Shamollashni kim qanday davolaydi? haqida malumot

Shamollashni kim qanday davolaydi? haqida malumot

Kuz va qish fasli yaqinlashib, sovuq kunlar boshlanishi bilan yuqori nafas yo‘llarining yuqumli kasalliklari avjiga chiqadi. Bir qarashda kasallik 3 4 kunda o‘tib ketadigandek tuyulsada, ko‘p hollarda bemorlarning kasallikni «oyoqda o‘tkazishi» tufayli asoratlari bilan xavflidir. Shu mavsumda kasallik boshidayoq yoki boshlanmay turib profilaktik davolanilsa juda ma’qul. Har bir mamlakatda kuzgi, qishki va bahorgi shamollashning oldini olish hamda davolashning kimyoviy dorisiz usullari mavjud bo‘lib, bu usullar yuz yillar davomida sinalib, ajdodlardan avlodlarga o‘tib keladi. Ularning orasida keng tarqalgan quyidagi usullarni keltirib o‘tmoqchimiz.

AQSHda: Yalpiz tindirmasi, limon sharbati, asal va sarimsoqdan kokteyl, 1 choy qoshiq quritilgan yalpiz ustiga 200 ml qaynoq suv quyiladi va 3 5 daqiqa past olovda ushlanadi, damlamaga 1 choy qoshiq asal aralashtiriladi. Sarimsoqning bitta bo‘lakchasi mayda to‘g‘raladi, limonning chorak qismi siqilib, yalpiz damlamasi va asalga qo‘shilib, barchasi aralashtiriladi. Tayyor bo‘lgan kokteylni kechqurun yotish oldidan iching, qarabsizki, ertalab sog‘lom bo‘lib turasiz.

Italiyada: Pissa o‘zida pishloq, tuxum, ko‘katlar, pomidor, bulg‘or qalampiri va boshqa sabzavotlarni jamlagani uchun, darmondori va zimunsirlarning koni hisoblanadi. Shu sababli organizmning kurashuvchanlik qobiliyatini oshiradi.

Yunonistonda: Yunonlar kechqurun oyoqlarini issiq suvga solib o‘tirib quyidagi ichimlikni ichishar ekan: ikki bo‘lak apelsin yoki limon ustiga ikki stakan qizil sharob quyib, unga 2 choy qoshiq asal, 2 dona qalampirmo‘nchoq, bir chimdim dolchin qo‘shib, olovga qo‘yib, qaynatishgach, olib kelinadi, issig‘ida qultumlab ichiladi.

Angliyada: Inglizlar kun davomida kamida beshta nordon olma (antonka), shuningdek, mandarin, apelsin, limon va greypfrut singari sitrus mevalarni ham iste’mol qilishadi. Bular «tirik» askorbin javharini ko‘p jamlagani uchun tezda sog‘ayishga yordam beradi. Yoki yuqridagi sitrus mevalarning sharbatidan kun davomida 3 4 piyola ichiladi (me’da shirasi kislotaliligi yuqori bo‘lgan kasalliklarda ehtiyotkorlik darkor).

Koreyada: Shamollash mavsumi yaqinlashayotganini sezgan bu xalq quvvatni oshirishni rag‘batlantiruvchi zanjabilli choy ichishadi. O‘zida viruslarga qarshi o‘nlab unsurlarni mujassam qilgan zanjabil ildizi bu holatda yaxshi yordam beradi. 4 donadan qora murch va kardamon, 3 ta qalampirmo‘nchoq, ta’bga ko‘ra zanjabil va dolchin tuyuladi va sirlangan idishga 280 ml miqdordagi iliq suv quyiladi va ziravorlar solinadi. Qaynash jarayoniga keltirilib, 20 daqiqa past olovda ushlanadi. Oxirida bir chimdim qora choy, ozroq sut va bir choy qoshiq asal qo‘shiladi. Issiqroq holda kichik qultumlardan ichiladi.

