Sepsis to’liq malumot oling
Sepsis yiringlatuvchi mikroblarning mahalliy infektsiya oʼchogʼidan qon oqimiga, limfa yoʼllariga, ulardan esa bemorning barcha toʼqima va aʼzolariga tarqalishidan kelib chiqadigan umumiy infektsion kasallikdir.
Infektsiya tushgan jarohat va turli sohada joylashgan yiringli kasalliklar (masalan, chipqon, xoʼppoz, flegmona) sepsis manbai boʼlishi mumkin. Odatda stafilokokk, streptokokk, baʼzan pnevmokokk, gonokokk, ichak tayoqchasi singari mikroblar ham sepsisni qoʼzgʼatadi. Аslida sepsis organizmdagi jarohat yoki yalligʼlanish jarayonining asorati hisoblanadi. Uning rivojlanishida ogʼir kasalliklar, jarrohlik operatsiyalari, koʼp qon yoʼqotish, birdaniga ozib ketish, vitamin yetishmovchiligi, yetarli ovqatlanmaslik natijasida organizmning himoya kuchlari susayishi muhim rolь oʼynaydi.
Ogʼir kechsa, zarari koʼproq
Sepsis ogʼir kechganda qondagi mikroblar juda tez koʼpayadi va ular qonni oʼz zaharli mahsulotlari (toksinlari) bilan zararlaydi, yaʼni qizil qon hujayralari (eritrotsitlar)ni yemiradi. Sepsis rivojlanganda bemorning tana harorati 39-40 darajaga koʼtariladi, eti uvishadi, baʼzan qattiq terlaydi. Аyrim paytda esa teri sargʼimtir tusga kirib, unga toshmalar toshadi.
Sepsis birmuncha yengil oʼtganda mikroblar qonda koʼpaymaydi, balki qon oqimi bilan turli aʼzo va toʼqimalarga tarqaladi, natijada ularda koʼp sonli yiringli oʼchoqlar hosil boʼladi. Bunday vaqtda sepsis uzoqroq kechadi va yiring toʼplanayotganda bemorning ahvoli bir oz ogʼirlashib, madda yorilgandan soʼng (yoki operatsiyadan keyin) esa bir qadar yengillashib turadi. Sepsisning har ikki holatida ham bemorning tana harorati koʼtariladi, boshi ogʼriydi, koʼp terlaydi, arterial bosimi pasayadi, holsizlanadi, ishtahasi yoʼqoladi, koʼpincha uyqusizlikdan aziyat chekadi. Bundan tashqari, jigar va taloqning kattalashishi, shishishi, yurak va buyraklar faoliyatining yomonlashishi kuzatiladi. Bemorning oyoq-qoʼllarida mayda qora dogʼlar paydo boʼlib, boʼgʼim va mushaklarida yalligʼlanishlar roʼy beradi. Yosh bolalarda esa sepsis koʼpincha zotiljam (pnevmoniya) shaklida kechadi.
Sepsisning paydo boʼlishida tashqi va ichki omillar muhim rolь oʼynaydi. Masalan, u baʼzida hasharotlar (chivin, pashsha, kana, burga, oʼrgimchak) chaqqandan soʼng ham yuzaga keladi. Shuningdek, baʼzan teridagi ochiq jarohatlarga infektsiya tushganda, yaralarning bitishi kechikkanda, turli gangrenozlar (asosan oyoq gangrenasi)da, qorin boʼshligʼi aʼzolaridagi jarrohliklardan soʼng va oʼtkir xirurgik kasalliklar asorati sifatida paydo boʼladi.
Hozirgi kunda yuz-jagʼ sohasidagi yalligʼlanish kasalliklari, ayniqsa bolalardagi bunday jarayonlar koʼpgina holatlar septik asoratlar bermoqda. Odontogen sepsis milk yoki jagʼlardagi yiringlash tufayli yuzaga kelib, koʼp hollarda jagʼ osti limfa tugunlari yiringlashi va ogʼiz boʼshligʼi flegmonasi bilan birga kechadi.
Baʼzan oyoqdagi yara-chaqalar va badanning turli joylaridagi shikastlanishdan keyingi jarohatlar tuzalishi kechiksa yoki ularga oʼz vaqtida davo qilinmasa, sepsis rivojlanishiga sharoit yaratiladi. Umuman, sepsis koʼzi yorigan va bola oldirgan ayollarda, bir yoshgacha boʼlgan goʼdaklarda hamda turli xil jarrohlik xastaliklari bilan ogʼrigan bemorlarda tez-tez uchrab turadi.
Qorin va koʼkrak boʼshligʼi aʼzolaridagi yiringli yaralarda, ayniqsa, chipqon va katta chipqon (karbunkul) chiqqanda, ularni qoʼl bilan ezganda sepsis yuzaga keladi. Baʼzan arzimagan jarohatlar (ehtiyotsizlik tufayli tananing biror joyi shilinsa yoki kesilsa) ham sepsis rivojlanadi.
Аyrim paytlarda ayollarda sut bezlarining yalligʼlanishi (mastit)dan soʼng sepsis kelib chiqishi mumkin.
Bir qancha turlari mavjud
Ginekologik sepsis jinsiy aʼzolar faoliyatidagi ayrim oʼzgarishlar yoki kasalliklar (masalan, noqulay sharoitda qilingan abort, tugʼruqning ogʼir oʼtishi, yiringli endometrit, salьpingit)dan soʼng roʼy beradi.
