«Sharleman»dagi qotillik

«Sharleman»dagi qotillik

«Sharleman»dagi qotillik

Mundarija скрыть
«Sharleman»dagi qotillik
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

(hikoya)
Odatda, janob Frensis Batteriga tegishli kitob do‘konining ichkari xonasida qimmatbaho kitob sotib olgan doimiy mijozlar gilosdan tayyorlangan brendi bilan mehmon qilinardi.
Javonda turgan haykalchani tomosha qilayotgan Ebernon xonim haykalcha ostidagi yozuvni o‘qigach, so‘radi:
-Uilyam Korder kim?
-O‘tmishdagi mashhur qotil.
-Qanday dahshat! Nahotki jinoyatchining sopol haykalchasini sotib oladigan odam bo‘lsa!
-Oq loy,-dedi janob Batteri.-Staffordshir. Men buni do‘konning oldingi egasidan olganman.
-Qo‘pol ish,-Ebernon xonimga jinoyatchining bo‘yalgan haykalchasi yoqmadi.-Buni Drezdenning cho‘ponlar haykalchalari bilan solishtirib bo‘larmidi? Yonoqlaridagi qo‘pollik bilan surtilgan bo‘yoqlarni qarang! Uning kim ekanligini nima uchun yozishgani tushunarli: u shahzoda ham, oddiy dehqon ham bo‘lishi mumkin edi.
-Staffordshir haykalchalari asliga o‘xshashligi uchun qadrlanmaydi.-Janob Batteri ovozini balandlatdi.-Ular beo‘xshov bo‘ladi, ammo ishonamanki, ular jozibali haykalchalar.
-Azizim,-tabassum qildi Ebernon xonim,-bu oddiy havaskorning ishi.
Eh bu qirq yoshli ayollar! Batteri o‘ttiz to‘rtga kirgan, bo‘ydoq, jiddiy erkak edi. To‘g‘ri, u ayollar bilan munosabat haqida juda ko‘p narsani bilardi-do‘kon orqasidagi xonada bu mavzuga bag‘ishlangan son-sanoqsiz kitoblar bor edi, ammo janob Batteri bu kitoblarda yozilgan narsalarni amalda qo‘llab ko‘rmagandi. Ehtimol, hali hammasi oldindadir.
-Staffordshir haykalchalari,-gapida turib oldi u,-bizga ajdodlarimiz nimalar bilan shug‘ullanishganini eslatib turadi.
-Qotillik bilan,-Ebernon xonimning kulgisi jarangladi.-Xo‘sh, janob Korder sizning javoningizdan joy olish uchun qanday karomat ko‘rsatgan?
-O, u yaramas odam bo‘lgan. Bu voqea 1827-yilda Saffolk grafligidagi qishloqda yuz bergan. U yigirma bir yoshida Mariya ismli bir qizning boshini aylantiradi. Keyin uni qishloq chetidagi omborda o‘ldiradi. Korder ikki kundan keyin qishloqdagilarga Mariya Ipsvichda yashayotganligini aytadi. Keyin esa o‘zi ham o‘sha yoqqa ketadi.
-Uning gaplariga ishonishadimi?
-Qizning onasidan boshqa hamma. Onasi tushida qizining o‘ldirilgani va omborxonaga ko‘mib qo‘yilganini ko‘rganini aytadi. Rostdan ham qizning jasadini omborxonadan topishadi. Korder hibsga olinadi va osib o‘ldiriladi.
-U necha pul turadi?
-Korderning haykalchasimi? Bilmadim. Bir necha funt tursa kerak.
Ertasiga Ebernon xonim yana janob Batterining do‘koniga keldi.
-Siz menga minnatdorchilik bildirishingiz mumkin,-dedi u.-So‘rab-surishtirdim: staffordshir haykalchalari kolleksionerlar to‘playdigan haykalchalar sirasiga kirarkan.
-Buni bilardim.
-Lekin siz aynan jinoyatchilarning haykalchalari zo‘r sotilishini bilmasdingiz. Korder noyob haykalcha ekan! Dunyo bo‘yicha bu haykalcha bor-yo‘g‘i bir necha nusxada ekan.
-Bunga ishonchingiz komilmi, Ebernon xonim?
