Saylanma [Abdulla Oripov]
Oʻzbek Paxtasi 1981 1981 1981 1981 1981 * * * * * * 1981 * * * 1981 1981 1981, Moskva 1981, Moskva 1981 1981 1982 1982 1982 1982 Arslon Chorlagandi… 1982 1982 1982, Makedoniya 1982 1982 1982 1982 1982 1983 1983 1983 1983 1983 1983 1983 1983 1983 1983 yil, noyabr 1983 1983 1983 1983 1984, Sitsiliya oroli, Italiya 1984 1984 1984 1984 1984 1984 1984 1984 1984 1984 1984 1984 1985 1985 1985 1985 1986 1986 1986, Qozon 1986 1986 1986 1986 1986 1986 1986 1986 1987 1987 1987 1987 1987 1987 1987 1987 1987 1987 1987 1987 1987 1987 1987 1987 1987 1987 1987 1987 1987 1987 1987 1987 1987 1988 1988 1988 1988 1988 1988 1988 1988 1988 1988 1988 1988 1988 1988 1988 1988 1988 1988 1989 1989 1989 1989 1989 1990 1990 1990 1990 1990 1991 1991 1991 1991 1991 1991 1991 1991 1991 1991 1991 1991 Tilanchi Bola Alloh Dargohi Hasrat Ona Arofat Hayot Haqiqati Hojilar * * * * * * Hoji Ukalarim Anvar Va Xurshidga Asliyat Shayton Makka — Madina — Toshkent, 1992 yil 25 may.16 iyun Jabroil Hordiq — Hech Qursa Boʻyrada Yotingiz, Rasul. Roʻza Haj — Hajga Kelmaydimi Sizlarning Yoshlar. Hazrati Odam Inson Ona Farzand Doʻzaxiylar Savob Bandaga Sigʻinma Marhumlar Sha’Ni Hidoyat Yoʻli Jon Achchigʻi Jinlar Pahlavon Ezgulik Hasad Shamol Mavhum Zot Sen Kabi Layli Va Majnun Muhabbat Azroil Hadis Qul Va Quyosh Dilozor 1991-1992 yillar 1992 yil, 4 mart 1992 1992 1992 1992 1992 1992 yil 2 noyabr 1992 1992 1992 1992 1992 1992 1992 1993 1993 1994 1993 1994 1994 1994 1994 1994 1994 1994 1994 1994 1994 1994 1994 1994 U Shukur Burhondir, Goho Shu Taxlit 1994 1994 1994 1994 1994 1994 1994 1994 1994 1994 1994 1994 1994 1994 1994 1995 1995 1995 1995 1996 1996 1996 1996 1996 1996 1996 1996 1996 1996 1996 1996 1996 1996 1996 1996 1996 1996 1996 1996 Ayrilmas 1996 1996 1997 1997 1998 yil, yanvar 1998 — Aytgil, Bir Yurakka Olam Siqqaymi 1998 1998 yil, yanvar 1998 yil, iyun 1998 1998 1998 1998 yil, avgust 1998 1998 1998 1998 1998 1998 1998 1998 1999 Oʻzbek Onasi 1999 yil, 6 mart 1999 1999 yil, avgust 2000 2000 2000 2000 yil, avgust 2000 yil, avgust 2000 yil, avgust 2000 yil, oktyabr 2000 yil 4 dekabr 2000 yil 4 dekabr 2000 2001Saylanma [Abdulla Oripov]
DO`STLARGA ULASHING:
Saylanma [Abdulla Oripov]
Soʻzboshi
Buyuk oʻzbek shoiri.Oʻzbekiston Qahramoni va Oʻzbekiston xalq shoiri. Shoir oʻz hayot yoʻlini shunday tasvirlaydi: Mening tugʻililib oʻsgan, bolaligim oʻtgan joylar Qarshi (qadimgi Nasaf) shahridan besh-oʻn chaqirim shimolroq tomondagi Qoʻngʻirtov etaklaridir: Bobolarimizning aytishicha, qaysi bir zamonlarda Navoiy bobomiz Samarqanddan Buxoroga ana shu Qoʻngʻirtovni oshib oʻtgan emishlar. Albatta, bu gaplar xalqning xotirasida oʻqtin-oʻqtin chaqnab turadigan xayol uchqunlari boʻlishi mumkin.
Oʻsha Qoʻngʻirtovda bizning bolalik yillarimiz oʻtgan. Bahor kelganda havoni oʻt-oʻlanning yoqimli xushboʻy hidi qoplar, sharros yomgʻir quyganda biz togʻ choʻqqisi unguridagi kichik-kichik gʻorlarga bekinib olardik. Oʻsha yuksaklikdan shimol tarafdagi yam-yashil bepoyon kengliklarni tomosha qilar edim, toʻyib-toʻyib nafas olar edim. Ayniqsa, bu joylarda janub kechalari, yulduzli osmon nihoyatda goʻzal boʻlar edi. Tim qora osmonda qoʻl choʻzsang yetgudek ulkan-ulkan novvotrang yulduzlar charaqlab turadi. Hayotimda bunday goʻzal manzaralarni keyin uchrata olmadim.
Biz oilada toʻrt oʻgʻil, toʻrt qiz oʻsganmiz. Akalarim Buxoro, Toshkent oliy oʻquv yurtlarida til-adabiyot fakultetlarida oʻqishardi. Tabiiyki, ular koʻtarib yurgan kitoblarning aksariyati badiiy adabiyot namunalari edi. Mening allaqachon savodim chiqqan, kitoblarni sharillatib oʻqiy olardim. Men bugungi kunda gʻoyatda ajablanib shularni eslayman. Negadir bolaligimda hotiram nihoyatda kuchli edi. Bir oʻqiganim esimda qolaverar edi. Radio, televidenie yoxud boshqa tomoshalar bolmaganidan keyin ermagim kitob edi-da. Duch kelgan narsalarni oʻqib, duch kelgan narsani yodlab olardim. Bu kitoblar orasida halq dostonlari ham, Navoiy bobomizu Pushkindan tarjimalar ham, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon she’riyati va yana boshqa koʻp roʻmonu qissalar boʻlardi. Darvoqe, qish kunlarida toʻylarga qoʻshni tumanlardan nomdor baxshilar kelib, tong otguncha doston aytishardi. Biz bolalar baxshini tinglay-tinglay bir-birimizga biqinishib uxlab ham qolar edik. Yanglishmasam, oʻshanda Umur shoir degan baxshining dostonlarini koʻp eshitganman.
Endi birinchi she’rlar yoza boshlaganimga nima turtki boʻlganini aniq bilmayman. Har holda soʻzlarni qofiyalashga ishqiboz boʻlib qolganim esimda. Balki zerikkanimdan, balki zavqim toshib, nimanidir yozgim kelaverardi. Fikr esa yoʻq. Yozmaslikning ham iloji yoʻq. Shuning uchun ona, ota, maktab, brigadir Nodir kabi gaplarni oʻzimcha she’rga solib aylantirib yurardim.
Maktabni oltin medal bilan bitirdim va 1958 yil Toshkent Davlat universiteti filologiya fakultetining jurnalistika boʻlimiga kelib qoldim.
Universitetda adabiy jarayon gʻoyatda qizgʻin edi. Adabiyotimizda iz qoldirgan va qoldirayotgan koʻpdan-koʻp ijodkorlar oʻsha yillari dorilfununning turli kurslarida tahsil olishardi: Fakultetimizda adabiyot toʻgaragi muttasil faoliyat koʻrsatardi. Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qoʻshjonov kabi ustozlarimiz biz bilan soatlab mashgʻulot olib borardilar.
She’rlarim matbuotda tez-tez bosila boshladi. Ozod akaning ‘Oq yoli’ bilan ‘Sharq yulduzi’da she’rlarim chiqdi. Yozuvchilar uyushmasidagi mushoiralardan birida ‘Munojatni tinglab’, ‘Burgut’ degan she’rlarimni oʻqidim, oʻsha kuni Abdulla Qahhor nazariga tushdim. Mirtemir domla atrofida koʻp shogirdlari qatori saboq oldim. Shayxzodadek donishmand ustozga ergashib, u kishi she’r oʻqigan minbardan men ham she’r oʻqidim. Esimda, Eski shahardagi hozirgi ‘Turon’ kutubxonasida oʻqigan she’rlarimni tinglovchilar juda iliq kutib oldilar. Uchrashuvdan qaytayotganimizda Shayxzoda domla bilagimdan tutib, ‘Shoir, sizga bitta gapim bor. Ehtiyot boʻlgaysiz, ishqilib qarsaklardan taltayib ketmasangiz boʻlgani’, degan. Bu gaplar ham mening qulogʻimga qoʻrgʻoshinday quyilib qoldi.
Bu orada kitoblarim ketma-ket nashr qilindi. Ustoz Gʻafur Gʻulom qatnashgan davralarda she’rlarini oʻz ogʻizlaridan necha-necha bora eshitdim. Bir safar Gʻafur aka yelkamga qoqib, ‘Kecha televizorda she’r oʻqigan bola senmisan. Yozaver, oʻgʻlim’ deganlarini hech qachon unutmayman. Va nihoyat, bir kuni meni Oybek domla yoʻqlayotganini aytib qolishdi. Bu ulugʻ zot bemorroq boʻlganlari sababdanmi yoki salobatlari gʻoyat buyukligidanmi, xonadonlariga har qanday qalamkash yurak yutib borolmas, bahaybat choʻqqiga boqqanday domlani uzoqroqdan tomosha qilib yurardik. Oybek domla bilan uchrashuvlarimni hamda kechirgan hayajonimlarimni qogʻozga tushirsam bir risola boʻlar. Domlaga ‘Armaniston’ degan sherimni oʻqib berganimda ‘ingichka, ingichka’, deb qoyganlarini eslayman. Bu hitob sheringizda nozik qochirimlar bor degani boʻlsa kerak, deb oʻylayman. Oybek domla keyingi safar chorlanganlarida qoʻlimga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zolikka tavsiya qogʻozini tutqazdilar. Ikkinchi tavsiya Mirtemir domladan keldi. Shu yosinda uyishmaga Komil Yashin rayisliklarida a’zo boʻlib kirdim.
Soʻng turli matbuot idoralarida xizmat qildim, katta-kichik mukofotlarga, xalq shoiri unvoniga sazovor boʻldim. Mustaqillik yillarimizning buyuk in’omi Oʻzbekiston Qahramoni unvoniga ham loyiq topishdi. Mustaqil Oʻzbekistonning birinchi Davlat madhiyasi matnini yozishga musharraf boʻldim. Asosiy ish faoliyatim ijod va ijodiy sohaga tegishli xizmatlar bilan oʻtayotir.’ («Koʻrgan bilganlarim». 2000-yil 23-yanvar.)
Dunyoda qutlovlar bor
Biri biridan goʻzal,
Dunyoda tabriklar bor
Biri biridan ezgu.
Va lekin bu olamda
Topilmas hech bir mahal
Ona-yurt qutlovidan
Balandroq biror tuygʻu.
Shu moʻ’jaz hayotimni
El-yurtga bogʻlabman to,
Bir ketmonchi oʻgʻliday
Unga eshman, tirikman.
Kahrabo tizimchaning
Donasi kabi goʻyo
Mustahkam shu qatorning
Taqdiriga sherikman.
Tong bilan jahon boʻylab
Bir xabar qoqdi qanot,
Oʻzbek yana oʻz soʻzin
Ustuvor doʻndiripti.
Betimsol talotoʻpda
Muzaffaru bosabot,
Oʻzbek yana doʻppisin
Qiyalab qoʻndiripti.
Million yillik soʻz erur
Paxta bizning lugʻatda,
Joʻyaklarda boshlangan
Onalar toʻlgʻoq dardi.
Mabodo oʻsimlikka
Zabon bitsa, albatta,
Paxta navi eng avval
Oʻzbekcha gapirardi.
Odati nurin sochar
Olamga har kun quyosh,
Bagʻrida ne sirlar bor,
Sigʻmaydi tasavvurga!
Shu bir chanoq paxta ham
Zohirdan ma’sum, yuvosh
Va lekin zahmatlari
Sigʻmas ongga, shuurga.
Dunyoda insonlar bor,
Mayda bir armon sabab,
Bir-birin yoqavayron,
Tuproqqa qorishadi…
Olamning egnin butlash .
Oʻzbekka shudir matlab,
Shu armon, deb choʻng xalqim
Bir umr olishadi.
Bizning uygan xirmonga
Chambar qilsang chechakdan,
Yulduzlar shabnam misol
Boʻladi unga inju.
Bolasi uyda qolgan
Mushtipar kelinchakdan
Xizrsifat cholgacha .
Barchaning mehnati bu!
Xalqim, sensan ellarga
Toʻkin dasturxon tuzgan,
Ne’mating oʻzingga ham
Barqaror boʻlsin, deyman.
Uygan bu xirmoning ham
Quyoshga qoʻlin choʻzgan
Muhtasham haykalingga
Poydevor boʻlsin, deyman!
Uy
Ijroqoʻm uy bermish,
Koʻzlaringda yosh…
Shunchalar koʻpmida dilingda darding.
Yetar, ta’zim bilan egaverma bosh,
Yetar, yuragimni ezib yubording.
Seniki atalar shu yer, shu zamin,
Yo uni nazarga ilmaganmiding?
Senga ham taqdirning xatlab berganin
Shuncha yil oʻtibdi, bilmaganmiding.
Ijroqoʻm uy bermish,
Bagʻoyat savob,
Lekin koʻrmay seni mute shaklida.
Haqiqatning tagin izlasang shu tob
Mutlaq senikidir uylar aslida.
* * *
Baxtiyor har dilga oshno topilgay,
Gʻussali yurakka lekin yoʻq hamdam.
Doʻstlar eshigi ham taq-taq yopilgay
Gʻussali qalb u yon gar qoʻysa qadam.
Horgʻin bir yoʻlchingman, darvozangni och,
Boshlab keldi dema kulfat, qaygʻuni.
Nogoh koʻzlarimda koʻrsang qatra yosh
Sogʻinch yoshlari deb qabul et uni.
Bolalar Shoirlariga Hazil
Soat boʻldi toʻrt yarim,.
Dedi Dilbarga Karim.
Buni eshitdi Gʻulom,
Salim bilan Dilorom,
Shoira-yu, Gulnoza,
Xadicha bilan Roza.
Alisher-u Baxtiyor,
Xurshid, Vitya, Ixtiyor,
Azim, Moyli, Dadashvoy,
Shukur, Ahmad, Adashvoy,
Mavluda-yu, Ilhomjon,
Gʻayrat, Sa’di, In’omjon,
Toshpoʻlat, Yulduz, Zohir,
Zarifa, Mahkam, Omon,
Miraziz, Safar, Rahmon,
Shavkat, Yoʻldosh, Uzoqboy,
Bolta, Tesha, Tuzoqboy,
Eshmirza, Eldor, Jur’at,
Muqimiy bilan Furqat…
Endi soat besh yarim,.
Dedi Dilbarga Karim.
Yozgʻuvchilikka Ariza (Bir Gʻalamis Tilidan)
Meni nazariga ilmaydi birov,
Sizga shu gaplarni aytayin tikka.
Kecha bir davrada oʻynadim garov,
Meni qabul qiling, yozgʻuvchilikka.
Har xil soyuzlar bor.
Masalan, kino,
Demangiz men oʻzni unga uraman.
Sabil texnikasi qiyinmish, ammo
Tomosha qilishni yaxshi koʻraman.
Rassom boʻlishlikka toqatim hech yoʻq,
Chunki zaril bunda gʻalat iste’dod.
Masalan, xoʻtikka oʻxshasin xoʻtik,
Sharmanda qiladi bundaqa ijod.
Bastakorlarda ham bor emish soyuz,
Bu ham toʻgʻri kelmas, rostini aytsam.
Vijdonim yoʻl bermas, chidamaydi yuz,.
Qoʻshiq aytmaganman umrimda hech ham.
Shoirlik-chi, tegsin xudo urganga,
Sotib olayinmi tekin kulguni.
Dab-durust jumlalar qator turganda,
Teskari aytmoqlik shartmikan uni.
Yozgʻuvchilik esa, oh, bu gʻaroyib,
Mening talantimga shu soha nuqta.
Pastu balandlarga turfa, ajoyib
Maktublar bitganman gʻoyaviy puxta.
Xullas, oʻrtoq rais, aylangiz imdod,
Men sizga haq gapni aytaman tikka.
Koʻpirib yotibdi menda iste’dod,
Meni qabul qiling yozgʻuvchilikka.
Zoʻr Armon (Bir Noshudning Deganlari)
Hamma har narsaga erur ishqiboz,
Kimdir marka yigʻar, kimdir it boqar.
Kimlarga qish yaxshi, kimlargadir yoz,
Menga esa faqat qarsaklar yoqar.
Osonmi, dunyoda yashadim qancha!
Qochib, pusib yurdim zamonlar oʻtib.
Mana, savlatim bor, yoshim ham ancha,
Va lekin oʻrtandim qarsakni kutib.
Ajabo, xalq buncha boʻlmasa oʻjar,
Bunchalar xasis u oddiy qarsakka.
Nechun boshqalarni shon-shuhrat quchar,
Bu holdan figʻonim chiqar falakka.
Ey, siz, studentlar, insof bormi hech,
Bunchalar shakkoksiz, bunchalar nodon?!
Siz qarsak chalyapsiz kimga erta-kech,
Men-chi, qolaverdim bir chetda nolon.
Garchand, ba’zi joyda topdim e’tibor,
Koʻksimda nelardir taratur ziyo.
Dashnom eshitdim-u umrimda koʻp bor,
Qarsak tinglamadim nechundir aslo.
Dunyoning ishlari chindan notugal,
Siz uning xatosin bir bor tuzating,
Doʻstlar, oʻlgan chogʻim, rahm eting bir gal,
Meni qarsak chalib goʻrga uzating.
1981
Muallaq gaplarni soʻylama menga,
Endi men yer uzra topganman qoʻnim.
Inson deb falakka hayqirmoq nega,
Inson yoningda-ku, u mening qoʻshnim.
Iqbol deb behuda chekasan yohu,
Ohing bu — folbinning daraklaridir.
Asrim, asrim deysan, asring nima u!
U toʻzgʻoq kalendar varaqlaridir.
Bogʻingda bir nihol gullabdi bu kech,
Erta qiygʻos boʻlar olma noparmon.
Ilk bahor zahrini oʻyladingmi hech,
Zaminda ne armon, senda ne armon.
Bir vaqtlar ilhomning oʻtli tigʻida,
Falakni koʻzlardi mening ham sozim.
Lekin ikki daryo oraligʻida,
Qolib ketdi mening oʻsha ovozim.
1981
Dunyoda diyonat hali mavjuddir,
Hali mard yigitlar yashab yuribdi.
Onalar oq suti hamon oq sutdir,
Quyosh ham falakda porlab turibdi.
Hali qay dillarda yashar tangri ham,
Hali afsonalar oʻlib ketmagan.
Hali sof tuygʻular topmagan barham,
Inson orzusiga hali yetmagan.
Shoir Umri
Daraxtni hamisha oʻraydi shamol,
Shoirni tashvishlar chulgʻar hamisha.
Sen shoir umrini dema bezavol
Uning ham har oni tashvishga pesha.
Qara-ya, oʻtibdi qirq yil muttasil,
Yashabman yulduzlar ostida karaxt.
Oh, shoir umriga havas qilmagil,
U quyun ichida ungan bir daraxt.
1981
Yerdan oʻzga joyda hayot yoʻq emish,
Yoʻq emish samoda biror-bir jonzot.
Olimlar shundayin qarorga kelmish,
Sira ajablanmang bu holdan, ustod.
Ular xoʻp tinchibdi, tolei kulib,
Asli yoʻq narsani axtarmoq bekor.
Men esa to hanuz umidga toʻlib
Izlayman zaminda doʻsti vafodor.
Qayragʻoch
Assalom, azizim, qayragʻoch ogʻa,
Balki men jiyanman, sen menga togʻa.
Farqimiz bittadir: sening tiling yoʻq,
Yurarga oyogʻing, ketar yoʻling yoʻq.
Lekin baxtlidursan, soya solursan,
Bahra olganlardan duo olursan.
Togʻajon, mening-chi, ahvolim mushkul,
Mendan panoh topgan qargʻaydi nuqul.
Bitta iltimos bor: oʻrin almashsak,
Men ham daraxt kabi yashasam andak.
Sen-chi, bu dunyoga Inson boʻlib boq,
Mayli, bir kun meni oʻtin qilib yoq.
Meni Olib Keting
Tinch edi hamma yoq, tinch edi har yon,
Titradi goʻyoki yer bilan osmon.
Boshimga xastalik tushdi nogahon,
Meni olib keting oʻz diyorimga.
Issiq jon, deydilar, jon boʻlsa boʻlar,
Payt kelsa chechak ham sargʻayar, soʻlar.
Kim bilgay paymonang qay yerda toʻlar,
Meni olib keting oʻz diyorimga.
Ginam bor bu yurtning na havosidan,
Mehribon doktorning na davosidan.
Qaytarmang xastani muddaosidan,
Meni olib keting oʻz diyorimga.
Sha’nimga gʻayurlar bir soʻz demasin,
Har kim oʻzi tortar umr kemasin.
Hech kimni mushtoqlik dardi yemasin,
Meni olib keting oʻz diyorimga.
Talpingan diyorim, u — Oʻzbekiston!
Sehrini aytishga bormi hech imkon!
Yoʻq, oʻzga yurtlarda berolmasman jon,
Meni olib keting oʻz diyorimga.
Ranglar
Irinaga
Qachondir Shimolning oppoq qoridan,
Seni yaratgandi zukko tabiat.
Koʻzingga rang berdi osmon qa’ridan,
Shul sabab moviydir bu koʻzlar behad.
Sunbul sochlaringni yaratgan chogʻda
Za’faron shafaqqa boʻyab oldi u.
Boqib lablaringga, oʻzi ham dogʻda,
Qontalash bir rangni bera qoldi u.
Rosa pardoz qildi tabiat toʻlib,
To oydin ranglari tortguncha xira.
Barcha rang ustidan qoʻriqchi qilib
Qora Otelloni yaratdi soʻngra.
* * *
Rejami? Oldindan gapirish qiyin,
Hayot ham, ijod ham nozikdir qildek.
Ta’na toshlarini otmay turasiz,
Hakim bilan bir oz hamkorlik qildik.
Talpinamiz Manzillar Sari
Olis dengizdanmi yo yiroq togʻdan,
Bulutlar keldilar bilmam qay yoqdan,
U bahor, yoz boʻyi soʻl ila sogʻdan,
Paxtakor xalqimga daf qila qoldi.
Ha, yashar tabiat gulduros solib,
Daryoga suv sochar tashna yer qolib,
Garchi paxtakor el hamisha gʻolib,
Lekin ushbu safar tinchi yoʻqoldi.
Oyning u yarmida yomgʻir, qor yogʻar,.
Qimtinib Toyloqov beradi xabar,
Muxbir-chi, uqdirar:. bizniki zafar,
Dovda Bobodehqon haqqini oldi!..
Paxta deb, ha, qachon tortmadik tashvish,
Oʻsha-oʻsha yoz bu, oʻsha-oʻsha qish,
Bobolardan meros — bitmagan bu ish,
Oʻzbekning qay mahal bilagi toldi.
Yana zahmat chekar elda yosh-qari,
Yana talpinamiz manzillar sari,
Donolar dunyoni demish koʻpkari,
Boqing, Oʻzbekiston dadil ot soldi!
Bizning She’r
Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq…
Paxtakorlar va ishchilar pisand qildilar.
Ziyolilar, yumushchilar pisand qildilar,
Studentlar, toʻquvchilar pisand qildilar,
Maktabdagi oʻquvchilar pisand qildilar,
Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq.
Lekin bizni ancha zotlar pisand qilmadi,
Yayov edik, saman otlar pisand qilmadi,
Shoh surgandik, biroq motlar pisand qilmadi.
Taajjubmas, she’rga yotlar pisand qilmadi,
Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq.
Shoirni hech taniganmi hissiz dimogʻdor,
Muqimiyning avlodimiz kamtar va nochor.
Lekin shoir soʻzi bilan hamisha poydor,
Aminxoʻja bu borada guvohdir zinhor,
Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq.
Shoir zoti yuragiga boʻlibdir mahkum,
Ijro boʻlmas, u boʻlsa-chi, oʻqiydi hukm.
Asrlardan qolib kelgan oqibat shulkim,
Quloq solmas unga ba’zan oshno ijroqoʻm,
Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq.
Men kichkina uvoqdirman, dunyo tomidan
Soʻzlagayman oʻtgan-ketgan shoir nomidan.
Har kim ichgay shoʻr qismatning achchiq jomidan
Lekin degum bu davronning xush ayyomidan,
Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq.
Hayronlik
Chindan gʻalat erur dunyo ishlari,
Miyang gʻovlab ketar oʻylagan sari,
Diyonat, xiyonat aralash bari,
Boqib bu savdoga, hayron oʻtdik biz.
Koʻrdik inson fe’lin oʻru qirini,
Baham koʻrisharlar avval sirini.
Soʻngra nimta qilar biri birini,
Boqib bu savdoga, hayron oʻtdik biz.
Goho sendan aziz ostingda oting,
Goh bir gʻalamisga bogʻliq hayoting,
Yaxshiyam qatorda bordir bayoting,
Boqib bu savdoga, hayron oʻtdik biz.
Sen deysan, dilim pok, rashkdan yiroqman,
Sen unding, men esa hanuz tuproqman.
Yoʻq, doʻstim, men sendan bechoraroqman,
Boqib bu savdoga, hayron oʻtdik biz.
Ne qilay, yomonga oʻqiymi la’nat,
Yo shodon qoʻshiqlar aytaymi faqat.
Birovda mehr moʻl, birovda nafrat,
Boqib bu savdoga, hayron oʻtdik biz.
Har qalay baxtlimiz — tirikmiz magar,
Qolgan gaplar esa oʻtarda ketar.
Bamisli karnayga ishqi tushgan kar,
Boqib bu savdoga, hayron oʻtdik biz.
* * *
Senga bu dunyoning guli, ne’mati,
Senga, ey qay bir dam yaralgan san’at.
Senga oshufta bu dilning ragʻbati,
Senga ohista bu arzi muhabbat.
Yillar oʻtib ketmish, qayoqda eding,
Qaysi gulshanlarda yasharding, armon.
Xazonli bu boqqa nechun ham kirding,
Nechun xasta dilga solding gʻalayon.
Sobit esam-da, gar topolmasman ep,
Qarshimda osmonni past qila qolding.
Sen oʻtgan dunyoga qaydan yoʻl topib,
Kechmish bir insonga qasd qila qolding.
Oʻzbegim Tojik Bilan
Doʻstu qardoshdir azaldan
Oʻzbegim tojik bilan,
Ikkisi bir bayt gʻazaldan
Oʻzbegim tojik bilan.
Qay yoʻsin aylay qiyos men
Bul shirin doʻstlik soʻzin,
Totlidir boldan, asaldan,
Oʻzbegim tojik bilan.
Baxtga yor doim Navoiy toki
Jomiy bor ekan,
Biz ular qoʻygan tamaldan,
Oʻzbegim tojik bilan.
Fahm etib boqsang agarda,
Biz qoʻsha sayyoramiz,
Bu Ali soʻzlar Zuhaldan,
Oʻzbegim tojik bilan.
Bir egatning boshi senu
Bir egatning boshi men
Yer ekib tinmas hamaldan,
Oʻzbegim tojik bilan.
Bul qadrdon ikki doʻstga
Xohishimdir, to abad
Topsa bir ma’no masaldan,
Oʻzbegim tojik bilan.
Savob
Avji saratonda hansirab, yonib,
Qovrilib olovli yoʻllar taftida,
Muzdayin buloqdan suv ichgach qonib,
Hordiq olganmisan chinor tagida?
Ruhingda safoyu taningda mador,
Umidbaxsh qoʻshiqlar kuylaganmisan?
Oʻsha payt, oʻsha on hech qursa bir bor
Chinorni kim ekkan — oʻylaganmisan?
Roʻbaroʻ kelding sen toshqin daryoga,
Qolding sohil uzra chorasiz, giryon,
Lekin yoʻliqqanday ajib roʻyoga,
Qarshingda bir koʻprik boʻldi namoyon.
Bamisli uzala tushgan xor vujud,
Koʻtargay u turfa insonlar korin.
Oʻtding sen daryodan salomat va but,
Lekin oʻyladingmi koʻprik me’morin?
Oʻrmonlar bagʻrida sayr etgan sayyoh,
Changalzor qoʻynida sargardon ovchi,
Moʻjaz boshpanani koʻrdingmi nogoh,
Uni qoldirmishdir qay bir yoʻlovchi.
Qoldirmish u senga qaro kun uchun,
Bir chimdim tuz bilan bir juft chaqmoq tosh.
Oʻylab koʻrganmisan, bu himmat nechun,
Oʻylab koʻrganmisan, kimdir u gʻamdosh?
