Sevgimiz javobsiz qolishining sabablari nimada?
Sevgimiz javobsiz qolishining sabablari nimada?
DO`STLARGA ULASHING:
Har bir inson hayoti davomida biror marta bo’lsa ham javobsiz sevgini boshidan o’tkazgan, desam xato bo’lmaydi. Vaqt o’tgan sari biz bu hayotiy muvaffqiyatsizlikni unutib, uni hech qachon eslamaslikka harakat qilamiz. Bugun Gooper.uz‘da javobsiz sevgi haqida yozamiz. Marhamat!
Inson sevib qolganda ko’ngli nozik bo’lib qoladi. Sizni va sevgingizni rad qilishganda, noqulay ahvolga tushib qolasiz. Siz bir insonni qattiq sevib qolasiz, u esa sizga befarqligicha qolaveradi. Ammo sevgingizdan ham voz kecholmaysiz, yuragingiz bunga yo’l qo’ymaydi. Natijada, siz tushkunlikka tushasiz va yashashdan maqsadingiz qolmaydi.
Vaqt eng yaxshi tabib, deyishadi. Baxtingizga vaqt o’tgan sari hissiyotlaringiz so’nadi, tuyg’ularingiz o’tib ketadi, siz esa yashashda davom etasiz. Kimdir haqiqiy sevgisini uchratadi va yangi munosabatlar quradi, kimdir esa yana oldingi ahvolga tushadi. Siz javobsiz sevgidan azob chekib, tavbangizga tayanasiz, boshqa bunday ahvolga tushmayman, deb o’zingizga va’dalar berasiz. Ammo mana yana o’sha “eski hammom, eski toz”. To’g’ri, boshqa juft topasiz, unga yuragingizni to’kib solasiz, ammo u ham sizga nisbatan befarq va hissiz bo’lsachi? Savol, nega biz bunday ahvolga tushayapmiz, bizni yoqtirmaydiganlarni sevib qolayapmiz? Ayb o’zimizda. Biz atayin bizga loqayd bo’lgan insonlarni topamiz, shekilli.
Odatda, hayotimizda ro’y beradigan voqea — hodisalar o’z — o’zidan ro’y beradi. Shaxsiy hayotni rejalashtirish va nazorat qilish hammaning ham qo’lidan kelavermaydi. Har bir ayol har taraflama bekamu — ko’st bo’lgan betakror erkak kishini uchratishni orzu qiladi: chiroyli, baquvvat, boy, o’qimishli bo’lishini va eng asosiysi, uni boshida ko’tarib yurishini xohlaydi. Hayotda esa orzusidagi idealning batamom aksi bo’lgan erkakka duch keladi. Ehtimol gap nimada ekanligini bilish vaqti kelgandir. Hissiyotlarni: qo’rquv, hayajon, hayoldan o’tayotgan fikrlarni tahlil qilib ko’rish kerak.
Siz shaxzoda (malika)ni uchratishni orzu qilasiz, lekin bu uchrashuvdan o’zingiz cho’chiysiz. Chunki siz o’zingizni unga loyiq ko’rmaysiz. O’zingizni kerakli darajada chiroyli, kelishgan va aqlli deb, bilmaysiz. Bu hamma qo’rquvlar shaxzoda (malika) bilan real uchrashuvga to’siq bo’ladi. Hayot yo’lingizda orzuingizdagi insonlar uchrashi mumkin, biroq ular sizni ko’rmay, bee’tibor o’tib ketishadi, chunki siz bilan birga sizning qo’rquvlaringiz soyadek ergashib yuradi. Haqiqatdan ham bu qo’rquvlar sizni hammaga xunuk, beso’naqay va aqlsiz qilib ko’rsatadi. Natijada sizning shakllangan obrazingizga qalang’i — qasang’ilar uchraydi, haqiqiy arzigulik nomzodlar esa yoningizdan sizni sezmay o’tib ketadi. Dahshat! Alam! Nohaqlik! Bu hislar sizga tinchlik bermayapti, to’g’rimi? Lekin umidsizlikka tushmang, hamma narsaning iloji bor.
Sizning javobsiz sevgidan doimiy ravishda ozor chekishingiz — bir narsani tasdiqlaydi. Azoblanish- sizning sevikli mashg’ulotingiz. Siz muhabbatni emas, iztirobni xohlar ekansiz. Shuning uchun ham siz o’zingizga bunday imkoniyatni bajonu dil yaratib beradigan juftlarni tanlaysiz. To’g’ri, javobsiz sevgidan hech kim sug’urta qilinmagan, hayotda hammada ham bo’lishi mumkin. Bu boshqa narsa. Ammo sizda iztirob chekishga moyillik bo’lsa, hayotingizda qiyinchiliklar, chigal vaziyatlar bo’lsa-yu, qo’lingizdan hech narsa kelmasa — unda siz yordamga muxtojsiz. Avvalam bor o’zingizning yordamingizga. Chunki hayotiy vaziyatlarni o’zimiz shakllantiramiz, o’zgartirish ham o’zimizning qo’limizda.
Bizga loqayd va befarq bo’lgan odamlarga e’tibor va iltifot ko’rsatishimiz, iztirob biz uchun nafaqat oddiy hol, balki iztirob shaydosi ekanligimizni ta’kidlaydi. Bunday hol yoshligida ota-onasining e’tibor va muhabbatidan yetarlicha bahra olmagan odamlarda bo’ladi. Ulg’aygan sari inson ushbu ssenariyni o’zi bilmagan holda shaxsiy hayotiga tadbiq qilishga harakat qiladi. U muhabbat emas, iztirib sari talpinadi va unga ortig’i bilan erishadi.
Inson bunday qiyin ahvoldan mustaqil ravishda chiqa olmaydi. Ruxshunosga murojaat qilish lozim. Lekin avval, muammoni tan olib, uni to’g’rilashni inson o’zi xohlashi kerak.
Inson iztiroblarinning sababi o’zida ekanligini bilgandan keyin, vaziyatni o’zgartirishga o’zi birinchi bo’lib qadam tashlaydi. Axir sevish va sevilish katta baxt-ku. Sevgi — ijobiy hissiyot, iztirob esa sog’liqqa salbiy ta’sir qiladi.
O’zimizni va hayotga bo’lgan munosabatlarimizni o’zgartirsak, hayotimiz ham o’z — o’zidan o’zgaradi. Keling, uni faqat yaxshilik sari o’zgartiraylik!
Mirmuhammad Ergashev, Gooper.uz uchun maxsus
Sevgimiz javobsiz qolishining sabablari nimada?