Saraton belgilari va oʻziga xos jihatlari haqida malumot
Saraton – organizmdagi har qanday aʼzo va toʻqimalarni zararlashi mumkin boʻlgan kasallikni anglatuvchi umumiy atama hisoblanib, klinikada namoyon boʻladigan saraton belgilari ham qaysi aʼzo va toʻqimani zararlaganiga koʻra turli xildir.
Saraton atamasiga sinonim boʻlgan tibbiy atama – bu “yomon sifatli oʻsma”dir. Bu holat patologiyasida hujayralar DNKsida oʻzgarish roʻy berishi va biologik informatsiyaning buzilishi, natijasida hujayralarning tartibsiz boʻlinib koʻpayishi va toʻqimalar hosil boʻlishi, yaʼni oʻsma oʻsishi bilan namoyon boʻladi.
Yomon sifatli oʻsma – bu hujayralarning avtonom ravishda tartibsiz boʻlinib koʻpayishi natijasida qoʻshni toʻqimalarga oʻsib kirish xususiyatiga ega boʻlgan hosiladir. Oʻsma oʻzida hujayralar saqlashi bilan birgalikda qon tomirlar va maxsus qobiqqa ham ega boʻladi. Har qanday oʻsma uni tashkil etuvchi hujayralar tipiga qarab, yaʼni gistologik tuzilishiga asosan klassifikatsiyalanadi:
- Saraton yoki karsinoma – epiteliy toʻqimasidan;
- Sarkoma – yogʻ, biriktiruvchi, suyak, mushak, limfa hamda qon tomirlaridan oʻsgan hosila;
- Leykoz – qon yaratuvchi hujayralardan oʻsuvchi;
- Miyeloma – suyak koʻmigidan oʻsuvchi;
- Limfoma – limfa toʻqimalaridan oʻsuvchi.
Asosiy patologik oʻsmalar – saraton yoki karsinomaga toʻgʻri keladi. Yomon sifatli oʻsma ikki bosqichda rivojlanadi: klinikagacha boʻlgan davr hamda klinik belgilar yuzaga chiqish davri. Kasallikning asosiy kechishi klinik belgilargacha davrda boʻladi. Bunda bemorni hech qanday simptomlar bezovta qilmaydi.
Saraton belgilari turlicha namoyon boʻladi, ayrim kasallikda ham yuzaga chiqishi mumkin boʻlgan belgilar saraton hosil boʻlishidan ham darak berishi mumkin. Ammo, aynan saraton kasalligiga xos boʻlgan ayrim belgilar mavjud, ular quyidagilar: obturatsiya, destruksiya, kompressiya, intoksikatsiya, oʻsma oʻsishi.
Obturatsiya (yopilib qolishi)
Bu holat kovak aʼzolar boʻshligʻiga oʻsmaning oʻsishi natijasida kovak aʼzolarda berkilish yaʼni tutilish belgilari namoyon boʻlishi bilan oʻziga xosdir. Obturatsiya belgilari turli aʼzolarda turlicha kechadi:
- Qiziloʻngachda obturatsiya boʻlishi – yutinish qiyinlashuvi;
- Yoʻgʻon ichak chap yonbosh sohasi qismlarida oʻsma boʻlishi – ich kelishining buzilishi, qorin dam boʻlishi, qorinda spazmatik ogʻrqlar boʻlishi, koʻngil aynish belgilari;
- Oshqozonning oʻn ikki barmoq ichakka oʻtish sohasida oʻsma hosil boʻlishi – ovqatlangandan keyin oshqozonda ogʻirlik hissi boʻlishi, spazmatik ogʻriqlar, koʻngil aynishi kabi belgilar;
- Siydik ayiruv aʼzolari ichida oʻsma oʻsishi – oʻtkir peshob tutilishiga olib keladi;
- Oʻt yoʻllarida yoki oʻt qopida oʻsma boʻlishi – oʻt dimlanishi va mexanik sariqlikka sabab boʻladi.
Kovak aʼzolarda oʻsma hosil boʻlishida yuzaga keladigan belgilar sekin astalik bilan rivojlanib boradi. Ayrim holatlarda oʻsmaning parchalanishi natijasida obturatsiya belgilari kamayishi ham mumkin, ammo uning asorati jiddiy oqibatlarga olib keladi.
Destruksiya (parchalanish)
Aʼzoning parchalanishi oʻsma toʻqimasining aʼzo ichiga oʻsib kirishi natijasida roʻy beradi. Saratonning aʼzo ichiga oʻsib kirishi va biror bir mexanik taʼsir oqibatida oʻsmani qon bilan taʼminlovchi tomirlar yoriladi va qon ketish roʻy beradi. Bu holat esa anemiyaga sabab boʻladi va quyidagi belgilar bilan namoyon boʻladi:
- Teri qoplamasining rangpar boʻlishi;
- Bosh aylanishi;
- Arterial bosimning pasayishi;
- Pulsning ipsimon boʻlishi;
- Yurak tonlari boʻgʻiqlashuvi.
