SHOH JAHON
SHOH JAHON (1592.5.1, Lohur 1666.22.1, Agra) — Boburiylar saltanati hukmdori (1627—58), Jahongirshohning 3-oʻgʻli. Asl ismi Xurram. 1616 yil Dekan (toʻgʻrirogʻi — Dakan)dagi gʻalabasidan soʻng Shoh Jahon nomini olgan. 1622—25 yillar otasi Jahongirshohga qarshi urushib, yengilgan. 1627-yilda taxt uchun kurashlarda gʻolib boʻlib, «Abul Muzaffar Shahobiddin Muhammad Sohibqironi Soniy» taxallusini olgan. Taxtga oʻtirgan zahoti bir qancha isyonlarni bostirishga majbur boʻlgan. Shoh Jahon poytaxtni Agradan Dehliga koʻchirgan. Bu davrda adabiyot, sanʼat, musiqa va boshqalar fanlar rivoj topgan. Shoh Jahon bir qancha muhtasham obidalarni bunyod ettirgan — Agrada Tojmahal, Qizil qalʼa, Dehlida Jome masjid, Lohurda Shalimar bogʻi va boshqalar Shoh Jahon davrida Boburiylar saltanati tanazzulga yuz tuta boshlagan. 1630—33 yillarda Gujarat va Dekanda qattiq qurgʻoqchilik tufayli ocharchilik boʻlgan, xalqning ahvoli ogʻirlashgan, shuning uchun Shoh Jahon mazkur oʻlkalardagi yer soligʻini kamaytirgan. Shoh Jahon davrida Yevropa savdo kompaniyalarining Boburiylar davlatiga suqilib kirishi kuchaygan, Shu kezlarda uning oʻtillari oʻrtasida taxt uchun kurash avj olgan. Bu kurashda katta oʻgʻli Avrangzeb gʻolib kelib, taxtni egallagan. Shoh Jahon Tojmahal maqbarasida xotini Mumtoz Mahal yoniga dafn etilgan.
Ensiklopediya.uz
SHOH JAHON