Shartnomalar
Bismillah. Dasturchi sifatida ishlar ekansiz, kompaniyalar bilan turli shartnomalar tuzishingizga to’g’ri keladi. Men shu vaqtgacha olgan tajribamdan kelib chiqib, xalqaro bozordagi turli shartnoma turlari, ularning yaxshi va yomon tomonlari, shartnoma tuzishda nimalarga e’tibor berish kerak ekanligi haqida shu postda ma’lumot bermoqchiman.
Mundarija
- Kirish
- Ishchi shartnomasi (Employment contract)
- Biznes shartnomasi (B2B contract)
- Frilans, qisqa muddatli shartnomalar (Freelance, short-term contracts)
- Norasmiy shartnomalar (Unofficial contracts)
Kirish.
Kompaniya bilan tuziladigan shartnoma juda ham muhim. U sizga juda ko’p foyda, imkoniyatlar olib kelishi yoki ba’zida sizning zararingizga ham ishlashi mumkin. Shu sababli, har qanday turdagi shartnomani imzolashdan avval uni yaxshilab o’qib chiqish, har bir bandi bilan yaxshilab tanishib chiqish, olinadigan vazifalar va majburiyatlarga e’tibor berish kerak. Postda o’zim bilgan, o’zim imzolagan va umumiy jahon bozorida bor bo’lgan, AT mutaxasislari, xususan dasturchilar imzolashi mumkin bo’lgan shartnomalar haqida ma’lumot beraman. Maqola asosan o’zbek auditoriyasining ma’nfaatlarini hisobga olgan holda yozildi. Maqola davomida o’zim ishlagan ish joylarida tuzgan shartnoma turlari haqida ham batafsil yozaman. Bu shu joylarda ishlamoqchi bo’lganlar uchun yana ham foydali bo’ladi.
Ishchi shartnomasi (Employment Contract)
Bu eng keng tarqalgan shartnoma turi hisoblanadi. Biror davlatda rasmiy ro’yxatdan o’tgan kompaniya, o’sha davlatdagi ishchilari bilan tuza oladigan rasmiy, yuridik shartnoma. Bunda kompaniya va ishchi ayni ular turgan davlat qonunchiligidagi majburiyatlarni bo’yniga olgan holda shartnoma tuzadi. Majburiyatlar davlatga qarab farq qiladi. Lekin bu shartnoma turining boshqalaridan eng katta farqi bu uning yuridik kuchga ega ekanligi. Bu esa majburiyatlardan tashqari ko’plab imkoniyatlar ham berishi mumkin.
Bu turdagi shartnomalar to’liq stavkali (full-time) yoki yarim stavkali (part-time) bo’lishi mumkin. Bunda ish soatlari farq qiladi.
Full-time employment contract — Odatda haftasiga 40 soat, kuniga 8 soatdan 5 kun ishlashni nazarda tutuvchi shartnoma turi. Part-time employment contract — haftasiga 20 soat ishlashni nazarda tutuvchi shartnoma turi.
Bu turdagi shartnoma tuzgan har ikki tomon ham, ayni davlat qonunchiligiga ko’ra soliq to’laydi. Ba’zi davlatlarga aynan AT mutaxasislari uchun qandaydir soliq imtiyozlari qilib berilishi mumkin. Masalan, O’zbekistonda IT Park’ga a’zo bo’lgan holda shunday shartnoma tuzsangiz, juda ko’p soliq imtiyozlariga ega bo’lasiz. Polshada 26 yoshga to’lmagan talabalar uchun ba’zi soliq imtiyozlari yo’lga qo’yilgan. Soliq 7% dan, 45%-50% gacha bo’lishi mumkin.
Bu turdagi shartnomada odatda, ishchi ayni o’sha davlatda ishlash va yashash huquqiga ega bo’lishi shart. Bunday huquqning yo’qotilishi, bu shartnomaning avtomatik bekor bo’lishiga sabab bo’ladi.
