ShERGʻOZIXON
ShERGʻOZIXON (?, Buxoro 1727-yil dek., Xiva) — Xiva xoni (1715—27). Jontoʻraxonning oʻgʻli. Madrasada tahsil olgan. 1715 yil Yodgorxon vafotidan soʻng, Buxorodan keltirilib Xiva taxtiga oʻtqazilgan. Shergʻozixonga qarshi Orol boʻyida yashovchi qoraqalpoqlar Ishimxon boshchiligida isyon koʻtarishgan. Shergʻozixon ular ustiga qoʻshin tortib katta oʻljalar, koʻplab asirlar bilan qaytgan. 1715-yil Sh. Xurosonga yurish qilib Mashhadni egallagan, Nishopurni qamal qilib egallay olmagan (1716). Shergʻozixon davrida Pyotr I tomonidan yuborilgan BekovichCherkasskiy josuslik ekspeditsiyasi qirib tashlangan (1717). Rossiya Xiva xonligini oʻz taʼsir doirasiga kirita olmagach, har ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar keskinlashgan. Vaziyatni yumshatish uchun 1720-yil Xiva elchilari Rossiyaga joʻnatilgan, lekin elchilik aʼzolari qamoqqa olingan, ulardan atigi bir kishigina Xivaga qaytishga muvaffaq boʻlgan. Rossiya hukumati Xiva xonligi orqali Oʻrta Osiyoga kirib kelish fikridan voz kechmagan, bu paytda Rossiyada Buxoro xonligining Qulibek (q. Xonquli toʻpchiboshi) boshchiligidagi elchilari bor edi. Rossiya hukumati F. Beneveniii ularga qoʻshib Buxoroga joʻnatgan va Buxoro xonligini Xivaga qarshi gijgijlagan. Qalmiqlar xoni Ayuqaning Shergʻozixonga yuborgan maʼlumotiga koʻra (1723-yil may), rus qoʻshinlari Saratovda toʻplanib, 1724-yil bahorida Xivaga yurishga tayyorgarlik koʻrishgan. Sh. Orol boʻyidagi isyonkor qabilalar ruslarni Xivaga boshlab kelishidan va oʻrniga Buxorodan keltirilgan (1721) Temur sulton (Shoh Temur)ni xon qilib koʻtarishlaridan xavotirda edi. Temur Sulton xonlikdagi Vazir, Gurlan, Shohobod, Bagʻlon, Uygur, Yangi Urganch, Xonqa va Xazoraspni olgan boʻlsada, butun xonlikni egallay olmagan. Xonlikdagi ichki urushlar Shergʻozixon vafotiga qadar davom etgan. Sh. Xivadagi madrasa (Shergʻozixon madrasasi) qurilish chogʻida mashhadlik gʻulomlar tomonidan oʻldirilgan. Munianing yozishicha, Shergʻozixon odil, maʼrifatparvar hukmdor boʻlib, koʻp vaqtini ilm ahli bilan suhbatda oʻtkazgan. Uning davrida ilm-fan va sheʼriyat rivojlangan.
Ensiklopediya.uz
ShERGʻOZIXON