Destruksiya belgilari quyidagilardir:
- Toʻgʻri ichak va yoʻgʻon ichakda oʻsma oʻsishi ich kelganda qon kelishi;
- Qiziloʻngach va oshqozondagi oʻsmadan qon ketganda qusuq massasida qon hujayralari aniqlanishi;
- Oʻpkada oʻsmadan qon ketishi balgʻamda qon ajralishi;
- Bachadonda oʻsmadan qon ketishi qindan qonli ajralamlar kelishi;
- Siydik qopidagi oʻsmadan qon ketishi esa peshobda qon kelishi bilan oʻziga xosdir.
Kompressiya (ezilish)
Saraton toʻqimalarining aʼzodan oʻtuvchi nerv tolasi, qon tomirlarini ezib qoʻyishi bilan kechadigan holat. Ikki xil patologiya bilan namoyon boʻladi:
- Ogʻriq;
- Aʼzo ish faoliyatining buzilishi.
Oʻsmaning aʼzolarni ezib qoʻyishi natijasida nerv tolalari ham siqiladi bu esa ogʻriq hissini tugʻdiradi. Ogʻriq boshlanishi oʻsma oʻlchami katta boʻlganda boshlanadi. Avvaliga ogʻriq kuchi boʻlmaydi, simillovchi, toʻmtoq xarakterda, keyinchalik esa kuchayib boradi va oxir oqibat chidab boʻlmas darajada ogʻriq hissi seziladi. Turli aʼzolarda ogʻriq xususiyati ham turlicha koʻrinishda namoyon boʻladi:
- Buyrak, oshqozon, jigar, oshqozon osti bezi,suyak sarkomasida ogʻriq sindromi kasallikning asosiy belgilaridan biri hisoblanadi;
- Qiziloʻngach va oʻpkalarda hosil boʻlgan saraton kuchsiz boʻlgan ogʻriq bilan namoyon boʻladi;
- Tashqi aʼzolardagi oʻsmalar esa ogʻriq sindromisiz kechadi.
Saraton belgilari: Intoksikatsiya
Saraton natijasida organizmda moddalar almashinuvi buzilishi ham kuzatiladi – oqsil, uglevod, yogʻ va mineral tuzlar almashinuvi izdan chiqadi. Bu esa ishtahaning pasayishi, ozib ketish, umumiy holsizlik belgilari bilan namoyon boʻladi.
Saratonning toksik xususiyati koʻpincha jigar, oshqozon osti bezi, oshqozon oʻsmalarida kuchli namoyon boʻladi, boshqacha qilib aytganda hazm qilish jarayoni bilan bogʻliq boʻlgan aʼzolar tizimi faoliyatiga salbiy taʼsir etadi.
Oshqozonda paydo boʻlgan oʻsma intoksikatsiya belgilari bosqichma bosqich kuchayib boradi. Avvaliga ishtaha pasayishi, ozib ketish, keyinchalik esa hazm jarayoning buzilishi, ovqatlangandan soʻng oshqozon sohasida noqulaylik sezish, ovqatlanishdan butkul bosh tortish kabi holatlar ham yuzaga keladi.
Oʻsmasimon hosilalar
Oʻsmaning koʻrinishi yoki qoʻl bilan palpatsiya qilinganda sezilishi onkologik jarayon boshlanganidan darak beradi. Lab va terida hosil boʻladigan oʻsma tubi boʻladi va mexanik taʼsir natijasida qonaydi.
Koʻkrak bezida esa yumaloq shakldagi qattiq hosil aniqlanadi. Odatda oʻsma harakatchan boʻladi, yon atrof toʻqimalari bilan birgalikda harakatlanadi, agar oʻsma aʼzo ichiga oʻsib kirgan boʻlsa yoki suyaklarda hosil boʻlsa harakatlanmaydi.
Aʼzolarning spetsifik funksiyasi buzilishi
Saraton hujayralari aʼzo funksiyasini izdan chiqaradi. Bunday jarayon ayniqsa, endokrin aʼzolari hamda qon hosil qiluvchi aʼzolarda yaqqol namoyon boʻladi:
- Qalqon oldi bezlari oʻsmasida bezning ish faoliyati kuchayib ketadi va qonda kalsiy miqdori ortib ketadi, natijada suyaklar hamda buyraklar faoliyati buziladi;
- Jinsiy aʼzolarda paydo boʻlgan oʻsma jinsiy qobiliyat susayishi, sut bezlarining regressiyasi hamda organizmda yogʻ toʻplanishi ortishi bilan namoyon boʻladi;
- Buyrak usti bezlari oʻsmasida qon bosimi yuqori boʻladi, jinsiy yetilish buziladi;
- Oshqozon osti bezi oʻsmasida esa insulin ishlab chiqarilishi ishdan chiqadi hamda qonda glyukoza konsentratsiya oʻzgaruvchan boʻlib qoladi;
- Leykoz- suyak iligi faoliyatining buzilishi boʻlib, qonga yetilmagan qon hujayralari koʻp ajraladi;
- Ovoz boylamlari oʻsmasida esa ovoz buzilishi bilan bogʻliq boʻlgan muammolar koʻzga tashlanadi.