Ha, inson umrining kechmishi ajab,
Goh toʻngʻar, goho u yashnar qulf urib…
O, balki qaysi bir fidoyi sabab,
Yuribsan sen hayot nash’asin surib.
Ayt, axir oʻzing ham to borsan sobit,
Kimsaga nasiba uzatganmisan?
Koʻchangdan lapanglab oʻtganda tobut,
Sen uni toʻrt qadam kuzatganmisan?
Chorasiz bir inson uchragan damda,
Unsiz soʻrogʻiga qildingmi javob?
Ayt-chi, bilarmisan, yorugʻ olamda
Bularning barchasi atalgay savob.
Yoʻq, yoʻq, oʻzga erur bid’at va karam,
Himmatu saxovat tiriklarga xos.
Bobolar beta’ma qurgan dunyo ham
Asli savob uchun qolgan bir meros.
Kimdir tuzar uni, kimdir buzadi,
Kimdir borini ham qiladi barbod.
Kimdir ta’ma bilan dunyo kezadi,
Kimdir oʻksuk dilni etadi obod.
Savob deb ingraydi dunyomiz behol,
Zordir u najotbaxsh hislar sehriga.
Janglarda toliqqan majruh zot misol,
Suyanib yashar u inson mehriga.
To hayot ekanmiz savobga zormiz,
Yilt etgan shu’ladan dillar fayziyob.
Goh gʻamgin, goh esa umidga yormiz,
Yoʻqolmasa deymiz dunyodan savob.
Axir uning bilan gullagay ochun,
Axir uning bilan umrlar shoyon.
Faqat savob borki, jahon bus-butun,
Faqat savob borki, azizdir Inson!
Erkin Vohidovga
Biz ham yuksaklarga tikkandik koʻzni,
Bizda ham bor edi matonat, bardosh.
Arslon chorlagandi qoshiga bizni,
Lekin qumursqalar boʻldi safardosh.
Jami tiriklikka tanish shu xatar,
Qumursqa yaralgan yoppa talarga.
Doʻstim, alam qilar, arslon bexabar,
Yem boʻlib ketsak shu qumursqalarga.
* * *
Sen uzoq yashaysan,
Hammadan ziyod.
Hali toychoqlaring oʻynab yuribdi.
Meni-chi, shum ajal eshikda, hayhot,
Egarlangan otday kutib turibdi.
Sen balki baxtlisan,
Umringda koʻklam,
Tunlar rang oladi hali sochingdan.
Men-chi, nazaringda yovqur boʻlsam ham
Bir kunda toʻrt fasl kechar boshimdan.
Yuz yil yashab oʻtar dunyodan birov,
Fursat manglayiga sololmas izlar.
Yoʻq, yoʻq, yillar emas umrga egov,
Uni yemiradi beomon hislar…
* * *
Yiroq Yevropada, Oxrit bahrida,
Jahon shoirlari jam boʻlgan oqshom,
Kimdir she’r oʻqidi boshoq haqida,
Rizqini tanidi hamma shu ayyom.
Falastinlik shoir arz etdi dodin,
Men ham insonman deb, boʻlay deb otlik.
Soʻng daryo qa’riga otdi kitobin,
Uning bir talabi edi ozodlik.
Ha, nonu tuz bilan tirikdir inson,
Erkinlik, istiqlol mening ham jonim.
Xayriyat, ust-boshing butundir, jahon,
Paxtangni oʻyladim, Oʻzbekistonim.
Toshkent Sha’Niga
Goho oddiy maskanday tuyuladi, ochiq gap,
Har kuni yashayverib koʻnikib qolgan uying.
Toshkentim, ajib kentsan, muhtasham qoʻrgʻonsan zab,
Ming-minglab chaqirimdan koʻrinib turar boʻying.
Necha-necha ellarda duch keldim turfa zotga,
Toshkan desang yugurar yuzlariga tabassum.
Toshkent soʻzi uyqashdir tinchlik bilan hayotga,
Toshkent desa anglanur mehr bilan tarahhum.
Shunday payt goh oʻylayman: buning boisi nedur,
Nechun shoir tilidan tushmaydigan nazmsan!
Axir, bunda har bir gʻisht tarixdan mujda erur,
Beruniy ta’rif etgan koʻhna shahri azimsan.
Gʻafur Gʻulom soʻzini har lahzada yod etib,
Toshkentning kamolidan mening ham koʻkda boshim.
Nega uning dovrugʻi olamni ketmas tutib,
Bu yerda ijod etsa dovrugʻli zamondoshim.
Toshkentdir kamon yasab degrezlarga boʻlgan joy,
Bugun oʻzbek yurtining eng katta korxonasi.
Oʻn toʻrt goʻdak haykalin koʻrgandirsiz hoynahoy,
Oʻsha turfa millatning Toshkent boʻlgan onasi.
Jahon voqeotida sening ta’rifing shoyon,
Necha zotlar mehringdan ilhomu zavq olmishdir.
Men ham kamtar fuqarong,
madh eturman bu zamon,
Mening ham qatra qonim
tuprogʻingda qolmishdir.
Hamisha ustuvor boʻl, barqaror boʻl hamisha,
Ey, koʻhna Sharqimizning
hech soʻnmas mash’alasi.
Noming kabi mustahkam, poydor boʻl hamisha,
Doʻstlik, baxt, muruvvatning
mangu boqiy qal’asi.
Qonuniyat
Oqshom baroq mushuk labini yalab
Uyquga ketadi sichqonni oʻylab.
Sassiz qanot qoqar boyqush tunlari,
Es-hushida faqat qushning inlari.
Tulki toʻqaylarda izgʻiydi giryon
Xayolida uning tovuq yo quyon.
Burgut yuksaklarda qanot qoqadi,
U ham oʻlja izlab tuban boqadi.
Bu-ku, tabiatda qonundir azal,
Foydasiz bu yerda axtarsang masal.
Lekin olamda bor oʻzga bir holat
Uni sharh etolmas hech kimsa, hech vaqt.
Oh, faqat odamzod — farzandi bashar.
Bir-birin mahv etish qasdida yashar.
* * *
Zamin aylanadi, chiqadi quyosh
Hargiz kibr bilan koʻtarmagin bosh.
Oyoq ostingdagi xarsangni tepma,
Balki haykal boʻlar senga oʻsha tosh.
* * *
Sizga tilaklarim bir jahon boʻlsin,
Boshingiz oftobli osmon boʻlsin.
Kunduzning gʻaroyib chogʻidir oqshom,
Saodat birla u nurafshon boʻlsin.
Epigramma
Sen oʻlsang nimangni koʻmamiz ekan,
Shuni oʻylab qoldik bilonihoya…
Sen axir jismi yoʻq koʻlankadirsan,
Sen axir birovdan tushgan bir soya.
Sizdan Nima Ketdi
Garchi, yashamadim beiqbol, nigun,
Garchi, davralarim nurlik, otashlik,
Nega, mening dilim, titraysan nechun,
Nechun yuragimni tirnaysan, gʻashlik.
Ne bu, erta ketgan yoshligimmi bu,
Yoki doʻstlarimdan orttirgan hasrat?
Ne bu, qandayin his, qandayin tuygʻu,
Qanday nomsiz mehr, ismsiz nafrat?
Qirq yil ham oʻtibdi misli bir damdek,
Qolgani ne kechar — menga noayon.
Vayrona tagida majruh odamdek
Tirmashib yashayman hayotga tomon.
Sizdan nima ketdi, ey doʻsti aziz,
Sogʻinmang menga har bir zum yomonlik.
Mendan nima ketdi, sizga ham cheksiz
Saodat tilayin, tilay omonlik.
Bahor Tilaklari
Nechun koʻklam madhi tushmas gʻazaldan,
Shoirlar bahorni kuylar azaldan?
Oshiqlar zangori kenglikka boqib,
Qoʻshiqlar aytadi bagʻrini yoqib.
Tabarruk chollarning chakkasida gul,
Momolar oʻyida bahordir nuqul.
Bir lahza yasharar qarri qoʻrgʻonlar,
Ajib dilbar boʻlib qolar insonlar.
Ha, bahor misrasi menda ham talay,
Bu holning boisi bordir harqalay.
Azizim, gʻunchaga nazar sol bir on,
Bagʻrida hozircha turfa hol pinhon.
Ranglar yashar unda balki pushti, oq,
Ajab, tikoni ham hozircha yumshoq.
Tong chogʻi shabboda koʻtaradi bosh,
Oh, nechogʻ latifu nechogʻlik yovvosh.
Asli qahratonning nabirasi u,
Nash’u namolari hozircha ezgu.
Inson fe’li qiziq, yashagay hurkib,
Shervachchani silab, sherdan-chi, qoʻrqib.
Bahor norasida goʻdakday shirin,
Qoʻynida ezgulik armon yashirin.
Nashtar boʻlmasidan gʻunchaning xori
Shirin tuyuladi uning diydori.
Boʻronga aylanmay shabboda — goʻdak
Ozurda dillarni yayratar beshak.
Odam bolasiga doim umid yor,
Shul sabab bahorga tilagi bisyor:
Olamga qabohat zahrin sochmasa,
Mas’um yuraklarda yara ochmasa.
Qoplamasa basdur yeru samoni
Mudhish qirgʻinlarning qora toʻzoni.
* * *
Yashasang dunyoda yorugʻ yuz bilan,
Hurmat koʻrguzsang va boʻlsa izzating!
Ketsang, eslasalar shirin soʻz bilan,
Yaxshi noming qolsa, qolsa xizmating.
Gʻanim nafratingga kelolmasa bas,
Kulsang, sidqidildan yayrab kulolsang.
Dilda gʻashlik boʻlmay yashasang, xullas,
Baxtli odamlarday baxtli boʻlolsang.
Bobur
Men-ku, oddiy odam,
Shundoq boʻlsa ham
Shukr, bas, degancha gʻanimlarim bor.
Shart emas ularga ta’rif chinakam,
Biri jununsifat, birovi hushyor.
Biroviga yoqmas jindek jur’atim,
Biroviga yoqmas men yurgan yoʻlak.
Nogoh biror joyda chiqsa suvratim
Biri uxlay olmay qiynalsa kerak.
Biz shunday oʻtamiz,
Ya’ni kun koʻrib…
Maydagina kuchsiz, maydagina zoʻr.
Hayotning mana shu burjidan turib,
Men Sizni oʻyladim, hazrati Bobur.
Siz — zobit, dastini choʻzgan dunyoga,
Siz — shoir, mangu bir alanga yoqqan.
Nainki bandalar, Sizning siymoga
Ne-ne saltanatlar kek bilan boqqan.
Bahodirlik ichra yor Sizga Humoy,
Siz ulugʻ zotlarning izin bosgan er.
Nazmiy sajdagohda Sizga, hoynahoy,
Imomlikka oʻtgay faqat Alisher.
Ha, yolgʻiz she’r qoldi, boshqasi, abas,
Yetti iqlim aro doston naqlingiz.
Ne baxt, parchin boʻlib toj degan qafas,
Bizga yetib keldi olmos aqlingiz.
Ayting, ne topdingiz Siz kezib dunyo,
Hanuz boqisharlar shoʻrishga toʻlib.
Shoirsiz, yaxshisi, qolingiz, Mirzo,
Mushfiq yurtingizda bir shoir boʻlib.
Bir Sirki…
Dedingki, mumkinmas senga hayajon,
Kulfatdan yiroq yur, may ham shart emas.
Magar yer yuzini bossa ham toʻfon
Sening toʻpigʻingga chiqmasa, shu bas!
Ha, doʻstim, hayajon endi muvaqqat,
Shodligu gʻamni ham totganman bir oz.
Toʻfon bosganda ham yer yuzin, faqat
Qutulib qolardi oʻrdak yoki gʻoz.
Lekin ogoh etay seni bir sirdan,
Balki, tanish senga bu holning foli.
Ayt-chi, qay ahvolga tusharding, birdan
Yelkangda oʻrmalab qolsa chumoli.
O, kibor tuygʻular, ezgulik, vijdon…
Bular hayotdagi mavjud bir ishdir.
Oʻzingni osmonda sanama, Inson,
Seni yengadigan… mayda tashvishdir.
Doʻstim Murod Hamroev Xotirasiga
Men koʻrib turibman,
Yer-osmon parchin,
Farzanding figʻoni koʻklarga oʻrlar.
Bir yonda oʻzbeklar egibdi boshin,
Bir yonda bolam deb yigʻlar uygʻurlar.
Nima qilib qoʻyding,
O, doʻstim Murod,
Nahot oʻlimda ham sen boʻlding pesha,
U ahdu paymonlar boʻldi-ku barbod,
Yakka ov qilarkan ajal hamisha.
Minglab yil oʻtsa ham osmon qa’rida
Toʻqnashmas falakning ikki toʻzoni.
Ne baxtkim, oʻzbekning munis bagʻrida
Menga doʻst boʻlganding, uygʻur oʻgʻloni.
Nega yaxshilarga notanti hayot,
Nega gʻanim qolib, doʻst ketar nega?
Zukko olim eding, oʻzing ayt, Murod,
Tabiat ishiga bormikin ega?
Netay, janozangga kechikdim oʻzim,
Nogoh bu zarbadan qoldim dovdirab.
Kimga xitob aylay, Murod, azizim,
Boqurman qabringga endi jovdirab.
Quyosh Shahri
Eng teran chashmadek tinib, sizilib,
Asrlar qa’ridan keladi xabar:
Ikki ming yil burun chayla buzilib,
Qoʻrgʻon barpo boʻldi, yaraldi shahar.
Turon yulduzlarin silsilasida
Chaqnadi yana bir qoʻlbola quyosh.
Ulugʻ shaharlarning boʻysirasida
Abadiy oʻrnini topa olgan Shosh.
Toshkentim, oftobsan, Sharqda nur sochgan,
Quyoshdek tutilding necha boralar.
Tosh magʻzing chaqolmay tamshanib qochgan
Necha Qutayba-yu, necha Dorolar…
Oʻzbekka maqtanish odatmas, garchand,
Bagʻrimni toʻlgʻazar ushbu kun gʻurur:
Toshkentu Buxoro, Xevoq, Samarqand,
Har biri jahonning bezagi boʻlur.
Qalbing koʻzi bilan nazar sol, Inson,
Mana bu Mingoʻrik, manov Koʻkaldosh.
Moziyga bitsaydi zabon nogahon,
Erk deb qoʻzgʻalardi bunda har bir tosh.
Qadimiy Nasafda topdim tavallud,
Tanishdir Kushonning biyobonlari.
Ne baxtkim, dilimga soldi she’riy oʻt
Toshkentning sehrli xiyobonlari.
Farzandman, bagʻringda kezurman men ham,
Sensan mening uchun maskan moʻ’tabar.
Toshkentdan boshlanur menga ham olam,
Dengizlardan nari, qit’alar qadar.
Ne-ne zilziladan chiqolgan omon.
Manglayi yarqiroq makonsan buyuk.
Baynalmilal ma’vo, asl qahramon,
Jahon tarixida noming bor suyuk.
Ishchisan, olimsan, arbobsan, me’mor,
Senga ham muntazir boqar yer yuzi.
Tinchlik degan joyda Toshkent ruhi bor,
Toshkent degan joyda osoyish soʻzi.
Ne ulugʻ tarixlar kechdi boshingdan,
Xislating ne erur — olam biladi:
Bugun har burjingdan, har bir toshingdan
Faqat doʻstlik degan sado keladi.
Yiroq afrikalik sargashta adib,
Bombay gʻazalxoni shoshar sen tomon.
Ezgu niyatlarning bayroqdori deb,
Seni sharaflaydi zaminu zamon.
Sen quyosh shahrisan, faxrimsan azal,
Omon boʻl hamisha oʻzbeki yerim.
Sensan munis, mushfiq Sharqimga haykal,
Tuhfa boʻla qolsin senga shu she’rim!
Bogʻbon
Mashhur bogʻbon Temur aka Mirzaevga bagʻishlayman
Qashqadaryo degan soʻz aytilgan chogʻ,
Hanuz miyigʻida kulguvchilar bor.
Emishkim, u yerga noravodir bogʻ,
Toʻrt tuyoq yemishin oʻylar chorvador.
Mana paydo boʻldi Temur Mirzolar,
Turfa chechaklarni oʻstirgan inson.
Ne-ne bogʻbonlar ham undan dars olar,
Mana, nimalarga qodir tirik jon.
Qarshi koʻchasidan oʻtsangiz magar,
Sizni kuzatadi ming-minglab charogʻ,
Qayoqdan kelmoqda bu hid muattar!
Bu — Temur Mirzolar barpo etgan bogʻ.
1983
JANGDAN QAYTMAGAN SHOIRLARGA
Isming balki Sulton, balki Qodirsan,
Sen jangdan qaytmagan shahid shoirsan.
Lekin gʻolibsanki — safda hozirsan,
Sen saqlab qololgan jahoning menda.
Urush deganiga boʻlsin ming la’nat,
Neki tirik boʻlsa — aylagay gʻorat.
Sening qalaming ham sindirmish bevaqt,
Yetib-etolmagan armoning menda.
Beiz ketmadi, yoʻq, shahidlar qoni,
Quzgʻundan asradi mas’um dunyoni.
Agar koʻkka yetsa tiriklar shoni,
Oʻzing orzu qilgan osmoning menda.
Har nechuk, shoirman — sen bilan jondosh,
Toʻyingda toʻydoshman, tirik yelkadosh.
Degayman, yosh umring oʻylab, ey, qondosh,
Bitgum, bitilmagan dostoning menda.
Soʻnggi Urush
… Nahotki insoniyat oʻz kashfi bilan oʻzini oʻzi vayron etadi.Javoharla’l Neru
Bir qadam qoʻysang bas — naryogʻi oʻlim,
Bir qadam qoʻysang bas. shaksiz halokat.
Odamzod boshida turibdi shu zum
Qazoyi muallaq, mudhish falokat.
Entikib ketadi nogoh yuragim,
Mash’um bu soʻzlarni tinglaganim dam.
Bugun faqat toshlar befarqdir, balkim,
Bugun, balki, faqat bulutlar begʻam.
Asrlar soʻngida yaralgan inson
Nahot endi oʻzin aylasa barbod.
Nahot oxiratga yuz bursa jahon,
Nahot karomatlar haq chiqsa, nahot.
Navoiy abasdir, Pushkin ham abas,
Rim yoʻq, Samarqand yoʻq, dahshat, alhazar!
Moziydan biror nom qolarmidi, bas,
Kelajakning oʻzi boʻlmasa magar.
O, odam, har nega topinding nechun,
Ayt, u yaradimi biror-bir korga!
Falloh manglayidan oʻq yeydi bugun,
Sigʻinib turgan chogʻ parvardigorga.
Yoʻq, bu pok dillardan yiroq malomat,
Bu — bani odamga koʻrgulik, shoʻrish.
Bu — shoʻrlik zaminga chang solgan ofat,
Bu — doʻzax, bu — oʻlim, bu — soʻnggi urush.
Alhazar, olamda nainki odam,
Hayotning oʻzi ham kirsa qabrga.
Koinot qa’rida zamindan u dam
Nahot eshitilsa soʻnggi qasirgʻa.
Nahotki, tangri ham, iblis ham koʻr-kar,
Osiy banda bilan ketsa jonhalak.
Ayt-chi, sobit kuching bor boʻlsa magar,
Bizni ne murodda yaratding, falak?!
Bu bari — asrimiz kashf etgan balo,
Bu — yovuz sarmoya, koʻru kar, soʻqir.
Boshimiz ustida turibdi guyo
Bir soch tolasiga bogʻlangan shamshir.
Ummon ortidagi mitti qiz Smit
Jahon taqdiri deb jar solar bu choq.
Hayhot, oʻshal joyda qaysidir palid
Uning qismatiga qayraydi pichoq.
Munis Oʻzbegimning osoyish chogʻin,
Kuylamoq menga ham baxtdir bazavol.
Kurashlarda oʻtgan farzandlar dogʻin
Unutmoqni lekin kim qilar xayol.
Har kim ona deydi mushfiq yerini,
Oh, ne gʻam, onani kulfatda koʻrish.
Mayli, shoir yozsin soʻnggi she’rini,
Faqat, boʻlmasa bas, soʻnggi bu urush!
Inju Diyor Uchun
Qutlugʻ davralarda jam boʻlgan mahal,
Doʻstlarga baxt tilash azaliy odat.
Keladigan bu yil tinch boʻlsin avval,
Baxsh etsin har kimga oliy saodat.
Yoshlik — bu karvonning erka noridir,
Daryoday toshqindir, jilgʻa kabi sof.
Yoshlik — kelajakning xaloskoridir,
Sira tark etmasin yoshlikni insof.
Moʻ’tabar onalar — xonamiz koʻrki,
Otalar hayotdir — yorugʻdir jahon.
Tiriklik nomiga bir oʻtinch shulki,
Oʻrtaga tushmasin bemahal hijron.
Inju diyorimiz koʻz boʻlsa agar,
Mudom omon boʻlsin toʻgarak zamin.
Boshimiz silagan shu xalq moʻ’tabar,
Daf’atan chekmasin farzandlar dogʻin.
Yangi yil sha’niga aytmoqdamiz soʻz,
Balki oʻtib ketar bir zum bu farah.
Xalqimning mehnatin aylagin koʻz-koʻz
Million chanoqlarda koʻpirgan qadah.
* * *
Samoda yuribdi hanuz yolgʻiz oy,
Tanholik qiynaydi uni hoynahoy.
Yoʻqlikdan axtardim sening vaslingni,
Kim qayga sigʻinsa, Ka’ba oʻsha joy.
* * *
Shukr aytay, koʻp yaxshi umr koʻrdim men,
Goh yaydoq shamolday davron surdim men.
Lekin seni koʻrsam bulut oldida
Chorasiz yoʻlbarsday hayron turdim men.
* * *
Azizim, payt keldi, koʻnglim yoraman,
Insonman, sen horsang, men ham horaman.
Oting qamchilama oʻzgʻirman deya,
Sen borgan u joyga men ham boraman.
* * *
Tugʻilsang baxt bilan kamol oʻshadir,
Tark etsang olamni zavol oʻshadir.
Oxir chogʻ tuprogʻing ustiga kelib,
Kimdir yod aylasa, iqbol oʻshadir.
Etna Vulqoni
Hanuz yonib yotar Etna vulqoni,
Daf’atan oʻxshar u olovrang gulga.
Oqib tubanlarga lava toʻfoni,
Sekin aylanadi qop-qora kulga.
Men uning qoshida saqladim sukut,
Ha, bir chogʻ olovli edi yoʻllarim.
Endi u otashlar boʻldilar unut,
Poyingda yotibdi endi… kullarim.
Savol
Tanho sahrolarga bosh olib ketsam.
Yo yiroq gʻorlarni oshyon etsam,
Bedoʻstu beyoron tugasam, bitsam,
Koʻngling toʻladimi, oʻshanda, ayt-chi?
Qolmasa dunyoda mendan xotirot,
Nainki xotirot, oddiy, joʻn bir ot.
Boʻlsa na bir qavmim, na xesh, na avlod,
Koʻngling toʻladimi, oʻshanda, ayt-chi?
Olamga oʻt qoʻysa har aytar soʻzing,
Yiqsang dunyolarni — tikkan choq koʻzing,
Soʻngra moʻri kabi qolsang bir oʻzing,
Koʻngling toʻladimi, oʻshanda, ayt-chi!
Oʻtinch
Chindan ham asrimiz bormoqda oʻsib,
Har qanday kulfatga turmoq kerak shay.
Ajabmas, bobosin burchakka qisib,
Nasihat oʻqisa biror bolakay.
Ajabmas, erta kun bir shoir ukam,
She’rlar yozib yursa Somon yoʻlida.
Ajabmas, yoʻqolsa ajab soʻzi ham,
Tahrir topsa Inson zamon qoʻlida.
Har kimga oʻz davrin yoʻrigʻidir yor,
Mayli, tap tortmagin sen ham har ishdan.
Bolam, faqatgina bir oʻtinchim bor,
Hazar qilsang basdir harom-harishdan.
Mustay Karimga
Ajab, bitta yurtning uchta nomi bor,
Garchi u uch nomlik bitta boʻstondir.
Uzoq tarixlardan bir nom barqaror,
Oʻrta Rossiyada Oygulistondir.
Ajab, bitta yurtning uchta nomi bor,
Oyguldan tarqalgan bir gulistondir.
Bu kun nomi uning metin va poydor,
U — aziz, moʻ’tabar Boshqirdistondir.
Ajab, bitta yurtning uchta nomi bor,
Uchinchi ushbu nom menga ayondir.
Bu she’riy qoʻrgʻondir, mangulikka yor,
Bu ulugʻ she’r yurti — Mustayistondir.
Oftobshuvoq
Bahor kunlarida,
Oftobshuvoqda,
Hordiq olar edi koʻpincha onam.
Naykamalak balqsa Qoʻngʻirtov yoqda,
Nechogʻ yosharardi bu koʻhna olam.
Xastalik qiynardi onamni biroq,
U chetga termulib uh tortar edi.
Bahor yoqsa hamki olamga charoq,
Mening yuragimda gʻam ortar edi.
Men onam yonida ivirsib beun,
Kun boʻyi yurardim dilgir, betoqat.
Yiroq-yiroqlardan mungli va uzun,
Turnalar tovushin tinglardim faqat.
Shu-shu oʻnglanmadi onam rahmatlik,
Mening ham yillarim topdilar toʻzim.
Bugun onam kabi yolgʻiz, toqatlik,
Bahor quyoshiga boqaman oʻzim.
Endi meni ezar ming bitta xayol,
Ular oʻtkinchi doʻst, vafosiz yorlar.
Endi oʻzim dardkash, oʻzim jim va lol,
Endi oʻzim uchun tiyra bahorlar.
Iliq tomchilagan yomgʻir ham goho
Tuyular onamning koʻz yoshi boʻlib.
Onam turganiday teppamda goʻyo
Bahorning mehribon quyoshi boʻlib…
Odam Bolalari
Odam bolalari turfa naqadar,
Biri moʻmin boʻlsa, boshqasi asov,
Biriga quyuqroq salom bersang gar,
Xushomadgoʻy deydi, nomingni darrov.
Mayliga, ataylab biror kun sen ham
Qad kerib, sipoyu oʻychan boʻlib yur.
Malomat yogʻilar boshingga shu dam,
Seni ataydilar darhol takabbur.
Yaxshisi dilingda boʻlsin muhabbat,
Oshkor etaverma uni joʻrttaga.
Avliyo misoli jim yurgin faqat,
Koʻzlardan yiroq boʻl, chiqma oʻrtaga.
Qardosh Shoirga
Shahar talashmagin, daryo talashma,
Iste’dod talashma, daho talashma.
Tabiat yaratgan yaylovda xurram,
Bizdek oʻtlab yurgan jonzodsan sen ham.
Bu koʻhna tuproqni kovlasang agar,
Chiqar necha nomsiz daryo va shahar.
Kechmish daholarning aytgan soʻzlari .
Ahli diyonatning mulkidir bari.
Tangrini ilk bora oʻylab topgan kim?
Bu savol qoshida barchamiz ham jim…
Qurbing yetsa magar qoʻrgʻon yaratgin,
Olamni oʻzingga mayli, qaratgin.
Qimmat bergin bizga asl, bebaho,
Nomingni ataylik mayliga, daho!
Tariqday zamin bir va Inson birdir,
Bilmagan mardumga bu holni bildir!
Shunda men qoshingda egarman boshim
Va seni atarman chindan qardoshim!
Tunislik Bola
Rimda Tunisdan ish axtarib kelgan bir oʻspirinni ustidan benzin quyib yoqib yubordilar
Afsus, razolatga botdi bu ochun,
Aybni yaratganga toʻnkamoq nechun.
Senga oʻt qoʻydilar bir ermak uchun,
Rimga nega kelding tunislik bola?
Bilaman, sen uchun parcha non qahat,
Zamin mozor boʻlsa, Afrika lahad.
Oʻt qoʻysa, oʻt qoʻysin oʻz eling faqat,
Rimga nega kelding tunislik bola?
Bu shundoq manzilki, doʻstni yovlaydi,
Ota oʻz farzandin avrab tovlaydi.
Bu yurtning sayyodi odam ovlaydi,
Rimga nega kelding tunislik bola?
Shundoq holga kelmish qadimiy Lotin,
Bulgʻalar sharafin, bulgʻalar zotin,
Chumolicha koʻrmas odam hayotin,
Rimga nega kelding tunislik bola?
Ha, olov ostida butkul yer yuzi,
Tutunga toʻlmoqda odamzod koʻzi,
Yonib ketmasaydi zaminning oʻzi,
Rimga nega kelding tunislik bola?
* * *
Ravo koʻr, yuzingda bir xol boʻlayin,
Koʻrsat agʻyoringni, zavol boʻlayin.
Kattakon toʻy qilib nogʻora chalgin,
Toʻyingda suv tashib hammol boʻlayin.
* * *
Oftob botib ketdi, egildi boshim,
Yulduzdek sochildi koʻzimdan yoshim.
Hajringda bagʻrimni yerga berurman,
Tun bir lahad boʻlsa, oy qabr toshim.
