladi (baʼzan ular uchburchak tumor bilan tugaydi). Qimmatbaho turlarida zanjirlar markaziga koʻpincha oval shaklidagi yuzasi ziynatlangan turunjlar oʻrnatiladi, ayrimlariga 5—6 tadan dur, laʼllar qadaladi. Shokila taqilganda, turli uzunlikdagi marjon qatorlari iyak, boʻyin, koʻkrak uzra ketmaket bir tekis yotadi. Ayollar Shokila taqib yurganida tana harakatiga qarab tovush chiqarib, jaranglaydi (nomi shundan).

Ensiklopediya.uz
SHOKILA