Saratonning metastazi natijasida aynan shu oʻsmaga xos boʻlmagan qoʻshimcha belgilar ham yuzaga chiqishi mumkin:
- Tromblar hosil boʻlishi;
- Terida toshmalar;
- Qonda glyukoza miqdorining pasayishi;
- Buyraklar zararlanishi;
- Eritrotsitlar parchalanish muddatining qisqa boʻlishi;
- Naysimon suyaklarda deformatsiyalar, baraban tayoqchalari koʻrinishidagi barmoqlar, boʻgʻimlar faoliyatining buzilishi.
Bu kabi belgilar oʻsmaning organizmga umumiy taʼsiri natijasida kelib chiqadi.
Saraton klinik kechishiga taʼsir etuvchi boshqa omillar
Saraton kasalligi kechishiga bir qancha omillar oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Oʻsma hosil boʻlishidan oldingi kasallik hamda saratondan keyingi infeksion omillar oʻsma hosil boʻlganligi belgilarini yashirishi mumkin.
Misol qilib oshqozon saratonini keltirish mumkin. Surunkali davom etgan yara kasallik natijasida yomon sifatli oʻsma hosil boʻlishi ogʻriq, koʻngil aynishi, oshqozon sohasidagi diskomfort holatlari kabi belgilar bemorni doimiy bezovta qilishi natijasida saraton haqida oʻylab ham koʻrilmaydi.
Yoʻgʻon ichakda hosil boʻlgan oʻsma esa doimiy ichi qotib yuruvchi bemorlar (kolostaz)da, har doimgidek ich kelmasligi, doimo qorin dam boʻlishi ham simillovchi ogʻriq boʻlganligi sababli biroz tashxislanishida qiyinchilik tugʻdiradi.
Oʻsmaning taʼsirlanishi natijasida yoki parchalanishida unga ikkilamchi infeksiya aralashishi mumkin. Bunda umumiy qon tahlili oʻzgaradi, tana harorati koʻtariladi, umumiy holsizlik belgilari namoyon boʻladi. Ayniqsa oʻpkalarda hosil boʻlgan oʻsma infeksiyalanishi koʻpincha respirator infeksion kasallik yoki sil kasalligi deb tashxislanishi mumkin.
Saratonning organizmga tizimli taʼsiri
Saraton kasalligi oqibati uning erta tashxislanishiga bogʻliq boʻladi. Quyidagi belgilar oʻsma kasalliklarida koʻpincha yuzaga chiqadi va bu kabi belgilar namoyon boʻlsa, darhol shifokorga murojaat etish kerak boʻladi:
- Sababsiz charchash, holsizlik, umumiy diskomfort belgilari;
- Terida yoki teri ostida, ayollarda esa sut bezlarida qattiqlashgan hosil aniqlanishi;
- Limfa tugunlari kattalashishi;
- Najas yoki peshobda qon boʻlishi;
- Qorin boʻshligʻida uzoq muddat davom etuvchi ogʻriq boʻlishi;
- Ishtahaning pasayishi;
- Uzoq muddat davom etuvchi yoʻtal va nafas yetishmovchiligi;
- Ovoz buzilishi, xirillash;
- Tana haroratining uzoq muddat subfebril koʻrsatkichlarda boʻlishi;
- Ich kelishining buzilishi;
- Tungi vaqtda koʻp ter ajralishi;
- Sababsiz tana vaznining kamayib ketishi (qisqa muddat ichida 5 kg.dan ortiq vazn yoʻqotish).
Tana vaznining kamayib ketishi (saratonli kaxeksiya) hazm qilish jarayoni buzilmagan holatlarda ham roʻy beradi. Bunda nafaqat yogʻ toʻqimalari balki mushak toʻqimalari ham zaiflashib boradi. Bu kabi ozib ketish diyeta yoki uzoq muddat och qolishdagi kabi boʻlmaydi.
Yuqoridagi kabi belgilar namoyon boʻlsa zudlik bilan shifokorga murojaat etish zarur. Shifokorlar kerakli tekshiruvlar yordamida oʻsma hosil boʻlganligini aniqlaydi. Saraton tashxisotida oʻsmadan olingan biopsiya va uning gistologik tekshiruvining ahamiyati juda katta.
Kasalliklar
Saraton belgilari va oʻziga xos jihatlari