Shifokor COVID-19 ga qayta chalinmaslik yo`llarini o`rgatdi
Koronavirusga qarshi vaksina olganlar orasida ham “COVID-19” bilan kasallanish holatlari kuzatilayotgani haqida xabar bergan edik.
SSV Matbuot xizmatining shu mazmundagi savoliga vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a`zosi, tibbiyot fanlari doktori Nodir HAYDAROV javob berdi:
«Ma`lumki, bugungi kunda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishning eng samarali usuli sifatida vaksinalarga juda katta ishonch bildirilmoqda. Ahamiyatlisi, dunyoning ayrim mamlakatlari ushbu vosita yordamida pandemiyani jilovlashga erishmoqda. Bu esa vaksinalarning samaradorligi qanchalik yuqori ekanidan dalolatdir.
To`g`ri, bugun vaksina olganidan so`ng ham ba`zi insonlarda kasallik qayta aniqlanmoqda, biroq buning bir necha sabablari bor:
Bilasiz, yurtimizda koronavirusga qarshi ommaviy vaksinasiya joriy yilning aprel oyidan boshlangan edi. Deyarli 100 kun bo`layapti. Shu vaqtgacha mamlakatimizga keltirilgan uch turdagi vaksinadan birini ixtiyoriy ravishda tanlab, emlanganlar organizmida immun himoya tanachalari ishlab chiqilgan va bu jarayon hali ham davom etmoqda.
Dastlab emlanganlarda immun hujayralar ishlab chiqilishining maksimal himoya ko`rsatkichiga shu kunlarda va undan keyin erishiladi.
Bugungi kunda shu jarayonda to`liq emlanib ulgurmaganlar to`laqonli immun himoyasi hosil bo`lmagan bo`lsa-da, karantin qoidalariga rioya qilmaganliklari bois kasallikka chalinmoqda.
Shuningdek, hozirgi kunda yurtimizda kasallik keng tarqalayotgani uchun vaksina bilan qamrab olish kontingenti ham kengaytirildi. Ya`ni, 18 yoshdan kattalarning barchasi emlanishi mumkinligi belgilab berildi.
Ammo aholi orasida karantin qoidalariga to`liq rioya qilmaydigan insonlar borki, ular organizmiga vaksina olayotgan vaqtda virus tushgan va kasallikning yashirin davri kechayotgan yoki ba`zilar bu xastalikni simptomlarsiz boshdan o`tkazayotgan bo`lishi mumkin.
Aynan shunday kishilarda vaksina olgandan so`ng ham hali immun himoya ishga tushmagani sababli kasallik yuzaga chiqishi va PZR-testda tasdiqlanishi kuzatilmoqda.
Bunday hollarda vaksina olish vaqti yoki olinguniga qadar organizmga virus tushgan bo`ladi. Shu sababli, vaksina bu erda o`z ishini bajara olmaydi, u faqatgina kasallikni yuzaga chiqadigan davriga to`g`ri kelib qolgan bo`ladi.
Bunday holatlarning oldini olish uchun, agarda vaksina olmoqchi bo`lgan insonda bemor bilan kontaktda bo`lganligi borasida biror aniq javob bo`lmasa, PZR-test topshirishi va natija manfiy chiqsagina vaksinani olishi mumkin bo`ladi. Bu kabi tekshiruv o`tkazish vaksinaning besamar ketishini ham oldini oladi.
Yana bir gap. Vaksina, ayniqsa, Astra-Zeneca va “Sputnik V” vektorli vaksinalar bo`lgani bois organizmga tushganida, engil O`RVI ko`rinishida kasallik chaqirishi ularning ko`rsatmalarida ham keltirilgan. Vaksina olgandan keyin birlamchi immun himoya tanachalari 2 hafta davomida ishlab chiqilishi borasida biz doim gapirib kelamiz.
Vaksinasiyadan keyingi davrda engil O`RVI kasalligini boshdan kechirish jarayonida himoyalanmagan kontakt, ya`ni karantin qoidalariga rioya qilmaslik koronavirusni organizmga tushishini keltirib chiqaradi.
Xulosa qilsak, vaksinasiya bu koronavirusdan himoyalanishning eng qulay va samarali usuli ekanligini butun dunyo va bizning davlatimiz olimlari ham ta`kidlab kelmoqda.
O`z e`tiborsizligimiz, ya`ni vaksinani olish jarayonidagi talab va tartiblarga, shuningdek, karantin qoidalariga rioya qilmasligimiz bu kasallikni yanada ortishini keltirib chiqarmoqda. Eng yomoni, vaksinaga bo`lgan asossiz shubha va ishonchsizlikni ko`paytirmoqda.
Vaksina to`g`risida ko`proq bilimga ega bo`lish orqali esa o`zimiz va atrofimizdagi insonlarning salomatligini himoya qilishga erishishimiz mumkin.
Fuqarolarga “Vaksina oldim, endi menga virus yuqmaydi”, demasdan, karantin qoidalariga rioya qilishlari, organizmda immun himoyasi hosil bo`lgunga qadar o`zini va atrofidagilarni asrashi lozimligini yana bir bor ta`kidlashimiz foydadan holi emas»,– — deydi N.Haydarov.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Shifokor COVID-19 ga qayta chalinmaslik yo`llarini o`rgatdi