Samoviy yo‘qlama

Samoviy yo‘qlama

Samoviy yo‘qlama

(Ayzek Azimovdan tarjima)

samoviy yoqlama 660ef29ec2453

Tarjimon izohi: Maqola — longrid turkumidan. Ya’ni juda uzun va ko‘p sahifada. Unda Quyosh tizimidagi obyektlarning nomlari va nima uchun aynan shunday nomlanganiligi haqida so‘z yuritilgan. Maqola 1965-yilda yozilgan bo‘lib, shu sababli, undan keyingi o’tgan 51 yil mobaynia amalga oshirilgan e’tiborga molik astronomik kashfiyotlar va ularning nomlarining izohi bo‘iycha ham maqola so’ngida o’zim qo’shimcha kiritidim. Qiziq bo‘adi degan umiddaman.

XX asrning 30-yillarida matbuotda g‘alati bir tendensiya kuzatilgandi. Mualliflar o‘zlari yozgan asarlarga jamoatchilikda qiziqish uyg‘otish uchun, asar nomlariga, yoki, maqolalarga biror bir samoviy jism nomini qo‘shib nom berishardi. Bunday yo‘l tutish asosan tijorat maqsadlarini ko‘zlagan bo‘lib, o‘sha paytlarda odamlar ko‘proq koinot tilsimlari haqida o‘qishni xush ko‘rishgan. Masalan, mening ham 30-yillarda chiqqan ilmiy-ommabop kitoblarim «Ganimeddagi milod bayrami«, «Kallistodagi xatar« tarzida nomlangan va ochig‘ini aytaman, bu orqali kitobning xaridorgirligini oshirish ko‘zda tutilgan edi.

 

30-yillarda hali televideniye yo‘q, radio ham unchalik ommalashmagan paytlar edi va aholining kattagina qatlami kitob o‘qishni kundalik odatga aylantirgandi. o‘sha yillarda odamlar orasida ilmiy-fantastikaga talab ko‘proq bo‘lgan. Yuqoridagi kabi samoviy jismlar — sayyoralar yoki, tabiiy yo‘ldoshlarning nomlari qo‘shib nomlangan asarlar qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan. Biroq, ko‘p o‘tmay, tag zamiri faqat tijorat bo‘lgan bunday harakatlar o‘zini oqlamay qo‘ydi. Mualliflar, shu jumladan men ham endi xaridorgirlikni orttirish uchun boshqacha yo‘llar qidira boshladik. Biroq, o‘sha g‘alati tendensiyaning 30-yillar kitobxonlariga ko‘rsatgan ajoyib bir ijobiy ta’sirini ham inkor etib bo‘lmaydi: 30-yillar kitobxonlari Quyosh tizimidagi sayyoralar va ularning yo‘ldoshlari, hamda, boshqa samoviy jismlarning nomlarini juda yaxshi bilishardi. Ta’bir joiz bo‘lsa, o‘shanda ilmiy-fantastika shinavandalarining aksariyati, AQSH shtatlarining nomlari va joylashuvidan ko‘ra, Quyosh tizimidagi obyektlarning nomlari va joylashuvini yaxshiroq bilib olishgan. Nomlarini bilib olishgani yaxshi albatta. Lekin, baribir oddiy kitobxonning o‘ntasidan to‘qqiztasi ushbu nomning nimani anglatishini bilmas edi va odatda uni noto‘g‘ri talaffuz qilardi. Lekin, harholda dahshatli fantastikadagi maxluq Umbrieldan yoki, Ganimeddan uchib kelgani, uning Filadelfiyadan chiqib kelganidan ko‘ra qiziqarliroq bo‘ladi. Biroq, hozirgi kitobxonlar haqida bunday deb bo‘lmaydi. Hozirda ilmiy-fantastik asarlar nafaqat kitoblarda, balki, multfilmlar va kinofilmlar syujetlarini ham egallagan bo‘lsa-da, zamonaviy ilmiy-fantastika ixlosmandlarining aksariyati osmon jismlarining nomlari nimani anglatishi tugul, ularning nomini o‘zini ham bilishmaydi. Bilimsizlik bilan esa kurashish kerak. Keling, shuning uchun ushbu hikoyamizda osmon jismlarining nomlarini boshqatdan yo‘qlama qilib chiqamiz va biryo‘lasi, ushbu nom nimani anglatishini ham ko‘rib chiqamiz.

Ona sayyoramiz — Yerdan boshlaymiz. Yer bashariyat beshigi sifatida hamma xalqlarga eng qadimgi zamonlardan ma’lum. Uni hamma millat o‘z tilida turlicha ataydi. Shuning uchun ona sayyoramizning nomi qanday kelib chiqqani va u nimani anglatishini tahlil qilish o‘zi noo‘rin bo‘lsa kerak. Biroq, ilm-fanda Yer va Yer bilan bog‘liq atamalarda qo‘llaniladigan umumiylik mavjud. Masalan, siz geologiya, geografiya, geometriya kabi fanlarni yaxshi bilasiz. Aynan shu atamalardagi umumiy Geo nomi, Yerning qadimgi yunon va lotin tillaridagi nomidan kelib chiqqandir. Qadimgi yunonlar sayyoramizni Gaia deb atashgan. Qadimgi Rimliklar esa Gaea deb yuritishgan. Lotin tilida Yerning yana bir nomi bo‘lib, u ham ancha ommalashgan atama sanaladi. Ya’ni, lotinchada Yer Terra deyiladi. Ilmiy-ommabop asarlarda yerliklarni Terrestrial deb yuritilardi. o‘zga sayyoraliklarni esa ekstra-terrestrial deb atalgan.

Rimliklar ona sayyoramizni shuningdek Tellus Mater deb ham nomlashgan. Bu «Ona Yer« degani bo‘lib, rimliklar tilida qaratqich kelishigi bilan tellus so‘zi tellurisga o‘zgaradi. Shu sababli, ayrim fantastik yozuvchilar Yerliklarni shuningdek tellurianlar ham deb yozishadi. Shuningdek, kimyoviy elementlar davriy jadvalida ham Yer sayyorasi sharafiga nomlangan kimyoviy element mavjud bo‘lib, u tellur (Te) elementidir.

Endi Quyosh haqida gaplashamiz.

Yunonlar Quyoshni Helios deb atashgan. Rimliklar esa Sol deb nomlashgan. Garchi biz davriy jadvaldagi geliy (He) elementining nomi aynan yunonchadagi «quyosh« so‘zidan olinganini, yoki, kungaboqarning ilmiy nomi geliotrop ekanini kabi faktlarni bilsakda, yunonlarning atamasi ilmiy adabiyotlarda unchalik ham ommalashgan deb tasdiqlay olmaymiz. Rimliklarning sol atamasi esa nisbatan ko‘proq tarqalgan bo‘lib, u ko‘plab yevropa tillariga o‘zlashib ketgan. Masalan, ingliz tilida solar system deganda, so‘zning ildizi aynan Rimliklarni Quyoshiga borib taqaladi. Ilmiy-ommabop asarlarda mualliflar odatda Quyoshni Sol deb, Yerni esa Sol III deb nomlaydilar.

Navbat Yerning tabiiy yo‘ldoshi — Oyga yetib keldi. Oy qadimgi yunonlar tilida Selen, Rimliklar tilida esa Luna deb yuritilgan. Yunonlarning «oy« so‘zidan kelib chiqib kimyoviy element — selen (Se) nomlangan. Shuningdek, Oyni o‘rganuvchi fan ham selenologiya deyiladi. Yevropa xalqlarining aksariyatida Selena qizlar ismi sifatida ham keng tarqalgan[1]. Oyning lotincha nomi Luna esa yevropa tillarining aksariyatiga o‘zlashib ketgan bo‘lib, shuni aytish kerakki, selen asosan ilmiy manbalarda, luna esa kundalik muomalada ko‘proq ishlatiladi[2].

Ushbu atamalarning aksariyatini qadimgi yunonlar ham, Rimliklar ham, o‘zlari topingan turli ma’budlarning nomlari bilan atashgan. Yoki, aksincha, ma’budlarga ushbu osmon jismlarining nomini berishgan bo‘lishi ham mumkin. Biroq, nimagadir menda, bu atamalar avvaliga biror oddiy fizik obyektlarning nomi bo‘lgani va keyinchalik ular ilohiylashtirilib, mifologik tus berilgani degan taxmin mavjud. Nima bo‘lganda ham, ta’kidlash kerakki, yunonlar tilida Gelios — Quyosh ma’budi, Gea esa Yer ma’budasi bo‘lgan.