-Dugonam menga kitoblarni ko‘rsatdi. Mamlakatimizda faqat Viktoriya va Albert muzeyi bilan Steplford-parkdagi Milliy fonddagina staffordshir haykalchalari kolleksiyasi bor ekan. Lekin ularning ikkalasida ham Korder yo‘q ekan.
Batteri yuzlari qiziyotganini his qildi.
-Demak, mening haykalcham qimmatbaho ekan-da?
-Dugonamning aytishicha, Londondagi eng katta kimoshdi savdosida bu haykalcha kamida ming funtga sotilishi mumkin ekan.
-Yo Xudo!
Ebernon xonimning yuzlari yashnab ketdi.
-Hozirgi davr uchun ming funt unchalik katta pul emas, lekin yo‘qdan ko‘ra yaxshi, shunday emasmi?-U bu gapni xuddi Batteri ayolning puldor qo‘shnisidek aytdi.-Haykalchani kimoshdi savdosiga olib boring.
-Bu ma’lumotingiz uchun sizdan qarzdorman.
Ebernon xonim sirli jilmaydi:
-O‘zingizni qarzdordek his qilmasangiz ham bo‘ladi. Siz meni doim iltifot bilan kutib olasiz, mehribonsiz, sizdan hatto buni biror italyan restoranida yuvishni talab qilishga ham xijolat bo‘laman.
-Yaxshi fikr!-xitob qildi Batteri.-Agar eringiz qarshilik qilmasa…
Ayol engashib, uning quloqlariga ohista shivirladi:
-Unga aytmayman, azizim Batteri.
Batteri ayolning bunchalar yaqinlashganidan kalovlanib, o‘tirgan stuliga qapishib qoldi.
-Agar bizni ko‘rib qolishsa nima bo‘ladi? Meni Xaystritda ko‘pchilik taniydi.
-Haqsiz,-dedi Ebernon xonim.-Sherridan ko‘proq ichib qo‘yibman shekilli. Unuting…
-Aksincha,-dedi Batteri.-Agar ming funtga boyisam, sizga minnatdorchilik bildirishning yo‘lini topaman.
U chorshanba kuni yordamchisi Jeymsga do‘konga qarab turishni tayinladi, o‘zi esa ertalab turib Korder haykalchasini poyabzal qutisiga joyladi va Londonga yo‘l oldi…
Batteri quti ichidan haykalchani olganida hayajonlanganidan mutaxassisning nafasi chiqmay qoldi. Bu u ko‘rgan ilk Uilyam Korder haykalchasi edi. U Batteriga bir necha turdagi staffordshir haykalchalari borligini, Korder haykalchalari esa dunyo bo‘yicha bor-yo‘g‘i uch-to‘rt dona ekanligini aytdi.
Buni eshitib Batterining tomog‘i qurib qoldi.
-Necha pul taklif qilasiz?
-Bugun buni sakkiz yuz funtga sotishim mumkin, ammo kimoshdi savdosida qimmatroqqa sotsa bo‘ladi.
-Minggami?
-Savdo yurishsa, bundan ham qimmatroqqa.
-Keyingi kimoshdi savdosi qachon bo‘ladi?
Mutaxassis unga savdo jarayoni haqida batafsil ma’lumot berdi. Bir necha oy kutishi kerakligini anglagan Batterining peshonasi tirishdi va savdoni tezlashtirishni so‘radi. Mutaxassis istamaygina kimgadir qo‘ng‘iroq qildi va yanagi oyga, ya’ni besh haftadan keyin Korder kimoshdi savdosiga qo‘yilishini ma’lum qildi…
Ikki kundan so‘ng Ebernon xonim yana do‘konda paydo bo‘ldi va yangilikni eshitdi.
-Xursandman.
-Men esa sizdan minnatdorman!-Va Batteri Londondan qaytayotib tayyorlab qo‘ygan taklifini aytdi:-Kelasi chorshanba kuni sizni men bilan birga tushlik qilishga taklif etaman.
Ebernon xonim qoshlarini chimirdi.
-Lekin menimcha bunday fikrni inkor qilgandik shekilli.
-Biz Epsonda, hech kim tanimaydigan joyda uchrashishimiz mumkin.
Ayol oppoq tishlarini ko‘rsatib kuldi:
-Ajoyib! Kimoshdi savdosini kutamiz. Savdo qachon bo‘ladi dedingiz?