* * *
Bilaman, oʻtadi shodlik bilan gʻam,
Bilaman, gʻanimat erur har bir dam.
Paygʻambar atadim har zotni, ammo,
Muridim demadi hech bitta odam.
* * *
Oh, oʻtgan u kunlar qaytmagay zinhor,
Oʻchgan muhabbatning yonmogʻi dushvor.
Nigohing qadama qarogʻimga sen,
Unda toʻkilmagan koʻz yoshlarim bor.
Oʻzbekiston Bayrogʻi
Har qanday lashkarning ham
Oʻz tugʻi, yalovi bor,
Sen qaysi saltanatdan,
Sen qaysi davlatdan kam.
Qoʻrgʻonlar qatorida
Bir qoʻrgʻonsan ustuvor,
Vallamat, tugʻdor yurtim,
Muhtasham Respublikam.
Oʻylayman, ha, olamda
Nisbiy erur koʻp holat,
Zamona gʻalviridan
Har narsa oʻtaverar.
Tarix uchun va lekin
Kim ham bergay kafolat,
Yakka inson bir yoʻlchi:
Kelaru ketaberar.
Qadim-qadim zamonda
Yunonlik haykaltarosh,
Bir san’at yaratibdi,
Maqsadi — bir burda non.
Haykal esa asrlar
Sinoviga bermish dosh,
Bugun uni koʻklarga
Koʻtarar butkul jahon.
Koʻzni kattaroq ochib
Boqsang bu muammoga,
Alam qilgulik qadar
Kam yashar inson zoti,
Faqatgina xalq sohib
Bardavom bu dunyoga,
Asragay har kas nomin
Faqat xalqning hayoti.
Sanasang hodisot moʻl
Oʻzbekning tarixida,
Har biriga bir noma
Yoki doston bitgulik.
Ne zotlar oqmagan bu
Asrlar arigʻida,
Har biri bitta xalqning
Gʻururiga yetgulik.
Barchaga ayon erur
Men aytgan ushbu gaplar,
To hanuz asablarni
Ezgʻilar bu shum oʻtmish.
Moziyga oʻqtin-oʻqtin
Sochsak hamki gʻazablar,
Lekin ayting, oʻzbekning
Qoʻlidan kim ham tutmish?
Bir kuni yovqur shoir
Ya’ni Turdi Fargʻoniy,
Boʻltak boʻlgan bu xalqqa
Birlash deb qildi xitob.
Bejavob qolaberdi
Uning dardli soʻrogʻi,
Oʻsha-oʻsha zamin kar,
Oʻsha-oʻsha gung oftob.
Bugun zimdan nazar sol
Sen mana bu bayroqqa,
Mayliga bir daqiqa
Unutgin turfa kekni.
Shu bayroq nomimizni
Eltdi yiroq-yiroqqa,
Shu bayroq birlashtirdi
Parokanda oʻzbekni.
Koʻzgu Parchalari
Koʻzgu parchalari yoʻlakda yotar,
Unsiz sharpalari ruhimga botar.
Yuzlarim aks etar bir parchasida,
Koʻzlarim aks etar bir parchasida.
Birida osmon aks etsa agar,
Birida qushlarning raqsi jilvagar.
Olamning yaxlit bir suvratin ammo,
Namoyon etolmas bu koʻzgu aslo.
Xilqat uning uchun but boʻlmas mangu,
Axir, parcha-parcha singan koʻzgu bu.
Meni ma’zur tutgin, muhtaram Inson,
Suvrating chizolmay turibman hayron.
Bir kun fazilating olsam qalamga,
Bir kun qabihliging yoygum olamga.
Bir kun koʻz yoshlaring qogʻozimdadir,
Bir kun zaharxandang ovozimdadir.
Bir kun oʻtmishingdan faryod solurman,
Bir kun iqbolingdan oʻyga tolurman.
Sening boʻy-bastingni koʻrsatmoq uchun,
Koʻzgu kerak axir yaxlit va butun.
Shoir yuragi-chi, olamda yakkash
Oʻsha chil-chil singan koʻzguga oʻxshash.
Menga Hayotni Ber
Sen mening dardimga qilibsan havas,
Havasing kelibdi shifoxonamga.
Demishsan: — Yor unga omad har nafas,
Ayricha iltifot bor bu odamga….
Sen-ku, yovqur Inson, sogʻ va salomat,
Togʻlarni yiqadi purkkan nafasing.
Bilmadim, yuz bermish qanday adovat,
Zaqqum dorularga kelmish havasing.
Menga odam fe’li ayondir bir oz,
Oshnoman men uning ginalariga.
Ajabo, bor ekan sendek ishqiboz,
Doktorning tigʻiyu ninalariga.
Ruhimda osoyish, dilimda charogʻ,
Shifokor ahliga oʻqurman tahsin.
Lekin xitob aylay senga ushbu chogʻ:
Olgin, dardlarimning olgin barchasin!
Oydin palatalar sengadir tortiq,
Shiftga boqqaningcha qomating kergil.
Menga bu hashamlar kerakmas ortiq,
Menga oʻz kulbai xonamni bergil.
Jarroh nashtari ham sengadir nisor,
Senga, tabobatning jami malhami.
Menga-chi, bir umr baxsh etsin mador,
Munis doʻstlarimning mehr olami.
Darddan arimasin vujuding hech bir,
Yoʻldosh niyatingga yetishgin shitob.
Menga mashaqqatli tiriklikni ber,
Menga boʻla qolsin mangu shu azob.
Shoir yashamaydi aslo bealam
Va biron kimsaga istamas balo.
Lekin oʻzgalarning kulfatiga ham,
Hasad qilganlarga shu tilak ravo…
Dialektika
Men hayotni sobit holda koʻrmadim aslo,
Tuzilgan u agarlardan va magarlardan.
Deylik, biror firibgarga duch kelgan asno,
Iboratmi deysan hayot firibgarlardan.
Qattol urush davom etgan elning shoiri
She’r bitadi hasratga yo gʻazabga toʻlib.
Kimki agar biror dardning boʻlsa asiri,
Tuyuladi butun olam unga dard boʻlib.
Sevishganlar uchun esa dunyo bir jannat,
Oy-chi, nondek tuyuladi qorni ochlarga.
Butkul hayot diydasi yoʻq tosh erur faqat,
Kuning qolsa deylik faqat bagʻritoshlarga.
Faylasuflar soʻz ochsa gar abadiyatdan,
Oʻylaysizki, har bir onim mangulikka yor.
Inson zoti ayri tushmas aslo niyatdan,
Ne tilasang shuni bergay, degan gap ham bor.
Modomiki shundoq ekan tabiat asl,
Sobit narsa qanday oʻzi? Boqiylik qayon?!
Boʻlarmikan bu dunyoda bir murod hosil,
Tugallikka yetisharmi biror kun jahon!
Shoir ahli kuylarmikan bitta qoʻshiqni,
Bormi ekan bu dunyoda oliy, komron dam.
Quyosh bir kun chulgʻarmikan har toʻrt ufqni,
Tugʻilarmi baxti komil, bus-butun odam?
Bu — bir xayol, chorasi yoʻq armondir xolos,
Hamishalik qoʻshni erur kunduz bilan tun.
Yolgʻon dasti gar dunyoda boʻlolmas daroz,
Lekin haqning qoʻllari ham emasdir uzun.
Chora bitta: Niyatingni ezgulikka bur,
Faqat shunda goʻzal boʻlib koʻringay falak.
Yoʻqsa hasrat ogʻushida oʻtgaydir umr,
Bamisoli oʻra ichra qolgan kapalak…
Har Qanday Damda Ham…
Koʻngling sovimasin qilar ishingdan,
Hafsalang soʻnmasin hech qachon.
Ma’no topolmaysan oʻz turmushingdan,
Tussiz, zerikarli koʻrinar jahon.
Koʻhna objuvozday aylanar dunyo,
Ohangi miyangga sassiz quyular.
Mingga kirgandaysan oʻzing ham goʻyo,
Kelajak oʻtmishing kabi tuyular.
Yashaysan nomi yoʻq bir dardga toʻlib,
Tomirdan qoning ham goʻyo oqmaydi.
Nainki doʻst soʻzi, nainki mahbub,
Bolangning shoʻxligi yoqmaydi.
Sokin kechalari, ayvonda yolgʻiz,
Olis yulduzlarga boqasan toʻnib.
Ular ham koʻzingga koʻrinar bu kez,
Juda uzoq borsa, yonar qurt boʻlib.
Shundoq, inson dili ajib muammo,
Koyima bundayin holati uchun.
Qoʻlingdan kelsa gar madad ber, ammo,
Har qanday damda ham sen uni tushun.
YolgʻIz Odam
Qiyin, senga, qiyin,
Juda ham qiyin,
Salomingga birov alik olmasa.
Vaqt-soating yetib, oʻlganingdan keyin.
Boshingda bir kimsa faryod solmasa.
Chindan ham sevmasang yorugʻ olamni,
Dildagi arzingni kimga ochursan.
Balki shu sababdan, jami odamni,
Ozurda qilishga shoshursan…
Va’dalar
Men qoʻrqaman Yangi yilga
She’rlar bitmoqdan
Qquvchimga yoʻq narsani
Va’da etmoqdan.
Aytildimi — bajarilsa
Va’da va tilak,
Yoʻqsa, bir yil koʻzdan yiroq
Yurmoqlik kerak.
Va’da berib aytamiz biz:
Yoʻqolgay nifoq,
Mehnat qilgan katta-kichik
Boʻlib ittifoq.
Qarabsizki, qay birovlar
Ahdni buzgaylar,
Zum oʻtmayin oʻzlaricha
Reja tuzgaylar.
Va’damizdan oʻrin olar
Albatta vijdon,
Yangi yilda, deymiz, har kim
Boʻlgay pokdomon.
Lekin riyo bir burchakda
Poylab turadi.
U ham endi kimlarnidir
Yoʻldan uradi.
Shuhratparast, loʻttibozga
Oʻrin yoʻq sira!
Har birimiz boʻlajakmiz
Sof va bokira!
Yangi yilda ana shunday
Yangrar soʻzimiz,
Soʻng yil boʻyi begonadir
Kimlarga diydor.
Yangi yil-chi, barchasiga
Qaragay kulib,
Kela berar, keta berar
Ishonchga toʻlib.
Qarimayman, mangu yoshman
Deganning, biroq,
Qasamiga bovar qilmas,
Solmagay quloq,
Undaylarning koʻzin jindek
Yoshlab oʻtar u,
Sochlariga bir tola oq
Tashlab oʻtar u.
Toʻqay
Men demam aslo seni: shoʻrlik Toʻqay,
Dardlisan, lekin mudom nurli Toʻqay,
Chunki sen ozod zamonni istading,
Maqsading hurlik edi, hurlik, Toʻqay.
Oʻzbegu totor, qozoq, boshqird boʻlib,
Koʻrinarsan menga goh turlik Toʻqay.
Sen qorongʻu kechalar bitding yonib,
Chiqdi goʻrga aslida zoʻrlik, Toʻqay.
Haq soʻzingga millating koʻz tiksa ham,
Necha zotlar qildilar koʻrlik Toʻqay.
Hech ajab ermas Seni yod aylasam,
Ikkimiz ham bir qiya, oʻrlik, Toʻqay.
Gʻalati Zot
Yongʻoqning tagidan oʻtganmi bu zot,
Na doʻstin, na yorin xushlaydi.
Boshini silasang, shu zahot,
Qoʻlingni tishlaydi…
Keksa Muhojir
— Nega qadding egik, nega boshing xam
Nega nigohingni tortadi tuproq?
— Mening yer ustida tanishlarim kam
Mening yer ostida doʻstlarim koʻproq.
Aql Haqida
Shunchalar goʻzalsan, goʻzalsan, sanam,
Ta’rifing bitmoqqa ojizdir qalam,
Bir yigit umrini obod etarding,
Aql ham berganda falak bokaram…
Qaldirgʻoch
Deydilar, qaygadir oʻt ketsa, albat,
Chumchuq xas tashirmish, qaldirgʻoch-chi,
Balki, bu chumchuqning sha’niga tuhmat
Yongʻin nimaligin, balki, bilmas u…
Sen dunyo holiga nazar sol birpas,
Nazar sol koʻzlardan oqqan yoshlarga.
Dunyoda kulbalar yonar har nafas,
U doim muhtojdir qaldirgʻochlarga.
Toʻlin Oy
Keksaygan hilolim, ey sen, toʻlin oy
To hanuz buzursan halovatimni.
Yodimga solursan endi, hoynahoy,
Sochlari oqargan muhabbatimni.
Yillarim kechdilar yeldirim misol,
Gʻunchalar bagʻriga xayolday indim.
Endi-chi, toliqib, horgʻin va behol,
Gʻorlarga bekingan shamolday tindim.
Bilmadim, qaydadir yotar sargʻayib,
Otashin hislarim oʻralgan daftar.
Qaysidir goʻshada boʻlmishdir gʻoyib,
Bir zamon qoʻlimdan uchgan u kaptar.
Endi visol oʻzga, oʻzgadir firoq,
Toʻlin oy, oʻtinchim yodingda tutgin.
Bizning tomonlarga yoʻling tushgan chogʻ
Mening kulbamga ham moʻralab oʻtgin..
Sizni Uchratguncha
Qay fursat men sizni koʻrdim banogoh
Endi zarra hijron dilimni gʻashlar.
Buncha yarashmasa oʻzingizga, oh,
Munis tabassumu ma’yus qarashlar.
Hech kimni hayratga solmas hech qachon
Mening yoningizda yoʻgʻim yo borim.
Yo falak, shuncha yil kezibman sarson
Sizni uchratguncha, erka dilbarim…
Inson Hurmati
Soqoli koʻksiga tushsa ham garchand,
Inson atalmagay masalan, serka.
Odamlik hurmati shunchalar baland,
Uni uraberma har nafas yerga.
Buguncha emaklab yurgan shu jujuq,
Ertan kashf etadi balki dunyolar.
Tiriklik sen bilan barham topmas, yoʻq
Hamisha oqadi oqqan daryolar.
Itqit jaholatni, aqlga yuz tut,
Bunchalar e’tiqod qoʻyma jabrga.
Bir kuni koʻz yumsang, seni ham el-yur
Boshida koʻtarib eltar qabrga.
Oybek Haqida Qoʻshiq
Qalbi pok mardona elning,
Sen aziz farzandisan.
Ganju mulkka bergisiz el,
Gavhari, dilbandisan.
Har kalimang ma’rifatning
Ufqida oydek toʻlib,
El aro topding sharaf sen,
Ustoz Oybek boʻlib.
Shan hayoting odamiylik
Xayru soflikdan nishon,
Chaqnadi she’ringda nurli
E’tiqod birlan imon.
Goh Navoiy suhbatingda,
Goh Torobiy, Yoʻlchi goh,
Sen sevikli davrim oʻgʻli
Begumon, beishtiboh.
Xizmatingdan, hikmatingdan
Elu yurt mangu rizo,
Oʻchmagay, noming asrlar
Soʻngidan bergay sado.
Ahmad Zoirni Tinglab…
Shoshmagin, ey, karvon, toʻxtagin bir
Soʻzlayin ezgulik, shafqat otidan.
To barpo boʻlibdi koʻhna bu jahon,
Karvonlar oh chekar yovlar zotidan.
Shoshmagin, ey, karvon, toʻxtagin bir
Ona Sharq sehri bor jihozlaringda.
Senda yigʻlab borar Sa’diy navjuvon
Rudakiy mehri bor bayozlaringda.
Shoshmagin, ey, karvon, toʻxtagin bir
Chashmi zilol boʻlib dardingni olay.
Yo bir yaproq misol boʻlay soyabon,
Soʻngra xazon yangligʻ yoʻlingda qolay.
Shoshmagin, ey, karvon, toʻxtagin bir
Umidli bu jahon gʻamga boʻlmas gʻarq.
Izingdan termulib qolmay to nolon,
Qumliklar bagʻrida gʻoyib boʻlma, Sharq.
Ism Haqida
Xayolimga kelar goh gʻalat bir gap,
Har uni el aro soʻylab yurmasman.
Bilmadim ne bois, bilmam ne sabab,
Ismimni birovga ravo koʻrmasman.
Ulugʻ otdoshlarim maqomi yuksak,
Men shogird erurman garchand alarga.
Har nechuk, bir gapni aytmogʻim kerak:
Oson boʻlmagan hech Abdullalarga.
Hazil
Ellikda odamlar qirol boʻlishgan,
Qirol boʻlmaganlar qarol boʻlishgan.
Aravakash boʻlgan uquvsizlari,
Shu yoshda boyigan zargarning bari.
Shoirlar shu yoshda dovrugʻ qozongan,
Yonsa — soʻnggi muhlat — oshiq ham yongan,
Oh, doʻstim, bizlar-chi, nimani koʻrdik,
Ellikka shunchaki lallayib kirdik.
Uqtirish
Unga uqtirdilar,
Oqni qora, deb,
Chunki bir qorani,
Oqlash lozim edi.
Unga uqtirdilar
Toqni bu — juft, deb,
Chunki bitta juftni
Toqlash lozim edi.
Unga uqtirdilar
Qingʻir toʻgʻri, deb,
Chunki bir qingʻirni
Yoqlash lozim edi.
Orol Uchun
Goho miyamizni qoplasa savdo,
Gʻalat tasavvurlar xayolga kelar:
Registon yoʻqolib qolsa mabodo,
Ayting-chi, doʻstlarim, ne hol yuz berar?
Ayting-chi, qandayin kunga tushardik,
Buxoro boʻlmasa, boʻlmasa Xevoq?
Ular abadiydir deya behadik
Oʻtib borayotir umrimiz mudroq.
Shaharlar joyida turibdi bu kun,
Ularning zavoli kelmas xayolga.
Merosiy xudbinlik borligi uchun
Qaramay qoʻyibmiz afsus, Orolga.
Otang ketsa agar, ota boʻlarsan,
Onaning oʻrnini bosgay qiz, singil.
Dengizing qurisa ne ham qilursan,
Qayga bosh urarsan ey, munglugʻ koʻngil.
Otalar Ilgida Zamon Bilan Vaqt
Otalar sha’niga loyiq soʻz demoq
Tabarruk bir kitob yozish bilan teng.
Ularning mehri-ku, bamisli charoq,
Bagʻri ham yulduzli osmon kabi keng.
Sharqona tashbehni olsam gar yodga,
Bir nomi buzurgu bir nomi faqir.
Zaminni kaftida tutib, avlodga
Bus-butun yetkazgan otalar, axir.
Yuksak-yuksaklarda uchgan sor lochin
Nazar uzmagandek polaponidan.
Bardavom naslini asramoq uchun
Axir ota qavmi kechgan jonidan.
Non, degan farzandning dardli xitob
Goh uni tiriklay chohlarga tiqqan.
Bardoshli umrning zaqqum zardobi
Sochlari qirovdek koʻpirib chiqqan.
Taxti Sulaymondan balanddir beshak
Ota deb atalgan martabayu baxt.
Farzand bunyod boʻldi, oʻlim yoʻq demak
Otaning ilgida zamon bilan vaqt.
Men koʻkka termulib kutmasman madad
Doʻst izlab har yonda kezmasman sarson
Doʻstu madadkor ham otadir abad,
Shoni — shoning erur, armoni – armon.
Eski Quduq
Hamma biladigan rivoyat buldir:
Emish Iskandarning bor ekan shoxi.
Uni yashirolmay sartarosh qurgʻur
Quduqqa aytibdi, shuldir gunohi.
Yashab kelmoqdaman oʻzimga koʻra,
Oʻtgan-ketgan sirdan koʻnglim erur toʻq.
Lekin nedir menga yetishmas sira,
Balki yetishmaydi u eski quduq.
Bemahal Qor Yooʻqan Kuni
Bul chogʻi, boʻstonga ishtiyoq baland,
Nechundir bemahal yogʻa ketdi qor.
Diktorning bir ogʻiz e’loni bilan
Chindan ham qaygadir berkindi bahor.
Bu fursat chamansiz koʻngillar yarim,
Bulbulni quvlamang dostonimizdan.
Sizdan nima ketdi, diktor doʻstlarim,
Qorni kurab qoʻying boʻstonimizdan.
Sarhadlar
Kimsaga baho berish ilinjida yurganlar,
Eng avval oʻz-oʻziga boqishlari kerakdir.
Qadimiy bobolar ham ming oʻylab bir degan
Har kimning goʻri boshqa, azroili boʻlakdir
Qanchalik ishing bordir hayotim bilan, ey yov
Seni tangri teppamga posbon qilib qoʻygan
Oʻz tushim oʻzimniki, goh otliqman, goh yayov,
Men yegan burda nondan sening qorning toʻy
Muqaddas sarhadlar bor insonning hayotida
Ularni bosib oʻtish odamlikka yot erur.
Qancha-qancha sir yashar har kimning bisoti
Shul sabab u INSONDIR, shu sabab u ZOT
Kimga muhabbat qoʻyib, kimga nafrat bildi
Nafas olish singari ixtiyoriy joʻn bir gap
Afsonaviy devlar u — qoʻllarida urtoʻqmoq,
Oʻtgan-ketgan bandani oʻzicha yurgan tergab.
Mana bu buloq menga gʻoyatda yoqib qolmish,
Mana bu shabboda ham menga gʻoyat alomat.
Sening esa hushingni, deylik, dengizlar ol
Yoʻlingdan sira qolma, joning boʻlsin salom
Azizim, dil qasriga besoʻroq kira koʻrma,
Unda qoʻsh-qoʻsh ilonlar, ajdaholar yotadi.
Sen birovni toptay deb behudaga ot surma .
Har kimning oʻz quyoshi oʻz ufqiga botadi.
Oʻz uying, oʻz toʻshaging oʻz-oʻzingga buyurib,
Oʻz farzanding, oʻz yoring boʻlaversin seniki
Xohla tingla xohlama — ketaver qanding ur
Ixtiyor senikidir, bu she’r esa meniki.
Kometa
Chingiz Ahmarovga
Har zamon, har zamon Yer yaqinidan,
Noyob kometalar oʻtib qoladi.
Kimlardir koʻz uzmay nur chaqinidan,
Ularning suratin oladi.
Kimlardir payqamas, yo boʻlmas ogoh,
Koʻp borsa ta’birlar koʻrgan bir tushin.
Ular qaydan bilsin, kometalar goh,
Yuz yilda bir marta qaytib oʻtishin.
Nechogʻlik gʻaroyib manzaradir bu:
Samoviy nur bilan yoʻgʻrilgan san’at.
Somon yoʻllarida yugurgan ohu,
Zuhro jamolidan uzilgan tal’at!
Yondi yana qachon kelar u qaytib,
Gohi yuz yil oʻtar, ming yillar gohi.
Yolgʻiz u oʻtmishdan afsunlar aytib.
Olis kelajakning boʻlgay guvohi.
Xatolaring Kerak Ularga
Shundaylar bor, senga lutf aylab,
Doʻstman, deya qoʻlin tutarlar.
Lekin har zum qadaming poylab,
Xato qilishingni kutarlar.
Xato qilsang, ularga bayram,
Yoʻqsa, zahru zaqqum yutarlar.
Mayli, jindek, zarra boʻlsa ham,
Xato qilishingni kutarlar.
Xatolaring kerak ularga,
Shox-novdangni darhol butarlar.
Tagʻin kunni ulab tunlarga,
Xato qilishingni kutarlar.
Axtarurlar hamisha illat,
Yetti pushting goʻrin titarlar.
Faqat unma, ulgʻayma faqat,
Xato qilishingni kutarlar.
Ular senga bir umr yoʻldosh,
Sodiq hamroh kabi oʻtarlar.
Qabring uzra egsalar ham bosh,
Xato qilishingni kutarlar.
Sobitlik
Oʻchib borayotir qanchalar kalom,
Ne-ne bitiklar ham yoʻqdir, vassalom
Dunyoda faqat bir sobit suxan bor:
U oʻz farzandingga oʻzing qoʻygan nom.
Koʻrdim
Soddadil odamni juda kam koʻrdim,
Borin ham shikasta, koʻzin nam koʻrdim
Dunyoda firibgar koʻp ekan, lekin,
Ularning barchasin shod-xurram koʻrdi
El Qoʻllasa
El qoʻllasa, azizim, omon boʻlsak, aja
Qoʻllamasa — rang-roʻyi somon boʻlsak,
Elni bizdan qizgʻanib soʻz aytguvchi zo
Ular uchun bir umr yomon boʻlsak, ajabo
Guruhboz
Bitta oʻzi pashshani ham yiqolmaydi,
U joyga ham bitta oʻzi chiqolmaydi.
Qayga borsa atrofiga sherik toʻplar,
Yoʻqolsa ham bitta oʻzi yoʻqolmaydi…
* * *
Yiroq boʻl hasratdan, mungdan, koʻzyoshdan,
Sha’ningga otilgan ta’nadan, toshdan.
Magʻrur tursang agar, magʻrur degaylar,
Mutelik izlarlar fe’li yovvoshdan.
Yupanch topoldingmi, dunyoga kelib,
Ustoz yo shogirddan yoki tengdoshdan.
Qashqir toʻdasida qolgan bir otsan,
Tuyogʻing sinmasa basdir, bardoshdan.
Faqat muhabbatga topingil, ey qalb,
Sen mehr koʻrgaysan oʻshal quyoshdan.
Axir bobolar ham demishlar qadim:
Muhabbat yaratgan dunyoni boshdan.
* * *
Bahor kelayotir,
Toza, musaffo.
Moviy kengliklarda oʻynaydi shamol.
Daralar qoʻynida zangor bir havo,
Tumanli shahr ichra yotmoqlik malol.
Qoyalar koʻksida shodmon, beqaygʻu
Oniy umri bilan sollanar chechak.
Bahor — eng pokiza shabbodadir bu,
Bahor — eng toza bir shamoldir demak.
Kengliklar bagʻriga uraman oʻzni,
Koʻzimga koʻringay dilbar diyorim.
Goʻdak nafasidek yupatar yuzni
Qish boʻyi intizor kutgan bahorim.
Bahor-ku oʻtadi shamoldek shitob,
Mayli oʻtajak u va oʻtar boʻlsin.
Azizim, umringda havo boʻlsin sof,
Umring shamollari muattar boʻlsin…
* * *
Har Nechuk…
Dunyoda har kimning bor oʻz matlabi,
Tuya soʻrab boʻlmas echkiboqardan.
Pismiqdan faylasuf chiqmagan kabi,
Haqgoʻy ham chiqmaydi betgachopardan.
Kim oʻzar oʻynasang toshbaqa bilan,
Boʻyningga olursan unga tenglikni.
Dunyoning ishlari shunaqa ekan,
Har nechuk odat qil fe’li kenglikni.
Turgʻunboy
Ish axtarib Turgʻunboy
Necha kunki sarsondir.
Omadining teskari
Yurishidan hayrondir.
Yoʻqsa, bajo qilingan
Barcha tartib-qoida!
Hujjatlari bir talay,
Propiska joyida.
Qayga borsa keling, deb
Xushnud qarshi olishar.
Lekin suhbat soʻngida
Oʻylanishib qolishar.
— Afsus, afsus, — deyishar,.
Tagʻin bir oz kutgaysiz,
Va’da bergan boʻlsak gar
Bizni ma’zur tutgaysiz.
Ish axtarib Turgʻunboy
Necha kunki sarsondir.
Omadining teskari
Yurishidan hayrondir.
Turgʻunboyga shum taqdir
Sira shafqat qilmaydi.
Pora beray, der, ammo
Usulini bilmaydi.
Tik turgancha boshliqqa
Shikoyatin soʻzladi.
Koʻrgan-kechirgan barcha
Hikoyatin soʻzladi.
Dedi: — Aybim nimadir,
Bilolmayin hayronman.
Shu mushkulning chorasin
Qilolmayin hayronman.
Boshliq uzoq oʻyladi,
Hujjatlarni varaqlab.
Soʻng xazina topganday
Soʻz boshladi charaqlab:
— Hujjatlar-ku joyida,
Tuppa-tuzuk jismingiz.
Faqat bir gap: bizlarga
Toʻgʻri kelmas ismingiz.
Afsus, qayta qurishning
Oʻtmabsiz yoʻllarini.
Turgʻun ismi eslatar
Turgʻunlik yillarini.
Turgʻunboyning nogahon
Yorishdi oʻksuk dili.
— Bor-yoʻq aybim shumi, — deb,
Kalomga keldi tili.
Dedi: — Nainki ismim,
Olamdan ham tonurman.
Ismim Turgʻunboy emas,
Mayli, Urgʻunboy boʻlsin.
Urgʻunboyga munosib
Vazifani topdilar.
Turgʻunlikning yana bir
Sahifasin yopdilar.
Majlislarda endi u
Fursat poylab turadi.
Ur, desa bas, Urgʻunboy
Duch kelganni uradi.
* * *
Bir vaqt boshoq edim, qirlarda oʻsdim,
Soʻng yaxlit don boʻlib qoʻlingga tushdim…
Keyin-chi, tashlading tegirmonga sen,
Taftingda un boʻlib turibman, doʻstim.
