SHISHPIR

SHISHPIR

SHISHPIRSugʻd ixshidi (642655-yillar). Uning ismi oʻzi zarb qildirgan sugʻdiy yozuvli tangalarda Shishpir, xitoy yilnomalarida Shashebi, arab manbalarida Shishbir shakllarida uchraydi. Ismining lugʻaviy maʼnosi sugʻdiycha — «din tarqatuvchi». Sh. dastlab Kesh hukmdori boʻlgan, keyinchalik oʻz qarorgohini Samarqandga koʻchirgan. Shishpir oʻz nomidan mis tangalar zarb qilgan. Ularning bir tomonida Shishpirning nomi va malka (ixshid) soʻzi, ikkinchi tomonda Samarqand ixshidlari tamgʻasi va boshqalar belgilar tasvirlangan. Shishpir davrida Sugʻdda pul munosabatlarining rivojlanishi tezlashgan va iqtisodiy koʻtarilish jarayoni kuchaygan. Bu davrda Sugʻd — Samarqand, Panch (Panjikent), Maymurgʻ, Ishtixon, Kushoniya (Kattaqoʻrgʻon), Kesh, Naxshab kabi bir nechta mayda davlatchalarga boʻlingan konfederatsiya shaklidagi boshqaruvga ega boʻlib, Turk xoqonligi tarkibida edi. 642-yilda Shishpir oʻz elchilarini Xitoyga yuborgan. Shishpirdan keyin taxtga ixshid Varxuman (655—696) chiqqan.

Ensiklopediya.uz
SHISHPIR