Farangcha uslub: Faranglar sog‘lom bo‘lganlarida sharob ichishadi, shamollaganda esa ma’danli suvlar iste’moligi o‘tishadi. Ishqoriy gazsiz ma’danli suvlarni iliq holda ko‘p miqdorda kun davomida ichishadi va bu tanadan kasallik chaqiruvchi zimzarralarni yuvilishiga sabab bo‘ladi.

Yaxudiycha usul: Ular ko‘proq tovuq sho‘rvasini iste’mol qilishadi. Tarkibida kartoshka, qizil sabzi, piyoz va sarimsoq bor bu sho‘rva kuchli darmon hisoblanadi.

Ruscha usul: Ruslar piyoz, sarimsoqpiyoz, maymunjon, qoraqarg‘at, issiq sut va asalni iste’mol qilib kasallkini oldini olishadi.

O‘zbekistonda: Kuz va qishda doimo topsa bo‘ladigan bir nechta pomidor qoqilarini yuvib, maydalab to‘g‘raladi va bir kosa qatiqqa aralashtiriladi. Yarim bosh piyoz ham mayda to‘g‘ralib qo‘shiladi, ta’bga ko‘ra tuz, yanchilgan qora murch qo‘shiladi. 1 2 dona qalampirmunchoq donalarini qo‘shsa ham bo‘ladi. Gripp boshlanishida kun davomida 3 4 mahal ichiladi. Virusga qarshi va tanani quvvatlantiruvchi ushbu vosita og‘izga ham yoqadi. Qo‘shimcha issiq xo‘rda, yog‘siz sho‘rvalar quritilgan shivit va rayhon barglaridan qo‘shib ichilsa, terlatib g‘uborni oladi. Murchli choy xam yaxshi samara beradi.
Shamollash mavsumida soch va oyoqni ho‘l qilmaslik, oyoqqa esa zig‘ir va paxtadan tikilgan paypoqlar kiyish lozim. Xonani shamollatish, isiriq tutatish, lavanda va evkalipt efir moylaridan aromafanor (aromalampa) da bo‘g‘latish yuqoridagi tadbirlar samarasini oshiradi. Shu bilan birga tana xarorati ko‘tarilmasa va boshqa qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmasa (yuqori yoki past qon bosim, og‘ir darajadagi kamqonlik) ota-bobolarimizdan qolgan odat — hammomda terlash, xodima (massaj) olish yoki sauna qilish (muzdek suvda cho‘milmasdan) tanani terlatib, insonni tetiklashtiradi va kasallikni engishida yordam beradi.

Boshqa usullar:

Sudan atirguli – karkadeli choy. Muhimi, bunday choyni 4 5 daqiqadan ko‘p damlamaslik kerak. 1 choy qoshiq karkadeni 200 ml qaynoq suvga solib, 3 5 daqiqa dam beriladi. Shifobaxshlik xususiyatini oshirish uchun ta’bga ko‘ra asal va pichoq uchida dolchin qo‘shiladi. Bir kunda 3 piyoladan oshiq ichish mumikn emas. Chunki nordonligi sababli tish emali va ichakning foydali zimzarralariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Issiq karkade choyi qon bosimini oshirsa, sovug‘i tushiradi. Diqqat: kimning qizil meva va sabzavotlarga allergiyasi bo‘lsa, choyni bir osh qoshiqdan boshlashi va holatiga qarab keyin ko‘proqqa o‘tishi lozim.
Mavsumiy grippni oldini olishda yuqoridagilar bilan birgalikda yurtimiz xududlarida bir necha yildan beri samarali qo‘llanilib kelayotgan grippga qarsha emlashni ham ta’kidlash darkor. Emlamani qachon, qay dozada, kimlar olishi mumkinligini yuqumli kasalliklar shifokori tavsiya etadi.

Avitsenna.uz saytida mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:

Kasalliklar
Shamollashni kim qanday davolaydi?