SHAJARAYI TURK

SHAJARAYI TURK

«SHAJARAYI TURK», «Shajarai turk va moʻgʻul» («Turkiy xalklar va moʻgʻullar shajarasi») — tarixiy asar, muallifi Abulgʻoziy Bahodirxon. Eski oʻzbek tilida yozilgan. «Shajarayi turk» 13 — 17-a. lardagi moʻgʻul va turk hukmdorlari haqidagi maʼlumotlarni, xususan, Markaziy Osiyo xonliklari, jumladan, Xiva xonligining muallif yashagan davrgacha boʻlgan tarixini oʻz ichiga olgan. «Shajarayi turk» Abulgʻoziy Bahrdirxonning oʻlimi tufayli nihoyasiga yetkazilmay qolgan boʻlsada, uning oʻgʻli Anusha Muhammadxon (1663— 87) topshirigʻiga muvofiq, urganchlik tarixchi Maxmud ibn Mulla Muhammad Zamon Urganjiy tomonidan baʼzi maʼlumotlar bilan toʻldirilgan. «Shajarayi turk»ning yozilish sababi muallif tomonidan quyidagicha izohlangan: «Ammo bizning otaaqalarimizning beparvoliqi va Xorazm xalqining bevuqufliqi, bu ikki sababdin, bizning jamoatimizning Abdullaxonning (Abdullaxon II) otalari birlan bizning otalarimizning ayrilgan yeridin to bizga kelguncha tarixlarini bitmay erdilar. Bu tarixni bir kishiga taklif qilali teb fikr qilduk, hech munosib kishi topmaduk, zarur boʻldi (va) ul sababdin oʻzimiz aytduk». Asar moʻjaz muqaddima va 9 bobdan tashkil topgan.

Ensiklopediya.uz
SHAJARAYI TURK