Kriptogen sepsis koʼpincha autoinfektsiyalar tufayli maʼlum sharoitda vujudga keladi, yaʼni infektsiyalar bodomcha bezlarida, tish granulomalarida, kengaygan bronxlarda, ichaklarda, taloqda oʼrnashgan boʼlishi mumkin.
Tonzillogen sepsis koʼpincha bodomcha bezlarning yiring boylashi va nekrozli yalligʼlanishi (angina) natijasida paydo boʼladi.
Rinogen sepsis burun va uning yondosh boʼshliqlaridagi yiringli kasalliklar asoratidir.
Urosepsis siydik-tanosil aʼzolariga infektsiya tushishi, ularning zararlanishi hamda bu aʼzolardagi yiringli jarayonlar oqibatida vujudga keladi.
Jarrohlik sepsisi turli jarrohlik kasalliklari (ayniqsa, yiringli peretonit, plevrit, appenditsit, oʼpka abtsessi hamda kuyish jarohati) asorati sifatida uchraydi.
Bulardan tashqari, sepsis jarayoni yangi tugʼilgan goʼdaklarda ham kuzatiladi.
Chaqaloqlar sepsisi (neonatal sepsis) bakteriyalarning infektsiya oʼchogʼidan qonga tushishi bilan kechadigan umumiy infektsion kasallikdir. Chaqaloq organizmiga infektsiya antenatal (tugʼruqqacha), intranatal (tugʼruq paytida) va postnatal (tugʼruqdan keyin) davrlarda oʼtishi mumkin. Аyniqsa, chala tugʼilgan goʼdaklarda sepsis juda tez rivojlanadi.
Goʼdaklarda bu kasallikni turli patogen va shartli patogen mikroorganizmlar (masalan, stafilokokk, streptokokk, pnevmokokk, salьmonella, ichak tayoqchasi) qoʼzgʼatadi. Shunindek, homilador ayol organizmida yalligʼlanish jarayonlari kechayotgan boʼlsa, tugʼruq paytida terisi shikastlanishi tufayli yiringli oʼchoqlardagi infektsiya chaqaloqqa oʼtadi.
Chaqaloqlar sepsisi aksariyat hollarda bola tugʼilishi vaqtida yoki tugʼilgandan soʼng yuz beradi. Koʼpincha kindik yarasi mikroblar manbaiga aylanadi. Bunda kindik qoldigʼidan infektsiya kirishi natijasida sepsis yuzaga keladi. Yaʼni bola kindigi uy sharoitida kesilganda yoki kindikni toza boʼlmagan ip va latta bilan bogʼlaganda, unga kul sepganda sepsis osonlik bilan rivojlanadi. Bundan tashqari, sepsisni qoʼzgʼatuvchi mikroorganizmlar chaqaloq organizmiga shilliq qavatlar, nafas yoʼllari, oshqozon-ichak, teridagi jarohatlar va kindik tomirlari orqali kirishi mumkin.
Konservativ davo naf bermasa…
Sepsisning oʼta jiddiy jarayon ekanligini unutmasligimiz kerak. Bu jarayonda yiring qonga soʼriladi va organizmdagi barcha aʼzo va hujayralarda oʼrnashib qoladi. Shundan soʼng zarur aʼzo va hujayralar yemirila boshlaydi, ularning faoliyati keskin buziladi. Аyniqsa, yurak-qon tomir, nafas, hazm aʼzolari ishi izdan chiqadi va ularning yetishmovchiligi kuzatiladi.
Sepsisga faqat kasalxona sharoitida davo qilinadi. Bunda konservativ (dori-darmon) va jarrohlik muolajalari qoʼllanadi. Organizmdagi yiringli oʼchoqlar dori-darmonlar, fizioterapevtik muolajalar va yana bir necha xil murakkab davo usullari yordamida yoʼqotiladi. Konservativ davolash yordam bermagan hollarda jarrohlik muolajasi amalga oshiriladi.
Maʼlumki, sepsis rivojlanganda bemor organizmida ogʼir turdagi zaharlanish (intoksikatsiya) roʼy beradi, bu vaqtda ishtaha yoʼqoladi va organizm quvvatsizlanadi. Shuning uchun ham sepsisni davolash jarayonida bemorga yuqori kaloriyali, yaʼni servitamin ovqatlar berish zarur. Bundan tashqari, bemorlar tinch sharoitda boʼlishlari, sanitariya-gigiena qoidalariga rioya etishlari lozim. Аyniqsa, ularga yaxshi muomalada boʼlish kasallikning tuzalishida muhim ahamiyatga ega.
Maslahatimiz shuki, odam badanida paydo boʼlgan har qanday yara-chaqalar va organizmida kechayotgan yalligʼlanishlarga beparvo qaramaslik kerak. Sepsisning oldini olish uchun quyidagi holatlarga eʼtiborli boʼling:
– ochiq jarohatlar yiringlashi;
– yuzdagi husnbuzarlar uchi oqarishi;
– chipqon chiqishi;
– xasmol (qoʼl barmogʼi toʼqimlarining oʼtkir yiringli yalligʼlanishi) paydo boʼlishi;
– flegmona (teri osti yogʼ klechatkasining oʼtkir yiringli yalligʼlanishi) vujudga kelishi;
– teridagi mayda shikastlar tuzalishi choʼzilishi;
– badanning biror joyi kuyishi.
Shuningdek, revmatizm, adneksit, plevrit, pielonefrit kasalliklari surunkali tusga oʼtganda ham sepsisning rivojlanishiga imkon yaratiladi.
Mahmudjon DOʼSTMUHАMMEDOV,
tibbiyot fanlari doktori, professor.
Kasalliklar
Sepsis