Agar sizni boshqa davlatdagi kompaniya ishga olsa, xuddi shu shartnoma turi orqali, sizni o’z yashab turgan davlatingizdan o’sha davlatga qonuniy ishchi sifatida ko’chib o’tishingizga yordam berishi mumkin (Relocation). Lekin albatta bunda kompaniya sizga barcha ko’chib o’tish xarajatlarini qoplashga tayyor bo’lishi, yuridik tomondan sizga yordam bera olishi kerak. Siz keyin o’sha davlatda vaqtincha yashash huquqini qo’lga kiritasiz (Temporary Residence Permit). Lekin esda tutish kerak, ba’zi davlatlarda kompaniya bilan shartnoma bekor qilinganidan keyin sizga bir necha yil muddatga berilgan yashash huquqi ham ozgina vaqtdan keyin bekor qilinishi mumkin. Masalan, Polshada siz ishdan ketsangiz, bir oy ichida yangi ish topib, yana xuddi shunday shartnoma tuzmasangiz, sizning u yerdagi yashash va ishlash huquqingiz bekor qilinadi.
Temporary Resident Permit — biror bir boshqa davlatda yashab, ishlash yoki o’qish imkonini beruvchi huquq. Bu huquq odatda o’sha davlat fuqarolarida bor bo’lgan ko’plab imkoniyatlardan foydalanishga yo’l ochadi. Bu hujjat odatda qandaydir karta ko’rinishida bo’ladi.
Yuqorida aytilgandek, bu yuridik kuchga ega bo’lgan hujjat bo’lganligi sababli, ikki tomondan biri boshqa tomonga nisbatan qandaydir qonunni buzsa, shu davlat qonunchiligiga ko’ra javobgarlikka tortiladi. Yevropaning juda ko’p davlatlarida ishchilar huquqlari qattiq himoya qilinadi va sizning shunday shartnomangiz bo’lgan holda, ish beruvchi sizga qandaydir nohaqlik qilsa, uni juda ham yomon oqibatlar kutib turadi.
Bu turdagi shartnomada ish beruvchiga ichilariga g’amxo’rlik qilish, tibbiy sug’urta (kasal bo’lsa davolanish xarajatlarini qoplash), farzand ko’rsa pullik ta’til berish kabi ishchilar foydasiga ishlaydigan turli majburiyatlarni yuklaydi. Albatta bu davlatga qarab farq qiladi. Yevropada xuddi shunday ish beruvchi bo’yniga yuklanadigan judayam ko’p majburiyatlar bor. Bu albatta ishchilar uchun foydali.
Kompaniya siz uchun o’z bo’yniga olgan majburiyatlardan tashqari, bu shartnoma siz o’sha ishlab turgan davlatingizda ham, fuqarolarda bor bo’lgan ko’plab imkoniyatlardan foydalanish huquqini beradi. Masalan Polshada siz kattaroq mulkni (uy, mashina, va hokazo) bo’lib to’lashga sotib olmoqchi bo’lsangiz, bankdan qarz olishingiz yoki sotuvchi bilan shunday bo’lib to’lashga ishchi shartnomangiz orqali erishishingiz mumkin.
Bunday turdagi shartnoma bilan, ish beruvchi sizni juda oson ishdan bo’shatib yubora olmaydi. Odatda ishdan bo’shatishdan avval sizga n muddat avval ogohlantirish berish kerak. Bu ko’pincha bir oy bo’ladi (Notice Period). Bundan tashqari, ba’zi hollarda ularning bo’yniga shunday qilganligi uchun qo’shimcha kompensatsiya to’lash majburiyati ham yuklanadi. Siz ham ishdan osongina keta olmaysiz. Ketishdan avval ishchi ham kompaniyani bir oylarcha avval ogohlantirishi shart. Albatta bularning hammasi davlatga qarab farq qiladi.