Keyinchalik yunonlar ushbu usulni, ya’ni, ma’budlarning nomlarini osmon jismlariga berish amaliyotini an’anaga aylantirib yuborishgan. Ba’zi o‘rinlarda ular Quyosh ma’budini endi gelios emas, balki Apollonga almashtirishgan ham. Artemidani esa Oy ma’budasi deb e’lon qilishgan (xuddi shunday maqomga Rimliklarda Diana ma’budasi ega bo‘lgan). Ehtimol, muayyan narsalarning nomlari o‘sha paytdayoq hozirgidek kabi «ilmiy doiralar«da boshqacha va xalq ommasi orasida boshqacha atalishi urfga kirgan bo‘lsa kerak. Harqalay, oddiy yunon avom xalqi Quyoshni Gelios, Oyni esa Selen deb atashda davom etgan. Yunon ilmiy doiralarida esa bu ikkala osmon jismi Apollon va Artemidaga aylangan.

Keling endi, boshqa osmon jismlarining nomlarini ko‘rib chiqamiz.

Ehtimol tarixda odamlar sayyora sifatida taniy boshlagan ilk osmon jismi Venera bo‘lgan bo‘lsa kerak. Venera o‘z orbitasining qaysi qismida turganiga qarab, kechki payt Quyosh botgandan keyin, yoki, tong otishiga yaqin Quyosh chiqishidan avval osmonda ko‘rinadi. Shu sababga ko‘ra, qadimgi xalqlar uni Tong Yulduzi va Kechki Yulduz deb nomlashgan. Avvaliga qadimi yunonlar Tongi va Kechki yulduzni boshqa-boshqa obyektlar deb o‘ylashgan va ularni turlicha atashgan.

Kech oqqach ko‘rinadigan Kechki Yulduzni yunonlar Hesperos deb nomlashgan. Ularning tilida bu nom «kech« va «g‘arb» so‘zlarini anglatgan. Chunki, Quyosh kech payti g‘arbga botadi va aynan o‘sha tarafda biz aytayotgan Kechki Yulduz ko‘rinadi. Rimliklar ham ushbu sayyorani yunonlar bilan deyarli bir xil, ya’ni, Vesper deb atashgan. Tong Yulduzini esa yunonlar Phosphorus (fosfor) deb nomlashgan. Bu yunon tilida «nur keltiruvchi« degan ma’noni bildiradi. Chunki, osmonda ushbu obyekt ko‘rinishi bilan, birozdan keyin Quyosh chiqqan va atrof nurga to‘lgan. Siz hozir albatta fosfor (P) kimyoviy elementi haqida ham eslagan bo‘lsangiz kerak. Biroq, fosfor nomini Venera sayyorasiga ham, uning qadimgi yunon tilidagi fosforus ko‘rinishida ham aloqasi yo‘q. Fosfor elementining nomi, uning ochiq havoda kislorod bilan reaksiyaga kirishib, o‘z-o‘zidan yonishi va nur taratishi xususiyati tufayli shunday atalgan. Tong Yulduzining lotincha nomi esa Lucifer bo‘lgan va u ham «nur keltiruvchi« degan ma’noni anglatgan.

e’tibor bergan bo‘lsangiz, bu o‘rinda yunonlar mifologiyaga murojaat qilib o‘tirishmagan va oddiy sodda mantiqqa tayangan holda samoviy obyektni «tongi« va «kechki« deb nomlab qo‘yaverishgan. Biroq, eramizdan avvalgi VI asrda Pifagor ismli yunon mutafakkiri uzoq yillik darbadarlikdan keyin vatani Yunonistonga qaytdi va hammasini «o‘z o‘rniga« qo‘yib qo‘ydi. Gap shundaki, Pifagor Misr va Bobilda bo‘lib qaytgandi. Bu paytda Bobil podsholigida ilm-fan Yunonistondagidan ko‘ra ancha oldinda bo‘lib, Bobilliklarning astronomik bilimlari ancha ilg‘or edi. Boz ustiga, Bobilliklar yunonlar Tong Yulduzi va Kechki Yulduz deb ataydigan osmon jismi aslida bitta obyekt ekanini yaxshi bilishgan. Chunki, bu ikkala osmon jismi bir-biri bilan aynan bir xil bo‘lib, hech qachon bir vaqtning o‘zida osmonda kuzatilmasdi. Agar ulardan biri ko‘rinib turgan bo‘lsa, bu vaqtda ikkinchisi ko‘rinmagan. Ularning osmondagi harakatidan kelib chiqib esa, Tong Yulduzi Quyoshni aylanib o‘tib, endi Kechki Yulduz bo‘lib ko‘rinayotganini va aksincha ekani haqida xulosa qilish mumkin edi. Yunonlar ikkita boshqa-boshqa yulduz deb o‘ylagan mazkur sayyora tungi osmonda shunday yorqin jilvalanadiki, unga mahliyo bo‘lgan Bobillik munajjimlar sayyoraning chiroyini va yorqinligini e’tiborga olib, unga o‘zlarining muhabbat ma’budalarining nomini berishgan. Ya’ni, Bobilliklar Venerani Ishtar deb yuritishgan.

Aytganimizdek, Pifagor Bobilda bir muddat bo‘lib, u yerda astronomiyadan bilimlarini ancha o‘zlashtirib olgan va o‘zi bilan Yunonistonga ko‘plab ilmiy yangiliklarni keltirgan. Xususan, yunonlar ikkita alohida yulduz deb ishonib yurgan osmon jismi aslida bitta obyekt ekani va uni Bobilliklar muhabbat ma’budasining nomi bilan atashlarini ma’lum qilgan. Natijada, tez orada fosforus va hesperos yunon ilmiy lug‘atidan chiqib ketdi va ularning o‘rniga yagona atama Afrodita atamasi ishlatila boshlandi. Albatta, Pifagor orqali Bobilliklardan bilim o‘zlashtirgan yunonlar, obyektga nom berishda ham ularga taqlid qilishgan. Ya’ni, Afrodita — Bobilliklarning Ishtar ma’budasining yunon mifologiyasidagi timsoli bo‘lgan. Qisqasi, yunonlar ham mazkur sayyoraga o‘z madaniyatlaridagi sevgi-muhabbat ma’budasining nomini berishgan. Vaqt o‘tib, bu bilimni yunonlardan Rimliklar ham o‘zlashtirib olishgan. Ular ham an’anani buzmasdan, mazkur osmon jismiga o‘z madaniyatlaridagi sevgi-muhabbat ma’budasining nomini berishgan. Rimliklarda muhabbat ma’budasining nomi Venus, ya’ni, Venera bo‘lgan. Ko‘rib turganingizdek, aynan ushbu nom, hozirgacha saqlanib qolgan.

Shunday qilib, ma’lum bo‘lmoqdaki, osmon jismlariga turli afsonaviy ma’budlarning nomini berish an’anasi dastavval qadimgi Bobilliklarda paydo bo‘lgan ekan. Ulardan esa avval yunonlar, keyin rimliklar bu an’anani o‘zlashtirib, rivojlantirishgan bo‘lib chiqmoqda.

o‘rni kelganda aytish joizki, Venera atamasi avvaliga qadimgi rimliklar uchun, qolaversa, zamonaviy xalqlar uchun ham biroz o‘ng‘aysizliklar keltirib chiqargan. Xususan, qadimgi rimliklar tilida mavjud bo‘lgan «venerable« so‘zi keksalarga nisbatan hurmatni anglatardi. Sevgi-muhabbat ma’budasi orqali esa, Venera so‘zi ishqiy munosabatlarga ham taalluqli so‘zga aylanib qolgan (ya’ni, ular qomati raso, jinsiy yetilgan qizlarni ham «venerik« deb sifatlashgan). Shu tariqa rimliklarda yosh qiz va ayollarga ishqiy mazmundagi gaplarni aytishda ham, keksalarga e’zoz-hurmat ma’nosidagi gaplarni aytishda ham chalkashliklar kelib chiqqan. Umuman olgan Venera bilan bog‘liq bunday noqulay chalkashliklar hozirgi zamon atamashunosligida ham bor. Ayniqsa bi yevropa tillarida so‘zlashuvchilarga juda yaxshi ma’lum. Masalan, astronomlar yevropa tillarida Venera atmosferasi haqida gapirilganda venerian atmosfera deb gapirishga majbur bo‘lishadi. Aslida lotin tilining merosxo‘ri bo‘lgan tillarda venerik atmosfera deb yuritilish imloviy va uslubiy jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi. Biroq, jinsiy yo‘l bilan yuqadigan va ko‘pchilikda salbiy taassurot uyg‘otadigan tanosil kasalliklari turkimi ham tibbiyotda venerik kasalliklar deyiladi. Shu sababli, astronomlar ushbu salbiy taassurotdan holi bo‘lish uchun, imloviy noto‘g‘ri bo‘lsa-da, venerian so‘zini ishlatishga majbur bo‘lishadi.

