Sepkilni yo‘qotish mumkinmi? haqida malumot
Sepkillarning kelib chiqishi irsiyat bilan bog‘liq. Oddiy niqoblar yordamida ulardan qutulib bo‘lmasa-da, doimiy parvarish orqali rangini oqartirib, ko‘zga kamroq tashlanuvchi holatga erishish mumkin.
Sepkil 25 yoshgacha ko‘payadi va rangi ham to‘qlashadi. 30 yoshdan keyin esa, aksincha rangi oqaradi, lekin miqdori o‘zgarmay qolaveradi. Qizig‘i, 40 yoshdan so‘ng ular umuman yo‘q bo‘lib ketishi ham mumkin.
Sepkil ko‘payishining oldini olish uchun terini parvarishlash zarur. Quyosh nuri sepkillarning ko‘payishiga asosiy sabab bo‘ladi. Ulardan himoyalanish uchun bahor va yozda soyabon, shlyapadan foydalanish mumkin. Mart oyidan boshlab terini parvarish qilish, ultrabinafsha nurlari ta’siridan himoyalash kerak. Ko‘chaga chiqishdan oldin kosmetik vositalar (krem, upa)dan foydalangan ma’qul. Yuz terisi kremni tez shimadi, salqinlik oladi. Afsuski, krem 6 soatdan keyin o‘z ta’sirini yo‘qota boshlaydi va uni qayta surtish ehtiyoji tug‘iladi.
Mayda dog‘larni kamaytirish uchun tabiiy niqoblar
Bu mayda dog‘larni kamaytirishni yoki rangini oqartirishni istaganlarga bir qancha niqoblar tavsiya etiladi. Shulardan biri — bodringli niqob. Uni tayyorlash uchun uch oshqoshiq bodring urug‘iga teng miqdorda asal qo‘shiladi va bir kun davomida qorong‘ida saqlanadi.
Bir oshqoshiq suvga qatiq, qaynoq qora choy yoki limon, yerqalampir (xren), petrushka, momaqaymoq sharbatidan birining teng miqdorda aralashmasidan tayyorlangan niqob ham yaxshi ta’sir qiladi.
Shuningdek, bir oshqoshiqdan qaymoq va tvorog aralashmasidan tayyorlangan niqob ham bu borada yordam beradi. Bu aralashmaga vodorod perekisini ham qo‘shish mumkin.
Yuzga achchiq anor suvi surtilsa, sepkilni kamaytiradi. Yog‘li teri uchun bir oshqoshiq anor suvini besh oshqoshiq suvga aralashtirib surtish maqsadga muvofiq.
Navbatdagi niqobni tayyorlash uchun bir dona tuxum oqini ko‘pirtirib, bir oshqoshiq limon sharbati, glitserin, 100 gramm atir bilan aralashtiriladi. Bu niqobni uyqudan oldin surtish tavsiya etiladi.
Limon sharbati 100 gramm asal bilan aralashtiriladi va doka sochiqqa ushbu massadan solinib, sepkil toshgan joyga qo‘yiladi. Ushbu muolaja 15-20 kun davomida qilinsa, kutilgan natijaga erishish mumkin.
Yarim oshqoshiqdan piyoz va do‘lana suvining ko‘pirtirilgan bir dona tuxum oqi bilan aralashmasidan tayyorlangan niqob yuzning sepkilli qismiga paxta bilan kuniga ikki mahal surtiladi. Shu bilan birga yangi piyozning suvida yuzni yuvish ham sepkilni kamaytirishga katta yordam beradi.
Yuqoridagi niqoblar yuzda 15 daqiqa turgach yuvilib, oziqlantiruvchi krem surtiladi. Ulardan foydalanayotganda yuz terisida allergiya bor-yo‘qligiga e’tibor berish kerak.
© Hilola AHMЕDOVA, kosmetolog.
«Oila davrasida» gazetasi.
Array ( [title] => [pic] => [list_link] => )
Kasalliklar
Sepkilni yo‘qotish mumkinmi?