-O‘n beshinchi mayda. Juma kuni.
-O‘n beshinchida? Eh, afsus! O‘n oltinchi kuni men Fransiyaga ketayotuvdim.
-U yerda qancha bo‘lasiz?-Batteri umidsizligini yashirolmadi.
-Bir oycha.
-Eringiz siz bilan boradimi?
-Biz doim alohida-alohida dam olamiz… Siz-chi, sayohat qilishni yoqtirasizmi, janob Batteri?-U sherridan ho‘pladi va ishva bilan qaradi.-Men tarixiy joylarga borishni yoqtiraman va bir necha kun Orleanda bo‘lgach, keyin Luar bo‘ylab harakatlanaman.
-Men ham shunday qilaman. Fransiyada uchrashish va g‘alabamizni o‘sha yerda nishonlashni tasavvur qilyapsizmi?
Ayol xuddi ovozsiz kino yulduzidek hayratini ifodaladi:
-Ammo do‘koningiz-chi?..
-Jeyms qarab turadi. Keling, hoziroq uchrashuv belgilaymiz. O‘n sakkizinchi may kuni tush paytida Orleandagi cherkov oldida uchrashamiz.
-Nimaga o‘n sakkizinchi may kuni?
-Uilyam Korder sharafiga qadah ko‘tarish uchun. U qizni o‘sha kuni o‘ldirgan.
Ebernon xonim jilmaydi.
-Siz va sizning qotilingiz!-U bir oz o‘ylangach, javob qildi.-Yaxshi. O‘n sakkizinchi mayda. Agarda haykalchangiz sotilsa.
-Savdo qanday bo‘lishidan qat’i nazar, men o‘sha yerda bo‘laman,-va’da berdi Batteri.
Ayol uning lablaridan yengil bo‘sa oldi.
Ebernon xonim ketgach, Batteri fiziologiya va anatomiya bo‘yicha kitoblar turadigan javon oldiga bordi va o‘ziga kerakli kitoblarni oldi. U o‘n sakkizinchi may kuni o‘zining tajribasizligini namoyish etmoqchi emasdi…
Haftalar Batteri uchun chidab bo‘lmas darajada sekin o‘tardi. U allaqachon paromga chipta va sayyohlik cheklariga buyurtma berib qo‘ygandi. Bir necha yildan buyon birinchi marta bir nechta yangi ko‘ylak, bo‘yinbog‘, ko‘k nimcha va bir juft oppoq shim sotib oldi.
O‘n beshinchi may kuni Batteri unga sirli visol oqshomini taqdim etuvchi kimoshdi savdosiga yetib keldi. U bunday imkoniyat haqida bir umr orzu qilgan, ammo topish-tutishi bunga yo‘l qo‘ymasdi. Ayol o‘ta boy va aslzoda xonim bo‘lib, uni eng qimmat vino va taomlar bilan mehmon qilish lozim edi.
-Xo‘sh, ikki yuz sakson yettinchi buyum… Mashhur jinoyatchi Uilyam Korderning staffordshir haykalchasi…
Hayajondan Batterining miyasiga gupillab qon urildi. U ko‘zlarini yumib oldi.
-Ming funt!
Janob Batteri tasavvur qildi: mehmonxona yotog‘i, qo‘lida shampanli qadah tutib turgan Ebernon xonim…
-Bir ming ikki yuz ellik. Kim oshadi? «Xadson va Blek» kompaniyasiga sotildi.
Uch kundan so‘ng ko‘k nimcha va oppoq shim kiyib olgan Batteri kelishilgan joyda turardi. Pushtirang ko‘ylak va somon shlyapali Ebernon xonim yigirma daqiqadan keyin keldi. Batteri unga saharlab sotib olgan gulini uzatdi.
-Ajoyib!-dedi ayol.-Azizim, siz beqiyossiz!
-Men «Otel de Vill»da stolga buyurtma berib qo‘ydim. Sizdan minnatdorman. Korder sotildi.
Tushlik uzoqqa cho‘zildi. U shampan buyurdi, taomlar ham tansiq edi.