Baxtli Odam
Tashvishga chulgʻanib qoldi bu yurak,
Tashvishlar koʻpaydi haddan ziyoda.
Beshigida yotgan goʻdakdan boʻlak,
Tugal baxtli odam yoʻqdir dunyoda.
Mard Boʻlsang
Qadimdan bir gapni uqdirar hayot:
Mard boʻlsang, oʻz toʻgʻri yoʻlingdan qolma.
Oʻladigan boʻlsang oʻz goʻringda yot,
Birovning mozorin egallab olma.
Taassurot
Tabiat kimga koʻp yo oz beribdi,
Kimgadir xalachoʻp yo soz beribdi,
Vo ajab, mana bu mashshoq gadoyga
Tengi yoʻq shohona ovoz beribdi.
* * *
Har gal ayyomlarni aylarman tavob
Garchand biri moddiy, oʻzgasi sarob
Shoʻrlik ona zamin birlikka zor-k
Unga talpinish ham, demak, zoʻr sav
* * *
May asli pokdomon dilga arzirlik,
Zahmatkash, mehnatkash elga arzirlik
Bayram-ku, har kuni kelavermaydi.
Lekin zavqi qolar yilga arzirlik!
Umr
Inson tugʻiladi asli belibos,
Bir parcha et boʻlib kelar jahonga,
Libosu hashamdan boʻlgay u xalos,
Ketar chogʻida ham soʻnggi makonga.
Lekin oʻrtadagi umr-chi, umr…
Oʻchmas tamgʻa boʻlib qolgay to abad.
Balki yogʻar unga rahmat degan nur,
Balki koʻmar uni malomat, nafrat.
Oʻgʻlim Ilhomjonga
Umr oʻtayotir,
Hushyor boʻl, bolam,
Endi qaqshayotir otang asabi.
Malol kelayotir hatto baytlar ham
Omoch tortayotgan qoʻsh hoʻkiz kabi.
Tashqarida sekin qoraymoqda kuz,
Barglarni zil havo kelmoqda bosib
Tomay-tomay degan tomchiday yulduz
Mening ruhiyamga gʻoyat munosib.
Nimani koʻrdim men yorugʻ dunyoda,
Nahot shuncha ogʻir tiriklik ishi.
Dardim yetmaganday, undan ziyoda
Jajji opalaring cheksiz tashvishi
Yolgʻizlik, nadomat, ogʻriq, xusumat
Umr yoʻllarimni burjga tiqdilar.
Taqirda oʻstirgan edim bir daraxt
Mevamni terdilar, soʻngra yiqdilar
Charchoq yengayotir, unutma bolam,
Ehtiyot boq endi oʻngu hushimga.
Orom olsam agar, niyat qil har dam
Yorugʻ kunlar kirsin mening tushimga.
Malak
Nechun oʻgʻirlading oʻyu fikrimni,
Nechun xayolimni aylading sarson.
Endi men bilmasman borar yerimni,
Endi tuygʻularim qoldi sargardon.
Seni koʻrgandayman tushimda faqat,
Uchib oʻtgandaysan misoli yulduz.
Samoviy moʻ’jiza, ilohiy tal’at,
Tengi yoʻq bir malak, qoshlari qunduz.
Nasib etarmikan biror kun visol,
Nasib etarmikan tutmoq qoʻlingni.
Va yo noshud qolgan munajjim misol,
Poylab oʻtarmanmi qaytar yoʻlingni…
* * *
Soch ham toʻkilmoqda, omonatdir tish,
Izgʻirin yurakka urayotir nish,
Bahorim betoʻxtov qish tomon oʻtdi,
Yoz, kuzni qisqartdi mashaqqat, tashvi
Biz
Biz avval ham yomon edik, hanuz yomonmiz,
Rahmon boqmas, iblis yoqmas shoʻrlik inson
Soʻz soʻzlasak — mahmadona, jim tursak — so
Shu tariqa, na bugʻdoymiz va na somonmiz.
Taraqqiyot
Hozir gadolar ham gʻoyat mukammal,
Ishni diplomatik yoʻldan boshlaydi.
Egasidan u-bu soʻrashdan avval
Itiga, albatta, suyak tashlaydi.
Gap Bitta
Parvo qilma, boʻlmaganni boʻldiramiz,
Paymonasi toʻlmaganni toʻldiramiz.
Bir zamonlar otar edik, osar edik,
Endi esa majlis qilib oʻldiramiz.
Oʻzimiz
Sen bizni kechirgin, ey Navroʻzimiz,
Gʻaflatda chalgʻidi ul kun koʻzimiz.
Yuzingga shapaloq tortib yubordik,
Shoʻrpaxta bosamiz endi oʻzimiz.
Doʻrmonda Kuz
Bogʻimda mushuklar qoldirgan edim,
Daydib ketibdilar bechoralarim.
Barglarin toʻkmoqda daraxtlar qadim,
U bilan toʻkilar ezgu dardlarim.
Senga salom deyman soʻng bor, behijon
Endi yerga yotding, soyabonim barg.
Nechun oʻksik qolding, chinor, jonajon
Bogʻlarga nahotki keldi bodi marg.
Argʻuvon gullardi bu yerda abad,
Bu yerda kuylardi azal bulbullar.
Qushlarim, siz bizni tark etmang minut
Tagʻin ochilingiz bizning ey, gullar.
Sira koʻz tegmasin qizgʻin ulfatga,
Qishda ham yashnaylik samoviy oydek.
Sizni taklif etar she’riy suhbatga
Mirtemir, Shayxzoda, albatta, Oybek.
Qush Tili
1
Boʻron, sen sham uzra guvlayverma, bas,
Arslondek oʻkirib chekaverma sas.
Shamni oʻchirmoqlik juda ham oson,
Unga yetar bitta «puf» degan nafas.
2
Fe’lini kuzatib sodda bolamning,
Tashvishin oʻylayman chigal olamning.
Soddalik yaxshi-ku, lekin koʻpincha
Ishi yurisharkan qitmir odamning.
3
Qushlarning tilida faqat bir oyat,
U inson uchun ham ibratdir gʻoyat.
Qushlar der:. Iloyim, qafasga tushma,
Tushgan boʻlsang gar, chiqqil nihoyat.
4
Bir hazil toʻqidim bugun senga deb,
Chaqaloq yigʻlaydi nega .inga. deb.
Inga-inga. sining ma’nosi shulki,
Da’vo qilayotir .menga., .menga. deb.
5
Mayliga, raqibing boʻlsin har nima,
Nazar sol hattoki yetti qat yerga,
Qiyos topilgaydir oʻtgan umrga:
Oltinga aylangan yaxshilar xoki,
7
Bir dono bazmining guvohi boʻldim,
Shodumon davrada oʻynadim, kuldim.
Bazmining boisin soʻrasam, dedi:
— Bugun men nodondan qochib qutuldi
8
Azaliy haq gapni yashirmoq nechun
Zavol yoʻq eng asl iste’dod uchun.
Agarda koinot tegirmon boʻlib,
Olamni yanchsa ham, qolgay u butun.
9
Eski alifboni dilga qilsang jo,
Mana bu hikmatni unutma aslo:
Egri niyatiyu yuvuqsiz qoʻlni
Sira yoqtirmaydi oʻsha alifbo.
10
Xalqim deb yugurar hovuchlab jonin,
Xalqiga bagʻishlar shuhratin-shonin.
Lekin shu chopishda keta-ketguncha,
Tozalab boradi xalqning hamyonin.
Eng Qulay Javob
— Bilaman, dunyoning bor baland-pasti,
Bularsiz yuksalish boʻlmagay asti.
Lekin, ey faylasuf, menga javob ber,
Nechun yaxshilikning qisqadir dasti.
Xayoling behuda gap bilan banddir.
Eng oddiy jumboq ham senga kamanddir.
Mayli, qulogʻingga aytay, ey shoir,
Chunki yomonlikning qoʻli balanddir.
Irim (Hazil)
Kim nimani aylasa armon,
Qoʻmsab kelgan oʻshani azal.
Ataganlar qizni Oʻgʻilxon,
Bu — oʻgʻilga ishora, masal.
Hozir mehr bulogʻi tindi,
Bu holni ham irimga yoʻying.
Qizlaringiz tugʻilsa endi,
Nomlarini Mehrixon qoʻying.
Toqat
Bozordan tutoqib qaytar uyga chol,
Goʻsht qayda? Yogʻ qani? Va’da soʻzdami?
Kampiri xoʻrsinib yupatar darhol:
— Oʻkinmang, taqchillik faqat bizdami?
Yonboshlab gazeta varaqlaydi chol,
Toʻpolon chiqibdi zavod, Vuzdami.
Kampiri yupatar surgancha xayol:
— Oʻylamang, janjal ham faqat bizdami?
Oqshom televizor koʻrayotib chol
Birdan sapchib tushar. Esi oʻzdami?
— Davlatga tosh otdi kimdir bemalol
Kampiri yupatar: faqat bizdami?!
Toqatim toq boʻldi, deydi endi chol,
Toqat yurakdami? Toqat koʻzdami?
Kampiri yer chizib shivirlar behol:
Chidang-da, toqat ham faqat bizdami?!
Taskin
Atir hidi bilan borma mozorga,
Bormagin u tomon kiyinib bashang.
Alam qilar yotgan har bir xoksorga,
Ularning xoʻrligi oshadi, bilsang.
Axir koʻngillari ularning yarim,
Axir, aslo oʻlmas hayot degan oʻy.
Degil:. Havas qilmang, birodarlarim
Bir kun yoningizga kelurman, deb qoʻy.
Bu Yoʻllar
Bu yoʻllar xayoldek bilmas intiho,
Shoshilar oʻzining manzilotiga.
Bu yoʻllar eltadi na Makka, na yo
Birlashgan Millatlar Tashkilotiga.
Bu yoʻllar dunyoni tinmay aylanib,
Intilar sirli bir koʻngil qulfiga.
Axiyri tasmadek qolar boylanib
Seningdek goʻzalning qora zulfiga.
E’tiqod (Shu Kunning Rivoyati)
Mahshar yaqin qoldi,
Qiyomat yaqin,
Ota bilan oʻgʻil bir-biriga yov.
Samovot boshida chaqsa ham chaqin,
Hech kimsa hayiqmas, qoʻrqmaydi birov.
Ogʻizda bol kabi turgan bu til ham
Zaharga aylangan, nishga aylangan.
Dilbarlar chashmini kuylagan qalam
Koʻzlarni oʻyishga endi shaylangan.
Oʻgʻlim libosimni burdalab ketgan,
Tavba, deb ushlashga qolmagan yoqa.
Malomat pichogʻi suyakka yetgan,
Qalqonlar teshilgan, otlar betaqa..
Oʻt bosgan qabrning tepasida chol
Gʻarq boʻlib turardi shundoq oʻylarga.
Dam-badam oʻtmishga eltardi xayol,
Eltardi kurashlar, aza, toʻylarga.
Qabrdan bir ovoz chiqdi-ku, shu choq,
Hazin va gʻazabnok, dardli, shiddatkor:
Mahshar yaqin emas, qiyomat uzoq,
Hamma balolarga oʻzingsan aybdor.
Oʻgʻlingga topilgay qilichu qalqon,
Taqalab bergaysan bir kun otini.
Sizlar chi, bir kun toʻq, bir kun yupun
Tashvishingiz yoʻqdir vujuddan boʻlak
Tindi iztirobli qabrning sasi,
Nima bu? Roʻyomi? Vasvasmi? Gumon?
Chol endi, ichiga tushib nafasi
Ketdi, uyigamas, raykomga tomon.
Maymuniyat
Turib-turib maymun bir kun boshin qashladi
Va maymuniy rejalarni tuza boshladi.
Dedi: — Shukr, oʻlib ketmish Gulxaniy bobo
Demak bizning davrimiz ham kelmish mutlaqo.
Krilov ham marhum emish allaqachonlar,
Oʻzimizga qolgan demak endi zamonlar.
Ne qilsak ham qoʻlimizda inon-ixtiyor,
Bizning yoʻlni toʻsolguvchi endi kim ham bor
Shundoq deya maymun shirin oʻylarga bordi,
Soʻng tavakkal… shoirlikni boshlab yubordi
Maymunona fikrlardan nazm tizdi u,
Oʻrmon boʻylab kecha-kunduz izgʻib kezdi u.
Qarasaki ishlar tuzuk, ilhomlar ravon,
Mushugini .pisht. demaydi, birorta hayvon
Madaniyat sohasida kerak boʻlar der,
Uni bir kun qabul qildi hatto janob sher.
Siylandi u, ibrat uchun unvon berildi,
Maymun esa kerilgandan endi kerildi.
Hayvon zotin mensimayin qoʻydi u butkul,
Biz maymunlar, deb boshlardi nutqini nuqul
Lablarida kamtarona bir mamnuniyat,
Derdi: — Olam gultojimiz biz maymuniyat,
Oh, insonlar. Qilolmasman ularga toqat.
Shu borada maymun chora izlardi faqat.
Oxir oʻylab maymun topdi shundoq naqlni:
Insonlarning orasida Darvin, aqlli,
Toping uni. Ulugʻ olim bizni alqagan,
Gulxaniy ham, Krilov ham bizdan tarqagan.
Bor Gap
Qanchalik iroda, qancha kuch kerak,
Maysani toptamay oʻtmoqlik uchun.
Qanchalik iroda, qancha kuch kerak,
Farzanding gunohin yutmoqlik uchun.
Qanchalik iroda, qancha kuch kerak,
Noravo Vatanni sevmoqlik uchun.
Qanchalik iroda, qancha kuch kerak,
Noraso elga soʻz demoqlik uchun.
Bularning baridan boʻlmoq-chun xalos,
Ikki gaz argʻamchi yetgaydir, xolos.
Taraqqiyot
Ovchilar maqtangan qadim zamonda
Boʻza va nosvoyning kayfini surib:
— Falon yil, falon payt, falon dov
Eng katta olqorni olganman urib.
Eng yuksak choʻqqini zabt etgan sayyoh
Gʻurur bilan degan oʻlganga qadar:
— Aziz nabiralar, siz bilmaysiz, oh,
Men oʻsha choʻqqida quchganman zafar.
Me’morlar ham yashar asrma-asr,
Ularning faxri ham shundan iborat:
— Men bunyod etganman eng yuksak qasr
Mening ijodimdir eng zoʻr imorat.
Taraqqiyot ekan, zamonlar kelib,
Orzu bosib ketdi butun olamni.
Hozir maqtanishar: — Qoʻyingiz biling
Men badnom qilganman eng zoʻr Odamni.
Begonalik
Yoy oʻqi kamondan qochadi yiroq.
Togʻlardan qochadi daryo va buloq.
Bulutlar bagʻridan qochadi yomgʻir,
Sukunatdan qochib shamollar sangʻir.
Nafis chechaklarning xushboʻy atri ham
Gʻunchalar qoʻynidan qochar damodam.
Har toʻlqin boʻshliqqa quchogʻin ochar,
Vahshiy qoyalarga bosh urib qochar.
Burgut panjasini yerdan uzgan on,
Tovushqon qochadi butazor tomon.
Ogoh boʻlsang agar olam siridan
Dunyolar ham qochar biri-biridan.
Shu taxlit yashaydi buyuk koinot,
Manzilin topolmas idroksiz hayot.
Yiroq yiroq tushsa insondan inson,
Bu holning sharhiga ne deysan, ey jon!
Ona farzandiga quchogʻin ochsa,
Farzand-chi, onadan ming farsah qochsa.
Qochsa bir-biridan oʻgʻil ham padar,
Yodini unutgan telbalar qadar.
Qovushmasa insof, ezgulik, sabot,
Men buning sababin bilmasman, hayhot.
Tafakkur basharga garchi yalovdir,
Nechuk odam qavmi odamga yovdir.
Javob berar bunga na yer, na osmon,
Na Budda, Na Zardoʻsht, na Injil, Qur’on.
Endi bandalarga oʻzing qil shafqat,
Ey oliy joziba — Sirli Muhabbat!
Tovlamachi Kimsalarga
Har bir tashabbusning bor oʻz zamoni,
Yaxshi tomoniyu yomon tomoni.
Zamondan orqada qolib ketmay, deb
Shirkat tuzib olmish gala moʻltoni.
Ular ostonangda yotib olarlar,
Oʻligin yelkangga ortib olarlar.
Tilagan narsasin bersang berding-ku,
Bermasang, koʻplashib, tortib olarlar.
Shoir (Hazil)
E’lon ossang agar biror shaharda,
Esi butun odam kerak deb shu on.
Talotoʻp boʻlgandek roʻzi mahsharda,
Yopirilib kelardi odamlar gʻujgʻon.
E’lon ossang agar shaharda shu kun,
Jununvash, devona kimsaga doir.
Tarqab ketar edi qolganlar, butun,
Faqat qolar edi «U men», — deb, shoir!..
Yolgʻiz Askar
Botir koʻkragidan oʻq yedi bir kun,
Vo, orqam! — dediyu tortdi choʻng na’ra.
Yov taraf soʻradi: — Orqam, deb nechun
Oh chekding, koʻksingdan ochdik-ku yara.
Botir shivirladi: Men — yolgʻiz askar,
Yoʻqsa, ustimga ot sololmasdingiz.
Orqamda doʻstlarim boʻlganda agar
Koʻksimni nishonga ololmasdingiz.
Oxirat
Nimadandir gʻashdir koʻngillar,
Tikanakka burkanmish gullar.
Boqqa nogoh adashib kirsang,
Gʻazab bilan sayrar bulbullar.
Qonga toʻlmish Mirrixning koʻzi,
Ummonlarning sachraydi tuzi.
Allaqachon bol tommas tildan,
Shoirlarning zaqqumdir soʻzi.
Yoʻlga boqsang koʻringaydir jar,
Goʻdaklarning tushida ajdar.
Tuni boʻyi yigitlar bedor,
Yostiqlarin tagida xanjar.
Bilib boʻlmas _ kimda bor imkon,
Olagʻovur mahshardir zamon.
Ne qilarin bilmay hayratda
Dengiz kabi qalqir olomon.
Xabar bordir na doʻst, na yordan,
Na doʻstu yor, balki, diyordan.
Yolgʻiz Hazrat mehrob qoshida
Madad tilar parvardigordan.
Baxtsiz Farishta
Ma’sum farishtalar — goʻdaklar bari
Bulutlar ustida uchib yuribdi.
Jannatning hayotbaxsh shabbodalari
Parquv qanotlarin yelpib turibdi.
Kunlari kechardi baxtli va shodon,
Abadiy rohatga barchasi noil.
Faqat bir farishta yashardi nolon,
Faqat bir farishta qaygʻuga moyil.
Sira yozilmasdi koʻngil chigili,
Mungligʻ koʻzlarida dunyoviy alam.
Taskin berolmasdi behishtning guli,
Taftin bosolmasdi kavsar suvi ham.
Bir kun soʻradilar: — Ma’yussan nechun
Axir sen — begunoh, sen yaxlit savob!
Bolakay farishta uh tortdi uzun,
Soʻng sekin shivirlab, ayladi javob:
— Meni ota-onam ketgandi tashlab,
Doʻzaxda yonmoqda ular beomon.
Shul sabab gʻamginman, koʻzimni yoshlab
Ularga tilayman shafqat va imon.
Yulduz Qazosi
Qazo qildi koʻkda bir yulduz,
Koinotda aza ochildi.
Uzoq-yaqin dunyolarning oʻz —
Ta’ziya toshlari sochildi.
Qora kiydi bir nafas quyosh,
Mungʻaygancha Oy qaltiradi.
Zuhra yulduz berolmay bardosh
Koʻzlarida yosh yaltiradi.
Ular kimga dillarin yorar,
Cheksiz zulmat oʻngu soʻlida.
Tobutni jim koʻtarib borar
Gʻuj boʻlgancha Somon yoʻlida…
Yuragimning Tubida Bir Nom
Yuragimning tubida bir nom,
Takrorlayman ohista:
Niyatingga yetib yur mudom,
Koʻz tegmasin senga, Shohista.
Men shoirman, forigʻ qil aybdan,
Bayon etsam koʻngil maylini.
Ajab emas, Alisher gʻaybdan
Koʻrgan boʻlsa senda Laylini.
Ismin yozsa chaqnasin qalam,
Bosgan izing gullarga toʻlsin.
Seningdayin pariroʻy sanam
Bir Majnunga muborak boʻlsin.
Yuragimning tubida bir nom,
Takrorlayman uni ohista.
Niyatingga yetib yur mudom,
Koʻz tegmasin senga, Shohista.
Sabablari Qidirilmoqda
Odamlar och,
Kolbasa lekin
Kuchuklarga yedirilmoqda.
Sharh etamiz bu holni sekin:
Sabablari qidirilmoqda.
Oʻldirmoqda aka-ukani,
Oilalar yemirilmoqda.
Sababini kim aytar, qani?
Sabablari qidirilmoqda.
Samolyotni opqochdi birov,
Norozilik bildirilmoqda.
Javobimiz tayyordir darrov:
Sabablari qidirilmoqda.
Yer yuzidan katta bir davlat
Shitob bilan sidirilmoqda.
Biz-chi majlis qilamiz faqat:
Sabablari qidirilmoqda.
* * *
Dunyoning gʻalati yoʻrigʻiga boq,
Kimga aysh tashnayu kimga dor mushtoq
Lekin hammasidan ma’no bittadir:
Qurbon oldin ketar, jallod keyinroq.
* * *
Shudgorda qargʻalar toʻdasin koʻrsang,
Sira ajablanma, boʻlma hangu mang.
Sen yerni agʻdarib, shudgor qilgan chogʻ
Yuzaga chiqqandi qurtu chuvalchang.
* * *
Bahor! Sendan xushnud jami kor ahli
Xususan shod erur xoksor ahli.
Chunki tashrifingdan dil erib, zora,
Odamga oʻxshasa amaldor ahli.
* * *
Bolaga oʻxshaydi, deydilar xalqni,
Bu gapni aytganlar, ehtimol haqdir.
Lekin takrorlayman men ham bir haq
Axir, bolalarning oʻzi ham xalqdir.
* * *
Har gal ayyomlarni aylarman tavob,
Garchand biri moddiy, oʻzgasi sarob.
Shoʻrlik ona zamin birlikka zor-ku,
Unga talpinish ham, demak, zoʻr savob!
* * *
Tabiat kimga koʻp yo oz beribdi,
Kimgadir xala choʻp yo soz beribdi.
Vo ajab, mana bu mashshoq gadoyga,
Tengi yoʻq shohona ovoz beribdi.
* * *
Ranjima toleing kulmasa agar,
Inson borin koʻrar, oʻlmasa agar.
Shoir ham ijoddan qolmagay aslo,
Nogoh paymonasi toʻlmasa agar.
* * *
Qah-qah urar boʻlsam, vijdonimdan me
Mehnatim evazin soʻrab olurman.
Benaf oʻtgan damlar, men sizning uchun
Hayhot, qabrimga ham yigʻlab borurma
Erk Haqqi
Qadimiy bobo yurtim,
Qutlugʻ boʻlsin yaloving,
Oʻylay-oʻylay tashlagan
Qadam muborak boʻlsin.
Tagʻin gurillab yongay
Oʻchmagan qalb oloving,
Erk haqqiga ichilgan
Qasam muborak boʻlsin.
Kimsaga yomonlikni
Koʻrmagansan hech ravo,
Lekin shum qutqulardan
Chiqmadi shoʻrlik boshing,
Endi seni qoʻllasin
Zafar oʻzi doimo,
Safaring bexataru
Xizr boʻlsin yoʻldoshing.
Fojia
Baxtlidir, oʻz davrin zavolin koʻrmay
Yoʻqlikka ravona boʻlolgan inson.
Baxtlidir, yanglishib ekkanin oʻrmay,
Shudgorin qaytadan boshlagan dehqon.
Moʻysafid jangchiga qarayman gʻamgin
Koʻksida nishonu koʻcha-koʻyda xor.
Unga na oʻtmishi berolgay taskin,
Va na kelajakdan zarra umid bor.
Nahot oʻtgan umr butkul havoyi,
Nahot koʻrganlarin barchasi sarob.
Nahot yetmish toʻrt yil sigʻingan joyi
Manfur manzil boʻlsa, jirkanch va xarob.
Avliyo degani — yovuz jodugar,
Dohiy deganlari — kallakesar zot.
Nabirang oʻzingga tutsa ogʻu gar,
Dardingni kimga ham degaysan, hayhot.
Shahid ketmasmidi oʻsha jang chogʻi
Fidoyi bir askar nomini olib.
Bugun na qalqon bor, na bor yarogʻi,
Magʻlubdan sadaqa soʻraydi gʻolib.
Olamda fojia koʻp erur, biroq,
Bunisin alami haddan ziyoda,
Oh, nechogʻ dahshatdir, tirik turgan cho
Umring oyoqosti boʻlsa dunyoda…
Hayot Saboqlari
Ikki ogʻa-ini yovlashdi bir kun,
Ikkovlon sigʻmadi bitta makonga.
Nainki bir makon, tor boʻldi ochun,
Ketdi ikkisi ham ikki tomonga.
Oylar, yillar oʻtdi oradan qancha,
Axir bir-birlarin topdilar omon.
Titroq yelkalarga boshin qoʻygancha
Hoʻng-hoʻng yigʻlashdilar goʻdaklarsimon.
Xoʻsh, nima boʻlibdi, dersiz, albatta,
Kammi bu dunyoda ahil, noahil.
Lekin, nahot deyman, faqat kulfatda
Namoyon boʻladi muhabbat asl.
Anglamoq istayman bu holning sirin
Boqib atrofimga men gohi onlar.
Bunda koʻrib tursa ular bir-birin
Balki yeb qoʻyardi allaqachonlar…
Vafo Qilurmisan, Bahorim
Ruhimda yoʻqoldi qarorim,
Tanimda qolmadi madorim.
Bizlarni bir yoʻqlab kelibsan,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
Yoz oʻtdi, kuz oʻtdi, qish oʻtdi,
Boshlardan sinovli ish oʻtdi.
Yurakka izgʻirin — nish oʻtdi,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
Yam-yashil qirlarni sogʻindim,
Chechakzor yerlarni sogʻindim,
U inja sirlarni sogʻindim,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
Lolaning lablari xandadir,
Dogʻi ham tubida — andadir.
Qxshashi ruh ila tandadir,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
Intiqmiz doʻst bilan, yor bilan,
She’r bilan, soz bilan — tor bilan,
Diydorlash bizningdek xor bilan,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
Ka’batulloh
Hanuz biri ikki boʻlmagan eldan
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Bagʻri xun, tolei kulmagan eldan
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Bir zamon uning ham boʻlgan qudrati,
Dunyoni yoritgan zehni, fikrati.
Hatto qirgʻoqlarni buzgan shiddati,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Tegirmon toshidek aylandi taqdir,
Karvonlar toʻzgʻidi, sarbonlar soʻqir.
Bandi boʻlgan edi ulugʻ yurt, axir,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Avj oldi igʻvoyu firib, razolat,
Yigʻladi bir chetda yetim adolat.
Bormi saodatga, axir, kafolat,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Xor boʻldi Vatanda kimki ilmi bor,
Birovlar zar bilan topdi e’tibor.
Hiylagar koʻpaydi, koʻpaydi makkor,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Duch kelgan sanamga sigʻindik gohi,
Bizga keng ochildi Shayton dargohi.
Axir, nima edi elning gunohi,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Magar boʻri ekan odamga odam,
Bir-birin boshini yegay damodam
Haqiqat yoʻq joyda yashnagay yolgʻon,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Qay zamon odamlar bad fe’lin sezdim
Vafoli doʻst izlab dunyoni kezdim.
Topmadim, topmadim, baridan bezdim
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Qoshingda tiz choʻkib turibman shu dam
Dilimda iltijo, qoʻlimda qalam.
Shafqating ayama mendan ham, Egam,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh
Shukrona ayturman oʻzingga, yo Rabb,
Yuz burdik hidoyat yoʻliga qarab.
Haq degan yurtimning baxtini soʻrab
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh
Ka’baning muqaddas namozgohida
Ming-minglab moʻ’minlar yukinmoqqa shay.
Saflar orasida gohi-gohida
Koʻrinib qoladi bitta bolakay.
Kimdir uzatardi sadaqa — riyol,
Biroq ehsonga u qilmasdi ruju.
Qop-qora koʻzida cheksiz mung, xayol,
Lablarida esa hazin, nim kulgu.
Jim boqar, ishlari goʻyo sarishta,
Faqat nigohida oʻtinch porlardi.
Mening nazarimda u bir farishta,
Mehru saxovatga unsiz chorlardi.
Necha ming musulmon tunu kun bedor,
Ka’ba atrofini tinmay aylanar,
Barchasin murodi ilohiy diydor,
Sajdaga har biri har zum shaylanar.
Olam ummon boʻlsa — girdobi shu joy
Olam osmon boʻlsa — mehvari bunda.
Milyard martabali jahon, hoynahoy,
Kemadek qalqadi bitta toʻlqinda.