Ko‘pincha, ilmiy atama va jumlalarda lotincha so‘zlardan tashqari, asosan yunoncha so‘zlar ham asosiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Xo‘sh, modomiki, Veneraning lotincha so‘z ekanligi bunday noqulayliklar paydo qilsa, unda uning yunonchasidan foydalanilsa bo‘lmaydimi? Taassufki, bu o‘rinda astronomlarga Venera sayyorasining yunoncha nomi ham aytarli yordam berolmaydi. Qaytanga, Veneraning yunoncha nomi — Afroditadan kelib chiqib so‘z tuzilsa, undan ham battar kulgiga qolish mumkin. Chunki, Afroditadan yasalgan sifat Aphrodisiakos bo‘ladi. Endi tasavvur qiling, Venera atmosferasi haqida gapirmoqchi bo‘lgan astronom «afrodiziak atmosfera« desa, uni eshitayotganlar nima deb o‘ylaydi? Albatta tushungan tushunadi, lekin tushunmaganlar, koinot haqida jon koyitib gapirayotgan bechora astronomni shahvatparast buzuqi odam deb o‘ylashi ham ehtimoli katta. Chunki, afrodiziak atamasi ham odamlar orasida allaqachon jinsiy-shahvoniy taassurotlar bilan uyg‘unlashib qolgan bo‘lib, u qarama-qarshi jins vakilida jinsiy moyillikni uyg‘otish va shahvatni kuchaytirish mazmunini anglatadi.

Biroq, bu noqulayliklardan xalos bo‘lish uchun baribir nimadir qilish kerak. Biz Venera atmosferasini ancha yillardan buyon (Lomonosov davridan beri) tadqiq qilmoqdamiz va astronomlarga o‘z tadqiqotlari haqida gapirayotganda uyalmaydigan va atrofdagilarda ham noo‘rin tasavvur paydo qilmaydigan biror tayinli jumla baribir kerak bo‘ladi. Topqirlikda boshqalardan aslo qolishmaydigan astronomlar oxiri bu muammoga ham yechim topishdi! Ma’lum bo‘lishicha, qadimda yunonlar ichida Afrodita ma’budasiga eng ko‘p sig‘ingan xalq mamlakat janubidagi Kitera orolida istiqomat qilgan ekan. Kiteraliklar uchun Afrodita eng asosiy ma’buda bo‘lgan. Shu sababli, qadimgi yunonlar Afroditani ko‘pincha Kitera ma’budasi ham deb atashgan ekan. Astronomlar esa, endilikda Veneraga taalluqli biror narsa haqida gapirishganda, masalan Venera atmosferasi deyishganda, uning o‘rniga kiterian atmosfera deb yuritishmoqda. Qoyil qolsa arziydi.

Endi boshqa sayyoralarga ham o‘tsak. Yaxshiki, qadimdan ma’lum bo‘lgan boshqa to‘rt sayyoraning nomlari borasida bunday chalkashliklar va noqulayliklar mavjud emas.

Sayyoralar ichida yorqinligi jihatdan Veneradan keyin, ikkinchi o‘rinda turadigan sayyora haqiqatan ham shohona sayyora nomiga loyiqdir. Albatta, Venera eng yorqin va eng chiroyli porlaydigan obyekt sifatida shoirlarni ko‘proq ilhomlantirgandir. Biroq, u Quyoshga yaqin bo‘lgani uchun tun mobaynida deyarli ko‘rinmaydi. Yorqinligi jihatdan ikkinchi bo‘lgan sayyora — Yupiter esa butun tun mobaynida yarqirab jilvalanadi va unga qadimgi xalqlar o‘zlarining eng katta ma’budlarining nomini berishgan. Chunonchi, Bobilliklar uni Marduk deb atashgan. Yunonlarda esa u Zevs deb nomlangan. Rimliklar bo‘lsa Yupiter deb yuritishgan. Ularning har biri o‘z tamaddunining eng asosiy ma’budining nomi bo‘lgan. Sezganingizdek, bu sayyora nomi uchun ham Rimliklar ishlatgan atama saqlanib qolgan.

Bobilliklar osmondagi qizil rang bilan jilvalangan sayyorani ko‘rib, uni jang-jadallarda oqqan qon rangiga qiyoslashgan va shundan kelib chiqib, mazkur sayyorani jangu-jadal ma’budi nomi bilan Nergal deb nomlashgan. Yunonlar ham bosh qotirib o‘tirmasdan, Bobilliklarning mantig‘ini shunday o‘zlashtira qolishgan va ular ham ushbu sayyorani o‘zlarining urush ma’budlari nomi bilan atashgan. Yunonlarda urush ma’budining ismi Ares bo‘lgan. Rimliklarning urush ma’budi esa Mars deb nomlangan bo‘lib, ushbu nom hozirgacha saqlanib, mustahkam o‘rnashib qolgan. Biroq, Mars sirtini o‘rganuvchi fan «marsografiya» deb emas, balki, «areografiya« deb yuritiladi va bu o‘rinda yunoncha atama ildamlik qilgani ko‘rinib turibdi.

Quyoshga eng yaqin joylashgan yana bir sayyora ham xuddi Venera kabi faqat tong otishidan oldinroq va kun botgan paytda qisqa vaqtga ko‘rinardi xolos. U Veneradan ko‘ra kichikroq va Quyoshga juda yaqin bo‘lganidan, uni ko‘rish va kuzatish biroz qiyinroq bo‘lgan. Yunonlar bu sayyoraga nom bermoqchi bo‘lgan paytda, ularning madaniyatida osmon jismlariga ma’budlarning nomini berish amaliyoti allaqachon mustahkam o‘rnashib qolgan bo‘lib, balki shu sababli, ular mazkur osmon jismini «tongi» yoki «kechki» deb nomlab o‘tirishmagan. Aksincha, uning tongi ko‘rinishida Apollon, kechki ko‘rinishiga esa Germes deb nom berib, osonlik bilan masalani hal qilishgan.

Yuqorida ham aytilgandek, keyinchalik yunonlarda Apollon ma’budi Quyoshni ifodalay boshlagan. Chunki, tongga yaqin osmonda Apollon sayyorasi paydo bo‘lishi bilan tez orada Quyosh chiqib, hammayoqni nurga to‘ldirgan. Ushbu osmon jismi Quyoshga eng yaqin obyekt bo‘lgan uchun (yunonlar bu haqida bilishgan bo‘lsa kerak) u yulduzlarga nisbatan ancha tez harakatlangan. Osmonda faqat Oy harakati undan ildamroq bo‘lgan xolos. Shu sababli ham bu sayyoraga yunonlar Germes nomini ham berishgan edi. Germes — yunon afsonalaridagi ma’budlarning chopari bo‘lib, u juda tez harakatlanadigan qahramon sifatida tasavvur qilingan. Ko‘p o‘tmay, bir obyektni ikki xil nom bilan nomlashning noqulayligi o‘zini ko‘rsata boshladi va yunonlar mazkur sayyora uchun Apollon nomidan voz kechib, Germesni tanlab olishdi. Yunonlarning Germesining Rimliklar mifologiyasidagi hamkasbi, ya’ni, Rim ma’budlarining chopari Merkurius bo‘lgan. Uni biz Merkuriy nomi bilan yaxshi taniymiz. Merkuriy sayyorasining yulduzlar fonidagi juda tezkor harakati simob tomchilarining tezkor harakatchanligini eslatib yuboradi. Balki shu sabablidir, simob kimyoviy elementini ham lotin tilida merkuriy (Hg) deb atashgan va u davriy jadvalda ham o‘zining qat’iy ifodasini topgan. Shuningdek, lotin tilining merosxo‘ri bo‘lgan yevropa tillarida, fikri tez o‘zgaradigan, bir maslakda turolmaydigan pala-partish odamlarni merkurial odam deyishadi.