Uch soatlardan keyin ular shirakayf holda ko‘chaga chiqishdi. Batteri sohil bo‘ylab sayr qilishni taklif etdi. Ular yo‘lda choy saloniga kirishib, limonli choy ichishdi. Asta-sekin quyosh bota boshladi.
-Ajoyib kun bo‘ldi,-dedi Ebernon xonim.
-Hali tugagani yo‘q. Sizni kechki ovqatga taklif qilaman.
-Buncha ovqatdan keyin yana ovqat yeyolmayman!
-Unda kechqurun ovqatlanamiz.
Ayol bosh chayqadi:
-Men erta yotishga odatlanganman.
-Yaxshi fikr,-iljaydi Batteri.
U taksiga chiqishni taklif qildi va ayolning qaysi mehmonxonaga joylashganini so‘radi.
-Men cherkov oldiga boraman, u yog‘iga piyoda yetib olaman. O‘zingiz ham tezda birorta mehmonxonaga joylashing.
Batteri asabiy kuldi: aftidan, ayol osonlikcha qo‘lga kiritiladigan o‘ljaga o‘xshamaydi.
-Men o‘ylovdimki…-U vaziyatni qo‘ldan boy berganini his qildi. Qat’iyatliroq bo‘lish kerak edi. Bu ayolga u nimani xohlayotganini biladigan va tashabbusni o‘z qo‘liga oladigan erkak kerak.
Ayol mashinaga o‘tirarkan, shirin tabassum qildi:
-Ertaga tush payti cherkov oldida kutaman. Xayrli tun.
Batteri taksi eshigini yopdi va horg‘in qadam tashladi. Ertaga qat’iyroq harakat qilish kerak. Umuman olganda, bir tun ming tunmas.
Ertasiga esa Batteri uchrashuvga belgilanganidan besh daqiqa kech keldi. Ayol uni kutib turardi. U ayolni quchoqlab, lablaridan o‘pib qo‘ydi.
-Bugun yanada ajoyib joyga boramiz.-U ayolning qo‘lidan mahkam ushlab oldi.
Bu jazoirliklar restorani edi.
Soat uchlarda Ebernon xonim bezovtalana boshladi:
-Hammasi ajoyib, ammo ketishim kerak. Mehmonxonaga qaytishim shart, sochlarimni yuvishim kerak. Soat beshga esa massaj va pedikyur belgilangan.
-Bunga qancha vaqt ketadi?
-Buning ahamiyati yo‘q. Ta’tilning bor zavqi shunda emasmi?
Batteri e’tiroz bildirishi mumkin edi, ammo butunlay gangib qolgandi.
-Ertaga kechki payt uchrashishimiz mumkin,-dedi Ebernon xonim.
-Buni rostdan ham istaysizmi?-Batteri tushkunligini yashirolmadi.
-Azizim, bundan boshqa narsani o‘ylamayman.
Muammoning yechimi yo‘qdek edi. Ebernon xonimga ovqatlanishgina yoqardi, xolos. U Batterini har kuni turli bahonalar bilan tashlab ketardi: goh sartarosh, goh tish og‘rig‘i, goh noqulay poyabzal. Ayol uning tungi uchrashuvga oid barcha takliflarini rad etardi.
Batterining cheklari dahshatli tezlikda tugab borardi. U temir yo‘l stansiyasi yonidagi kamtarona mehmonxonadan joy olgan, ammo oqshomlarni yolg‘iz o‘tkazgani uchun barda ko‘p ichib qo‘yardi. Nihoyat, tugayotgan pullar va so‘nayotgan umidlar uni reja tuzishga majbur qildi.
Juma kuni ular Orleanning eng yaxshi baliq restoranida o‘tirishardi. Ebernon xonim navbatdagi bahonasini aytishga ulgurmasdan Batteri tezda gapirib oldi:
-Sizni mehmonxonangizga kuzatib qo‘yaman.
Ayol taajjublangancha ko‘zlarini pirpiratdi.
-Men ertaga ketaman, narsalarimni yig‘ishtirishim kerak,-gapida davom etdi u va ofitsiantga imo qildi.
-Qaerga ketyapsiz?
-Hozircha aniqmas. Meni Orleanda hech narsa ushlab turgani yo‘q.
-Men ham Turga ketmoqchi bo‘lib turuvdim. Aytishlaricha, u yerda zo‘r ovqatlar qilisharkan. Borasizmi?
