Sharof Rashidov ijodiga chizgilar
Sharof Rashidov ijodiga chizgilar
DO`STLARGA ULASHING:
Men O‘zbek xalqining atoqli yozuvchisi, Davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov nomini ilk bora o‘rta maktabda o‘qib yurgan chog‘imda bobom Obloqul Murodov (oxirati obod bo‘lsin)ning shaxsiy kutubxonasida “Kashmir qo‘shig‘i” dostonini o‘qiganimda taniganman. Bobom Obloqul Murodov uzoq yillar hozirgi Amir Temur mahallasida o‘zi tashkil etgan maktabning direktori bo‘lib ishlaganlar. U kishi o‘ta ma’rifatli inson bo‘lib, farzandlari va nabiralariga ham kitob o‘qishni, bilim olishni o‘rgatgan edilar.
Men Sharof Rashidovniing “Kashmir qo‘shig‘i” qissasini to‘liq o‘qib chiqqanimdan so‘ng o‘zimcha bu qissa hind diyoridagi afsonalardan olib yozilgani va Sharof Rashidovning bu voqelikni qayerdan olganiga qiziqsinib yurardim. Biroq Sharof Rashidov haqida, uning ijodi hususida birorta bir yirik kitob yoki tadqiqot topa olmaganman.
Qissadagi Erk, Hurriyat, Mustaqillik kabi orzu – istaklarning ro‘yobga chiqqanini biz yoshlar mustaqillik yillarida anglaganmiz albatta.
Uchrashuvdan qaytgach, ustozim professor Muhammadjon Xolbekovdan Sharof Rashidov haqida kengroq bilimga ega bo‘lishni so‘rab murojaat qilarkanman, u kishi menga Sharof Rashidov hayoti va ijodi haqida bilganlarini so‘zlab berdilar va menga bir qator kitoblarni o‘qishimni tavsiya qildilar.
Viloyat kutubxonasiga borib, Sharof Rashidovning “G‘oliblar” povesti, “Bo‘rondan kuchli” romani, “Kashmir qo‘shig‘i” va “Ikki dil dostoni” qissalarini, hamda ijodining so‘nggi yillarida yozgan “Dil amri” qissasini topib o‘qib chiqdim. Ammo adibning o‘zbek va rus tillarida hayot vaqtida chop etilgan besh jildlik “Asarlar to‘plami”ni topa olmadim.
Sharof Rashidov ijodi o‘z vaqtida nafaqat O‘zbekistonda balki sobiq ittifoq va chet mamlakatlarda ham mashhur bo‘lgan ekan, uning “Kashmir qo‘shig‘i” qator tillarga tarjima qilingan, hatto rus, yapon va AQSh teatrlarida “Hind afsonasi” nomi bilan baletlar qo‘yilgan. “Ikki dil dostoni” qissasi asosida badiiy film olingan.
Sharof Rashidov “Kashmir qo‘shig‘i”ni aynan ijodiy kuchga to‘lgan qirq yoshida yozgan ekan. Adib hayot vaqtida ushbu qissa qayta-qayta nashr qilingan.
Sharof Rashidovning “Ikki dil dostoni” aslida kinoqissa (kinotsenariy) tarzida yozilgan. Qissaning boshida muallif qadimgi bir kitobga murojaat qiladi: “Uning har bir sahifasi – husnixat san’atining noyob zarxal naqshlar va rango-rang lavhalar bilan bezalgan, arab harflari yozilgan sahifaning ustida quyidagi to‘ng‘ich satrlar ko‘zga tashlanadi:
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir zamonda
Bir Qorashox bo‘lgan ekan, hind tomonda,
Saroyida yashar ekan, nurday toza,
Momiqday oq, gulday nozik bir raqqosa.
degan satrlar bilan boshlanadi. Qadimiy kitobning yangi sahifasi ochiladi. Arab harflari yozilgan sahifaning ustida quyidagi satrlar namoyon bo‘ladi:
Bu on boshqa, juda uzoq bir Vatanda
Yashar ekan Mudan otliq bir sozanda,
Fazlu hunar topgan undan shon, iftihor.
Voqea davomida Qorashox saroyi ta’rifi keltiriladi: Raqqosa qiz Komde raqs tushmoqda. Shu payt saroydagi xizmatkorlardan biri ayvon eshigini ochib yuboradi. Uzoq-uzoqlardan Mudan chalayotgan tanbur ovozi yangraydi. Shu ko‘yda Komde va Mudanning ilk uchrashuvi sodir bo‘ladi. Voqealar davomida Komde bilan Mudanning muhabbati avj olib boradi, yovuz kuchlar ular muhabbatiga rahna solmoqqa harakat qiladilar. Ammo har qanday holatlarda ham ikki qalb bir – biriga intilib yashaydi va kitobning so‘nggi sahifasida quyidagi satrlar namoyon bo‘ladi.
Madh etilib vafo ahlin armoni,
Shunday tugar ikki dilning dostoni.
Xullas, men Sharof Rashidov ijodi haqida so‘z yuritar ekanman, o‘z tengqurlarim – talabalarga ul zotning asarlarini o‘qishni tavsiya etgan bo‘lardim. Ayniqsa, uning “Kashmir qo‘shig‘i” va “Ikki dil dostoni” qissasi yosh kitobxon ahliga ma’qul bo‘ladi deb o‘ylayman. O‘zim bo‘lsa adibning “Kashmir qissasi” dostonini ingliz tiliga tarjima qilib, uning yubileyiga tortiq qilish niyatidaman.
jspi.uz
Sharof Rashidov ijodiga chizgilar