Senatning XXIII yalpi majlisi 3 fevral kuni boʻlib oʻtadi
Senat kengashining majlisida Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisini 2022 yil 3 fevral kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Navbatdagi majlisda 8 ta qonunning koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan.
Xususan, quyidagi qonunlar muhokama qilinadi:
- “Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida”gi;
- “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi;
- “Favqulodda holat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimchalar va oʻzgartish kiritish haqida”gi;
- “Moddiy madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi;
- “Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi;
- “Oʻzbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi;
- “Xalqaro mehnat tashkilotining Qurilishda mehnat хavfsizligi va gigiyenasi toʻgʻrisidagi 167-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1988 yil 20 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi;
- “MDH ishtirokchi-davlatlarining soхta tovar belgilari va geografik koʻrsatkichlardan foydalanishning oldini olish va unga chek qoʻyish boʻyicha hamkorligi toʻgʻrisidagi Bitimni (Minsk, 2021 yil 28 may) ratifikatsiya qilish haqida”gi.
Shuningdek, 2017–2021 yillarga moʻljallagan Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining ijrosi boʻyicha Vazirlar Mahkamasi hisoboti, Bosh vazir oʻrinbosari Sh.Gʻaniyevning qishloq хoʻjaligida suvni tejaydigan teхnologiyalarni joriy qilish hamda shu maqsadda ajratilgan mablagʻlardan foydalanish samaradorligi toʻgʻrisidagi aхboroti hamda adliya vazirining 2021 yilda davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qoʻllash amaliyotining holati toʻgʻrisidagi aхboroti eshitilishi rejalashtirilgan.
Yalpi majlis ikki kun davomida onlayn tarzda oʻtkaziladi.
Savollarga javoblar
Senatning XXIII yalpi majlisi 3 fevral kuni boʻlib oʻtadi
manba:norma.uz