Notice Period — ishchi shartnomasi to’xtatilishidan avval tomonlarning bir birini ogohlantirib qo’yish uchun beriladigan muddat. Ko’p davlatda bu muddatni shartnomada qo’shish majburiy. Bu kompaniya uchun ketayotgan ishchi o’rniga yangisini olishga, ishchi uchun oylikdan uzulib qolmay, boshqa ishga o’tib olishga imkon beradi.
Oylik maoshni olish odatda bank o’tkazmasi orqali bo’ladi. Sizga o’sha davlatdagi bankdan hisob raqam ochiladi va o’sha hisob raqamga soliqlardan qolgan maosh tashlab beriladi. Ba’zi hollarda naqd pul bilan ham bo’lishi mumkin lekin, ko’p davlat qonunchiligi bunga yo’l qo’ymaydi. Chunki bu davlatning soliqlarni nazorat qila olmasligiga va yashirin iqtisodiyotning rivojlanishiga olib keladi.
Unutmang! Bu shartnoma turi bilan, bir vaqtda bir nechta kompaniyalarda qonuniy ishlay olmaysiz. Bunday qilish turli javobgarlikka tortilishga sabab bo’lishi mumkin. Ayniqsa Yevropa davlatlarida bunga taqiq qattiqroq. Ikkinchi ishda ishlamoqchi bo’lsangiz, uni quyida keltirilgan boshqa shartnoma turilaridan biri bilan qilishingiz mumkin.
Biznes shartnomasi (B2B contract)
Ishchi shartnomasida ish beruvchi va ishchi o’rtasida juda ko’p ma’suliyatlar va javobgarliklar bor va uning hujjat ishlari ham ko’p bo’ladi. Bundan tashqari sizga oylik maoshingizning 20%-40% qismi soliq uchun chiqib ketayotgani ham ba’zida yoqmasligi mumkin. Shu sababli AT mutaxasislari bilan B2B shartnoma qilish ham oxirgi paytda ancha ommalashgan. Bunda siz kompaniya bilan ishchi sifatida emas, biznes sifatida shartnoma qilasiz. Bu kompaniyani o’z ishchisiga qilishi kerak bo’lgan juda ko’plab majburiyatlardan ozod qiladi va sizga biror bir biznes xizmatini qilib berganligingiz uchun haq to’lashadi. O’z navbatida bu sizni ham ishchi sifatidagi ko’p taqiqlov va soliqlardan ham ozod qilishi mumkin. Bunda siz o’z biznesingizni davlatdan ro’yxatdan o’tkazib, aynan shu biznes nomidan kompaniya bilan shartnoma qilasiz.
O’zbekistondan turib, xorijga ishlaydigan dasturchilarning ichida shunday shartnoma qiladiganlari ham talaygina.
Bunday turdagi shartnoma bilan siz bir vaqtning o’zida bir nechta kompaniyalar bilan ishlashingiz mumkin. Unutmaslik kerakki, bu mumkin bo’lgani bilan ba’zi kompaniyalar boshqalar bilan ishlashni taqiqlovchi bandlarni shartnomaga kiritishi mumkin. Shunda davlat qonunchiligiga ko’ra siz bir nechta kompaniyalar bilan bir vaqtda ishlay olganingizga qaramay, shartnoma bandiga ko’ra bu sizga taqiqlanadi va uni buzishingiz qandaydir javobgarlikka sabab bo’lishi mumkin.
Local B2B. Bu turdagi shartnoma qiladigan kompaniyalar ham bazida o’zi ro’yxatdan o’tgan davlatga bog’langan holda ishlashni istashi mumkin. Ish e’lonlarida B2B shartnoma qilishini yozgan kompaniyalarni ba’zida chuqurroq surishtirsangiz, sizning biznesingiz aynan o’sha kompaniya joylashgan davlat yoki mintaqada ro’yxatdan o’tgan bo’lishini talab qilishadi. Ya’ni Polshadagi bir kompaniya shunday talab qo’ysa, siz O’zbekistondan turib ishlay olmaysiz. Sizning Polshada ochilgan biznesingiz bo’lishi kerak. Polshada biznes ochish uchun esa sizga yuqorida aytilgandek Temporary Residence Permit kerak.
