SEZUVCHANLIK
SEZUVCHANLIK, sezgirlik, taʼsirchanlik — tirik organizmning tashqi va ichki muhit taʼsirini qabul qilish xususiyati; tor maʼnoda analizatorlarning qoʻzgʻatuvchilarga javob qaytarish qobiliyati. Nerv sistemasiga ega hayvonlarda ixtisoslashgan sezish hujayra (retseptor)lari turli qoʻzgʻatuvchilarga nisbatan yuqori darajada tanlash sezuvchanligiga ega. Mutlaq va differensial S. farq qilinadi. Analizatorlar qoʻzgʻatuvchilarning minimal darajadagi eng kuchsiz taʼsiri (sezgining mutlaq chegarasi)ni sezish qobiliyati mutlaq Sezuvchanlikni ifodalaydi. Sezgining mutlaq chegarasi bilan mutlaq Sezuvchanlik birbiriga teskari proporsionaldir. Mas, bir stakan choydagi shirinlikni sezish uchun bir odam 1 qoshiq shakar solishi yetarli boʻlsa, boshqasi 2—3 qoshiq solishi mumkin. Analizatorlarning qoʻzgʻatuvchilar orasidagi bilinarbilinmas farqlar, oʻzgarishlarni sezish qobiliyati differensial Sezuvchanlik deb ataladi. Sezishda qoʻzgʻatuvchining bilinarbilinmas oʻzgarish tugʻdiradigan mikdorining ozgina oʻsishi sezgining differensial chegarasi deyiladi. Differensial Sezuvchanlik ham differensial chegara bilan teskari proporsionaldir.
Ensiklopediya.uz
SEZUVCHANLIK