SHOʻRLANISH

SHOʻRLANISH

SHOʻRLANISH, tuproq shoʻrlanishi — suvda eriydigan mineral tuzlarning tuproqsa toʻplanish jarayoni. Shoʻrlanish, asosan, choʻl va chala choʻllardagi pasttekisliklar hamda yer osti suvlari oqib chiqmaydigan botiklarga xos. Shoʻrlanish birlamchi va ikkilamchi boʻlishi mumkin. Birlamchi Shoʻrlanish — shoʻr (minerallashgan) sizot suvlarining bugʻlanishi, tuproq hosil qiluvchi ona jinslar tarkibidagi tuzlarning erishi yoki suv havzalari atrofidagi tuzli toʻzonlarning shamol taʼsirida uchishi (eol omil), oʻsimliklar vositasida tuzlarning biologik toʻplanishi. Ikkilamchi Shoʻrlanish tuproqda suv rejimining buzilishi, yaʼni notoʻgʻri sugʻorish natijasida birlamchi Shoʻrlanishda yuz bergan joylarda sodir boʻladi. Ikkilamchi Shoʻrlanishning mavsumiy, dogʻli va yoppasiga yuz berishi mumkin boʻlgan xillari bor. Mavsumiy Shoʻrlanish tuzning tuproqda q. x. ekinlarining vegetatsiya davrida toʻplanishi. Bu, asosan, yoz oylarida sugʻorish natijasida sathi koʻtarilgan grunt suvlari bugʻlanishining kuchayishi tufayli yuz beradi. Mavsumiy Shoʻrlanishga qarshi tuproqda kuzgiqishki shoʻr yuvish ishlari oʻtkaziladi. Dogʻli Shoʻrlanish maydondagi yaxshi yuvilmay qolgan va grunt suvlari kuchli bugʻlanadigan joylarda sodir boʻladi. Yoppasiga Shoʻrlanish kuchli minerallashgan grunt suvlar sathi yer yuzasiga yaqin boʻlgan joylarda roʻy berib, sugʻoriladigan maydon yuzasining hamma qismini egallaydi.

Ensiklopediya.uz
SHOʻRLANISH