SHOHNOMA

SHOHNOMA

«SHOHNOMA» — qadimgi shohlar haqidagi rivoyat, afsonaviy va epik dostonlardan iborat kitoblar nomi. Dastlab sosoniylar davri (3—6-asrlar) da pahlaviy tilida «Xvataynamak» («Xudoynoma» — «Hukmdorlar haqida kitob») toʻplami yaratilib, 10-asrda «Shohnoma» nomi bilan qayta ishlangan. 9—10 ta «Shohnoma» yaratilgani tarixdan maʼlum. 9 — 10-asrlarda ularning koʻpi arab tiliga ham tarjima qilingan. Lekin ularning birortasi bizgacha toʻliq yetib kelmagan. Jumladan, yirik amaldor va lashkarboshi Abu Mansur Muhammad ibn Abdurazzoq Tusiyning topshirigʻiga koʻra, 957 yil Abu Mansur alMaʼmariy tomonidan nasriy «Shohnomai Mansur» yaratilgan. Bu asarning faqat boshlanish qismigina bizga yetib kelgan. Taxm. 963-yil Abd alMuayyad Balxiy ham nasriy «Shohnoma» yozgan. U bilan ayni vaqtda Masʼud Marvaziy va Abu Ali Balxiylar «Shohnoma» bitganlar. Balxiy asarida Firdavsiy «Shohnoma»sida tilga olinmagan Narimon, Som, Ogʻush, Vahodan, Kayshikan nomlari bilan bogʻliq lavhalar mavjud boʻlgan. Marvaziy oʻz «Shohnoma» sini birinchi odam va birinchi podshoh Qayumarsdan boshlab, somoniylar davlatining oxirgi davri tasviri bilan tugallaydi. Boʻ borada toʻplangan katta tajriba va yigʻilgan salmoqli material asosida somoniy hukmdorlar buyrugʻi va homiyligida Abu Mansur Dakiqiy nazmiy «Shohnoma»ga qoʻl urgan. Biroq u Zardusht, Gushtasp va Arjasp dostonlarini — jami 1000 bayt yozganda, fojiali ravishda oʻldirilgan.

Ensiklopediya.uz
SHOHNOMA