-O‘ylab ko‘raman.
Ko‘chada Batteri taksi to‘xtatdi va Ebernon xonimga eshikni ochdi.
-«Sharleman» mehmonxonasiga,-dedi u haydovchiga ayolning taajjub bilan qaraganini sezarkan. U ayol turgan mehmonxonaning nomini topishga qiynalmadi. Massaj va go‘zallik saloni xizmatlarini taklif etadigan mehmonxonalar ko‘p emas.
Batteri qizil atirgullar guldastasini sotib oldi va mehmonxonasiga qaytdi. Soat yettilarda «Sharleman» mehmonxonasiga qo‘ng‘iroq qildi va Ebernon xonim bilan bog‘lashlarini so‘radi. Ayol go‘shakni olganida u fransuzcha talaffuz bilan xitob qildi:
-Ie, inglizmisiz? Bu nechanchi xona o‘zi? Kechirasiz, xonim, adashibman.
Ikki soatdan so‘ng u «Sharleman» mehmonxonasiga yetib keldi va liftda oltinchi qavatga ko‘tarildi. Yo‘lak bo‘m-bo‘sh edi. U 657-xonani topdi va yuzini guldasta bilan to‘sgancha eshikni taqillatdi.
Bir ozdan so‘ng eshik qiya ochildi. Batteri eshikni itarib ichkariga kirdi. Oq xalat kiygan, boshiga sochiq o‘ragan va yuziga niqob chaplagan Ebernon xonim hayrat bilan guldastani qo‘liga oldi.
-Janob Batteri! Men yotmoqchi bo‘lib turuvdim.
-Juda yaxshi.-U eshikni yopdi.
-Zudlik bilan xonamdan chiqib keting!
Batteri kuldi.
-Yuzingizdagi kremga qarshi emasman. Bu menga xalaqit qilmaydi.-U ayolning boshidagi sochiqni yulqib oldi.
Ebernon xonim uning yuziga guldasta bilan urdi.
-Yo‘qoling!
-Bu gapni shunchaki aytyapsiz-a, azizam? Aslida esa qolishimni istayapsiz. Vaqtimizni juda yaxshi o‘tkazdik. Qimmat taomlar… Sizga pullarimni sarfladim.
-Men sotilmayman.
-Gap bundamas. Siz menga yoqasiz va men ham sizga yoqaman deb o‘ylovdim.
-Men oilali ayolman.-Ayol ortiga tisarildi.-Men bu narsani istamayman. Men shunchaki kimdir men bilan kunni ajoyib o‘tkazishini xohlagandim, xolos.-Va shu yerda u mash’um xatoga yo‘l qo‘ydi.-Siz xavfsiz bo‘lganingiz uchun men aynan sizni tanlagandim. Har qanday ayol siz bilan bo‘lish xavfsiz ekanligini aytishi mumkin.
-Xavfsiz?..-Batterining yuzi bujmayib ketdi.-Xavfsiz?!-Uning miyasi lo‘qillay boshladi: bu ayol uning orzusini o‘ldirgandi. Endi u hech qachon birorta ayolga yaqinlasha olmaydi! U bu ayolni mana shuning uchun yomon ko‘rib ketdi. Xuddi Korderning haykalchasi uchun olgan pullariga yeb-ichgani uchun yomon ko‘rgani kabi.
U indamay ayolning tomog‘iga chang soldi.
«Sharleman»dagi qotillik haqida barcha fransuz gazetalari bong urdi. Politsiya marhuma bilan birga Orleanning bir nechta restoranlarida bo‘lgan erkakni qidira boshladi. Erkakning tashqi ko‘rinishi ham tasvirlangandi: ingliz millatiga mansub, yoshi o‘tgan, sochlari oqargan, bo‘yi besh fut sakkiz dyum, ko‘k nimcha va oq shim kiygan.
Batteri bu tasvirlash unchalik to‘g‘ri emasligini bilardi. Uning bo‘yi besh fut to‘qqiz dyum, oq sochlari deyarli yo‘q, yoshi ham endi o‘ttiz to‘rtda edi. Nimcha va shimini u Luarga uloqtirdi.
U ingliz tuprog‘iga qadam qo‘yganida o‘zini yengil his qildi. Biroq bu uzoq cho‘zilmadi: bojxona ofitseri uni so‘roqqa tutdi.