Yer uzra tariqday sochilgan inson,
Bir qushning oldiga kelib tizilmish
Abasdir bu joyda millat, irq, lison.
Zamin yoʻriqlari bunda buzilmish.
Bu joyning bor erur na Qorabogʻi,
Na Oʻzgan, na Oʻshu Fargʻonasi bor.
Allohning oʻzidir yolgʻiz charogʻi,
Charogʻning hisobsiz parvonasi bor.
Hatto nafrat mushti bunda tugilgay,
Axir yagonadir bu yerda maqsad.
Sigʻinsang — gunohing duv-duv toʻkilga
Iymonsiz bandaga yoʻq lekin shafqat.
Shunchalar mukammal Alloh dargohi,
Magʻfirat qil, deya dilni tigʻladim.
Har yondan taralar moʻminlar ohi,
To tongga qadarli yum-yum yigʻladim.
Qochgan ham, quvgan ham Allohim deydi
Qochgan ham, quvgan ham emasman, doʻstim.
Mening iztirobim shul Inson edi,
Insondan oʻzgani demasman, doʻstim.
Inson-chi, to hanuz yovuz va gʻaddor,
Bir-birin tinimsiz tortadi chohga.
Bundayin qismatga koʻnikmoq dushvor
Netay, hasratimni deyman Allohga.
Ka’ba qopqasida turgan, ey posbon,
Avval onalarning ochgin yoʻllarin.
Onalar poyiga tiz choʻk oʻshal on,
Tavof qil, koʻzga surt, oʻpgin qoʻllarin.
Hojar onamizning nidosi sabab
Ka’bada koʻz ochgan Obi Zam-zam ham.
Bir umr talpinmish onaga qarab,
Ne-ne paygʻambarlar koʻzlarida nam.
Qavmimni ranjitib qoʻymayin, ammo
Tobut yasab kelgan er zoti doim.
Onalar bagʻriga faqat beshik jo,
Hayotbaxsh allalar aytgan, muloyim.
Shoʻrlik odamzodning tolei uchun
Eng avval onalar qilsin ibodat.
Zora, gunohlardan pok boʻlgay ochun,
Onalar oʻtinchi topib ijobat.
Ka’ba qopqasida turgan, ey posbon,
Avval onalarning ochgin yoʻllarin.
Onalar poyiga tiz choʻk oʻshal on,
Tavof qil, koʻzga surt, oʻpgin qoʻllarin
Arofat togʻining etaklarida
Koʻrdim qiyomatning alomatlarin.
Hamma bir xil libos — ehrom sarida,
Qaytadan varaqlar umr daftarin.
Yoʻqdir birov bilan birovning ishi,
Ayqash-uyqash boʻlmish yer bilan osmon.
Har kimning ichida dardi, tashvishi,
Shukrona aytmasang osiysan shu on.
Majruh boladan to munkillagan chol,
Labbayka, Alloh, deb qilar iltijo.
Kimdir tashnalikdan ingraydi behol,
Kimningdir hayoti shul yerda ado.
Namoz vaqti kelar, tumonat muslim
Sajdaga egilar, koʻzda jiqqa yosh.
Men ham safim bilan tiz choʻkaman jim,
Balki men ham qayta koʻtarmasman bosh…
Qiyomat nima deb soʻrama endi,
Uning bir sahnasin koʻrsatdi Alloh.
Shoʻr dengiz tonggacha qaynadi, tindi,
Sinovdan oʻtganim rost boʻlsin, valloh!
Umrning yarmini oʻtdik amallab,
Qolgan yarmiga ham podshodir xudo.
Faqat ayriliqdan asragin, yo Rabb
Doʻstu yoronlardan qilmagin judo.
Gʻanimlar makrini oʻylasang agar
Dunyodan yashamay ketgan yaxshiroq.
Ba’zan dil uyingni aylar munavvar
Yetti yot begona yoqqan bir chiroq.
Muhtoj boʻlganingda silaydi boshing
Oʻzi muhtoj boʻlgan tanti mardumlar.
Oʻlim tilaganda tirik safdoshing,
Hayotga qaytarar seni marhumlar.
Halollik Islomda eng oliy matlab,
Toʻgʻrilik Muslimning asl gultoji.
Bir kuni oʻrtada Shayton oralab,
Hojining hamyonin urdi-ku hoji.
Qaysi bir oʻlkadan kelgan keksa chol,
Bor-yoʻq bisotidan boʻldi mosuvo.
Ne qilsin? Chorasiz tura berdi lol,
Dilida shukrona, tilida duo.
Oʻgʻri hoji esa mamnun ishidan,
Tinmayin sajdaga egilar boshi.
Nobakor bandaning bu qilmishidan
Badtarroq qoraydi Ka’baning toshi!
Ehrom kiyib olgan ikki musulmon
Bir-birin soʻkishib choy talashardi.
Asli bilmasdilar, shu zum ikkovlon
Doʻzaxning tubidan joy talashardi.
Kezib bu shaharni balki horgaysan
Va lekin Allohga diling yorgaysan.
Adasha-adasha Makkani topding,
Endi adashsang gar qayga borgaysan.
Doʻst boʻlurmi bunchalar hamdam, inoq,
Bir pilikdan kuch olar ikki chiroq.
Oh, ahillik bor ekan oʻzbekda ham,
Ulgʻaying, turli yomon koʻzdin yiroq.
Bu yerga oʻgʻri ham, toʻgʻri ham kelar,
Poklanish har kimning muddaosidir.
Gunohu savobni har banda bilar,
Elning u shohidir yo gadosidir.
Hayotning oqimin toʻxtatish qiyin,
Hech kim ayri tushmas qorgan loyidan
Bir karra poklanib olgandan keyin
Ishlarin boshlaydi kelgan joyidan..
La’natlab boʻlsa ham, qargʻab boʻlsa ham,
Har kun tilovatda aytilar nomi.
Uning bosh suqmagan joyi kamdan-kam,
Ochilgan har qadah uning ham jomi…
Deydilar, norasta goʻdakni hatto
Uyquda qitiqlab kuldirar emish.
Salgina gʻaflatda qolsang mabodo,
Qilmagan ishingni qildirar emish.
Shaytonning hunari chindan rang-barang,
Sallani paytava qilib oʻratgay.
Agar sidqidildan koʻrsatsa nayrang,
Nodonni shoh qilib, yurtni soʻratgay.
Minoda Shaytonni qildik toshboʻron,
La’natga koʻmildi badbaxt u lain.
Dedik, shuncha yukning ostidan Shayton
Ming yillar chiqolmay yotmogʻi tayin.
Shodumon yoʻl oldik Vatanga qarab,
Shayton qoldi, deya chuqurda-chohda.
Manzilga qaytgandik, Shayton, vo ajab,
Bizni kutib oldi tayyoragohda.
Hikmat Sadolari
Ibodat
Dunyodan roziman dema hech qachon,
Desang ham, soʻylagil sahroga, toqqa.
Chunki seni tinglab, kimdir oʻsha on.
Nega rozisan, deb tutgay soʻroqqa.
Dunyodan norizo boʻlsang ham agar,
Soʻz dema, bardosh qil azob, firoqqa.
Chunki seni tinglab, kimlardir batta
Nega, deb albatta, tutgay soʻroqqa.
Dunyo ishlariga boqma hech hayron,
Jimgina nazar sol koʻhna bu korga.
Olis kechalari yolgʻiz qolgan on,
Dilingni och faqat Parvardigorga.
Ul kuni Muhammad — xoksor banda,
Alloh nazariga boʻlgandi noil.
Sokin hujrasida oʻychan turganda
Tushdi huzuriga Hazrat Jabroil.
Avval Muhammadning koʻksini yorib,
Shaytoniy hislarni yulib tashladi.
Soʻng Iymon nuriga hikmatni qorib,
Muhammad koʻksiga joylay boshladi.
Dedi: — Qalq oʻrningdan endi, Muham
Rasulsan, yoʻl koʻrsat jami insonga.
Noqis aqllarni hikmatga qarat,
Boshla osiylarni dinga iymonga.
Arab sahrosida yoʻl yurib karvon,
Topdi bir manzilda qoʻnim va qaror.
Horgʻin Rasululloh — ozurda ul jon,
Hordiq chiqarmoqni qildi ixtiyor.
Toʻshaksiz, taqirda yotdi yonboshlab,
Bamisli ochundan koʻngli qolgan qul.
Keldi sahobalar koʻzlarin yoshlab:
Rasululloh dedi: — Oʻylamang, aslo
Fanodan men rohat kutayotirman.
Bu dunyo daraxtning soyasi goʻyo,
Men undan ot minib oʻtayotirman.
Ramazon oyida, hayit chogʻida,
Sumalak pishirdi ahli musulmon.
Unni qovurdilar zaytun yogʻida,
Halim tayyorladi — kimda bor imkon.
Bahor keldi mana, qishdan chiqoldik,
Tergan rizq-roʻziga, ne’matga sharaf.
Togʻdayin zahmatni axir yiqoldik,
Tabiatga sharaf, himmatga sharaf.
Roʻzadan chiqqanlar, sizga ham rahmat
Qarzingiz sinovli saodat erur.
Rasululloh demish: — Sabr qil, ummat,
Moʻminlik belgisi qanoat erur.
Necha choʻllar oshib, daryolar oshib,
Bir kun kirib keldi Makkaga karvon
Dengizga yetishgan jilgʻadek shoshib,
Ummatlar yoʻl oldi Ka’baga tomon.
Ularning barchasi moʻysafid edi,
Asoga tayangan nuroniy boshlar.
Kimdir hayrat bilan ularga dedi:
Ummatlar deyishdi: — Haq yoʻli mushk
Aziyat chekkan-ku Paygʻambarimiz.
Qutlugʻ bu safarga olgan chogʻi yoʻl,
Yosh-yosh yigit edik bizning barimiz.
Joylari osmonda boʻlsa ham magar
Hazrati Odamga qiyindir gʻoyat.
Oʻng yonga boqqanda ruhlari yayrar,
Chap yonga boqqanda oʻrtanar faqat.
Bir tomon jannatning fusunkor bogʻi,
U — rohat goʻshasi, yam-yashil makon.
Bir tomon doʻzaxdir, yoʻqdir adogʻi.
U yerda abadiy azob va figʻon.
Quvnar, oʻngga boqib Hazrati Odam,
Chap yonga boqqanda oshar nolasi.
Bir nasli jannatga noil boʻlsa ham,
Doʻzaxda yonmoqda bitta bolasi.
Oldiga kelganni qaytarmay yemoq
Aslida, aqli yoʻq hayvonning ishi.
Ogʻizga kelganni qaytarmay demoq
Noqisu befahm, nodonning ishi.
Tavajjuh ayladi Tangri taolo,
Muqaddas sanaldi Inson degan nom.
Insonni e’tirof etmagan asno
Iblis ham quvildi Arshdan batamom.
Koʻzingning oʻngida oʻsgandek ekan,
Rabbim ham ogohdir har zum, har ishda
Roʻzayu parhezda muddat bor, lekin
Hamisha hazar qil harom-harishdan.
Kimdir savol berdi: — Aytgil, Muhammad,
Yolgʻiz sen Rasulsan butkul olamga.
Kimga koʻp yaxshilik aylay, oʻzing ayt,
Ota-onamgami yoxud bolamga?
Rasul javob qildi: — Tingla, birodar,
Gapimni bir bora quloqqa ilgil.
Imkon topa olsang dunyoda agar,
Oʻng avval onangga yaxshilik qilgil.
Bu hikmat sharhini oʻyladim uzoq .
Rostdan ona erur qiblai olam.
Garchi barchamiz ham padarmiz, biroq
Onadan tugʻilgan paygʻambarlar ham.
Bir kuni ranjitdi otani farzand,
Ota oʻz uyidan bosh olib ketdi.
Lekin Alloh mehri boʻlib sarbaland,
Ota Makkatulloh vasliga yetdi.
Ota figʻon chekdi Ka’ba qoshida,
Goʻyo unut boʻlgay alamlar bari.
Najot charx ursa ham garchand boshida,
Sira ketolmadi bir gapdan nari.
Ka’bani sigʻinar ekan keksa chol
Armonin oshkora aytdi olamga.
Dedi: — Ibodatim boʻlsa ham uvol,
Faqat saodat ber oʻsha bolamga.
Yovlashdi bir kuni ikki musulmon,
Oradan adolat tamoman koʻchdi,
Ular olishdilar uzoq, beomon,
Oqibat birining kallasi uchdi.
Kimdir paygʻambardan soʻradi kelib:
— Ayo, Rasululloh, aylagil javob.
Hoynahoy, raqibin qonga gʻarq qilib,
Ul kas jahannamda tortgaydir azob?
Rasululloh dedi: — U ham va bu ham
Mahkum boʻlgʻuvsidir doʻzax toʻriga.
Ikkov ham maydonga tushganlari dam
Oʻlim tilaganlar biri biriga.
Dasti qisqalarni kamsitma zinhor,
Savobning kattayu kichigi boʻlmas.
Kimningdir davlati behadu bisyor,
Va lekin baxildir, tolei kulmas.
Och qolgan goʻdakka saxovatli zot,
Yarimta xurmoni dildan ilindi.
Bilgilki, bu himmat shu zum, shu zahot,
Bus-butun savob deb qabul qilindi.
Demishlar, savob ish ofatni toʻsib,
Ezgulik yoʻliga shaylangusidir.
Eng kichik himmat ham toychoqdek oʻsib,
Tulpordek savobga aylangusidir.
Hech qachon bandaga sigʻinma, banda,
Zulm qilsa agar, zolimga la’nat.
Bitta ruh yashaydi har bitta tanda,
Insonning avliyo boʻlmogʻi gʻalat.
Garchi bu dunyoda bordir nodonlik,
Tafakkur, Aqlning koshonasi bor,
Qismatdan hech kimsa topmas omonlik
Oldinda ajalning ostonasi bor.
Sehrga nechogʻlik kaloming burma,
Lazizroq soʻz yoʻqdir Soʻzidan ortiq.
Dunyoda doʻst izlab qancha yugurma,
Azizroq doʻst yoʻqdir Oʻzidan ortiq.
Marhumlar sha’niga yomon soʻz demoq
Makruhlik sanalmish azaldan-azal.
Ey, Inson, tanangga bir zum oʻylab boq,
Kimlarni zabtiga olmabdi ajal.
Toshqin sel vahmini soy koʻtargaydir,
Hayotning zarbasin koʻtargay hayot.
Misli toy tepkisin toy koʻtargaydir,
Otning tepkisini koʻtargaydir ot.
Rasululloh demish: — Kim Haqqa yoʻldosh,
Tiriklik qadrini u aziz etdi.
Marhumning ortidan ota koʻrmang tosh,
Marhum ketadigan joyiga ketdi.
U senga koʻrsatdi hidoyat yoʻlin,
Yurgil yo yurmassan, oʻzing bil, Inson
Balki sen tutgaysan Iblisning qoʻlin
Yaratgan Xoliqqa barchasi ayon.
Pishqirgan daryoning sohilida gar
Tashnayu zor qolsang, aybdorsan oʻzing
Boshingga nogahon balolar yogʻar
Labingdan uchgan chogʻ jaholat soʻzing.
Gʻoyibdan baxt kutib oʻltirmoq nechun,
Dastingga kor berdi qalbingdagi yor.
Zaminda koʻrgazgan qilmishing uchun
Osmonni malomat qilmogʻing bekor.
Buloqdan suv ichdi hazrati Iso,
Gʻoyat totli edi bu obi hayot.
Suvni bir koʻzaga quyganda ammo
Zaqqumga aylandi u oʻsha zahot.
Hayratga tushgaydir paygʻambarlar ham,
Bu qanday sir erur? Ayon qil, yo Rabb!
Masiho nafasi yetishgani dam
Koʻzadan bir ovoz chiqdi-ku titrab:
Ayo, shirin suving boʻldimi taxir,
Dema, bu tuz ta’mi, qon achchigʻidir.
Men ham Inson edim. Koʻzaman hozir,
Suvni achchiq qilgan — jon achchigʻidir!
Jinlar bazm qilardi ovloqda, tunda,
Gulxan atrofida xurram, shodumon.
Bir botir suvoriy oʻtarkan, shunda
Bazmga nazari tushdi nogahon.
Botirni qopladi lahzalik titroq,
Soʻng gulxan ustiga ot soldi birdan,
Jinlar toʻzgʻib ketdi, bittasi biroq,
Soʻz qotdi, hayiqmay sira botirdan:
— Bundoq zugʻum qilma bizga, ey botir
Kimsaga bilmasdan bermagil ozor.
Jinlar ichida ham kofiri bordir,
Jinlar ichida ham musulmoni bor.
Bir suhbat chogʻida Hazrat paygʻambar
Oʻrtaga tashladi savol nogahon.
Aytdilar: — Zarurat tugʻilsa magar
Kimni atardingiz asl pahlavon?
Sahobalar dedi: — Har kim doimo
Chekiga tushganni kelgandir olib.
Kurash maydoniga chiqqanda ammo,
Pahlavon sanalgay kim boʻlsa gʻolib.
Rasululloh dedi: — Koʻhnadir jahon,
Turfa xil kuch-qudrat bordir odamda.
Lekin oʻz jahlini yengolgan inson
Haqiqiy pahlavon erur olamda.
Bandani xillamoq nokasning ishi,
Atoyi Haq erur tus bilan zabon.
Insonni tanitgay faqat qilmishi,
Nasoron boʻlsin u va yo musulmon.
Bir burda non soʻrab yigʻlasa goʻdak,
Diydangga kelmasa agar qatra yosh.
Masjidu cherkoving endi ne kerak,
Yaxshisi, yoʻqlikka olib ketgil bosh.
Axir Rasululloh demish-ku ul dam:
Hamisha saxovat yoʻlidan yurgil.
Mayizday qop-qora boshli habash ham
Yaxshi ish qilganda yonida turgil!
Dunyoga kelganda Inson mukarram,
Qavmlar shodlikdan chuvvos soldilar.
Baxtiyor goʻdakka aylashib karam,
Albatta momiqqa oʻrab oldilar.
Oylar, yillar oʻtdi, oʻtdi koʻp sana,
Goʻdak ham moʻysafid yoshiga yetdi.
Kuni bitganida ul banda yana
Bir parcha momiqqa oʻralib ketdi.
Hasadgoʻy kimsalar — Iblisga hamkor
Momiqqa choʻzdilar faqat qoʻllarin,
Egasin kafanga ayladilar zor,
Doʻzaxga burmoqchi boʻldi yoʻllarin.
Shamollar, shamollar, daydi shamollar,
Qaydan esganingiz bilolmay dogʻman.
Siz bilan chulgʻanur ne-ne xayollar,
Sizning qarshingizda sham yo charogʻman.
Arab sahrosidan esgan, ey samum,
Hovurding kimlarning tuygʻularini.
Shahidlar uchun goh boʻlding tayammum,
Qumlarga dafn etding orzularini.
Shamol esganida hazrat Paygʻambar
Mudom toʻlgʻanardi dilgir, betoqat.
Der edi: — Har qanday shamol muqarrar,
Yo hayot keltirgay yoki falokat.
Yurtga podshoh boʻldi bir kun musulmon
Bir osiy oʻsha kun musulmon boʻldi.
Yurtga podshoh boʻldi bir kun nasoron
Ul banda oʻsha kun nasoron boʻldi.
Toju taxt dunyoda aylanar payvast,
Shohlar goh darvishu xudparast boʻldi
Podshoh boʻlganida yurtda butparast
Ul banda oʻsha chogʻ butparast boʻldi.
Shundoq yashadi u foniy hayotni,
U nayrang koʻrgazdi hatto Xoliqqa.
Oxirat kunida, mavhum bul zotni
Oʻtqazib qoʻydilar uchta qoziqqa.
Onangni otangga xatlab berganda,
Guvoh boʻlmaganman ishongil, axir.
Boqursan, yuzingda quv zaharxanda,
Dunyoni goʻyoki men etdim taxir.
Bosgan qadamimdan chaqnamas olov,
Da’vo qilmasman hech abadiyatga.
Va qoʻrgʻon qurdimu na tutdim yalov,
Doim yoʻldosh boʻldim oddiy niyatga.
Boshni koʻp qotirma sen kimsan debon,
Kimning xesh, kimningdir andasidirman.
Oʻtkinchi dunyoda men ham bir mehmon,
Xudoning sen kabi bandasidirman.
Har kimga hamrohdir hamisha qismat,
Kimdir boshin egar, kim koʻksin kerg
Rasululloh demish: — Allohdan faqat
Kim nima soʻrasa, oʻshani bergay.
Oyoq-qoʻlin bogʻlab Laylini bir kun
Olib kelishdilar Ka’baga tomon.
Layli xitob qildi: — Tavba ne uchun,
Majnunim boʻlmasa tiyradir jahon.
Ibodat Majnunning navbati edi,
U ham oshkor etdi koʻngil maylini.
Ka’baga bosh urib turarkan, dedi:
Men sendan soʻrayman faqat Laylini
Har moʻmin dilida bir orzu faqat,
Har damda oʻyida Mahsharning kuni.
Alloh gunohlarin qilib magʻfirat,
Zora noil etsa jannatga uni.
Tunlari meni ham chulgʻaydi xayol,
Oʻzing yorlaqagin meni ham, yo Rabb.
Sening vasling garchi eng oliy visol,
Rahm etgil va lekin holimga qarab.
Mening ham tilagim ol inobatga,
Qovushtir orzular olami bilan.
Rasululloh demish: Kishi jannatga
Kirgaydir sevikli odami bilan.
Badaviy shaklida kelib Azroil
Muhammadga dedi:. Joningni olgum.
Va lekin hurmatga ekansan noil,
Tila tilagingni, doʻst boʻlib qolgum.
Muhammad toʻlgʻondi oʻngga-yu soʻlga,
Dedi:. Ishing ekan — ola qol jonni.
Roziman, iltifot aylab Rasulga,
Baxsh etib turibsan soʻnggi imkonni.
Yolgʻiz oʻtinchimni qaytarma minba’d,
Mayli, soʻng tepamda koʻksingni kergil.
Ummatim jonini oson ol faqat,
Uning azobin ham oʻzimga bergil.
Bu ulugʻ dargohda mehmonman men ham,
Mening ham dilimda oshiqlar ohi.
Hadischi bobolar degandek u dam,
Tavbamni qabul et, oʻzing, Ilohi.
Ulgʻaydik va lekin oldda koʻp gap bor,
Davra shamollari esib oʻtgaydir.
Inongum, e’tiqod oʻzi boʻlib yor,
Bizning ham qoʻlimiz bir kun tutgaydir.
Ibodat bor edi, u etgay davom,
Qirq bilan yopmasmiz bu uyning tomin.
Bizni tinglaganga hamisha salom,
Yana koʻrishguncha sogʻ boʻling! Omin!
Demasman, zulmatda mudom faryod qil,
Himmat nuri bilan dilni obod qil.
Rasululloh demish:. Oshma haddingdan,
Quyosh tutilganda qulni ozod qil!
Bunchalar dilozor boʻlmasang, kimsa,
Maqoming bandai moʻmin-ku axir?!
Kimdir jigarini tuproqqa koʻmsa
Holin soʻramasang, toshmi bu bagʻir?
Tepangda porlaydi oftob charogʻon,
Sen esa atrofni butkul tun deysan.
Kimningdir diliga choʻksa zimiston,
Sen uning holini yorugʻ kun deysan.
Bir mahal duch kelib sendek baloga,
Paygʻambar oh chekmish, qalbi toʻla zor.
Rasululloh demish: hatto Musoga
Ummati bunchalik bermagan ozor.
Oʻzbekiston Davlati
Oʻzbekiston bayrogʻi koʻtarildi chinakam,
Ushbu kunni, ayting-chi, qay birimiz kutmadik.
Zarur boʻlgan chogʻda goh dor tagida turib ham,
Qay birimiz tarixning sinovidan oʻtmadik.
Dongʻil safarga chiqdi endi hur Oʻzbekiston,
Kimgadir oyoqosti, kimga u osmon boʻldi.
Shukrkim, oʻz-oʻzini tanidi keksa jahon,
Ya’ni oʻzbek Davlatin jumlai jahon bildi.
Ne-ne kamsituvlarni koʻrgan shu boshim bilan,
Ona xalqim, qoshingda tizza bukib turibman.
Oʻzbekcha gapirganda, bir chuqum oshim bilan
Sadaqai baxting deb borim toʻkib turibman.
Garchi doim ungandir gulchechaklar bogʻimda,
Temur va Navoiyni eslaymiz takror-takror.
Men-ku uzoq yasharman, lekin ketar chogʻimda
Tepamda egilajak oʻz tugʻim — bayrogʻim bor!
Nasib etmish bu kunlar, taralsin yangroq unlar,
Doʻstlar bilar yonma-yon qutlaylik bu ayyomni.
Iloyo, boshimizga kelmasin qaro kunlar,
Oʻzbegim, deb koʻtaring, doʻstlarim, oltin jomni.
Musofir
Burunni sassiq deb kesib boʻlmaydi,
Siz meni tushuning, Abdullo aka.
Oʻzbekman, va lekin darbadar daydi,
Tasalli berolsa qaniydi Makka.
Oʻzbek deb ajratar Afgʻonga borsam,
Menga kelgindi deb qaraydi Arab.
Tinglovchi kimsa yoʻq dardimni yorsam,
Faqat ezilaman onamga qarab.
Garchi kamim yoʻqdir molu dunyodan,
Oshyoni omonat qushman aslida.
Yiroqman yurt degan mehrigiyodan,
Gʻaribman umrimning qaynoq faslida.
Qoʻlda qurol bilan jang qildim men ham,
Afgʻon tuprogʻini bosganida yov.
Hech qursa bir nafas, hech qursa bir dam,
Bosqinchi yoʻliga boʻla oldim gʻov.
Jangda inilarim boʻldilar shahid,
Yolgʻiz onam bilan qoldik ikkovlon.
Meni atadilar manfur mujohid
Shimol galalari makkor, beomon.
Jayhunning ortidan kelgan oʻzbegim,
Qurol koʻtarmishdir oʻrtanib joni.
Bugun men olamga oshkora degum,
U ham shoʻrolarning boʻldi qurboni.
Menga qoʻli qon deb boqmang, akajon,
Ozodlik qadrini men ham bilganman.
Janglarda qay oʻzbek bergan boʻlsa jon,
Uning qatorida men ham oʻlganman.
* * *
Haq sevgay oʻziga yor bandalarni,
Dilida iymoni bor bandalarni,
Takabbur boshlarni pastroqqa egsa,
Yuksakka koʻtargay xor bandalarni.
* * *
Kimdir farzandiga derdi: — Ey, qoʻzim,
Jonu diling bilan eshit bul soʻzim.
Qachondir salomga alik olmasdim,
Endi bir alikka zordirman oʻzim.
* * *
She’r, Farzand, Yaxshilik — misli polapon,
Tarqalib ketdilar hammasi har yon.
Olamda qanchaki yomonlik boʻlsa,
Yopirilib keldilar bari men tomon.
Shoir Chorijon Marsiyasi
Har kim ham dunyodan oʻtadi.
U yo shoh, yo gado boʻlmasin.
Qazoying qalbimni oʻrtadi,
Hech kimning shogirdi oʻlmasin!..
Axir u eng avval insondir.
Qavmiga qadrli bir jondir.
Ustozi orzumand osmondir,
Hech kimning shogirdi oʻlmasin.
Sen oʻychan yurarding, Chorijon,
Oʻylardim — ilhomga yori jon,
Aytmovding, yengibdi dard pinhon,
Hech kimning shogirdi oʻlmasin.
Gʻuzorning dashtida olamdek,
Armoning sochdi oq tolamdek,
Begʻubor eding bir bolamdek,
Hech kimning shogirdi oʻlmasin…
She’riyat, hamrohsan biz ila,
Uyingda yuz berdi zilzila,
Bu ne hol, bahorda zilzila,
Hech kimning shogirdi oʻlmasin.
Shoir xoh yoshdir, xoh qaridir,
Ijodi ajaldan naridir.
Alamdir, bari bir alamdir,
Hech kimning shogirdi oʻlmasin!
Sharof Rashidov Xotirasiga
Marhumlar hayotdan erurlar yiroq,
Demakki, yiroqlar xushomaddan ham.
Makru nayranglarin qoʻymaydi biroq,
Toki hayot ekan Nobakor Odam.
Ularning turfa xil odatlari bor,
Avval ganjlarini koʻmgay tuproqqa.
Soʻng birdan oʻzlarin his etib nochor,
Gavharim qayda deb tushgay titroqqa.
Dunyoda har kimga qismat yor emish,
Kimdir toj kiygaydir, kimlardir kuloh.
Goʻyoki Alisher sizga ham dermish:
«Siyrating darveshu suvratingdir shoh».
Ezgulik niqobin yuziga tortgan
Manfur bir maydonda surgandingiz ot.
Kimdir oʻz padarin bir pulga sotgan,
Qoʻl-oyoq kishanda, talangan bisot.
Oʻychan koʻzingizda ne gʻam bor edi,
Kelajakmidi yo moziyning shoni?