Qadimgi xalqlarga ma’lum bo‘lgan, lekin, boshqa sayyoralarga nisbatan eng sekin harakatlanadigan yana bir sayyora qoldi. U insoniyatga qadimdan ma’lum sayyoralar ichida Quyoshdan eng uzoq joylashgani bo‘lib, uning juda sekin harakatlanishi tufayli, yunonlar unga Kron (Cronos) deb nom berishgan. Yunon afsonalarida Kron juda og‘ir qadamlar bilan harakatlanadigan, sekin yuradigan qariya ma’bud bo‘lib, u Yupiterning otasi sanalgan. Afsonalarga ko‘ra, Yupiter va Olimp aholisi birgalikda qo‘zg‘olon ko‘tarib ma’budlar taxtini egallab olishidan avval dunyoni aynan Kron boshqargan emish. Xuddi shunday taqdirga ega bo‘lgan o‘z ma’budlarini Rim aholisi Saturnus deb atashgan. Biz esa, uni Saturn deb bilamiz. Ingliz tilida saturnine degan so‘z «g‘amgin«, «badqovoq«, «tund« kabi ma’nolarni anglatadi. Hammasining sababi o‘sha — afsonalarda Rim va yunon ma’budi bo‘lgan Saturn va Kronlarning xo‘mraygan, g‘amgin timsolda tasvirlanganidir.

Deyarli ikki ming yil mobaynida insoniyat faqat ushbu yuqorida sanab o‘tilgan osmon jismlarini bilib, o‘rganishga harakat qilib keldi. Faqat shuncha ulkan vaqt mobaynida ularni o‘rganish ishlarida deyarli hech qanday yangilik yuz bermadi. Chunki, bu vaqtda yashab o‘tgan astronomlarining barcha-barchasi osmonni faqat o‘z ko‘zi bilan kuzatgan.

Vanihoyat 1610-yil kirib keldi va mashhur italyan olimi Galileo Galiley teleskop yasab, koinotni kuzata boshladi. U ancha muddat koinotni kuzatdi. Kunlardan bir kun olim teleskopini Yupiterga yo‘naltirdi va sinchiklab qarab, ushbu sayyora atrofida aylanayotgan to‘rtta kichik obyektlarni payqab qoldi. Olmon astronomi Iogann Kepler esa, mazkur obyektlarga umumiy nom sifatida yo‘ldosh atamasini taklif qildi. U kibor zodagonlarni kuzatib, ularga yo‘lda xizmatchilik va hamrohlik qilib boradigan kichik tabaqadagi odamlarga nisbat berib ushbu taklifni bildirgan edi. Basharti, Kepler shunday degan ekan, uni ko‘pchilik astronomlar e’tirozsiz qabul qilishdi va endilikda, katta osmon jismlari atrofida aylanuvchi kichik obyektlarni o‘sha osmon jismining yo‘ldoshlari deb atay boshlashdi.

Galiley oldida masala ko‘ndalang turib qoldi: Yupiter atrofida aylanayotgan mazkur kichik obyektlarni qanday nomlash kerak? Garchi u qadimgi yunonlar va rimliklar osmon jismlariga ma’budlarining nomini berishini odat qilishganini yaxshi bilsa-da, harqalay boshqacharoq yo‘l tutishga urinib ko‘rdi. U o‘ziga homiylik qilgan va vaqti-vaqti bilan katta in’omlar berib mukofotlab turgan odami — Toskaniya buyuk gersogi Kozimo Medichi II ning nomini abadiylashtirishga, bu orqali esa, gersogdan yanada kattaroq mukofotlar olishga umid bog‘ladi. Shu sababli Galiley o‘zi kashf qilgan osmon jismlarini «Medichi yulduzlari« deb nomlagan. Lekin Galiley o‘ylagan fikr ilm-fanda yashab qola olmadi. Biz hozirda o‘sha to‘rtala osmon jismlarini umumiy tarzda «Galiley yo‘ldoshlari« deb ataymiz. Biroq, ularning har biri baribir eski an’anaga ko‘ra, mifologik nomga ega bo‘lgan. Galiley yo‘ldoshlariga afsonaviy nomlarni olmon astronomi Simon Marius biriktirgan.

Simon Marius Yupiter yo‘ldoshlariga uning yunon «hamkasbi« bo‘lmish Zevsning kanizaklari va boshqa yaqinlarining nomini berish an’anasini boshlab bergan odam ham sanaladi. Yunon afsonalarida Zevsning Io ismli juda chiroyli mahbubasi bo‘lgan bo‘lib, uni ma’budning o‘zi xotining rashkidan qo‘rqib, sigirga aylantirib qo‘ygan emish. Io — Galiley yo‘ldoshlari ichida Yupiterdan eng olis masofada joylashganidir. Ikkinchi yo‘ldosh bu — Yevropa deb nomlanadi. Afsonalarga ko‘ra, Zevsning o‘zi xo‘kiz qiyofasiga kirgan va shu tarzda niqoblanib Finikiyaga borib, u yerdan Yevropani o‘g‘irlab kelgan ekan. Galiley kashf qilgan uchinchi yo‘ldoshning nomi Ganimed bo‘lib, uni Zevs burgut qiyofasiga kirib, Troyadan o‘g‘irlab kelgan deyiladi. To‘rtinchi yo‘ldoshning nomi Kallisto. Uni Zevsning xotini tutib olib ayiqqa aylantirib qo‘yganligi hikoya qilingan.

Tasodifni qartangki, Yupiterning Galiley yo‘ldoshlaridan faqat Ganimedga erkak kishining nomi berilgan va bu nom juda omadli chiqqan. Chunki, Ganimed nafaqat Yupiter yo‘ldoshlari ichida, balki, butun boshli Quyosh tizimidagi barcha tabiiy yo‘ldoshlar ichida eng kattasidir. U hatto to‘laqonli katta sayyora bo‘lmish Merkuriydan ham kattaroq osmon jismidir.

Yangi davrda kashf qilingan ilk osmon jismlari bo‘lmish Yupiter yo‘ldoshlaridan boshlab, yana osmon jismlariga mifologik qahramonlar nomini berish an’anasi jonlanib ketdi.

1655-yilda golland astronomi Xristian Gyuygens Saturn yaqinidan ham uning tabiiy yo‘ldoshini kashf qildi. Gyuygens kashf qilgan yo‘ldosh sayyoradan uzoqligi bo‘yicha oltinchisi ekanini bugungi kun astronomlari yaxshi bilishadi. Unga Titan deb nom berishgan. Bu nom ham albatta an’analarga juda muvofiq keladi. Chunki, Zevsdan avval dunyoni boshqargan ma’bud Saturn (Kron) va uning aka-uka, opa-singillarini titanlar deb atashgan. Titan so‘zining yunon tilidagi ma’nosi «ulkan«, «bahaybat» degani bo‘lib, yunonlar titanlarni juda katta ulkan maxluqlar ko‘rinishida tasavvur qilishgan. Shu mantiqqa ko‘ra, Titan nomi ham ancha omadli chiqqan. Zero u Quyosh tizimidagi eng yirik tabiiy yo‘ldoshlardan biridir.

Yarim italyan yarim farang bo‘lgan astronom Jan Dominik Kassini Saturn yo‘ldoshlarini kashf qilish borasida Gyuygensdan ham omadliroq chiqdi. 1671- va 1684-yillar orasida u Saturnning yana to‘rtta yo‘ldoshini kashf qildi. U ham an’anaga ko‘ra, mazkur yo‘ldoshlarga opa-singil va aka-uka titanlarning nomlaridan tanlab, biriktirdi. Shu tarzda, Saturn atrofidagi yo‘ldoshlardan uchtasi mos ravishda Tefiya, Diona va Reya nomini oldi. Afsonalarga ko‘ra, Reya shuningdek Kronning (Saturnning) xotini ham bo‘lgan ekan. Kassini kashf qilgan to‘rtinchi yo‘ldoshga Yapet nomi berilgan. Yapet — Saturnning ukalaridan birining ismi bo‘lgan. Shu aytib o‘tish kerakki, Saturn yo‘ldoshlariga nom berishda faqat yunon afsonalari qahramonlariga murojaat qilingan. Sababi, rimliklarda shunchaki ularning mahalliy varianti bo‘lmagan (Reyadan tashqari. Rimliklarda Saturnning xotini Ops bo‘lgan). Kassini ham Galiley singari, o‘zi kashf qilgan osmon jismlariga o‘zining homiysi bo‘lgan monarxning nomini berishga urinib ko‘rgan. Shuning uchun u ancha muddatgacha ushbu Saturn yo‘ldoshlarini «Lyudoviklar« (uning qo‘lyozmalarida bu atama lotinchada «Ludovicus« tarzida uchraydi) deb ham atab, ushbu, atamani ommalashtirishga urinib ko‘rgan. Biroq, monarxni astronomik tarzda sharaflashga bo‘lgan ushbu urinish ham barbod bo‘ldi.

