SEO haqida boshlang’ich ma’lumot
SEO ingliz tilidagi Search Engine Optimization (Qidiruv Mashinalari uchun Moslashtirish) so’zlarining bosh harflaridan olingan. Bu soha saytlarning qidiruv mashinalari tomonidan qanday indeks qilinishi, sayt ma’lumotlarining foydalanuvchilar tomonidan qidiruv mashinalari yordamida qanchalik samarali topilishini o’rganadi. SEOning asosiy maqsadi sayt ma’lumotlarini qidiruv mashinalari uchun imkon qadar moslashtirish hisoblanadi. SEO juda katta soha bo’lib, juda ko’p jihatlarni o’z ichiga oladi. Ushbu maqolada SEO haqidagi eng sodda va boshlang’ich tushunchalarni ko’rib o’tamiz. Keyingi maqolalarda SEOning boshqa, mukammalroq jihatlari haqida fikr yuritamiz.
Bilasizki, har bir saytning ishlashidan asosiy maqsad qaysidir jihatdan daromad olish hisoblanadi. Ba’zan bu daromad faqat pul mablag’lari bilan o’lchanmasada, ammo har bir sayt albatta qaysidir jihatdan foyda ko’rish uchun tayyorlanadi, desam mubolag’a bo’lmaydi. Saytning davomadini belgilab beruvchi asosiy omil – bu uning foydalanuvchilari hisoblanadi. Hech kim tashrif buyurmaydigan saytning har qancha sifatli hostingda joylashganligi, har qancha chiroyli domenga ega ekanligidan qat’iy nazar, qadr va qimmati hech narsaga arzimaydi. Sayt o’zining foydalanuvchilari bilan tirik. Foydalanuvchilar foydalanmaydigan sayt esa keraksiz buyumdan farq qilmaydi. Saytga foydalanuvchilarni olib keladigan asosiy narsa ma’lumot hisoblanadi. Har bir foydalanuvchi u yoki bu saytga faqat qaysidir turdagi ma’lumot uchun kiradi. Shuning uchun sayt samaradorligini, tashrif buyuruvchilar sonini oshirish maqsadida ko’pchilik saytlarni reklama qilishadi. SEO esa huddi shu reklamaning bepul turi hisoblanadi. Ya’ni, minglab dollar sarflab reklama qilingan saytlar har ba’zan SEOga yaxshi e’tibor berilgan saytlardek ko’p foydalanuvchini o’ziga jalb qila olmaydi.
O’z saytingizga ega bo’lganingizdan so’ng unga ma’lumotlarni kiritib qo’yishingizning o’zi kifoya qilmaydi. Saytingiz ma’lumotlarini foydalanuvchilar tomonidan oson topilishini ta’minlash haqida ham o’ylashingiz kerak. Foydalanuvchilar ma’lumotlarni asosan Google, Yandex, Yahoo, Bing kabi eng ko’p tarqalgan qidiruv mashinalari yordamida qidirib topishadi. Bu mashinalarning har bir kalit so’z uchun minglab ma’lumotlar indeksi bo’ladi. Sizning saytingiz ma’lumotlari qidiruv mashinalaridagi indekslar ichidan yuqoriroq joy egallashini istasangiz, ular orqali saytingizga ko’proq tashrif buyuruvchilar kelishini xohlasangiz saytingizning SEO holati haqida bosh qotirishingiz kerak.
Saytning SEO darajasi asosan original maqolalar, to’g’ri tanlangan kalit so’zlar asosida ko’tariladi. WordPress uchun plaginlar yordamida SEO ishi ancha osonlashtirilgan. Hozirgi kunda eng ko’p ishlatiladigan Yoast Seo Plagini saytingiz ma’lumotlarini qidiruv mashinalari uchun samarali moslab berishi mumkin.
Manba:
SEO va SMM
SEO haqida boshlang’ich ma’lumot