SHARTSIZ REFLEKSLAR

SHARTSIZ REFLEKSLAR

SHARTSIZ REFLEKSLAR, tur reflekslari — organizmning ichki va tashqi qoʻzgʻatuvchilar taʼsiriga nisbatan oʻzgarmas, genotip bilan bogʻliq boʻlgan, yaʼni irsiylanadigan reaksiyasi. «Shartsiz reflekslar» terminini I. P. Pavlov muayyan qoʻzgʻatuvchilarning retseptorlarga taʼsiri natijasida yuzaga keladigan reflekslar (ogʻizga ovqat tushganida soʻlak ajralishi, barmoqqa oʻtkir narsa sanchilganida tortib olinishi va b.)ni ifodalash uchun fanga kiritgan (1903). Shartsiz reflekslar, asosan, markaziy nerv sistemasining quyi boʻlimlari (gangliylar, orqa miya, bosh miya dastasi va b.) bilan bogʻliq. Shartsiz reflekslarda qoʻzgʻalishning retseptorlardan effektorga oʻtadigan yoʻli reflektor yoyi deyiladi. Shartsiz reflekslar turning barcha individlari uchun umumiy boʻlib, organizm xattiharakatini doimiy (oʻzgarmas) muhit sharoitiga moslanishini taʼminlaydi.

Ensiklopediya.uz
SHARTSIZ REFLEKSLAR