Shunday qilib, teleskop ixtiro qilinganidan keyingi qandaydir 75 yil ichida, Quyosh tizimda jami bo‘lib 9 ta yangi obyekt: Yupiterning 4 ta va Saturnning 5 ta tabiiy yo‘ldoshi kashf qilindi. Bundan keyingi ishlar esa yanada qiziq tus oldi.

1781 yilning 13 mart sanasida ingliz astronomi Uilyam Gershel tungi osmonni kuzata turib, yangi bir osmon jismini payqab qoldi va uni kometa bo‘lsa kerak deb o‘yladi. Lekin olim tez orada mazkur osmon jismi kometa emas, balki Quyosh tizimiga mansub, Saturndan keyingi sayyora ekanini aniqladi.

Bu endi Yupiter yoki Saturn yo‘ldoshlarini nomlash masalasidan ko‘ra jiddiyroq masala edi. Harholda, kashf qilingan osmon jismi shunchaki kichik bir osmon jismi emas, balki juda ulkan hajmli katta sayyora edi. Gershelning o‘zi Galiley va Kassini yo‘lidan borib, kashf qilingan osmon jismi uchun o‘z mamlakati rahbari bo‘lgan monarx nomini berishga urinib ko‘rdi. Gershelning qo‘lyozmalaridan Saturndan keyingi sayyorani Georg Yulduzi deb nomlash kerakligi qayd etiladi. Olim Angliya qiroli Georg III ni shu tarzda sharaflamoqchi bo‘lgan. Biroq, uning urinishi ham Galiley va Kassini singari, muvaffaqiyatsizlikka uchradi. o‘sha zamonda yashagan ko‘plab astronomlar ushbu yangi sayyorani kashf qilgan odamning o‘zini nomi bilan atash g‘oyasini qo‘llab chiqqan edilar. Shunga ko‘ra olimning o‘zi Georg Yulduzi deb nomlagan sayyorani boshqalar Gershel sayyorasi deb atashni odat qilishdi. Lekin baribir bu safar ham mifologiya g‘olib chiqdi.

Olmon astronomi Iogann Bode o‘sha paytda ajoyib bir taklif bilan chiqdi. Sayyoralar o‘z nomlari bilan samoviy oila tashkil qilishlari lozim va osmon jismlarining nomlanishini shu tarzda tizimlash kerak. Afsonalarga ko‘ra, Quyoshga eng yaqin bo‘lgan uch sayyora (Yerdan tashqari) — Merkuriy, Venera va Mars — o‘zaro aka-uka bo‘lib, ular Yupiterning farzandlari bo‘lgan. Farzandlarning orbitasi otaning (Yupiterning) orbitasi ichkarisida joylashgan. o‘z navbatida, Yupiter Saturnning o‘g‘li bo‘lgan va bunda ham otaning orbitasi o‘g‘ilning orbitasi tashqarisida joylashmoqda. Afsonalardagi tartib saqlanmoqda. Shunday ekan, nimaga endi yangi sayyorani ham shu tartibda nomlamaslik kerak? Shu taklifdan kelib chiqib, astronomlar endilikda yangi sayyorani qadimgi yunonlarda osmon ma’budi va Saturnning otasi sanalgan mifologik qahramoni Uran nomi bilan atay boshlashdi. 1789 yilda esa olmon kimyogari Martin Genrix Klaport davriy jadvaldagi yangi kimyoviy elementni kashf qildi va unga Uran sayyorasi sharafiga uran (U) nomini berdi.

1787-yilda Uilyam Gershelning o‘zi Uranning eng katta ikki tabiiy yo‘ldoshini kashf qildi. U bu safar monarxni ulug‘lash fikridan voz kechdi va mifologiyaga murojaat qildi. Biroq, Gershel endi yunon-rim ma’budlari qatoridan nom tanlamadi va inglizlarning afsonaviy qahramonlari nomlariga murojaat etdi. Shunisi qiziqki, u garchi o‘zi nemis bo‘lsa-da, uzoq yillar Angliyada yashagani uchun nom tanlashda nemis afsonalariga emas, balki aynan ingliz afsonalariga murojaat qilgan. Uning taklifiga binoan, Uranning u kashf qilgan tabiiy yo‘ldoshlari Titaniya va Oberon deb nom oldi. Rim va yunon afsonalaridan farqli ravishda, Titaniya va Oberon bu ma’budlarning emas, balki odam qahramonlarning ismi bo‘lib, ular ingliz adabiyotida va xalq og‘zaki ijodiyotida qadimda yashab o‘tgan qirol va qirolicha sifatida qayd etiladi. Masalan, Shekspirning «Yoz oqshomidagi tush«asarida aynan ushbu qirol va qirolicha timsoli mavjud.

1789 yilda Gershel endi Saturnning ikkita yangi tabiiy yo‘ldoshini kashf qildi. Ularga nom berishda ham Gershel mavjud an’anani biroz buzdi. Ya’ni u Saturn yo‘ldoshlariga titan opa-singil yoki aka-ukalarning nomlaridan tanlamasdan, aksincha, titanlarning Zevsga mag‘lub bo‘lganidan keyin, Zevsga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targan ikki bahaybat qahramon — Mimas va Enselad nomini berdi.

Gershel Uranni kashf qilganidan keyin, astronomlar xuddi och bo‘rilar galasidek, teleskoplarga tashlanib, osmonni kuzata boshlashdi. Ularning hammasi biror yangi sayyorani kashf etib mashhur bo‘lib ketish va nomini tarixda qoldirish ilinjida edilar. Ularning qidiruv maydoni ham ancha ulkan sarhadni — Mars va Yupiter sayyoralari oralig‘ini o‘z ichiga olgan edi. Keyingi avlod astronomlari orasida birinchi bo‘lib, italyan astronomi Juzeppe Piatssining omadi chopdi. U 1801 yilning 1-yanvar tunida Palermodagi rasadxonadan turib yangi osmon jismni kashf etdi.

Garchi Piatssi o‘zi ruhoniy bo‘lgan bo‘lsa-da, biroq, osmon jismlariga mifologik qahramonlar nomini berish an’anasini buzmadi va o‘zi kashf qilgan osmon jismiga Ceres deb nom berdi. Biz Serera nomi bilan yaxshi taniydigan ushbu mitti sayyoraning nomi, Piatssining vatani va hozirda Italiyaga qarashli Sitsiliya orolining homiysi sanalgan ma’budaning ismidir. Afsonalarga ko‘ra, Serera Yupiterning singlisi bo‘lib, qadimgi Rim aholisi uni hosildorlik ma’budasi sifatida ulug‘lagan. Shu tarzda, Quyosh tizimida nomi ayol ismi bilan bog‘liq bo‘lgan ikkinchi sayyora paydo bo‘ldi (yodingizda bo‘lsa, birinchisi Venera edi). Serera juda kichik sayyora bo‘lib chiqdi. Uning diametri taxminan 900 km ni tashkil qiladi xolos. Lekin tez orada shu narsa ma’lum bo‘ldiki, Mars va Yupiter oralig‘ida bunday kichik sayyoralar juda-juda ko‘p ekan. Keyingi yuz yillik davomida ushbu fazo sarhadlaridan yana shunday o‘nlab mitti osmon jismlari kashf etildi va ularning hammasiga ayol qahramonlar ismlari berildi.

Xususan, Serera kashf qilingandan keyingi olti yil ichida yana uchta shunday mitti osmon jismi kashf qilingan bo‘lib, ularning ikkitasiga Sereraning (demak Yupiterning ham) singillarining nomlari, ya’ni, Yunona, Pallada va Vesta nomlari berilgan. Yunona shuningdek Yupiterning xotini ham bo‘lgan. Uchinchi mitti sayyoraga esa Pallada nomi berilgan. Pallada Zevsning qizi Afinaning yana bir ismi bo‘lib, ya’ni u Sereraning jiyani bo‘lgan. o‘sha o‘n yillik ichida kashf etilgan ikkita kimyoviy elementlarga mazkur mitti sayyoralarning nomlaridan kelib chiqib, mos ravishda seriy (Ce) va palladiy (Pa) nomlari berilgan.

