Sevib qoldim, ammo…
Sevib qoldim, ammo…
DO`STLARGA ULASHING:
Sevgi qissalariyu she`rlarni o`qish, muhabbat tarannum etilgan taronalarni tinglash, filmlarni tomosha qilib ko`z yosh to`kish — yoqimli! Sevib qolish esa ming karra xushbaxtlik ato etadi kishiga. Ammo bu tuyg`uning og`riqlari, muammolari ham bor-da. Ayniqsa, o`smir yoshda…
1-murojaat:
— Anchadan buyon bir yigit bilan gaplashib yuraman. Bir-birimizda ko`nglimiz bor. Yaqinda uydagilar bundan xabar topib, qattiq urishishdi, hatto telefonimni ham tortib olishdi. Endi xavotirdaman. Chunki u bola men bilan gaplasha olmagach, boshqasini topib olishi aniq. Men esa uni yo`qotishdan qo`rqaman…
Nigina, 17 yosh
2-murojaat:
— Yaqinda meni unashtirishdi. Biroq hech kim rozilimgimni so`ramadi. O`zimning ahdlashganim bor. Ota-onam esa ko`nglimga quloq tutishni istashmayapti. Fotihamni buzish haqida ham o`ylayapman. Chunki unashtirilgan yigitda ko`nglim yo`q. U bilan baxtli bo`lishimga ko`zim etmayapti…
Hulkar, 18 yosh
OYDINLIK KIRITAMIZ!
1. Muhabbatning yoshi. O`n oltidan oshgan qizmi, o`g`ilmi, har bir inson hayot sahnasida yangi rollar ijro qilishni istaydi. Farzandlik kabi egallab turgan «lavozim»lari biroz zeriktiradi-da. Kimdir bilan pichir-pichir qiladigan dugona, yigiti-la «SMS»lashadigan qiz obrazi ular uchun yangi va qiziq. Shu sabab ota-ona bilan munosabatda ziddiyatlar yuzaga keladi. Ammo bu vaqtinchalik. Demak, ikkala murojaat qilgan qizimiz, umuman bu yoshdagilardagilar sevgi qissalarini boshdan kechirishiga tabiiy holat deb qarash kerak.
2. Sevamanmi, yo`qmi? Bu gul barglarini yuladigan o`yinmas, jiddiy va nozik masala. «Agar men bilan gaplashmay qo`ysa, boshqa qizni topib oladi» kabi qo`rquv yigitning qizga bo`lgan munosabati jiddiymasligini yaqqol ko`rsatib turibdi. Asosan bu kabi ikkilanish va xavfsirashlar telefon, interent orqali sevishib qolganlarda kuzatiladi. Agar sizni ko`ngil qo`yganingiz bilan faqat qandaydir vositalar bog`lab tursa va qalbingizda ikkilanish bo`lsa, sevgingizni chin deb ayta olmaymiz.
3. Taqiqlar. Odatda o`smirlar ota-ona tomonidan o`rnatilgan cheklovlarga qasdma-qasd harakat etishadi. Ammo qizlarjonlar, siz bunday qila ko`rmang. Qovoq-tumshuq qilib yurmasdan, yoki yashirincha gaplashish yo`llarini izlamasdan, onangizga dardingizni ayting, sirlashing. Ko`nglingizni ochsangiz, sizni dunyoga keltirgan ayol, albatta, quloq tutadi va to`g`ri yo`lni ko`rsatibgina qolmasdan, shu yo`lda siz bilan birga qadam tashlaydi.
4. Majburlik. Bugungi kunda qiz bolani turmushga uzatish, o`g`ilni uylantirish masalasida ko`pchilik ota-onalar tanlovni farzandlarining o`ziga qo`yib berayapti. Nega? Chunki bugunning bolasi «Siz uylantirgan qiz», «Siz topgan kuyov» degan ta`nalar, ertaga ko`ngilsiz qurilgan oilada yuz berishi mumkin bo`lgan noxushliklardan himoyalanish uchun ham. Qiz boladan bir og`iz so`ramasdan uni unashtirib qo`yish noto`g`ri. Ammo g`isht qolipdan ko`chgan. «Men noroziman, u bilan baxtli bo`lolmayman», deya zor yig`lash va to`ydan oldin nog`ora chalishdan foyda yo`q. Iloji bo`lsa, onangiznnig o`zi bilan dildan gaplashing. Xo`sh, ular nimani ko`zlab qaror qabul qilishgan? Nima bo`lganda ham, axir sizning baxtingizni o`ylashayapti-ku! Yoki ota-onangiz hurmat qiladigan va sizni tushunadigan qarindosh-urug`lardan birini o`rtaga qo`ying.
5. Sevgi chinmi yoki?.. Bu savolga biz tugul, ayni paytda sevib qolgan qizlar ham javob berolmaydi. Balkim haqiqiy muhabbatingizni boshdan kechirayotgandirsiz. Balkim bu shunchaki o`tkinchi his-tuyg`ulardir. Ota-onangiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar sevgingizning aslini sinash uchun sinov deb qabul qiling. Siz bilan birga ko`ngil qo`yganlaringiz ham bu sinov uchun kurashadimi? Va u, o`rtadagi tuyg`ular ota-onangizning tanlovi va taqiqiga qarshi isyon qilishingizga arzigulikmi? Shuni chuqur mulohaza qiling. Eng muhimi, beqaror bu yoshingizda qaltis harakatlar (uydan qochib ketish, o`z joniga qasd qilish, o`zini qiynash bilan yaqinlarni jazolash kabilar) qilmang!
Maqolani ruhshunos Shahnoza Xalilova tavsiyalari asosida Shoira VAFOEVA tayyorladi.
ammo, Sevib qoldim