Shayton bilan dehqon to’liq malumot oling

Shayton bilan dehqon to’liq malumot oling

Bir kuni shayton bilan dehqon uchrashib qolibdi, ikkisi bir boyning yerini ijaraga olib dehqonchilik qilmoqchi bo‘lishibdi. Yerni haydab, ekishga tayyorlashibdi. Maslahat bilan jo‘xori ekishibdi. Jo‘xori pishibdi. Ikkisi hosilni bab-baravar bo‘lish to‘g‘risida maslahatlashibdi. Dehqon shaytonga:
— Jo‘ra, sen xohlagan qismingni ol, — debdi. Shayton mo‘ljallab qarasa, jo‘xorining poyasi ko‘p ko‘rinibdi. Tepasiga qarasa, onda-sonda jo‘xori so‘tasi turgan emish. Shayton “Ustki qismini olsam oz, poyasi ko‘p, kel, ko‘pini olayin”, deb o‘ylabdi.
— Ey, jo‘ra, bo‘lmasa, men pastki qismini oldim, — debdi.
Dehqon:
— Hay, mayli, ustki qismi oz bo‘lsa ham bizga qola qolsin, — debdi. Dehqon jo‘xorining so‘tasini qayirib-qayirib olibdi, poyasi shaytonga qolibdi. Shayton: “Dehqonni xo‘p aldadim, faqat besh-olti qop jo‘xori olib ketdi. Ko‘pi menga qoldi”, deb quvonibdi, o‘roq bilan jo‘xoripoyani o‘rib olibdi. Dehqon jo‘xorini oftobda quritibdi, qopga solib, to‘qmoqlab, donini ajratib olibdi. Keyin jo‘xorini bozorga olib boribdi. Shayton ham bir eshakka poyani ortib, bozorga borgan ekan. Dehqon bir qop jo‘xorini sakkiz tangaga sotibdi. Shayton esa, bir eshak jo‘xoripoyani yetti pulga zo‘rg‘a sotibdi.
— E, dehqon, qanday noinsofsan, meni aldabsan-ku, — debdi. Dehqon aytibdi:
— Sen qiziq gapni gapirasan-a, jo‘xori pishgan vaqtda o‘zing tanlab olding-ku. Bo‘lmasa, bu yil yana ikkovimiz dehqonchilik qilaylik. Ko‘nglingga ma’qul bo‘lganini tanlab olaqol, — debdi. Shayton o‘tgan yilning zararini to‘latib olaman, deb ikkinchi yil ham dehqon bilan birgalikda sabzi ekibdi.
Sabzi pishgandan keyin dehqon bilan shayton maslahat qilishibdi. Dehqon shaytonga:
— Bultur “Men firib yedim” deb janjal qilgan eding. Bu yil ham ko‘nglingga yoqqan qismini o‘zing saylab ola qol, — debdi. Shayton sabzi ekilgan yerning to‘rt yog‘ini aylanib qarasa, sabzining bargi hamma yoqni bosib yotgan emish. Tagini ochib qarasa, har yerda bittadan sabzi bor emish. Shayton: “Bultur tagini olib, firib yeb edim, bu yil yuqorisini olaqolay” deb o‘ylab, dehqonga:
— Ey, jo‘ra, yerdan yuqorisi meniki, yerdan pasti seniki, — debdi.
Dehqon:
— Endi, xohlagan tomoningni o‘roq olib kelib o‘rib olaver, — debdi. Shayton o‘roq bilan sabzining bargini o‘rib olaveribdi. Dehqon ham bir boshdan yerni kovlab sabzini yig‘ib olaveribdi.
Dehqon sabzini bozorga olib boribdi. Shayton ham sabzi bargini bog‘lam-bog‘lam qilib, eshakka ortib bozorga olib boribdi. Dehqon bir qop sabzini besh tanga, olti tangaga sotibdi. Shayton bir eshak sabzi bargini u yoqqa-bu yoqqa olib borib, ikki pulga ham sota olmabdi. Shayton dehqonga:
— Menga bultur ham firib berding, bu yil ham. Men katta zarar ko‘rdim. Bularni to‘la! — deb janjal ko‘taribdi. Ikkisi janjallashib, bozordan chiqib ketayotganlarida, yo‘lda bir daraxt ostida ikki xum tilla turgan emish. Dehqon:
— Ikki xum tilla ekan, bir xumini sen ol, bir xumini men olayin, — debdi.
Shayton:
— Ikki yildan beri birga dehqonchilik qilganimizda menga firib berding. Endi bu bir xum tillaga ham sherik bo‘lasanmi? —debdi. Dehqon:
— Bo‘lmasa nima qilamiz? —deb so‘rabdi:
Shayton:
— Yoshimizni surishtiramiz, qaysi birimizning yoshimiz katta bo‘lsa, o‘sha tillani ko‘p oladi, — deb javob beribdi. Biroz turib, shayton dehqonga:
— Sen necha yoshga kirding? — deb so‘rabdi. Dehqon:
— Avval sen ayt! So‘ngra men aytaman, — debdi.
Shayton aytibdi:
— Men bir yuz yetmishga kirdim.
Dehqon qo‘liga ro‘molchasini olib ho‘ngrab yig‘labdi. Shayton hayron bo‘lib:
— Nega yig‘layapsan? — debdi. Dehqon o‘pkasini tutolmay turib:
— Mening kichkina o‘g‘lim o‘lmaganda, sen bilan baravar bo‘lar ekan, — debdi. Shayton aytibdi:
— Ey, ahmoq, sening kichkina o‘g‘ling men bilan baravar bo‘lsa, o‘zing bobom bilan baravar ekansan-da, qo‘y-e, bu ishimdan ham firib yedim. Endi ikkovimiz bir-birimizni opichib, ashula aytib ketamiz, qaysi birimizning ashulamiz ko‘p bo‘lsa, tillani o‘sha oladi.
Dehqon:
— Ha, mayli, aytganing bo‘la qolsin, — debdi.
Shayton dehqonning bo‘yniga minib, uch kecha-yu uch kunduz ashula aytibdi, oxirida:
— Endi mening ashulam tamom bo‘ldi, — debdi-da, dehqonning ustidan tushibdi. Dehqon shaytonning kiftiga minib olib, yetti kecha-yu-etti kunduzgacha “tarala-tarala”dan boshqa narsani aytmabdi.
Yetti kundan keyin dehqon shaytonga:
— Hali sen “tarala-tarala”sini eshityapsan, “taralasi” qirq kunga boradi. Bundan boshqa ashulam juda ko‘p, ularni aytib tamom qilib bo‘lmaydi, — debdi. Shayton dehqonni otib tashlab, urishib, bordi-keldini uzib ketibdi. Dehqon ikki xum tillaga ega bo‘lib qolibdi.

Ertaklar
Shayton bilan dehqon