Oʻzbek-ku, bir erkka intizor edi,
Sizni ado qildi ming bir armoni.
Erksevar ellarning orzusin yoqlab,
Xayol dengizida tunlar suzgansiz.
Istiqlol soʻzini yurakda saqlab,
Siz qafas ichida gullar tuzgansiz.
Shoirman, boʻynimda she’rning gunohi,
Sohibin asraydi Saltanat makkor.
Ochkoʻz, amalparast kimsalar gohi
Adolat menman deb topgay e’tibor.
Ularning dastidan notinch el, zamon,
Tanimay qolursan oq-qorani ham.
Chalgʻitib kelganlar topganda imkon,
Hattoki Temuru Boyqaroni ham.
Odildir — kim elni boshlagan baxtga,
Oʻzi oʻtda yonib, yoʻlni ochganlar.
Lekin intilarkan toj ila taxtga,
Vo ajab, koʻpincha dordan qochganlar.
Qulluq, Sharof ota, ming bora qulluq,
Boqiy Oʻzbekiston sizga ham yodgor.
Bugun u istiqlol shavqiga toʻliq,
Xizmatingiz eslar takror va takror.
Ilohi, har kimga bersinu toʻzim,
But boʻlsin Vatanning metin qoʻrgʻoni.
Sizni qoʻllab turar Oʻzbegim — oʻzim,
Va, yurtning posboni — jasur oʻgʻloni!
Sulton boʻlmasangiz, Sharof ota, gar,
Yashardingiz qalam qoʻldoshi boʻlib.
Poklikka, vafoga timsol muqarrar,
Xursanoy ayaning yoʻldoshi boʻlib.
Xalq Naqli
Xalq naqlni toʻqimaydi atayin,
Naqllarning umri fuzun boʻladi.
Mana, sizga bittasini aytayin:
Yaxshilik qil — tiling uzun boʻladi.
Oʻyga solar biroq boshqa bir jihat,
Yaxshilikni hunar qilgan elimiz.
Boshimizga yogʻar tinmay malomat,
Ayting, qachon uzun boʻlar tilimiz.
Ikki Gʻanim
Qizlarning dushmani husni boʻlsa gar,
Shoirning dushmani — iste’dodidir.
Ularning hayotin etguvchi zahar
Suq bilan hasadning istibdodidir.
Qizlarga suq bilan boqqan har kimsa,
Porloq yulduzlarga mengzab maqtaydi.
Shoir iste’dodin dushmani esa,
Uni oyoqosti qilib toptaydi.
Men Kimga Suyangum
Bir kun savol berdi yoshgina oʻgʻlon:
— Nechun Allohim deb yigʻlaysiz nolon.
Dedim, javobimdan boʻlmagin hayron,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Tinimsiz aldasa muhit, makoning,
Tortsa oyogʻingdan doʻstu yoroning.
Shunday oʻtar boʻlsa har zum, har oning,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Noshukur emasman dunyoda garchand,
Qaydadir menga ham bor balki dilband
Va lekin tiriklay kuydirsa farzand,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Insofu ishonch ham shirin soʻz bari,
Tiriklik toshqindir yoki koʻpkari.
To hayot ekansan qochgaydir nari,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Shunchalar kaj erur dunyoi gardun,
Undan diyonatni axtarmoq nechun,
Padar shod oʻz oʻgʻlin bagʻrin etsa xun,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Mingta koʻz poylaydi bitta joningni,
Joningmas, martabang, balki shoningni,
Oʻt qoʻymay yoqarlar xonumoningni,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Bu koʻhna dunyoda yashadim nega,
Yaydoq ot misoli boʻldim beega.
Malomat qilurman, olomon, senga:
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Mendan ranjimasin boʻlsa doʻst agar,
Balki ularning ham dilida kadar,
Hoynahoy mendaylar degay muqarrar:
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Umr ham oxirlab bormoqda sekin,
Endi sargʻaymoqda men ekkan ekin.
Mayli, sen oʻzingga suyangil, lekin,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Muloqot
— Baxtsizman, toleim kulmaydi,
Onajon, qoshingga ketayin.
— Ketganlar hech qaytib kelmaydi,
Bardosh qil deyman, oh, netayin.
— Ne uchun dunyoda tugʻildim,
Bu qadar omadsiz, bechora.
— Oʻzim ham bir umr boʻgʻildim,
Bolajon, noiloj, nachora.
— Ne uchun yovuzdir odamlar,
Birovi toptaydi birini?
— Meni ham yedi-ku shu gʻamlar,
Bilmadim bu holning sirini.
— Insonga ishondim — xor boʻldim,
Sen deding — bir ishonch sabrdir.
— Oʻzim ham ishonchga zor boʻldim,
Oqibat topganim qabrdir.
— Bosh urib borarga yoʻqdir joy,
Onajon, qoshingga ketayin.
— Bolajon, horibsan hoynahoy,
Bardosh qil deyman, oh, netayin.
— Chorlasang, madadkor boʻlolsang,
Visoling ruhimi shod etar.
— Sen ham gar yoʻqlikka yoʻl olsang,
Borliqda kim meni yod etar?!
Oʻzbek Qomusi
Men bechora bir odamman,
Ertangi kunim,
Ne boʻlishin bilmaydigan ojiz bandaman.
Yeru osmon oʻrtasida topmagan qoʻnim,
Botinimda botmon toshu zohir xandaman.
Yolgʻizlikning rutubatli koʻchalarida,
Ne-ne oltin fasllarim oʻtdi junjikib.
She’riyatning tund qorongʻu koʻchalarida
Yiroq-yiroq yulduzlarga boqdim entikib.
Igʻvo, hasad, fitna bilan toʻlgan bu hayot,
Har onimda mingta etdi bir hasratimni.
Xira tuman orasida butkul koinot,
Gʻira-shira ilgʻar edim mamlakatimni.
Eslar edim Buxoriyni, Yassaviyni ham,
Ha, ha, ayri tushmagandi xotirotimdan,
Faqat ular chalinardi koʻzimga mubham,
Lekin sira ketmas edi xayolotimdan.
Ham Temurbek, ham Ulugʻbek, Alisher, Bobur,
Sizlar tuzgan ul saltanat — Saltanat boʻldi.
Ulugʻ tarix Turkistonga choʻng guvoh erur,
Davlat edik, davlat edik, u davlat boʻldi!
Emukdoshim, ay, qardoshim, quloq tut menga,
Ushbu koʻhna kahkashonda magʻrur tutgin bosh.
Sen zaminga loyiqdirsan, zamin ham senga,
Senikidir endi bu yer, seniki quyosh.
Qoʻlingda erk, boshda yalov, tilingda surud,
Vataning bor, bola-bogʻchang, or-nomusing bor.
Oʻzbekiston deb atalgan muqaddas hudud,
Oʻz Davlating, Mamlakating, oʻz Qomusing bor.
Xalqni Asrasang
Hech kimsa devor bilan ajralganmas olamdan,
Vujudingga tutashdir tegrangdagi shu xilqat.
Yaxshilik qil hammaga, qaytajak oʻzingga ham,
Sen oʻzingni asraysan xalqni asrasang faqat.
Odamiylik
Bir kun toʻkin boʻlar yupqa dasturxon,
Zarbof boʻlmasa ham kiygansan chopon,
Lekin odamlikni unutar boʻlsang,
Ularning barchasi hayf senga, inson!
Echki
Hammaga ma’lumdir echkining fe’li,
Qozonga tushguncha tinch tura olmas.
Doim egri boʻlgay tanlagan yoʻli,
Hunar koʻrsatmasa jim yura olmas.
Goho nihollarni gʻajiydi obdon,
Choʻpon tayogʻiga teginar goho.
Suruvni jarlikka boshlar nogahon,
Oʻzi chetlab oʻtar xatarni ammo.
Bir kuni echkining gʻayrati qoʻzib,
Baland bir qoyaning uchiga chiqdi.
Boqdi bulutlarga koʻzini suzib,
Yuksaklik zavqini surdi, miriqdi.
Togʻlarga toʻshaldi qorayib oqshom,
Endi qaytib tushmoq kerak-ku axir.
Izgʻirin boshlandi, yoʻqoldi orom,
Na giyoh, na suv bor, qoya tap-taqir.
Qandoq chiqdi u yon, oʻzi ham bilmas,
Qaytib tushmoqlikka topmadi chora.
Eng yuksak qoyaning ustida xullas,
Mungʻayib bir oʻzi qoldi bechora.
Endi madad soʻrab ma’ray boshladi,
Osmonu falakni koʻtarib boshga.
Bizning tilda aytsak, koʻzin yoshladi,
Omad boshqa dedi, falokat boshqa.
Tongda nazar soldi qoyaga choʻpon,
Echki haykal yangligʻ qotgancha turar.
Yurakni ezgudek ma’raydi nolon,
Oʻziga betoʻxtov himoya soʻrar.
Choʻpon ham chiqolmas bundoq qoyaga,
U ham noilojdan boshin qashladi.
Fursatni ketkazmay deya zoega,
Qutqazish yoʻlini izlay boshladi.
Bir bora qaynaydi har holda qozon,
Suruv roʻyxatidan uni oʻchirdi,
Darhol oʻqladi-yu miltigʻin choʻpon,
Echkini qoyadan urib tushirdi.
Qoraqalpogʻim
Men oʻzbek, sen esa qoraqalpoqsan,
Turklar dunyosida sen ham urvoqsan,
Gar men tuproq boʻlsam, sen ham tuproqsan,
Oʻzbekka azaliy qarindosh, inim.
Orol boʻylarida topganding orom,
Sholi, baliq edi senga rizqu kom,
Nahot endi yoʻqdir toʻlgʻizilgan jom,
Nahot qolding yolgʻiz, koʻzda yosh, inim.
Mana — bu Ibroyim, Tulebbergan bu,
Qoraqalpoq baxtin tilab yurgan bu,
Yaratgandan haqqin soʻrab turgan bu,
Iloyo boshginang boʻlsin tosh, inim.
Seni qoʻllab turar ulugʻ mamlakat,
Yurtboshi yaxshilik tilaydi faqat,
Niyating hamisha boʻlsin ijobat,
Ham yoʻldosh, ham qoʻldosh, ham sirdosh inim.
Umidvor yashaymiz doril zamonda,
Birimiz Nukusda yoki Qoʻqonda,
Umuman aytganda Oʻzbekistonda,
Senga boʻlajakmiz koʻzu qosh, inim.
Loʻttiboz
Ne-ne balolarga goho tutildim,
Koʻpidan, inshoolloh, endi qutuldim.
Boshimga tushdi goh muhtojlik, kulfat,
Bariga koʻnikib ketdim oqibat.
Tutqin eta oldi na shuhrat, na gʻam,
Qutuldim behuda orzulardan ham.
Bir zamon qolganda chorasiz, yakka,
Dard xuruj qilgandi oʻksik yurakka.
Necha oy yoʻl qarab, toʻshakband boʻldim,
Shukrkim, darddan ham oxir qutuldim.
Toki, gʻolib ekan bosqinchi zoti,
Qafasda oʻtgaydir xalqning hayoti.
Vatan ozod boʻldi, nash’aga toʻldim,
Demak, kishanlardan men ham qutuldim.
Ammo bir kasofat qiynaydi hamon,
Unga bas kelolur na vaqt, na zamon.
Uni daf’atan-da tutib ham boʻlmas,
Va lekin aylanib, oʻtib ham boʻlmas.
Qutuldim necha qish, necha yozlardan,
Faqat qutulmadim loʻttibozlardan.
Dargohing buncha keng, oh, Parvardigor,
Sening marhamating bisyordan-bisyor.
Yaxshisi, oʻgʻlingga tezlikda sim qoq,
Degil: Kelmasang gar, oq qilaman, oq!
Magar shoir boʻlsang gʻazal yoz, yoz fard,
Lekin topilmaydi oʻqiydigan mard.
Ijro et she’ringni oʻzing baralla,
Degil: qotiribman, uh, barakalla!
Nabirang koʻngliga izlasang kalit,
Bir juft chaqich beru oʻzingni tanit.
Ulfat izlamagin koʻcha yuzidan,
Hozir hamma ketgan pulning izidan.
Nihoyat qartayib, horib tolgaysan,
Barcha tashabbusni qoʻlga olgaysan.
Bir kun tramvayga chiqsang hoynahoy,
Senga biror kimsa boʻshatmagay joy.
Xoli oʻrindiqqa tushsa gar koʻzing,
Oʻtiring, domla! — de oʻzingga oʻzing.
Kimlardir tortmasin, tashvish, jabringni,
Albatta, qazdirib qoʻygin qabringni.
Bir juft soʻz oʻydirgin marmar toshga ham:
— Bu yerda yotibdi Eng Yaxshi Odam!.
Axir tirigingda yoʻqlashmadi, bas,
Oʻlganingdan soʻng ham hech kim eslamas.
Xullas, yoʻqolmagay mehru oqibat,
Buning chorasini izla, top faqat.
Mehru Oqibat Haqida Ballada
Dema koʻtarildi mehru oqibat,
Birgina chora bor bunday chogʻ faqat.
Toki tanangda jon, ogʻzingda soʻzing,
Endi xabar olgin oʻzingdan oʻzing.
Xotin nonushtaga olib kirsa choy,
Oʻzingni taklif qil: — Ich, falonchiboy!
Tongda ishxonangga qoʻysang gar qadam,
Jumladan, salom ber oʻz-oʻzingga ham.
Ilgakka paltongni hurmat bilan os,
Koʻrsat oʻzingga ham sadoqat, ixlos.
Odatda bir kimsa ishga boʻlar gʻov,
Hayfsan e’lon qilgin oʻzingga darrov.
Balki yoʻl olarsan uzoq safarga,
Yiroq qishloqqami, olis shaharga,
Hol soʻrab dadangdan, tuqqan onangdan,
Oʻzingga maktub yoz borgan joyingdan.
Dema, koʻtarildi mehru oqibat,
Buning chorasi bor, izla, top faqat.
Tugʻilgan kuningni balki bilarsan,
Oʻzingga nimadir sovgʻa qilarsan.
Nogoh tushib qolsang kasalxonaga,
Koʻz tikkil na doʻstu na begonaga.
Mushrik bandalaring nahot oz senga,
Nechun zarur boʻldi loʻttiboz senga.
Uning ham odamdek bor yuzi, koʻzi,
Lekin aldab ketar kuppa-kunduzi.
Manfaat boʻlsa bas, qaytmas balodan,
Quruq chiqa berar choʻksa, daryodan.
Uning doʻppisini bunga kiygizar,
Qisir sigirni ham hatto iygizar.
Uning jinsi yoʻqdir, yoʻqdir millati,
Umumbashariydir, ya’ni illati.
Qaraysan, bir goʻzal turar, aylab noz,
Botiniga boqsang, afsus, loʻttiboz.
Mana bu janob-chi, jilmayar mamnun,
Aslida libosga oʻralgan maymun.
Rizqing but boʻlsin deb chekkandim nola,
Qay kun aldab ketdi bir choʻloq bola.
Loʻttiboz oshnodir ishi bitguncha,
Eshagi kechuvdan toki oʻtguncha.
Iloho, olamda oʻzingsan eng sof,
Bergil ularga ham diyonat, insof.
Qancha sinoving bor, solgin boshimga,
Ularni yuborma hargiz qoshimga.
Mayli, doʻzaxingda qiyna, oʻtda yoq,
Meni loʻttibozga duch qilma biroq.
Telefon Daftari
Sira ajab emas,
Shomdan to sahar
Oʻnlab daftarlarga koʻmilib qolsam.
Telefon daftari —
Lekin, bu daftar…
Yuragim bezillar, qoʻlimga olsam.
Unda qancha-qancha doʻstu qadrdon,
Tanish-notanishning nomlari bordir.
Biri Inson edi, to hanuz Inson,
Boshqasi, afsuski iblisga yordir.
Biri boyib ketgan, quv, izzattalab,
Balki oʻzgartirgan eski raqamin.
Birovi, koʻzimning yogʻini yalab,
Mendan allaqachon uzgan qadamin.
Biroviga esa yoqmabdi mansab,
Atrofin yaltoqi zotlar oʻrabdi.
Qay kuni qirq yillik doʻstiga qarab,
Isming nima edi, — deya soʻrabdi.
Manovi kamtarin, yoʻqsil tanishim,
Koʻngli oʻsmasmidi bitta soʻzimdan.
Men ham oʻzgardimmi? Moʻlmi yo ishim?
Bir bor yoʻqlamabman. Gina oʻzimdan…
Fojia emasdir bu gaplar zinhor,
Balki qay birini tuzatsa boʻlar.
Lekin daftar ichra qator va qator,
Marhum doʻstlarimning nomlari turar.
O, mening qalbi pok birodarlarim,
Qoningiz ne uchun bemahal tindi.
Siz yoʻqsiz — men uchun davralar yarim,
Kunim kimlargadir qolmishdir endi.
Ha, nomard boʻlsa ham shirin shu hayot,
Ha, zaqqum boʻlsa ham gʻanimat zumlar.
Bilaman, ortiga qaytmas koinot,
Bilaman, tirilib kelmas marhumlar.
Balki oʻchirsammi nomlarin? Aslo!
Choʻchiyman, oʻzimdan dakki yeganday.
Ular, raqamlarin tersam mabodo,
Yulduzlar ortidan «Labbay» deganday.
Sharq Hikmati
Taxtga talpinasan gʻazabga toʻlib,
Chiqarmoq boʻlasan olamshumul chang.
Har oyna koʻtargan Iskandar boʻlib,
Temur sanalmagay har qandayin lang.
Oʻzbekning davlati qaror topgan chogʻ,
Maymunjon terardi qaysi bir nasling.
Oʻz yurting sha’niga tushirmagin dogʻ,
Axir odam erur sening ham asling.
Har kim shoh boʻlay der ilojin topsa,
Uringay, tarixga kelsa ham malol.
Falak chappa ketib, omading chopsa,
Sharqning bir hikmatin yaxshi anglab ol:
Podshoh deganlari kunu tun bedor,
Xalqining mehribon doyasi boʻlur.
Bejiz aytmaganlar, asl hukmdor,
Xudoning yerdagi soyasi boʻlur.
Mayna
Bogʻning qiy-chuviga quloq tutaman,
Bu yerda turfa xil qushlar aylanar.
Sa’va-yu qaldirgʻoch — oʻzi bir jahon,
Va lekin koʻpayib ketmish maynalar.
Bunday olgʻir qushni koʻrmaganman hech,
Bir choʻqib oʻn qarar — tegar joningga.
Unga farqi yoʻqdir: kunduzmi yo kech,
Dangal sherik boʻlar dasturxoningga.
Yurishini koʻrsang, olifta, satang,
Balki sepib olgan farang atrini.
Musicha oʻzini eplaydi arang,
U-chi, yerga urmas sira qadrini.
Ayni pishgan chogʻi bogʻingda kishmish,
Egalik qiladi ekkanday oʻzi.
Yaxshiyam yoʻq unda oʻttiz ikki tish,
Yaxshiyam hamyonni poylamas koʻzi.
Ulgursa yer yuzin aylardi taqir,
Soʻngra bir-birin yeb, topardi barham.
Dunyoda insofli qushlar koʻp axir,
Ular soyasida yashar mayna ham.
Yaxshilik Va Yomonlik
El aro yuradi bir naql,
Xalq uni takrorlab aytadi.
Kimsaga yomonlik qilmagil,
Bir kuni oʻzingga qaytadi.
Darvoqe, pand bersang bir jonga,
U ham tinch turarmi hech zamon.
Deydilar, tuflasang osmonga
Yuzingga tushgaydir begumon.
Yaxshilik qilsang-chi, sen, biroq,
Qaytarmi u senga? Bu mubham…
Boshini silasang gohi choq
Qoʻlingni tishlaydi iting ham.
Dunyo
Bir kimsa umrining soʻngiga qadar,
Yigʻdi molu dunyo, yigʻdi siymu zar.
Uni qiziqtirdi na doʻstning holi,
Va na qoʻshnisining oʻksik ahvoli.
U chindan mol-mulkning jilovin tutdi,
Faqat nafs ortidan ot surib oʻtdi.
Bir kuni ba hukmi taqdiri azal,
Shamshirin koʻtarib keldi-ku ajal.
Endi na siymu zar qutqara olur,
Na billur, na gavhar qutqara olur.
Rozi yo norizo — farqi yoʻq mutloq,
Bunday choq chorasiz hatto doʻst-oʻrtoq.
Beshafqat ajalga berar ekan tan,
U dedi: «Shu ekan, dunyo shu ekan».
Marhumga marhumlik koʻrilgay loyiq,
Uni qabristonga eltdi xaloyiq.
Uyum tuproq boʻldi quvonchi-gʻami,
Kimdir boqib dedi: «Shunga shunchami»…
* * *
Paydo boʻlganida zamin bir zamon,
Avval yaralgandir daraxt va hayvon.
Bul ikki soddani aldamoq uchun
Aqlini pesh qilib chiqqan soʻng Inson.
* * *
Odatda ulfatlar boʻlishganda jam,
Qizishib deydilar: dunyo — biri kam.
Ajib bir ziddiyat: oxirgi qadah,
Ortiq boʻlganini oʻylamas hech ham.
* * *
Bir yoʻl chekkasida yotibman nolon,
Chorasiz boʻlsam-da, men ham tirik jon.
Ustimga otingning soyasi tushdi,
Jilovini nari tortsang-chi, nodon.
* * *
Balki chaman boʻlar dashti Karbalo,
Balki, behisht mavjud yulduzlar aro.
Mening Oʻzbekiston — Vatanim bordir,
Ularning baridan a’loroq, a’lo!
Vatan
Agar doʻstlar erur sodiq bir-birin qiyratib boʻlmas,
Agar qilgʻil necha fitna alarni ayratib boʻlmas.
Demishlar: moru qushni bir qafasda asratib boʻlmas,
Vatandan ayri koʻngilni bilingki, yayratib boʻlmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib boʻlmas.
Vatan deb men bayon qildim, ayo doʻstlar, muxammasni,
Vatanni kim ulugʻ bildi, aziz bildim men ul kasni.
Vatan deb joʻsh urar ersa koʻtargum boshima xasni,
Vatandan ayri koʻngilni bilingki, yayratib boʻlmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib boʻlmas.
Nadomat birla boqgʻayman vatansizlarga har doim,
Egib boshini zor yigʻlar, agarchi davlati qoyim,
Faqir boʻlsam-da bor yurtim — toju taxtim, borar joyim.
Vatandan ayri koʻngilni bilingki, yayratib boʻlmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib boʻlmas.
Bobolar kechmishin hargiz faromush aylamang, doʻstlar,
Haqiqat tongi otganda ani tush aylamang, doʻstlar,
Agar kim e’tiqodsizdur, ani xush aylamang, doʻstlar,
Vatandan ayri koʻngilni bilingki, yayratib boʻlmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib boʻlmas.
Diyorim Oʻzbekistondur, ki andin iftixorim bor,
Demakkim, hur adolatligʻ, davlati barqarorim bor,
Onamdek mehribon, munis Vatan bor, gʻamguzorim bor,
Vatandan ayri koʻngilni bilingki, yayratib boʻlmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib boʻlmas.
Vatan, sen hur, yoʻling shonli, qadamni tashlagin shaxdam,
Faxr-la boqgʻay Abdullo, koʻzida shodligidan nam
Panohingni tilab Haqdin dilida iltijo har dam,
Vatandan ayri koʻngilni bilingki, yayratib boʻlmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib boʻlmas.
Buyuklik
Osmonu falakda moʻjaz yulduz — tosh
Mindi oʻz tabiiy tayyorasiga.
Rosa boʻshliqlarda daydigach bebosh,
Urildi Mushtariy sayyorasiga.
Mushtariy degani oftob misoli
Fazo karvonida muhtasham nordir.
Ne kechdi u shoʻrlik yulduzning holi,
Vazni togʻ qoshida zigʻircha bordir.
Buyuklik qudratin sezmay yo sezib,
Oʻzi izlab topmish soʻnggi marrani.
Mushtariy samoda milyard yil kezib,
Axir axtarmagan oʻsha zarrani.
Taajjub qilaman, buyuklik asli,
Tanlagan yoʻlidan burilmas ekan.
Zarra buyuklikka urilgay, ammo,
Buyuklik zarraga urilmas ekan.
Dil Ogʻrigʻi
Qoʻl ogʻrigʻi bosilsa
Dil ogʻrigʻi boshlanar.
Olis xotiralardan
Koʻngil tagʻin gʻashlanar.
Sokin oʻtgan bir damni,
Eslolmayman, yo Rabbim.
Taqdir qoʻlida yoydek
Egilib borar qaddim.
Yaxshi bilan yomonni
Yetolmayin farqiga,
Faqat yoʻl izlab oʻtdim,
Muhabbatning arkiga.
Bir qarasam, paykondek
Umr uchib ketmishdir.
Bilmadim, u chaqin — oʻq
Qay manzilga yetmishdir.
Qaydadir intilganim .
Muhabbatim qayonda,
Balki men bu yonda-yu,
Qalbim esa u yonda.
Inson umri shul ekan .
Yoʻli toʻla nadomat.
Gar vaslingga yetkazsa
Kela qolgil, qiyomat.
Hayotimning ma’nosin
Bir nafasga qaytib ber.
Mayli, soʻngra barchasin
Doston qilib aytib ber.
Mushkul ekan bu qadar
Ezgulikka yetishmoq.
Hayot-ku, bir chistondir,
Muhabbat ham topishmoq.
Qoʻl ogʻrigʻi bosilsa
Dil ogʻrigʻi boshlanar.
Olis xotiralardan
Koʻngil tagʻin gʻashlanar.
Erkinlik
Egasi yoʻq tulporman,
Dala-dashtda kezguvchi.
Uchib yurgan shunqorman,
Har sharpani sezguvchi.
Qoʻlga tushsam tulpor deb
Koʻpkariga solurlar,
Yo, bos, qani, shunqor deb
Oʻljasini olurlar.
Shukur Burhon
Azamat bir chinor,
Ayqirgan daryo.
Undan nariroqda salobatli togʻ.
Tepada poyonsiz haybatli samo,
Atrofda ufqqa tutash dala, bogʻ.
Chinor soyasida ulugʻ moʻysafid
Sokin kuzatadi yeru osmonni.
Tasavvur qilaman Oʻzbekistonni.
Boshpana
To hayot ekansan bu olam aro
Boshingga savdolar tushgay rang-barang.
Gohida shukr aylab sevinsang, goho
Juda koʻp narsadan sovir hafsalang.
Yuragingni siqar ming bitta savol,
Doʻst deb bilganingning adovatlari.
Qiynar unutilish, mavhum istiqbol,
Oʻtgan yoʻllaringning nadomatlari.
Deysan nahot gʻolib dunyoda iblis,
Nahot yaxshilikning boshi doim xam.
Chulgʻab olganida shundayin bir his,
Qayga qochar eding, bechora odam.
Faqat tabiat bor — ilohiy maskan,
Faqat oʻshanga sen bepisand boqma.
Loaqal uni sen tanigin, Inson,
Yolgʻiz boshpanangni oʻt qoʻyib yoqma.
Qaysar Bola (Qiziqchilar Bisotidan)
Bor ekanu yoʻq ekan,
Bir bola boʻlgan ekan.
Hammani sensirashni
U odat qilgan ekan.
Otani ham sen dermish,
Onani ham sen dermish.
Bir kun muallim unga
Shunday deb tanbeh bermish:
Sensiraysan hammani,
Shu jumladan meni ham.
Bunday xunuk odatni
Tashlagin endi, ukam.
Mening bir maslahatim
Natija berar balkim.
Siz deyman deb barchani
Yuz marta yozib kelgin.
Ertasiga bolakay
Vazifani bajarmish.
Aytganini yuz emas,
Ikki yuz bor qaytarmish.
Muallim shod: .Men senga,
Ha, ishongan edim-da..
Bola dermish: .Seni bir
Xursand qilay dedim-da..
* * *
Olamda hech narsa emas yagona,
Besh panjang misoli turfa zamona.
Agar bir oqilni uchratsang, bilki,
Unga toʻgʻri kelgay yuzta devona.
* * *
Paymonalar oʻz-oʻzidan toʻlgan emas,
Mangulik ham bir lahzada boʻlgan emas.
Hoy raqibim, alay-balay dema menga,
Men oʻlmayman, chunki bobom oʻlgan emas.
* * *
Ishlari igʻvo-yu tuhmat va riyo,
Aldamchi, haromxoʻr, iymonsiz balo.
Agar ularni ham yaratgan boʻlsang
Kimdan gina qilay endi, ey xudo.
* * *
She’rim, aytgan soʻzim, ba hukmi zamon,
Tarqalib ketdilar hammasi har yon.
Qalblarda tinch-totuv yasharmi ular,
Bozor iqtisodi bilan yonma-yon.
Bayram
Toki tirik ekan dunyoda odam,
Unga hamroh erur goh shodlik, goh gʻam.
Ertang ne boʻlishin bilmasman ammo,
Tinch oʻtgan har kuning, albatta, bayram.