1843-yilga kelib astronomlar Uran sayyorasining harakatidagi anomaliyalarni payqab qolishdi va unga hozircha noma’lum bo‘lgan yana bir katta sayyoraning tortish kuchi ta’sir qilayotganini fahmlashdi. Farang astronomi Urban Leverye va ingliz astronomi Jon Kuch Adamslar o‘sha noma’lum sayyoraning orbitasini hisoblab chiqishdi va mazkur sayyorani osmonning qaysi qismidan qidirish kerakligini ham aytib berishdi. Vanihoyat, 1846-yil 23-sentyabr sanasida olmon astronomi Iogann Galle o‘zining Berlindagi rasadxonasidan turib, qidirilayotgan yangi sayyorani Leverye taxmin qilgan joydan atiga 1º farq bilan aniq ko‘rindi. Bu safar, Quyosh tizimidagi navbatdagi sayyora teleskop bilan emas, balki, matematik hisob-kitoblar orqali, «qalam uchida« kashf etilgandi.

Endilikda, yangi kashf etilgan, tartib bo‘yicha 8-sayyoraga nom qo‘yish masalasi o‘rtaga chiqdi. Biroq, Iogann Bode taklif qilgan konsepsiya, ya’ni, sayyoralarning «samoviy oila« tashkil qilishi kerakligi haqidagi fikr bu o‘rinda ish bermasdi. Chunki, Yupiterning otasi Saturn, Saturnning otasi esa Uran bo‘lgani bilan, afsonalarda Uranning otasi mavjud emasdi va shu sababli, uning orbitasi tashqarisidagi sayyoraga bu mantiq asosida nom berishning iloji yo‘q edi (yunon va Rim afsonalarida Uran o‘zi paydo bo‘lgan deb ishonishgan). Bu safar ham yangi sayyorani uning kashfiyotchisi nomi bilan atash taklifi uzoqqa bormadi. Astronomlar uzoq muhokamalardan so‘ng, mazkur sayyorani Neptun deb atashga qaror qilishdi. Afsonalarga ko‘ra, Neptun — yunonlarning Poseydon ma’budining rimliklar talqinidagi «hamkasbi«, ya’ni, dengiz ma’budi sanaladi. Ushbu sayyorani Iogann Gallening o‘zi «Yanus« deb atamoqchi bo‘lgan. Angliyada esa, dastlabki paytlarda u «Okean« deb ham nomlangan. Lekin, vaqt o‘tishi bilan bu nomlar asta-sekin unutildi va Neptun nomi mustahkam o‘rnashib qoldi. 1940 yilda kimyo fanida ham yangi bir element ochilgan edi. Kimyogarlar o‘zlari kashf qilgan yangi elementni Neptun sayyorasi sharafiga neptuniy (Np) deb nomlashgan.

Shuni ham qayd etib o‘tish kerakki, 1877-yilda, o‘limi oldidan Urban Leverye o‘zining yana bir sayyorani kashf etganiga ishonch bilan olamdan o‘tgan. Sababi u Uranning orbital anomaliyalari asosida Neptunni kashf etganidan shu darajada ilhomlanib ketgan ediki, natijada u Merkuriyning ham orbital anomaliyalariga yana bir noma’lum sayyora sabab bo‘lsa kerak deb o‘ylagan. Uning taxminicha, Merkuriy va Quyosh orasida yana bir sayyora bo‘lib, u juda kichik bo‘lgani uchun avval odamlarga ko‘rinmagan. Lekin uning tortish kuchi Merkuriyning orbitasida og‘ishlarga sabab bo‘lmoqda edi. Leverye Merkuriy orbitasi anomaliyalari asosida o‘sha, noma’lum sayyoraning orbitasini hisoblab chiqdi (unga ko‘ra, o‘sha sayyora Quyosh atrofini 19 Yer sutkasida aylanib chiqadi) va unga avvaldan nom ham o‘ylab qo‘ydi. Olimning fikricha, noma’lum sayyora kashf etilgach, qadimgi yunonlarning temirchilik ma’budi Vulqon nomini olish kerak edi. Biroq, bu sayyorani hech kim topa olmadi. Chunki u aslida ham yo‘q. Merkuriyning anomaliyalari esa, aslida nisbiylik nazariyasi orqali tushuntiriladigan, zamon va makon egrilanishiga oid fizik hodisa bo‘lib, bu g‘alati og‘ishlar haqida 1916 yilda Albert Eynshteyn to‘liq ilmiy tushuntirish bergan.

Neptun kashf etilgach, ingliz astronomi Uilyam Lassel mazkur sayyorani sinchiklab kuzata boshladi. Tez orada Lassel Neptunning eng katta tabiiy yo‘ldoshini kashf qildi va unga Triton deb nom berdi. Bu nom ham juda omadli tanlangan nomlardan biri bo‘lib, chunki, afsonalarda Triton — Poseydonning o‘g‘li sifatida qayd etiladi. Keyinroq Lassel Uranni ham o‘rgana boshladi va ko‘p o‘tmay, yettinchi sayyoraning yana ikki yo‘ldoshini kashf etdi. Lassel Uran yo‘ldoshlarining nomlanishiga oid an’anani, ya’ni, ingliz folklori qahramonlari nomidan kelib chiqish kerakligini yaxshi bilardi va shunga asosan, o‘zi kashf qilgan yo‘ldoshlarga Ariel va Umbriel deb nom berdi. Bu nomlar Aleksandr Poup qalamiga mansub «Jingalaksochning o‘g‘irlanishi« asaridagi afsonaviy sehrgarlarning nomlaridir.

Bu orada Yevropalik astronomlarning kashfiyotlari estafetasini Amerikaliklar qabul qilib olishdi. 1848 yilda AQSHlik astronom Jorj Bond Saturnning hisob bo‘yicha sakkizinchi yo‘ldoshini ochdi. 1898 yilga kelib, Amerikalik yana bir olim Uilyam Pikering Saturn atrofidan to‘qqizinchi yo‘ldoshni ham ko‘rib qoldi. an’anaga binoan, Saturn yo‘ldoshlari titanvachchalar orasidan nomlanar edi va shunga ko‘ra, yangi yo‘ldoshlarga Giperion va Feba nomlari berildi. 1905 yilda Uilyam Pikeringning o‘zi, Saturnning o‘ninchi yo‘ldoshini ham ochganini va unga Temis deb nom berganini ma’lum qilgan edi. Biroq, u adashgan ekan.

Xronologiyadan biroz oldinga o‘tib ketdik. XIX-asr oxiriga qaytamiz.

1877-yilda amerikalik astronom Asaf Xoll Marsning Yerga maksimal yaqinlashish paytini poylab, uni kuzatayotgandi. U teleskop vositasida qo‘shni sayyorani sinchiklab kuzatar ekan, uning atrofida aylanayotgan ikkita kichkina obyektni ilg‘ab qoldi. Bular shubhasiz Mars yo‘ldoshlari edi. Olim ushbu yo‘ldoshlarga Fobos va Deymos deb nom berdi. Xoll ham yunon afsonalaridan yaxshi xabardor edi va u ushbu nomlarni bejizga tanlamagan. Zero, yodingizda bo‘lsa, Mars (Ares) bu — urush ma’budi edi. Fobos va Deymos esa uning o‘g‘illari bo‘lib, ushbu nomlarning ma’nosi «qo‘rquv« (Fobos) va «dahshat« (Deymos) deganidir.

1892-yilda AQSHlik yana bir astronom Edvard Bernard Yupiterga Galiley yo‘ldoshlaridan ham yaqinroq masofada aylanayotgan yangi, lekin kichikroq yo‘ldoshni kashf qildi. Uzoq yillar mobaynida olimlar ushbu yo‘ldoshga nom bermasdan, shunchaki «Yupiter V« deb nomlab kelishdi (chunki u beshinchi bo‘lib kashf etilgan edi). Ushbu yo‘ldoshga vanihoyat mifologik va mantiqiy jihatdan mos nomni Kamil Flammarion taklif qildi. Ya’ni, yo‘ldosh Amalteya deb nomlanadigan bo‘ldi. Ushbu nom ham mantiqan juda to‘g‘ri tanlangan bo‘lib, afsonalarga ko‘ra, Amalteya Yupiterni (Zevsni) o‘z ko‘krak suti bilan boqqan ayol ma’budning ismidir.