-Fransiyaning qayerida bo‘ldingiz?
-Luar vodiysi bo‘ylab sayohat qildim. Anje, Tur, Puate.
-Orleanda-chi?
-Yo‘q, menga u yerda tomosha qiladigan joylar unchalik ko‘p emasligini aytishgandi.
-Yaqinda yuz bergan qotillik haqida eshitdingizmi?
-Sal-pal. Fransuzchani unchalik yaxshi bilmayman.
-Bir ingliz ayoli mehmonxonada bo‘g‘ib o‘ldirilgan. U aynan sizning shahringizdan bo‘lgan.
Batteri o‘zini hayron bo‘lganga soldi:
-Yo‘g‘-e? Ismi nima ekan?
-Mildred Ebernon. Sayohatingiz davomida uni uchratmadingizmi?
-Ebernon. Hech qachon eshitmagan ekanman.
-U holda sizni boshqa tutib turmaymiz. Sog‘ bo‘ling.
Poyezdda uyiga qaytarkan, Batteri voqeaga politsiya nuqtai nazaridan qarashga urindi. Fransiyada uni qotillik bilan bog‘laydigan hech qanday iz yo‘q edi. Ular faqat tushlik payti uchrashishgan va har safar turli restoranlarda. Mehmonxonada qoldirgan barcha barmoq izlarini artib tashlagan. Ebernon xonim bilan bitta shahardan ekanligi esa uni ayblaydigan dalil bo‘lolmaydi. Faqat xotirjamlikni saqlasa bo‘ldi.
Uni perronda politsiyachi to‘xtatganda eti bir jimirladi.
-Tekshiruv, ser. Taksiga pul sarflab yurmasligingiz uchun sizni uyingizga o‘zimiz olib borib qo‘yamiz. Duvrda siz Ebernon xonimni tanimasligingizni aytgansiz. Bu ayolni hech qachon ko‘rmaganmisiz?
Batteri noxushlik yuz berishini his qildi.
-Ehtimol ko‘rgandirman, lekin ismini bilmasligim mumkin-do‘konga har kuni qancha odam kelib-ketadi.
-Biz uning uyidan juda ko‘p kitob topdik va eri bu kitoblarni u sizning do‘koningizdan olganini aytdi. Do‘koningizdagi savdolarni qayd qilib borasizmi?
-Agar chek bilan pul to‘lashsa.
-Qayd daftaringizni ko‘rsak bo‘ladimi?
Do‘kon yopiladigan vaqt bo‘lsa-da, Jeyms hali ham shu yerda edi. Batteri u bilan bosh irg‘ab salomlashdi va politsiyachi bilan orqadagi xonaga qadam tashladi.
-Ta’til yaxshi o‘tdimi, janob Batteri?-qichqirdi Jeyms.-Stolingizda pochta turibdi.
Batteri javondan qayd daftarini oldi va politsiyachiga uzatdi. Ammo u daftarni olmadi. Uning nigohi janob Batterining stoli ustidagi poyabzal qutisidek jo‘natmada edi.
-Sizga kimdir sovg‘a jo‘natganga o‘xshaydi, janob Batteri.
Batteri quti ichiga qaradi va Korder haykalchasini ko‘rib ajablandi. Quti ichida Korderni kimoshdi savdosida sotib olgan «Xadson va Blek» kompaniyasidan kelgan xat bor edi. Xatda ularning mijozi Korder haykalchasi kimoshdi savdosidan so‘ng tashrif varaqasi bilan birga haykalcha egasiga sovg‘a tariqasida jo‘natilishini so‘ragani yozilgandi.
Politsiyachi qutidan tashrif varaqasini oldi va undagi yozuvni o‘qigach, Batteriga uzatdi.
«Siz judayam olijanobsiz. «Mehribonchiliklarimning qadriga yetmayapti» deb o‘ylamang. Xavotirga o‘rin yo‘q, yaxshiliklaringizni qaytarishga qurbim yetadi. Mildred Ebernon».
Maktub oxirida esa quyidagi so‘ngso‘z bor edi: «Qotilingizni o‘zingizga qaytardim».
Rus tilidan Dilshodbek Asqarov tarjimasi

«Sharleman»dagi qotillik