Global B2B. Lekin judayam ko’plab tech kompaniyalar bosh ofislari Yevropa, Dubay yoki Amerikada bo’lishiga qaramay, jahonning arzonroq bozorlaridan ishchi olib ishlatishni istashadi. Shunday holatda siz o’zingiz yashab turgan davlatdagi biznesingiz bilan ham shartnoma qilaverasiz. Bunday hollarda, ular sizning qonuniy biznesingizni odatda tekshira olishmaydi. Ya’ni xattoki biznesingiz bo’lmagan holda ham bunday shartnoma qila olasiz. Shunchaki oylik maoshingizni olgan vaqt, davlatga va banklarga bu pul nega kelganligini tushuntira olsangiz bo’ldi.
Agar siz O’zbekistondan turib xorijdagi kompaniya bilan shunday ishlamoqchi bo’lsangiz, men bilgan ikki xil yo’l bor.
- O’zbekistonda YATT (yakka tartibdagi tadbirkorlik) ochish kerak. Mahallik banklarning biridan shu YATT nomiga (yuridik shaxs) xorijiy valyutada bank akkount ochish kerak. Siz shu YATT nomidan shartnoma qilishingiz va maoshni o’sha bank akkountiga yuborilgan SWIFT o’tkazmasi orqali olishingiz mumkin. Davlatga YATT qonunchiligiga ko’ra soliq to’laysiz.
- Soliq.uz platformasida «O’z o’zini band qilgan shaxs» sifatida ro’yxatdan o’tasiz. Siz kompaniyangizga shunchaki shu hujjatni ko’rsatishingiz yoki hech qanday hujjat ham ko’rsatmasligingiz mumkin. Chunki boshqa davlatdagi kompaniya har doim ham sizning davlatingizda sizning bisnesingiz bor yoki yo’qligiga qiziqmaydi. Chunki siz ular bilan siz real hayotda biznes sifatida emas, xodim sifatida ishlaysiz. Maoshingizni yuborishlari uchun bank hisob raqam bo’lsa bo’ldi. Buning uchun mahalliy banklarning birida o’zingizning (jismoniy shaxs) nomingizga xorijiy valyutada bank akkount ochasiz va maoshni shu bank akkountiga yuborilgan SWIFT o’tkazmasi orqali olasiz. Yaqingacha bunday ishlaydiganga O’zbekistonda soliq yo’q edi lekin bu o’zgarishi mumkin ayniqsa yuqori maosh oladigan odamlar uchun.
Men Fireart Studio bilan ishlagan vaqtim, ikkinchi yo’lni tutganman. Bank hisob raqamni Kapitalbank’da ochganman. Kapitalbank yoki istalgan boshqa biror bankdan visa karta ochsangiz, unga ulangan hisob raqamga SWIFT orqali pul yuborish mumkin. Siz u pulni bankning mobil dasturi orqali yoki visa katasi orqali ishlata olasiz.
Eslatma! Bankni tanlashdan avval, bankning byurokratik to’siqlarini, SWIFT o’tkazmalariga qancha xizmat haqqi olib qolishini, xorijdan bir jismoniy shaxs hisobiga kelishi mumkin bo’lgan maksimal pul miqdorini o’rganib chiqing.
Frilans, qisqa muddatli shartnomalar (Freelance, short-term contracts)
O’zim hech ham qisqa muddatlik yoki frilans shartnoma tuzmaganligim sababli bunday shartnomalar haqida juda chuqur ma’lumotga ega emasman.