1898-yilda olmon astronomi Karl Vitt g‘alati tarzda, betartib harakatlanadigan kichik sayyora — asteroidni kashf etdi. Ma’lum bo‘lishicha, uning orbitasi Mars, Yer va Venera orbitalari orasidan o‘tib, shu tarzda, uchta sayyoraga, eng asosiysi — Yerga yaqin kelar ekan. Shu sababli, Vitt o‘zi kashf qilgan mazkur obyektga qadimgi yunonlarining ishqiy sarguzashtlar ma’budi Eros nomini berdi. Eros afsonalarda Ares (Mars) va Afrodita (Venera) ning o‘g‘li sifatida qayd etiladi. Erosning orbitasi Venera va Mars sayyoralari orbitalari ichida ekanligini inobatga olsak, bu nom ham juda muvaffaqiyatli tanlangan.

Yodingizda bo‘lsa, Sereradan boshlab, barcha kichik sayyoralarga afsonalardagi ayol qahramonlar nomlari berilishi urfga kirganini qayd etgan edik. Biroq, Eros — erkak qahramon. Gap shundaki, Erosdan avval kashf etilgan mitti sayyoralarning hammasi ancha tartibli orbita bo‘ylab harakatlanar edi. Biroq, aytilganidek, Eros betartib aylanadigan obyekt bo‘lib, shundan kelib chiqib, keyingi kashf etilgan barcha betartib orbitali mitti sayyoralarga (asteroidlarga) afsonalardagi erkak qahramonlarning ismi beriladigan bo‘ldi. Masalan, Yupiter yaqinida harakatlanadigan asteroidlarga, Troya urushi qahramonlari — Axilles, Gektor, Patrokl, Ayaks, Diomed, Agamemnon, Priam, Nestor, Odissey, Antilox, Eney, Anxis, Troil kabi nomlar berilgan. Orbitasi batartib asteroidlar esa ayol qahramonlarning nomi bilan atalishda davom etgan.

Yana bir qiziq kashfiyotni 1949-yilda nemis astronomi Valter Baade amalga oshirdi. U kashf qilgan asteroid orbitasi Mars va Yupiter oralig‘idan boshlanib, Merkuriy va Quyosh oralig‘igacha kirib borardi. Bunday juda betartib g‘alati orbitali obyektni nima deb atash mumkin? Eshitgan bo‘lsangiz, yunon afsonalarida Ikar ismli qahramon bo‘lib, u Quyoshgacha uchib bormoqchi bo‘lgan va natijada qanotlari kuyib, halok bo‘lgan. Quyoshga bunchalik yaqin boradigan mitti obyekt uchun bundan ham mos nom bo‘lmasa kerak, to‘g‘rimi? Shu sababli mazkur asteroidni Ikar deb nomlanishi hammaga birdek ma’qul kelgan.

1948-yilda golland astronomi Jerard Koyper Uran yaqinida uning yana bir yo‘ldoshi borligini ko‘rib qoldi va o‘z kashfiyotiga, an’analardan kelib chiqib Miranda deb nom berdi (Shekspir qahramonlaridan biri).

1950-yilda aynan Koyper Neptunning ham hisob bo‘yicha ikkinchi yo‘ldoshini ochdi. Yodingizda bo‘lsa, Neptuning birinchi yo‘ldoshining nomi Triton edi. Triton nafaqat Neptunning o‘g‘lining ismi, balki, afsonalarda dengizda yashaydigan yarim odam, yarim ma’bud bo‘lgan barcha erkak qahramonlarning umumlashtiruvchi nomi ham bo‘lgan. Xuddi shunday tarzda, yunon afsonalarida, dengizda yashovchi ayol qiyofasidagi nimfalar (xurqizlar) uchun ham umumiy nom mavjud bo‘lgan va yunonlar ularni Nereida deb atashgan. Shu mantiqdan kelib chiqib, Koyper Neptunning tartib bo‘yicha ikkinchi bo‘lib kashf qilingan yo‘ldoshini Nereida deb nomlagan.

Bu orada, XX-asr boshlaridan boshlab, AQSHlik astronom Persival Louell Neptun orbitasidan tashqarida joylashgan, to‘qqizinchi sayyorani qidirish ishlari bilan mashg‘ul edi. Louellning o‘zi 1916 yilda to‘satdan vafot etdi va to‘qqizinchi sayyorani qidirish ishlari uzoq vaqt to‘xtab qoldi. Biroq, 1930-yilga kelib, Louell izdoshlaridan biri bo‘lgan Klayd Tombo ismli yosh astronom uning orzusini ro‘yobga chiqardi va Neptun orbitasidan narida harakatlanadigan to‘qqizinchi sayyorani teleskop bilan ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi.

Tombo kashf etgan yangi sayyorani qadimgi afsonalardagi Yer osti saltanati ma’budi Pluton sharafiga nomlashga qaror qilishdi. 1940 yilda kashf etilgan kimyoviy element ham ushbu osmon jismi sharafiga plutoniy deb nomlangan.

e’tibor bergan bo‘lsangiz, «Pluton« nomining dastlabki ikki harfi, ya’ni, P va L harflari Persival Louellning ismi sharifidagi bosh harflardir. Bu tasodifmi yoki, Tombo ataylab shunday qilganmi — noma’lum. Biroq, Louell shu tarzda o‘z nomini o‘zi kashf qilmoqchi bo‘lgan sayyoraga biriktira oldi deb aytish mumkin. Gershel va Leveryeda buning ham iloji bo‘lmagan edi…

***

Yuqorida siz mutolaa qilgan maqolani Ayzek Azimov 1965 yilda yozgan bo‘lib, albatta faqat shu yilgacha olimlarga ma’lum bo‘lgan osmon jismlari haqida so‘z yuritgan. Men tarjimon sifatida ushbu maqolani 2016-yilda, ya’ni, oradan 51 yil o‘tgach o‘zbek tiliga o‘girmoqdaman va tabiiyki bu ulkan vaqt oralig‘ida astronomiyada yana ko‘plab kashfiyotlar amalga oshirildi. Quyida, ushbu kashfiyotlar ichidan eng muhimlari va ularga berilgan nomlar haqida Azimov uslubida hikoyani davom ettirishga harakat qilaman.

***

Eng avvalo, Pluton haqidagi gapni davom ettirsam. Avvalroq golland olimi Jerard Koyperning Uran va Neptun sayyoralarining yangi yo‘ldoshlarini kashf qilganini aytib o‘tdim. Koyper shubhasiz XX-asrning eng yetuk astronomlaridan biri sanaladi. Chunki u keyinchalik, aynan u Quyosh tizimining eng chetki qismi Pluton orbitasi emasligi, balki Plutondan narida ham Quyosh tizimiga taalluqli obyektlar mavjudligini taxmin qilgandi. Uning taxminlari o‘zini to‘liq oqladi. 1992-yilda astronomlar Devid Juitt va Jeyn Lu birgalikda, Quyosh tizimining eng chetki qismlarida juda ko‘p sondagi mayda obyektlardan iborat ulkan fazoviy halqa mavjud ekanini aniqlashdi. Koyper taxmin qilgan ushbu halqani haqli ravishda uning nomi bilan, ya’ni, «Koyper belbog‘i« deb ataldi. Sinchiklab kuzatishlar orqali shu narsa ma’lum bo‘ldiki, Koyper belbog‘i ham xuddi Mars va Yupiter oralig‘idagi asteroidlar belbog‘i singari ko‘rinishda bo‘lib, faqat Koyper belbog‘ida kattaligi Pluton o‘lchamlarida bo‘lgan obyektlar, ya’ni, bemalol sayyora sifatida e’tirof etsa bo‘ladigan osmon jismlari bor ekan. Xususan, 2004 va 2005-yillar mobaynida Ispaniyaning Andalusiya Astrofizika Instituti va AQSHning Kaliforniya Texnologiya Universiteti olimlaridan iborat ilmiy guruh, Koyper belbog‘i hududidan uchta yirik osmon jismini kashf etishdi. Ulardan birining massasi hatto Pluton massasidan ham ≈21 % ga yirikroq bo‘lib, shunga ko‘ra, Quyosh tizimida yana yangi sayyoralar kashf etildi deyish mumkin edi. Olimlar o‘zlari kashf qilgan kichik sayyoralarga nom berishlari zarur edi, yangi kashf etilgan kichik sayyoralar ichidan eng kattasiga, uni kashf etgan ilmiy guruh rahbari — Maykl Braunning taklifiga ko‘ra Erida deb nom berildi. Erida — qadimgi yunon afsonalarida janjal va adovat ma’budasi sanalgan (aynan Erida Plutondan ham kattadir). Kattaligi jihatdan Eridadan keyin turuvchi obyektni esa olimlar o‘zaro kelishib Haumea nomini berishga qaror qilishgan. Shu o‘rindan boshlab, astronomiyada qadimdan o‘rnashib qolgan an’ana — osmon jismlarini yunon yoki Rim ma’budlarining nomlari bilan, yoinki, ingliz folklori qahramonlari nomlari bilan atash an’anasi o‘z intihosini topdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, boshqa yirik osmon jismlarining nomlaridan farqli ravishda, Haumea — Gavay orollari xalqlarining afsonalaridan olingan atamadir. Gavay orollari xalqlarida Haumea — hosildorlik ma’budasi sanaladi.