Yordan ayri kechsa — har lahza abas,
Vafosiz doʻstni ham doʻstim dema, bas.
Keng jahon sen uchun boʻlmasdan qafas,
Tinch oʻtgan har kuning, albatta, bayram.
Demagil, chopqirdir omadim manim,
Hech qachon belanmas loylarga sha’nim.
Ustingdan yozmasdan bir nomard gʻanim,
Tinch oʻtgan har kuning, albatta, bayram.
Oddiy narsalarni koʻzga ilmay goh,
Olis yulduzlar deb chekamiz oh-voh.
Boshingni qotirmay yoningdagi moh,
Tinch oʻtgan har kuning, albatta, bayram.
Olamda bazmu aysh uchrar alomat,
Bemorga bormikan undan halovat.
Mayliga yovgʻon ich, lekin salomat,
Tinch oʻtgan har kuning, albatta, bayram.
Eng avval tinch boʻlsin koʻksingda vijdon,
Tinch boʻlsin elu yurt, Vatan jonajon.
Gʻuborga chulgʻanmay shu yeru osmon,
Tinch oʻtgan har kuning, albatta, bayram.
Yashashning shavqin sur sira tolmasdan,
She’ring yoz, paysalga endi solmasdan.
Faqat qartayganda sevib qolmasdan,
Tinch oʻtgan har kuning, albatta, bayram.
Xotira
Magʻribda yovuzlik koʻtarganda bosh,
Siz sodiq qoldingiz ezgu niyatga.
Yomgʻir yopinchigʻu yostigʻingiz tosh,
Qalqon boʻloldingiz insoniyatga.
Ona yurt bagʻridan juda ham yiroq,
Oʻzga manzillarda topshirdingiz jon.
Hanuz koʻksimizni tirnaydi firoq,
Garchi siz muzaffar, gʻolib, qahramon.
Garchi Vatan sizni hamisha yodlar,
Lekin armoningiz sigʻmas qabrga.
Hali tugʻilmagan ne-ne zuryodlar,
Barchasi ketdilar siz bilan birga.
Zaminda charx urar ruhingiz bedor,
Qolgan tiriklarning tinchini oʻylab.
Charx urar, Chotqolga termulgancha zor,
Qarshining bepoyon dashtlari boʻylab.
Ozod Oʻzbekiston bosh egib bu kun,
Shahid farzandlarin nomini yoʻqlar.
Qay biri bedarak, qay biri beun,
Uzoq sarhadlarda jimgina uxlar.
Manguga tinmishdir qalb tugʻyonlari,
Endi xotirangiz yoʻldoshdir bizga.
Xalqimning fidoyi mard oʻgʻlonlari,
Allohning rahmati yogʻilsin sizga.
Adolat
Yoʻqsilga dedilar: Da’voyingdan kech,
Mana ol, siymu zar senga kafolat.
Yoʻqsil ular gapin tinglamadi hech,
Adolat, dedi u faqat, adolat!
Badavlat kimsaga berdilar savol,
Dedilar: Nima bor kuchliroq puldan?
U javob qaytardi: — Qoʻrqaman alhol,
Adolat axtargan oʻsha yoʻqsildan.
Xalq
Hamma narsa oʻtadi, mansab, shonu shavkat ham,
Shirindan shirin qolur, talxdan esa qolur talx.
Bir kuni tuproq boʻlur, tengsiz shamsi tal’at ham,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Gohida koʻzda yoshu gohida xandon boʻldik,
Gohida bolgʻa boʻlsak, gohida sandon boʻldik,
Axiyri kulib tole, sohibi davron boʻldik,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Nomingni qaro degan — paxtaginam, senmisan,
Loʻppi deya yutganim — laxtaginam, senmisan,
Avaxtada bosh urgan taxtaginam, senmisan?!
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Oʻzbekning peshonasin poʻlatdan yaratmishdir,
Yumushini malomat, zahmatdan yaratmishdir,
Bir soʻz bilan aytganda — mehnatdan yaratmishdir,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Tinglasang tuganmaslik afsonasi bor bu el,
Sarkardasi, shoiri, taronasi bor bu el,
Ming oqilga arzirlik devonasi bor bu el,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Farishta emasdirmiz, ushbu gapim sir emas,
Har uchragan eshonu, har sallalik pir emas,
Lekin dasturxon haqqi, koʻnglimiz hech kir emas,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Janggohlarda jon bergan bobolarni unutmang,
Moshoq terib non bergan momolarni unutmang.
E’tiqod, iymon bergan duolarni unutmang,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Amalparast, loʻttiboz boʻlmagan qachon axir,
Sak bir nima yemasa ogʻzi boʻlarmish taxir,
Bizning barchamiz shohmiz, bizning barchamiz faqir!
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Oʻtganlarni yod etmoq qolgandir shariatdan,
Inson sharafi yuksak millatu tariqatdan,
Oʻzbekka bul fazilat yuqmishdir tabiatdan.
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Olimmi yo paxtakor, kim boʻlmasin — odamdir,
Ya’ni Alloh bandasi — har biri bir olamdir,
Oʻzbegim oʻz volidam, oʻzbegim oʻz otamdir,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Ayon gapki, adolat elning koʻz, qoshi boʻlur.
Urgani un oshi-yu, soʻksa soʻk oshi boʻlur,
Yurt ogʻirin tortolgan asli yurt boshi boʻlur,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Kattakon yoʻlga chiqding, yoʻldoshing boʻlay, xalqim,
Farzandingman, qoʻllaysan, qoʻldoshing boʻlay, xalqim,
Hasrating koʻp dilingda, dildoshing boʻlay, xalqim,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Burgut Qismati
Quloqqa chalinar gohi-gohida
Shunday bir rivoyat, shunday bir oʻgit:
Nochoru noiloj qolgan chogʻida
Oʻzini toshlarga urarmish burgut.
Men senga iltijo qilurman, egam,
Agar-chi tilimda shukronang bisyor.
Mehringdan mosuvo etma meni ham,
Doʻstlarga zor etma, dushmanlarga xor.
Oqil boʻlsa hamki, boʻlsa-da nodon,
Roziman, beribsan farzand yaratib.
Qartaygan chogʻimda, tilanchisimon
Sen ular qoʻliga qoʻyma qaratib.
Kulbai vayronam yetar menga, bas,
Yashayman sabrning koshonasida.
Iloyo, bosh egib yurmayin besas
Takabbur zotlarning ostonasida.
Qarayman sargʻaygan tund quyoshimga,
Sekin ogʻib borar umrning tuni.
Magar rahm etmasang, tushsin boshimga,
Mayli, oʻsha nochor burgutning kuni.
Abdulla Qodiriyning Soʻnggi Sabogʻi
Biringiz Otabek, biringiz Kumush,
Doim yashnab tursin sevgingiz bogʻi.
Haqiqiy muhabbat bilmasin soʻlish,
Ustoz Qodiriyning bu ilk sabogʻi.
Adib yuragida alamlar qat-qat,
Lekin bittasi bor, oʻchmasdir dogʻi:
Jonni tik ozodlik yoʻlida faqat,
Bu esa ustozning soʻnggi sabogʻi.
* * *
Achinma, shoirga xorligi uchun,
Yoki parcha nonga zorligi uchun.
Bilib qoʻy, aslida yashaydi shoir,
Dunyoda muhabbat borligi uchun.
* * *
Chinor soyasidan bahramand boʻlib,
Turfa xil ertaklar toʻqimoq oson.
Oʻzing ham ertaning tashvishin qilib,
Qaydadir bir nihol ekdingmi, Inson.
Armon Emasmi
Lolazor qirlarda chopa bilmasman,
Axir u men uchun armon emasmi?
Bolalik yillarim topa bilmasman,
Axir u men uchun armon emasmi?
Xayol gulshanida tersam chechaklar,
Jajji nabiramga boʻldim ermaklar,
Endi onam aytmas menga ertaklar,
Axir u men uchun armon emasmi?
Qorongʻu tunlarda olovlar yoqib,
Ilk she’rim yozgandim yulduzga boqib,
Endi axtaraman koʻzoynak taqib,
Axir u men uchun armon emasmi?
Qancha zot dunyoga keldiyu ketdi,
Birin dushman etsa, birin doʻst etdi,
Birining boshiga shon-shuhrat yetdi,
Axir u men uchun armon emasmi?
Meni aldab ketdi loʻttiboz olchoq,
Ishongan kishim ham koʻrsatdi yaroq,
Ularni xudoga topshirdim biroq,
Axir u men uchun armon emasmi?
Shukrona aytaman, doʻstlarim bordir,
Biri balki qoʻrqoq, birisi botir,
Yaxshilik qildimmi ularga axir,
Axir u men uchun armon emasmi?
Goho esh boʻlsam-da siyosatlarga,
Qalbimni baxsh etdim malohatlarga,
Ular deb qoldim men malomatlarga,
Axir u men uchun armon emasmi?
Ogohman ishq degan koʻhna shevadan,
Muhabbat atalmish tansiq mevadan,
Ortga qaray-qaray qaytdim Xivadan,
Axir u men uchun armon emasmi?
Amudaryoga
Kimligimni bilar edim ozroq,
Bilar edim suyukligimni.
Amudaryoni koʻrganda biroq
Bilib qoldim buyukligimni.
Shoira Zulfiya Opamizga
Oʻtgan yillar uchun chekmang xijolat,
Uzr soʻraybermang yuragingizdan.
Xijolatin tortsin oʻzi tabiat,
Tabiat uzrini soʻrasin sizdan.
Zahmatkash, mehnatkash shu qalam bilan,
Buyuk asrimizning siz ham naqlisiz.
Davrga goh quvonch, goh alam bilan,
Baho bermoqlikka siz ham haqlisiz.
Tabarruk bir yoshga yetibsiz omon,
Allohim kun bersa adogʻi boʻlmas.
Agar yuraklarni zabt etsa inson,
Undayin umrning sanogʻi boʻlmas.
Qorongʻu tunlarda olovli soʻzni,
Kimki mash’al qilsa tole unga yor.
Baxtli ayolman deb atabsiz oʻzni,
Sizday shoiri bor xalq ham baxtiyor.
Shoirning Oʻgʻli
Deysan, molu mulk yoʻq sizda ziyoda,
Holbuki, shoirsiz, Vatanda nomdor.
Oh, oʻgʻlim, bu koʻhna, bir kam dunyoda,
Kimdir kamtarroq ham yashashi darkor.
Nomimiz eshitsa kimdir uchungay,
Arziydi badavlat, tugʻliman desang.
Balki, doʻstlaring ham toʻgʻri tushungay,
Abdulla Orifning oʻgʻliman desang.
Barakaga Toʻlsin Uyingiz
Onalar, opalar, singillar,
Muborak boʻlsin bu toʻyingiz.
Oʻzbekcha aytganda, har doim
Barakaga toʻlsin uyingiz.
Onalar, opalar, singillar,
Shodlikka joʻr boʻlsin kuyingiz.
Faqat bolalarning baxtini oʻylab,
Kechar boʻlsin ezgu oʻyingiz.
Onalar, opalar, singillar,
Hayotning shavqini tuyingiz.
Vatanni jondan ham ortiqroq,
Allohim qadarli suyingiz.
Onalar, opalar, singillar,
She’rimni faxrga yoʻyingiz.
Bir doʻstim degandi soʻnggi dam,
Onamning yoniga qoʻyingiz…
Koʻzmunchoq
Men ellik beshdaman,
Otam besh yoshda.
Bu ajib holatni chiston etgulik.
Mening umrim kechar tuproqda, toshda.
Otamning dovrugʻi koʻkka yetgulik.
Istiqlol beshigi, o, Ota makon,
Har bir qadamingga sadaqa jonlar.
Lahzada kuch yigʻding Alpomishsimon,
Yaloving boʻloldi moviy osmonlar.
Yerparchin yotganda tilim — zabonim,
Yuksal, deding menga, sayragin, deding.
Oyoqqa qalqqanda Sohibqironim,
Yov bossa, tigʻingni qayragin, deding.
Koʻzingga surt deding, faromush boʻlgan
Tabarruk, muqaddas mozorlarimni.
Bir zotga aylandim — tolei kulgan,
Ketkazding dildagi ozorlarimni.
Hasad bilan toʻlgan bu koʻhna ochun
Senga ham suq bilan tikilar, bilsang.
Seni balolardan asramoq uchun
Beray koʻzlarimni, koʻzmunchoq qilsang.
Endi erk abadiy yoʻldoshing boʻlgay,
Noming bor jahonda — doʻstparvar, hotam.
Iymonli har bir kas yoʻldoshing boʻlgay,
Ey, mening besh yoshli Pahlavon otam!
Tafsir
Tuzumlar oʻzgarsa ham,
Inson oʻzgarmas ekan.
Tizimlar oʻzgarsa ham
Inson oʻzgarmas ekan.
Jaholat davrida ham
Avliyo — avliyodir.
Kaforat davrida ham
Anbiyo — anbiyodir.
Balki davron yoʻrugʻi
Aslan toʻgʻri boʻlgaydir.
Lekin ming bor dod dema,
Oʻgʻri — oʻgʻri boʻlgaydir.
Har qadamda bir masjid
Qurganing bilan, inson,
Insof bermasa, hech kim
Muslim boʻlmas hech qachon.
Koʻpkariga kirganning
Halollik erur dardi.
Lekin ular safida
Ot surar bir nomardi.
Gohida sadoqatli
Doʻstlaring qolib bir yon,
Yoʻlin topib, qoʻyningga
Kirib olgaydir ilon.
Moʻmin deb atar oʻzin
Goh yaxshi ham, yomon ham.
Qaysi biri haq erur?
Oʻzi bilgaydir Egam.
Tuzumlar oʻzgarsa ham
Inson oʻzgarmas ekan.
Tizimlar oʻzgarsa ham
Inson oʻzgarmas ekan.
Shul boisdan Paygʻambar
Ummat gʻamin yeganlar.
Allohdan boshqasiga
Sigʻinmagin, deganlar.
Xayol
Xayolga berilma, birodar,
Qush kabi nazar sol olamga.
Oʻylamay mehr qoʻy odamga,
Xayolga berilma, birodar.
Xayolga berilsang mabodo,
Koʻp noxush narsalar koʻringay.
Ilohlar iblisdek suringay,
Xayolga berilsang mabodo.
Xayolga berilsang nogahon
Koʻringay Furqatdek toʻgʻri ham.
Koʻringay shu nomlik oʻgʻri ham
Xayolga berilsang nogahon.
Xayolga berilsang, ochilgay
Qarshingda bir goʻzal surati.
Ayni choq alvasti siyrati
Xayolga berilsang, ochilgay.
Xayoling aldaydi ehtimol,
Dunyoda diyonat bor deya,
Daydi bir kuchukni nor deya
Xayoling aldaydi, ehtimol.
Xayoling puch boʻlmas, inshoolloh,
Sen faqat fanoni oʻylasang.
Sen faqat baqoni oʻylasang,
Xayoling puch boʻlmas, inshoolloh.
Maqtanchoqlar
Bir kuni yigʻildi uchta maqtanchoq,
Har kim oʻz yutugʻin soʻylay boshladi.
Eng yuksak marrani zabt etgan qay choq?
Boshlarin qashlashib oʻylay boshladi.
Birinchisi dedi: — Men aytsam agar,
Omad degan narsa dunyoda bor-da!
Hali aholisi bundan bexabar,
Ulkan bir shaharni yutdim qimorda.
Ikkinchisi dedi: — Murodga yetdim,
Ne-ne zukkolarning oldim aqlini.
Kuppa-kunduz kuni oʻmarib ketdim
Mashhur bir shoirning qalam haqini.
Uchinchisi dedi: — Asli men gʻolib,
Jasorat barq urar qilgan ishimda.
Qaysi kun koʻrpaga burkanib olib,
Boshligʻimni soʻkdim boplab… ichimda!
Eski Choriq
Oldingda turibdi toʻkin dasturxon,
Endi unut boʻlgan goʻjang-tarigʻing.
Balki eslamassan, qayda bu zamon,
Oʻsha, sudrab yurgan eski chorigʻing.
Tasmadan bogʻlangan oddiy poyafzal
Garchi yoʻqsillikning misoli erur.
Bilsang, u men uchun ming darsdan afzal,
Dunyo hikmatlarin timsoli erur.
Bir kuni qutulib zulmat-soyadan
Omad narvonida koʻtargaysan qad.
Lekin bu omonat pillapoyadan
Balki yiqitgaydir seni ham hasad.
Shunda tashlab qochar ne-ne doʻst, yoron,
Axir ular uchun soʻngan yorugʻing.
Ogʻzi qulogʻiga yetgancha shodon,
Seni kutib olar oʻshal chorigʻing.
Ikki Kalamush
Kalamushlar, kalamushlik ishi qolib,
Talashardi uyasidan chiqib olib.
Men adirning bu yogʻidan, derdi biri,
Men adirning u yogʻidan, derdi biri.
Ikkisi ham qoʻymadi hech kerilarin,
Bir kun ovchi shilib ketdi terilarin.
Aytganlarim hikmat emas, masal emas,
Har kimga ham yoqadigan asal emas.
Ochiq gap shul: ajratmangiz yeringizni,
Toki shilib ketmasinlar teringizni.
Xalqaro Anjuman
Mana, oʻtsa hamki necha zamonlar,
Bu yerda yigʻilar siyosatdonlar.
Afriqolik habash, bolqonlik bulgʻor,
Oʻrisu Rumo Chin — bunda bari bor.
Biri muslim boʻlsa, biri butparast,
Biri nasoron-u, biri oʻtparast.
Biri tund, birovin nazari issiq,
Biri menga oʻxshar — koʻzlari qisiq.
Sariyga oʻralgan birin sumbati,
Birovin boshida tustovuq pati.
Turfa tillar bunda boshlasa bozor,
Xudodan boshqaning farqlashi dushvo
Bu yerda oʻtgaydir na pul, na savlat,
Bu yerda oʻz soʻzin aytar har davlat.
Notiqlar va’zlarin toki boshlaydi,
Muhtasham gaplarni qalab tashlaydi.
Goho qay birovi qizishgani dam,
Sipqoraman deydi ummonlarni ham.
Tunu kun bahs qilib boʻylashar ular,
Dunyoning taqdirin oʻylashar ular.
Qoʻshni fin soʻraydi sekin, aylab noz:
Janob, Siz kim uchun bergaysiz ovoz?
Men ham esnayman-u, koʻkrak keraman:
Oʻzbekiston uchun ovoz beraman!
Muxbirlar
Odam koʻkka uchdi,
Quchdi ummonni.
Yetdi poyoniga kurash, ur-surlar.
Gij-gijlatib qoʻyib telba jahonni,
Bu kun minbarlarga chiqdi muxbirlar.
Aziz kasbdoshlarim,
Gʻalat qavm bu,
Jonining qadrini bilmaydigan kas.
Qaydadir koʻrinsa yilt etgan mavzu,
Och-nahor, piyoda keta berar, bas.
Toʻplar gumburlaydi,
Oʻrlaydi olov.
Yuksak qasrlar ham qulaydi bir-bir.
Butkul mamlakatlar yonadi lov-lov,
U esa tirikdir, oʻq oʻtmas, dovdir.
Garchi koʻrinishdan yuvvosh va gʻarib,
Lekin tahlikaga solar har soʻzi.
Shahardan hammani quvlab chiqarib,
Boʻm-boʻsh koʻchalarda kezar bir oʻzi.
Yagona quroli qogʻoz va qalam,
Oʻylar u na bugun, na ertasini.
Haqiqat yoʻlida soʻnggi damda ham
Oʻlar, esga olib gazetasini.
Sogʻinish
U uzoq joylarga qilmasdi safar,
Toʻkmang derdi koʻzdan jolalarimni.
Derdi: Bir kungina koʻrmasam agar
Sogʻinib qolaman bolalarimni.
Bedavo bir dardga chalindi shoʻrlik,
Dedi: Endi qaytib turmasam kerak.
Boʻgʻziga tiqilib kelsa ham xoʻrlik,
Bariga chidadi, bosiq va tiyrik.
Ketar chogʻida ham yoʻqlikka tomon,
U taqdir hukmiga mardona koʻndi.
Faqatgina dedi: — Qiynar bir armon
Meni bolalarim sogʻinar endi…
Oq Yoʻl
Doʻstim Maralga
Sayroqi qushlarning tindi navosi,
Anvoyi gullar ham soʻldi bogʻimda.
Bu gʻurbat kunlarning bormi adosi,
Allohim, oq yoʻl ber, ketar chogʻimda.
Olis adirlarda tumanmi, tutun,
Tegramni zulumot qoplamish butun.
Meni halok etar bu savdo bir kun,
Allohim, oq yoʻl ber, ketar chogʻimda.
Hech kim hasratimga quloq solmadi,
Ruhimni biror zot anglay olmadi.
Bunda qiladigan ishim qolmadi,
Allohim, oq yoʻl ber, ketar chogʻimda.
Qogʻozim qoraydi dildagi zordan,
Bugun ayri tushdim doʻst ila yordan.
Faqat bir ilinjim sen — Biru Bordan,
Allohim, oq yoʻl ber, ketar chogʻimda.
Mayli, samolarga meni elta qol,
Yumushing bajaray qaddim egib dol.
Sening huzuringda yoʻq axir zavol,
Allohim, oq yoʻl ber, ketar chogʻimda.
Mana, oqshom choʻkdi. Boʻzarmoqda oy,
Boshlanur yulduzlar bazmi hoynahoy.
Menga ham baxsh etgil tumorchalik joy,
Allohim, oq yoʻl ber, ketar chogʻimda.
Suhbat
Odam odam bilan uchrashgan asno
Dunyoda eng yaxshi vosita — suhbat.
Ba’zi birov bilan soʻzlashsang, ammo
Aralashib qolar oraga gʻiybat.
Sizdan oʻtinaman, ey, doʻsti yoron,
Diydorning gʻanimat gashtin suraylik
Mayli, har qanchalik boʻlsa ham yolgʻon
Faqat ezgulikdan suhbat quraylik.
Kulmang…
Och odamning ustidan kulmang,
Yetishmasa ishga qurbati.
Xunukkina qizlarni siylang,
Goʻzal boʻlar ular siyrati.
Birovlarning haqqin yeganni
Dasturxonga yoʻlata koʻrmang.
Rostni koʻrib, yolgʻon deganning
Kosasini toʻlata koʻrmang.
Oqlar Va Qoralar
Hozir rang ajratish zamoni emas,
Har qanday ishora qalbni yaralar.
Va lekin bir-birin har zum, har nafas
Qoʻllab-qoʻltiqlarkan zangi — qoralar.
Odamzod xolimas kindan, aldovdan,
Qilmaysan, kim-kimni goho saralar.
Oqlar gʻijillashib turganda, gʻovdan
Sakrab oʻtib ketar birdan qoralar.
Birodar, gapni sen koʻrgandan soʻra,
Demagil, she’ringda sharpa oralar.
Bir-birin yeb yotgan oqlardan koʻra,
Afzal-ku hamjihat oʻsha qoralar.
«Jamayka»
Bir vaqt Robertina ismlik bola
«Jamayka, Jamayka» deya kuylardi.
Yurakning tubiga yetib bu nola,
Olis Jamaykani har kim oʻylardi.
Oʻsha gul diyorni koʻrganmisan sen,
Ilojin topolsang qanot bogʻlab uch.
Axir oʻylabmidim, Jenevada men
Ayni Jamaykaga kelurman, deb duch.
Yoyib kokillarin, turibdi sanam,
Qop-qora tun bilan oʻralgandek oy.
«Ming bir kecha»dagi ertaklarda ham
Tavsif etilmabdir bundayin chiroy.
Kimning peshonasin bezaydi bu la’l,
Kimlarga hadya bu oppoq tabassum.
Jamayka goʻzali, o, tengsiz goʻzal,
Bir nafas shoshmay tur, qilgʻil tarah
Boqib jamolingga, yuragimda mung,
Olis yoshligimni esga olayin.
Ortingdan «Jamayka, Jamayka», deb
U sirli qoʻshiqni kuylab qolayin.
Habash Qiz
Nari ketolmayman bir habash qizdan,
Juda oʻxshar ekan Senga koʻz-qoshi.
Bilmadim, oʻsha payt, qay biringizdan
Nusxa olgan ekan falak naqqoshi.
Loyingiz barobar qorgandir Xalloq,
Ayni ilhom chogʻi ijod etgandir.
Anavi habashning nusxasi biroq
Xumdonda uzoqroq qolib ketgandir.
Himoyat
Dilimni ezadi gohida xayol,
Gumonlar, shubhalar zabtiga olgay.
Vaqt yetib, tiriklik topganda zavol,
Nahotki baytlarim egasiz qolgay.
Axir vayron boʻlur qarovsiz uy ham,
Bogʻbonsiz gulshan ham soʻlgay bir kuni.
Asriy imoratlar yemrilgay kam-kam,
Kimdir himoyatga olmasa uni.
Lahzada ming bora turlanadi rang,
Sobit bir suratni topmogʻing qiyin.
Bugun salom bersa agar nabirang,
Yaxshisi, alik ol yuz yildan keyin.
Soʻnggi Chora
Odamlar yoʻlida xarsangtoshday zil,
Erta-kech koʻndalang yotishdan saqlan.
Fursating oʻtdimi — maqomingni bil
Bekatda oʻtirgich boʻlgil, masalan.
Agar oʻqimasa she’ringni birov,
Malomat qilmogʻing, albatta, gʻalat.
Yaxshisi, doʻkonni yopgin-da darrov,
Zehningni oʻzga bir yumushga qarat.
Boshqa fojiadan asrasin ammo,
Hech kim duch kelmasin unga daf’atan.
Sendan elu yurting tonmasin aslo,
Sendan oʻgirmasin yuzini Vatan.
Unday choq, buzsang ham dodlab jahonni
Hech kim hayron boʻlmas, hech kim qolmas lol
Agar topa olsang bir gaz arqonni,
Oʻzingni osa ber endi bemalol.
Oʻgit
Bolangni oʻgʻrilar tunabdi yoʻlda,
Lekin uh tortasan, ichingda nolang.
Deysan, oʻgʻlim, sen ham dadilroq boʻl-da,
Biroq, tanbehingni eshitmas bolang.
U deydi: — Bormi hech dunyoda insof,
Yoʻlimni toʻsdilar, kuppa-kunduzi.
Bolam, sen hozircha shabnam kabi sof,
Ayni farishtaning oʻzisan, oʻzi.
Nega? — deb atrofga boqasan hayron,
Ilk bor duch kelibsan bunday baloga.
Mening gaplarimni tinglagin obdon,
Oʻgʻlim, ishonma hech noqis dunyoga.
Duch kelgan kimsani pokdomon bilib,
Hargiz diling ochma, boʻlmagil yoʻldosh.
Insonlar uchraydi, bir koʻzi kulib,
Ikkinchi koʻzida tayyor turgay yosh.
Insonlar uchraydi, taomingni yeb,
Toptab keta berar dasturxoningni.
Chumoli qadarli manfaatin deb,
Chumolicha koʻrmas sening joningni.
Insonlar uchraydi, koʻkda oyni ham
Oʻzining mulki deb bilgaydir faqat.
Sening quvonchlaring ularga alam,
Sening zarra baxting ularga kulfat.
U payt qulogʻingga aytguncha azon
Ogoh etmasmidim buning baridan.
Ishonch degan bir soʻz oʻchdi nogahon.
Oʻspirin umringning sardaftaridan.
Oʻgʻlim, odamiylik azizdir garchand,
Yostigʻing ostida tursin yarogʻing.
Dunyo har qadamda bergay senga pand,
Aslo mudramagay ikki qarogʻing.
Ezgulik yoʻlida koʻpdir muammo,
Undan qutulmoqning yoʻli bul ekan:
Insonga yoʻliqsang inson boʻl, ammo
Hayvon yoʻliqqanda Hayvon boʻl ekan.
Boshmanbuloqqa
Boshmanbuloq, Boshmanbuloq,
Senga koʻzu qoshman, buloq.
Suvingdan bir qonib ichdim,
Endi mangu yoshman, buloq.
Ummon Ortidagi Makonim
Vashingtonda Oʻzbekiston elchixonasining yangi binosi ochilishi munosabati bilan yozilgan she’r
Keng jahon bir qadam boʻldi men uchun,
Menga ham ochildi olam darchasi.
Yiroq Amriqoda taft sochar bu kun.
Oʻzbek quyoshining olov parchasi.
Ochildi men uchun tor osmon bekam,
Kezdim yuksaklikning choʻng dargʻasini.
Oʻzbekning lochini ozod va koʻrkam,
Qurdi bu yerda ham qoʻnalgʻasini.
Nechun xushnud boʻlmay, dilimni yormay,
Ummon ortida ham bordir makonim.
Dunyoning qaysi bir burchiga bormay,
Oʻzing boshpana boʻl, Oʻzbekistonim!
Vashington shahri, 1996 yil 25 iyun
Yo haq!. — deb yoʻl olsa manzilga karvon,
Yoʻl boshlagan choʻng noridan ayrilmas.