Frilans. Agar siz upwork kabi platformalarda frilans sifatida ishlamoqchi bo’lsangiz, shartnomalar odatda shu platforma qonunlari asosida tuziladi. Shartlarni buzishingiz yomon review olishingizga yoki platformadan chetlatilishingizga olib kelishi mumkin. Ish haqi ham odatda bank transfer orqali bo’ladi. Bunda ham siz «O’z o’zini band qilgan shaxs» sifatida ro’yxatdan o’tib ishlayverishingiz mumkin.
Short-term contracts. Ko’p davlatlarda rasmiy ishchi shartnomasidan (employment contract) tashqari ish beruvchi va ishchi o’rtasida imzolanishi mumkin bo’lgan boshqacha shartnomalar ham bor. Ular odatda «work-based» yoki «time-based» bo’ladi. Har ikkala holatda ham shartnoma muddati qisqa bo’ladi va u vaziyatga qarab uzaytirilishi mumkin. Turli davlatlarda bu shartnoma turlicha bo’ladi. Soliq ulushi, majburiyat turlari ham davlatdan davlatga ko’ra farq qiladi. Aslida, O’zbekistonda mavjud bo’lgan «O’z o’zini band qilish» hujjati ham, aynan shu turdagi shartnomaning O’zbekistondagi ko’rinishi deyish mumkin. Ya’ni siz ish beruvchi yoki mijoz bilan biror ishni bitkazish uchun bir martalik kelishuv qilasiz.
Polshada work-based, qisqa-muddatlik shartnoma bu «Umowa o dzieło» hisoblanadi. U ishchiga xuddi «Employment Contract» dagidek imkoniyatlar bermaydi lekin soliq miqdori kamroq, 12% atrofida.
Norasmiy shartnomalar (Unofficial contracts)
Bazi davlarda firma ochish, uni yurgazish, xodimlar bilan bog’liq hujjat ishlarini hal qilish juda juda oson qilib qo’yilgan. Masalan, bilishimcha Dubayda shunday. Yoki ba’zida kompaniyalar hech qanday davlatdan ro’yxatdan o’tmasdan yashirincha ishlashlari ham mumkin. Yoki allaqachon bor bo’lgan boshqa kompaniya nomi ostida yashirincha faoliyat yuritadi va hokazo.
Bunday kompaniyalarga odatda juda katta investment olib endi boshlanayotgan asosan web3, crypto, blockchain doirasidagi start-up’lar yoki shu turgan kiruvchi boshqa kompaniyalar bo’lishi mumkin.
Ular shartnomani aynan biror davlat qonunchiligiga moslab tuzishmaydi. Yoki qonunchiligi juda katta yengillik yaratib bergan davlatdan turib shartnoma qilishadi. Ular shartnomani istagancha nomlashlari mumkin va oylik maoshingizni ham har xil ko’rinishlarda berishi mumkin: Bank Transfer (SWIFT), crypto, NFT, kompaniya ulushi va hokazo. Bunday kompaniyalarga siz qaysi davlat fuqarosi ekanligingiz va ayni vaqtda qayerda yashab turganligiz muhim emas.
O’zim Fleek va Mercure Dao kompaniyalaridan ishlagan vaqtim shunday bo’lgan. Shartnoma bir betlik juda sodda va hech qaysi davlat qonunchiliga mos kelmaydigan qilib tuzilgan. Bu shunchaki oddiy rasmiyatchilik uchun qilingan lekin hech qanday yuridik kuchga ega emasdi. Kompaniyalardan biri Dubayda ro’yxatdan o’tgan lekin asosiy ishchilar Yevropa, Hindiston va Amerikadan edi. Ikkinchisi biror joydan ro’yxatdan ham o’tmagan yangi start-up edi o’sha vaqt. Har ikkala kompaniya ham oylik maoshni crypto’da to’lashar edi.
Manba:
Boshqalar
Shartnomalar