Oshiqlar koʻnglidan kechar ming armon,
Bir armoni — dildoridan ayrilmas.
Nelarni koʻrmagay insonning boshi,
Bejiz aytmaganlar: «U soyning toshi».
Donolar, bir joyga yetsa ham yoshi,
Piri bergan tumoridan ayrilmas.
Qachon dong chiqarmish, axir, yolgʻiz ot,
Farzand oqil boʻlsa — padarga qanot.
Yigitga duch kelsa Hayot yo Mamot,
Doʻstlarining diydoridan ayrilmas.
Demishlar: .Soʻqir ham koʻrgay yorqin tush..
Ozod davron surmoq har narsadan xush.
Qafasga gar tushsa uchib yurgan qush,
Erkinlikning xumoridan ayrilmas.
Xor boʻlmas, ajdodin kimki yod etgan,
Oʻtgan azizlarning ruhin shod etgan.
Avlodlar taqdirin oʻylab dod etgan,
Ota-bobo mozoridan ayrilmas.
Har kim bilganicha chertgay sozini,
Moli toza odam qilgay nozini.
Mard kishi koʻp degay hatto ozini,
Rizqin topgan bozoridan ayrilmas.
Peshvosi bor yurtning butundir baxti
Aslo xazon boʻlmas ekkan daraxti.
Har kimga buyursin oʻz toju taxti,
Nomusli el shunqoridan ayrilmas.
Bir yonda turkmanim, qirgʻiz, qozogʻim
Orolga termulgan qoraqalpogʻim,
Oʻzbegim, tojigim — koʻzim-qarogʻim
Jam boʻlganda qatoridan ayrilmas.
Ayrilsa ayrilgay togʻlar qoridan,
Ayrilgay behimmat boy ham boridan,
Vafosiz ayrilgay doʻstu yoridan,
Shoir xalqi ash’oridan ayrilmas.
Qoʻlga qalam oldim qutlugʻ bir kuni,
Mahtumquli she’rin boʻlib maftuni.
Agar kuylar boʻlsa Abdullo uni,
Bir umrga shoʻx toridan ayrilmas.
* * *
Doʻstim, Haq deganni qoʻllagin faqat,
Parvoz qilar boʻlsa — osmoni boʻlgil.
Yovuzlikka qarshi qudrating koʻrsat,
Mudom ezgulikning posboni boʻlgil.
Maslahat
Eshmat nomli koʻchada
Toshmat nomli doʻkon bor.
Xizmat qilar u joyda
Nurmat degan doʻkondor.
Xarid qilgin sen undan
Furqat nomli saqichni.
Unutma, Pirmat degan
Koʻchaga ham boqishni.
U yerdagi hammomning
Qulmat nomin oʻyib ol.
Boy bermasdan fursatni
Oʻz ismingni qoʻyib ol.
Nadomat
Menga afsonalar soʻylama, uka,
Rosa charchaganman yolgʻonni yozib.
Qirq yil koʻtaribman Insonni koʻkka
Ishonib, hazrat deb, yoʻlimdan ozib.
Oʻzingiz kim deya soʻrarsan axir,
Oʻsha nokomilning men ham biriman.
Tangrining yaratgan bandasi — faqir
Boshqalar osmonu, men-chi, yeriman.
Balki koinotning biror burjida,
Bizdek nochorlarga bordir mos makon
Lekin unga yetish qiyindir juda,
Buni tark etmoq ham emasdir oson.
Nachora, Insonni koʻtarib koʻkka,
U kabi yashashni bila bilmadim.
Yovuzlik qoʻlimdan kelmadi, uka,
Birovga yomonlik qila bilmadim.
Fazogir Solijon
N’yu-York. Amerikaning «Indevor» kosmik kemasi Floridadagi «Mise Kanaveral» kosmodromidan osmonga uvaffaqiyatli koʻtarildi… Ushbu kema ekipaji a’zolari orasida Qirgʻizistonda tugʻilgan oʻzbek millatiga mansub Solijon Sharipov ham bor. (OʻzA xabaridan)
Osmonda bir oʻzbek uchib yuribdi,
Fazogir Solijon, gapning sirasi.
Yulduzlar vasliga boqib turibdi
Mirzo Ulugʻbekning chin nabirasi.
Turkiy dunyomizga yana bitta zeb,
Solijon samoni koʻrgali ketdi.
Bobom yulduzlari joyidami, deb
Ularning holini soʻrgali ketdi.
Toychoq
Jeneva koʻlining sohilida shan,
Toyning haykalchasi tovlanar har choq
Doʻrmon bogʻlarining etaklaridan,
Qanday kelib qolding bu yerga, toychoq
Hordiqqami desam, hali yoshsan-ku,
Hali charchamagan asablaring ham.
Toshkent oʻtloqlari emasmi inju,
Senga Jenevada nima bor, oshnam?!
Toychoq kishnab deydi: — Mana shu koʻ
Sigʻmay qoldingizmi siz ham u yoqqa.
Akangning holidan xabardor boʻl, deb,
Joʻnatib yubordi yangam bu yoqqa…
Jahongashta
Bir kun soʻradilar jahongashtadan:
Yoki yoʻqmi senda turar joy, vatan,
Sangʻib yurmoqlikdan shoxing chiqqaymi?
U dedi: toqatim yoʻqdir firoqqa,
Men asli muhabbat uchun yarayman.
Faqat gohi-gohi ketib yiroqqa
Yurtni dast koʻtarib, toʻyib qarayman
Fidoyi
Sochilib yotadi oltin va gavhar
Togʻlarning qa’rida yo qumloq soyda.
Kimdir zahmat chekib yigʻmasa agar,
U pinhon boylikdan, ayting, ne foyda.
Bedov ot kezadi choʻllarda yaydoq,
Falakka yetgudek shaxdi, shiddati.
Yovqur bir chavandoz boʻlmasa biroq
Ayting, chiqarmidi dongʻi, shuhrati.
Asriy jumboqni ham bir fozil yechgay,
Dargʻasiz kemaning suzmogʻi gumon.
Kimdir halovatu uyqudan kechgay.
Shundan Vatani tinch, xalqi ham omon.
Fidoyi Insonlar: balki rahnamo,
Balki oddiy zotdir — har qayda bordir.
Ular unutgaylar oʻzin doimo,
Chunki qoʻllovchisi Parvardigordir.
Bor boʻl, ezgulikka baxshida hayot,
Zahmating tufayli yetding niyatga.
Shohmisan, fuqaro — endi umrbod
Daxldor boʻlding sen abadiyatga.
Faxr
Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashi sessiyasida oʻqilgan she’r
Kimdir maqtanadi san’ati bilan,
Birov ilmu fanga ragʻbati bilan.
Kimdir she’ri bilan maqtansa, kimdir
Maqtanar mol-dunyo, davlati bilan.
Kimdir oʻrmonlarin koʻkka koʻtarsa,
Kimdir gerdayadi shaxmati bilan.
Ularning bari-ku insonga xosdir,
Birma-bir kelgaydir navbati bilan.
Toshkentda haykal bor bir oilaga,
Shon topmish yetimga shafqati bilan.
Ahli Kesh maqtansa arziydi — Temur
Jahonni zabt etdi sarvati bilan.
Oʻzbekning boshidan zar sochsin dunyo,
Topdi u rizqini zahmati bilan.
Uning asosidir — buyuk bobolar
Bizga ibrat boʻldi mehnati bilan.
Bizdek nochorlar-ku yerga qaraymiz,
Kimdir osmon boʻldi savlati bilan.
Qashqadaryo xalqi faxr etar doim
Islomi yaratgan shavkati bilan.
Hisobot
Hayotda uchraydi turli hodisot,
Balki biri yaxshi, boshqasi yomon.
Lekin har biriga bordir hisobot,
Qayda u yuz berdi? Kim bilan? Qachon?
Necha buyuk zotlar oʻtdi hasratda,
Bogʻlarda quzgʻunlar oshiyon qurdi.
Mana shu asrda, shu mamlakatda,
Kelgindi kimsalar davrini surdi.
Men-ku, oʻylamasman oʻzimni bukun,
Har qalay, el bilan oʻlmagan jonman.
Battol asr hali topmasdan yakun
Ozod boʻla olgan Oʻzbekistonman!
Sharaflab taqdirning iltifotini
Mujdalar kelmoqda ovuldan, kentdan.
Qarangki, Istiqlol mukofotini
Olibmiz Birinchi Prezidentdan!
Tushmasin
U yiroq togʻlarga qor tushsa tushsin,
Sening bogʻlaringga zinhor tushmasin
Oʻrtaga ayriliq, zor tushsa tushsin,
Va lekin hech qachon agʻyor tushmasin.
Men sekin kuzatdim shitob dunyoni,
Nechogʻ omonatdir odamzot joni.
Qoʻling endi oshga yetgani oni,
Boshingga nogahon choʻqmor tushmasin.
Birov tinglamasa suxan ne kerak,
Har kimga buyursin sirdosh bir yurak
Agarda bor boʻlsa sodiq doʻst-tirgak,
Oraga toʻgʻanoq — devor tushmasin.
Uchragay dunyoda turfa xil armon,
Gohi gʻolibdirsan, goh magʻlub, nolon.
Koʻnikkay bariga hayotda inson,
Lekin gʻam ustma-ust, takror tushmasi
Tepangda bor ekan Parvardigoring,
Magarki elu yurt nomus va oring.
Vatanni kuylamak boʻlsa shioring.
Dilingga boshqa hech qaror tushmasin.
Oʻzbek Boyining Bayonoti
Gaping toʻgʻri, kulba emas, saroydirman,
Boylar koʻpdir, ular ichra eng boydirman.
Son-sanoqsiz molu dunyo, qoʻylarim bor,
Shahar toʻla, qishloq toʻla uylarim bor.
Donlarim bor, adogʻini bilolmassan.
Don-dunimning hisobini qilolmassan.
Togʻlarimning bordir yashil archalari,
Kaminaning mulki erur barchalari.
Oʻz hovlimda tayyora ham yasaydirman,
Olovim koʻp, xoʻp shohona yashaydirman.
Guzarlar ham, bozorlar ham menikidir,
Sen yotajak mozorlar ham menikidir.
Sohibqiron Temur mening bobom erur,
Bobur togʻam, Mohlaroyim momom erur.
Boysunimda tulporlarim kishnashadi,
Zominimda zargʻaldoqlar qishlashadi.
Oʻlponchi-yu soliqchilar, bilib qoʻying,
Gaplarimni Siz quloqqa ilib qoʻying.
Boyligimga chegara yoʻq, ha, chindan ham,
Buni yaxshi bilgaydirsiz Siz mendan ham.
Axir buning barchasini netar edim,
U dunyoga olibmi men ketar edim.
Vorisim bor, koʻzimning u oq-qorasi,
U shu tuproq farzandidir, yurt bolasi
Inshoolloh, undan koʻnglim toʻlajakdir
Vorisimning ismi esa — Kelajakdir
Bir Qarasam…
Bir qarasam, doʻstu yordan koʻnglim toʻqday,
Bir qarasam, atrofimda hech kim yoʻqday.
Bir qarasam, suyanchiqday bolalarim,
Bir qarasam, ular siniq lolalarim.
Bir qarasam, bu dunyoda baxtim borday,
Bir qarasam, butkul olam menga torday.
Bir qarasam, murodimga yetgandayman,
Bir qarasam, koʻzim ochiq ketgandayman.
Bir qarasam, shon-shuhratga yoʻgʻrilganman,
Bir qarasam, endigina tugʻilganman.
Zardoʻsht Soʻzi
Qadim Xorazmning zar tuprogʻida,
Koʻhna Buxoroning hur quchogʻida,
Yashagan Zardoʻshtman, donishmand zotm
Oʻlmas gʻoyam bilan mangu hayotman.
Yaxshi va yomonni ayladim hisob,
Va bitdim .Avesto. nomli bir kitob
Unda yozuvlikni yerga urganman,
Ezgulik maqomin yuksak koʻrganman.
Ishonchim shul boʻldi: toju taxt, davlat
But boʻlsa mamlakat yashnagay albat.
Uch ming yil muqaddam qadim tuproqda
Koʻhna Buxoroyu Xorazm yoqda.
Qoʻrgʻonlar yaraldi, qal’alar oʻsdi,
Ular yovuzlikning yoʻlini toʻsdi.
Hurmuzd gʻolib boʻlgay, Axraman magʻlub
Yovuzlik chekingay, ezgulik margʻub.
Koʻhna saltanatdan yodgor boʻlsin to,
Sizga qoldirganim ushbu .Avesto..
Luvr Muzeyida (Farangiston Xotiralaridan)
Luvrda — muzeyning bagʻrida sokin
Ming yillik ashyolar turibdi qator.
Bunda shohlar taxti hashamdor, yorqin,
Bunda gadolarning sopoli ham bor.
Boqib, oʻyga choʻmdim Luvr uyida,
Tarixni bus-butun koʻrarmikanman?
Payt kelib, Oʻzbekning bir muzeyida,
Singan sopolchalik turarmikanman?!
Shoir Qalbi
Yurtda ne muborak ishlar boʻlgʻuvsi,
Undan shoir qalbi shavqqa toʻlgʻuvsi.
Chinor oʻtqazildi, tugʻildi farzand,
Avval shoir qalbi boʻlgay bahramand.
Sababi ma’lumdir buning, albatta,
Tugʻildik shu Vatan, shu mamlakatda.
Uning har goʻshasi jahondir menga,
Toshloq yoʻllari ham ravondir menga.
Taralsa elimdan xushnud bir xabar,
Tabrik aylamogʻim, demak, muqarrar.
Mavjiga nogahon kimdir tosh otgay,
Zarbi yuragimning tubiga botgay.
Elim, qadamingni har dam kuzatdim,
Goh oʻychan, gohida xurram kuzatdim.
Gar sen daryo boʻlsang — irmogʻingdirman
Lat yesang, ogʻriqli barmogʻingdirman.
Menda fazilatdan boʻlsa bir nishon,
Sening olovingdan uchqun bu, ishon!
Savobing qosh ila koʻzimnikidir,
Faqat gunohlarim oʻzimnikidir.
Aytgin Shukrlar
Dumaloq shu boshdan boʻlmasang judo,
Ikki oyoq bilan yiroq ketgaysan.
Oʻlmagan qulim, deb siylasa xudo,
Jambulning yoshiga balkim yetgaysan.
Tap-taqir kallangda qozondek dastor,
Avliyo misoli ayri soqoling.
Nabira, abira tegrangda qator,
Sandiqda bisoting, qoʻrangda moling.
Oʻtgan hayotingdan mutloq bexabar,
Piyri badavlat deb yozar muxbirlar.
Shundayin dovonga yetolsang magar,
Aytaber Allohga cheksiz shukrlar.
Ota Duosi
Oʻgʻlim soʻramasman sendan mol-dunyo,
Uy ham qurib berma, mayli, alomat.
Mayli, koʻzlarimga boʻlmagil ziyo,
Yonimda yursang bas sogʻu salomat.
Mayli, koʻtarmagil meni yelkangda,
Qalqon ham boʻlmagil yogʻsa malomat.
Bir kuni yostiqqa boshim tekkanda,
Tepamda tursang bas sogʻu salomat.
Uchar Qushlar
Uchar qushlar uchdi-ketdi,
Qoʻllarimda pati qoldi.
Yoshlik ketdi, umrning ham
Sharti ketib, parti qoldi.
Dema, bukun sevgining ham
Oʻzi ketib, oti qoldi.
Lablarimda u boʻsaning
Hech aynimas toti qoldi…
* * *
Urinma bolakay, urinma harchand
Bagʻringni men kabi tigʻlay olmassan.
Men kabi quvonib, kularsan garchand,
Lekin men singari yigʻlay olmassan.
* * *
Bugun xoli qoʻydim yana daftarimni,
Buni balki kimdir yalqovlikka yoʻydi
Asli senga aytar hamma gaplarimni,
Bulbul aytib qoʻydi.
* * *
Deydilar: — Chaqnagan qaysi yurt erur,
Buyuk sohibqiron sochgan ziyodan.
Javob berdilarki, — Hech soʻnmas bu nur,
Taralgan eng avval Qashqadaryodan.
Dedilar:. Qaysi el bedor doimo,
Zavq olar mehnatdan, suluv dunyodan.
Javob berdilarki,. Shoir, ulamo,
San’atkorlar chiqqan Qashqadaryodan.
Dedilar:. Jahonga buyuk yurtboshi,
Parvoz aylagandi qaysi ma’vodan.
Javob berdilarki,. Hurlik quyoshi,
Qalqqandi dastavval Qashqadaryodan.
Dastavval, dastavval Qashqadaryodan!
Bedorlik
Der edim: Istiqlol shukuhi bilan
Roʻzgʻorni butlamoq fursati yetdi.
Shunday payt, qoʻynimga kirdi bir il
Kimdir ostonamga oʻt qoʻyib ketdi.
Der edim: Hur zamon kelib nihoyat,
Asriy gʻalvalardan xoli boʻldi bosh.
Shunday payt, qoʻzgʻalib qaydin qaboha
Yurtboshim koʻksiga otmoq boʻldi tosh.
Der edim: bosqinlar, vahshat, ur-surl
Qoldilar moziyning kechalarida.
Shunday payt, daf’atan jonlandi ula
Qon oqdi Toshkentning koʻchalarida.
Nogoh ayon boʻldi, gʻanimlar bisyor,
Bisyor oramizda olamizgacha.
Endi ogoh boʻlsin, boʻlsinlar hushyor,
Hatto beshikdagi bolamizgacha.
Istiqlol, sadagʻang ketay, Istiqlol!
Buncha ogʻir ekan qutlugʻ yoʻllaring.
Ishonay, duch kelsa, agar yov qattol,
Burda-burda qilsin uni qoʻllaring.
Men esa, Istiqlol, yaloving tutib,
Metin saflaringda sobit keturman.
Oʻtgan shahidlarning nomin yod etib,
Yurtboshim yonida bedor oʻturman.
Mushtipar ham oʻzing, buyuk ham oʻzing,
Kuyinchak ham oʻzing, kuyuk ham oʻzing,
Olamga tatirlik suyuk ham oʻzing,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, oʻzbek onasi, oʻzbek onasi.
Seni Toʻmaris deb, maqtaganim bor,
Sen Temur beshigin tebratgan bedor,
Sensan Bibixonim, Nodirai zor,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, oʻzbek onasi, oʻzbek onasi.
Vatanni Ona deb bekor aytilmas,
Ona buyurganda yoʻldan qaytilmas,
Sen oʻzing Ka’bamsan, Baytul muqaddas,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, oʻzbek onasi, oʻzbek onasi.
Boshingdan nimalar oʻtmadi axir,
Vatandek taqdiring boʻldi goh taxir,
Bobur shoh boʻlsa-da, qoshingda faqir,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, oʻzbek onasi, oʻzbek onasi.
Kelajak toychogʻu toyingizdadir,
Jannat ham, albatta poyingizdadir,
Vatan-ku, Siz turgan joyingizdadir,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi
Ey, oʻzbek onasi, oʻzbek onasi.
Sizga ta’zim qilib turibman bu payt
Sizga baxshidadir eng shohona bayt,
Aziz Yurtboshingga duolaring ayt,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi
Ey, oʻzbek onasi, oʻzbek onasi.
Tush
Agarda tush bilan oʻzgarsa dunyo,
Tush bilan aylansa vaqtu zamonlar,
Yomon tush koʻrganlar koʻkarmay aslo,
Qirilib ketardi allaqachonlar.
Yaxshi tushlar koʻrsin har kim ham, biroq
Bu bilan ham bitmas dunyo ishlari.
Yaxshi tush koʻrganlar gʻam bilmay mutloq,
Baxtli yashar edi ehtimol bari.
Oliy Ne’Mat
Pir Xoja yoʻliqdi nogahon dardga,
Holi tang, rangi ham aylangan zardga.
Qilmagan doriyu darmon qolmadi,
Yelib-yugurishdan armon qolmadi.
Dunyodan umidin uzar boʻldi u,
Oxirat kengashin tuzar boʻldi u.
Xullas, paymonasi toʻlganda butkul,
Kirdi eshigida ishlab yurgan qul.
Qulning tabiblikka daxli bor edi,
Unga shu asnoda omad yor edi.
Quldan boʻldimikan, Xalloqdanmi yo,
Hoja shifo topdi, ba haqqi xudo:
Ayo, qul, sen boʻlding dardim davosi,
Qilgan xizmatingning yoʻqdir bahosi.
Sochayin boshingdan oltin va kumush,
Olgin xazinamdan eng katta ulush.
Istasang, mulkimning teng yarmin beray,
Yoki men qulimni shod, xurram koʻray.
Qul dedi: — Hozirman xizmatingizga,
Rahmat ham ayturman himmatingizga.
Hattoki xunning ham narxi bor, Xoja
Bebahoning bundan farqi bor, Xojam
Xoja oʻylab dedi: — Nima ekan u?
Qandayin ne’mat u? Qandayin inju?
Aytgin armoningni, bajargum shu zum
Axir, sen tufayli ochiqdir koʻzim.
Qul dedi: — Bir ne’mat bordir — bebaho
Unga sadqa boʻlsin molu mulk, dunyo.
Falaklar bekordir uning qoshida,
Malaklar bekordir uning qoshida.
Unga nisbat bersa — qafasdir jannat
U shundoq tansiq his, tengi yoʻq ne’mat.
— Uning nomi ne deb, qistardi Xoja
Sirni bilmoqlikni istardi Xoja.
Qul dedi: — Bu ne’mat jondan-da totlik
Nomi Ozodlikdir, nomi Ozodlik!
Aktyor
Bir kun tomoshaga tushib lahzada
Turfa aktyorlarni koʻrib qaytibsan.
Lekin sen ularni faqat sahnada
Mavjud deb oʻylasang, bekor aytibsan.
Chin aktyor san’at deb, bagʻrini tigʻlab
Amallab kunini koʻrib yuradi.
Shunday insonlar bor, bir koʻzi yigʻlab
Bitta koʻzi esa kulib turadi.
Shunday insonlar bor, voy otam, deya,
Bir zumda oʻzgarar turqi, siyogʻi.
Lekin oʻsha mahal, oʻsha soniya
Onasin koʻksida turar oyogʻi.
Shunday insonlar bor, goʻyo yurtparvar
Yurtini ulugʻlar goʻyo har soʻzi.
Lekin razm solib qarasang agar,
Amal poyasida ikkala koʻzi.
Shunday insonlar bor, xalqim der hamon
Soʻzlaydi hamisha olib xalq yonin.
Bir qoʻli koʻksida, bir qoʻli biroq,
Tozalab turadi xalqning hamyonin.
San’atga umrini kim etmish fido,
Sharafi yuksalsin, olamni tutsin.
Hayotni oʻyin deb bilganning ammo
Tolei kulmasin, biri kam oʻtsin.
Yoʻqlov
Oʻlmas Umarbekov xotirasiga
Chehrangda tabassum balqirdi doim,
Koʻngil bogʻing edi chechakli, gulli.
Arshi-a’loga ham sendek muloyim,
Xushsurat bandalar darkor shekilli.
Har zumda oʻlimni kutib yashamoq
Uning oʻzidan ham dahshatliroq his.
Senga shunday yurak bermishdi Xalloq,
Boqding ajalning ham koʻziga munis.
Dunyoning tagiga oʻt ketsin, agar
Bagʻridan yaxshini sitib chiqarsa.
Tole boʻlolmagay qazoyi qadar,
Baxt asli tiriklik degan bir narsa.
Oʻlmas deb qoʻymishlar ismingni, biroq
Oʻlim toʻlgʻizdi-ku umr jomingni.
Falakning bu ajib oʻyiniga boq:
Oʻlmas deb turibman endi nomingni!
Inson bolasiga sharafdir gʻoyat
Xalqi rozi boʻlib, xotirga olsa.
Mening ushbu she’rim sen uchun shoyad
Doʻstlaring nomidan yoʻqlov boʻlolsa.
Ajrim
Dunyoning yarmini sayr etdi oʻgʻlon,
Kelib otasidan soʻradi ajrim:
— Chin doʻst topolmadim nega, otajon?
Ota esa jim.
Yana dunyo kezdi charchamay oʻgʻlon,
Yana otasidan soʻradi ajrim:
— Vafo topolmadim nega, otajon?!
Ota hamon jim.
— Nega savolimga bermaysiz javob?!
Oʻgʻlon turar edi nolakor, haqir.
Ota javob qildi uh tortib shu tob:
— Sen ham bor narsani axtar-da axir
Men Faqat…
Men faqat Sen uchun yashadim desam,
Bir oz lof boʻlardi va bir oz yolgʻon.
Gohi bosganida toʻfon kabi gʻam,
Koʻzimga koʻringay oʻzimdagi jon.
Sensiz ham yashadim desam men agar,
Desamki, sensiz ham tanamda bor jon
Ishongil, bu gapim baridan battar,
Yolgʻon boʻlar edi, tamoman yolgʻon.
* * *
Me’mor umr boʻyi hafsala ila
Goʻzal bir imorat ayladi bunyod.
Biroq nogahonda mash’um zilzila
Vayron qildi uni, qildi-ku barbod.
Xuddi shu singari, qurgaymiz biz ham
Umr deb atalmish goʻzal binoni.
Biroq yetib kelar mash’um soʻnggi dam,
Vayron etar uni ajal toʻfoni.
* * *
Stadion guvlaydi,
Odam liq toʻla.
Bu yerda xam boʻlmish turfa til, ovoz.
Ularning barchasin quchib bir yoʻla,
Doʻstim deb atamoq gʻalati bir oz.
Stadion guvlaydi,
Odam liq toʻla.
Faqat Haqqa ayon ular siyrati.
Ularning barchasin soʻkib bir yoʻla,
Gʻanim demoqlik ham ancha gʻalati.
Qadah
Turibman qoʻlimda qadah shu palla,
Demak, jom soʻzimni aytmasam boʻlmas
Sizga baxt tilashim mumkin baralla,
Lekin baxtli qilish qoʻlimdan kelmas.
Tilayman albatta sogʻliq va umr,
Tuhfa qilolmasman lekin ularni.
Tilayman hech soʻnmas ilhom va surur,
Garchand berolmasman bu tuygʻularni.
Men faqat siz uchun orttirib alam,
Yoʻlingiz toʻsmasman devorga oʻxshab.
Gʻalvali dunyoda shuning oʻzi ham,
Mening nazarimda juda katta gap.
* * *
Mana bu hikmatga, doʻstim, sol quloq,
Balki senu menga boʻlgay bir saboq.
Posbonning qovogʻi uyilgan boʻlsa,
Hatto jannatga ham tortmaydi oyoq.
Xarobazor
Dunyoda ming yillik xarobalar koʻp,
Urushlardan yodgor, sellardan yodgor.
Mozorlar qalashib yotibdi toʻp-toʻp,
Aslida ular ham choʻng xarobazor.
Vujudimni teshar yillar shamoli,
Yurak tilka-tilka turfa ozordan.
Bolam, xabar olgin, tutmay zavoli,
Shoir deb atalgan xarobazordan.
Oʻzbekman
Yangi bir asrning ostonasi bu,
Yetishdim umrimning qutlugʻ yoshiga.
Tilimda shukrona, dilimda gʻulu,
Tarix sarkotibin keldim qoshiga:
— Mana, men — Oʻzbekman, qoʻlimda tu
Va barcha a’molim bitilgan kitob.
Shuning ichidadir borim va yoʻgʻim,
Shuning ichidadir men uchun oftob.
Oʻzbekman, inshoolloh, iymonim butun
Tilim qisiq emas bashariyatdan.
Kimgadir tengdirman, kimdandir ustun
Zuvalam qorilgan samimiyatdan.
Oʻzbekman, gohida iqbolim kulib,
Gohida oʻzimdan chiqqan ofatim.
Dunyoni olsam-da jahongir boʻlib,
Goʻdak yigʻisiga yoʻqdir toqatim.
Oʻzbekman, qanchalik jafo chekmayin,
Oʻzimga haq boʻldim, oʻzimga haqman.
Yashadim yovlarga boʻyin egmayin,
Bu kun oʻz erkiga erishgan xalqman.
Istiqlol, ketma yurt peshonasidan,
Tole, tark etmagin bizni ilohim.
Mana, yangi asr ostonasidan
Oʻtdim. Bismillohir rahmonir rohiy
Navroʻz
Avval yuragingga moʻralaydi u,
Soʻngra kurtaklarga oʻrgatadi soʻz.
Zaminning koʻzidan qochadi uyqu,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navroʻz.
Qishning ahvoliga boqib hoynahoy,
Yum-yum yosh toʻkmoqda eriyotgan muz.
Jilva qilayotir tengsiz bir chiroy,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navroʻz.
Ona bagʻri kabi iliqdir olam,
Harir hovur ichra yayrar dala-tuz.
Qoldi puchmoqlarda xazon yangligʻ gʻam,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navroʻz.
Yana koʻngillardan rutubat ketdi,
Yana shu’lalardan qamashmoqda koʻz.
Yana dildorlikning fursati yetdi,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navroʻz.
Saylanma [Abdulla Oripov]