Astronomlarning izlanishlari natijasida aslida Koyper belbog‘i ham Quyosh tizimining chegarasi emasligi ma’lum bo‘ldi. Kuzatishlar ushbu belbog‘dan narida ham yirik osmon jismlari mavjudligini ko‘rsatdi. Biroq, Koyper belbog‘idan keyingi hududda osmon jismlarining joylashuvi birmuncha siyrak bo‘lib, shuning uchun ushbu hududga tarqoq disk deb nom berilgan. Buni qartangki, tarqoq diskda ham kattaligi jihatdan bemalol Pluton bilan taqqoslasa bo‘ladigan yirik osmon jismlari mavjud ekan. Ular ichida eng yirigini 2005-yilda yana o‘sha — Braun boshchiligidagi Kaliforniya Texnologiya universiteti ilmiy jamoasi kashf etdi va unga endi Pasxa oroli mahalliy aholisi afsonalaridan kelib chiqib, Makemake deb nom berilgan. Pasxa mifologiyasida Makemake — serhosillik, mo‘l-ko‘lchilik ma’budining nomidir.

Braun jamoasi tadqiqotlarni davom ettirar ekan, Koyper belbog‘i va tarqoq disk hududidan birin-ketin yirik osmon jismlarini kashf eta boshladi. Ularning barchasi deyarli Pluton bilan bir xil o‘lchamda bo‘lib, mantiqqa ko‘ra, ularni ham Quyosh tizimining sayyoralari safiga qo‘shish lozim edi. Masalaga oydinlik kiritish uchun 2006-yilda Parijda Xalqaro Astronomiya Ittifoqining Bosh Assambleyasi chaqirildi va unda ushbu obyektlarni umumlashtirib «kichik sayyora« (yoki, karlik sayyora) turkumiga tasniflash haqida qaror qabul qilindi. e’tibor bering: aynan «kichik sayyora« deyilmoqda. Chunki, bunday obyektlarni sayyora deb e’tirof etadigan bo‘lsak, ularning o‘lchamlari juda kichik. Ular Quyosh tizimining yirik sayyoralarining katta yo‘ldoshlaridan ancha kichik obyektlardir. Biroq, Quyosh tizimida mavjud mitti sayyoralar — asteroidlardan ko‘ra kattaroq o‘lchamga va batartib orbitaga ega ekanliklari bilan ajralib turishadi. Qolaversa, kichik sayyoralarning shakli ham sfera shaklida juda yaqin bo‘lib, shu jihatga ko‘ra ular mitti sayyoralardan — asteroidlardan faqr qilishadi. Mazkur mulohazalarga ko‘ra, 2006 yilda Xalqaro Astronomiya Ittifoqi astronomiya faniga yangi ilmiy tushuncha — «kichik sayyora« tushunchasini kiritdi. o‘shanda yangi kashf qilingan uchta kichik sayyora — Erida, Makemake va Haumea, shuningdek, shu paytgacha Quyosh tizimining yirik sayyoralari qatorida sanab kelingan Pluton, hamda, 1801-yildan buyon fanga ma’lum bo‘lgan, lekin shu choqqacha asteroidlar qatorida sanalgan kichik sayyora — Serera umumlashtirib «kichik sayyoralar« turkumi tashkil etildi. Mazkur qarorga ko‘ra, endilikda Pluton katta sayyora bo‘lmay qoldi va Quyosh tizimining katta sayyoralari yana sakkiztaga qaytdi. Neptun esa — Quyosh tizimidagi eng chetki katta sayyora bo‘lib qoldi.

Mazkur qarorga ko‘ra, endilikda Quyosh tizimida Neptun orbitasidan tashqarida joylashgan obyektlarni Transneptun obyektlar deb atala boshladi. o‘lchamlari Pluton o‘lchamlariga yaqin bo‘lgan obyektlarni esa Plutoid deb nomlanadigan bo‘ldi. Haumea, Makemake, Erida kichik sayyoralari, shuningdek, o‘lchamlari ularga yaqin bo‘lgan Iksion, Ork, Sedna, Varuna va Kvavar nomli transneptun obyektlar ham plutoid sanaladi. Balki, yaqin yillar ichida ushbu obyektlarni ham kichik sayyoralar safiga qo‘shish haqida qaror qabul qilinsa ehtimol.

Azimov ushbu hikoyani yozgan o‘sha 1965-yildan buyon shuningdek, yirik sayyoralarning, shuningdek, Plutonning ham yangi tabiiy yo‘ldoshlari kashf etildi. Ular ichida e’tiborga molik bo‘lgan eng asosiylardan biri 1966-yilda farang astronomi Oduen Dolfyus tomonidan Saturnning hisob bo‘yicha o‘ninchi yo‘ldoshining kashf etilishini aytib o‘tish mumkin. Olim ushbu yo‘ldoshga qadimgi yunon mifologiyasidagi Yanus nomini bergan. Afsonalarga ko‘ra Yanus — ikki xil qiyofali ma’bud bo‘lib, u ikki taraflama harakat ma’budi, masalan, eshiklar, yo‘laklar va shu kabilarning ma’budi bo‘lgan.

Plutonning yo‘ldoshi — Xaron haqida ham alohida to‘xtalib o‘tsa arziydi. Uni 1978-yilda AQSHlik astrofizik Jeyms Kristi kashf qilgan. Xaron — yunon afsonalariga ko‘ra, vafot etgan odamlarning ruhini Yer osti saltanatidagi Stiks daryosidan olib o‘tib qo‘yuvchi ma’bud bo‘lgan.

1970-yillardan boshlab, insoniyat koinotga kosmik kemalarni uchira boshladi. Xususan, 1979-yilda fazoga uchirilgan «Voyajer-1« va «Voyajer-2« sayyoralararo tadqiqot kemalari, astronomlarga ilgari noma’lum bo‘lgan va Yerdagi teleskoplar bilan ko‘rib bo‘lmaydigan yangi-yangi osmon jismlarini ko‘rish imkoni berdi. Voyajerlar va boshqa kosmik kemalar, shuningdek «Xabbl» teleskopi yordamida Quyosh tizimidagi yirik sayyoralarning yana ko‘plab yo‘ldoshlari kashf etildi. Ma’lum bo‘lishicha, Yupiter, Saturn va Uran va Neptunda ilgari noma’lum bo‘lgan yana o‘nlab yo‘ldoshlar mavjud ekan. Ushbu sayyoralar atrofida katta-kichik tabiiy yo‘ldoshlardan iborat butun boshli yo‘ldoshlar tizimi harakatlanar ekan. Xususan, 2016 yil holatiga Yupiterning 67 ta, Saturnning esa 62 ta yo‘ldoshi aniqlangan. Uranda 27 ta, Neptunda esa 12 ta yo‘ldoshlar borligi ham aniq ma’lum. Shuningdek, Plutonning ham Xarondan tashqari yana 4 ta yo‘ldoshi aniqlangan. Ushbu yo‘ldoshlarning aksariyati juda kichik o‘lchamlarda bo‘lib, ularning soni juda ko‘pligidan har birining nomi va ushbu nomning nimani anglatishi haqida to‘xtalib o‘tirishni joiz topmadim. Bu tarzda kitobxonni zeriktirib qo‘yish niyatidan yiroqman.

Shuni alohida qayd etib o‘tmoqchimanki, hozirda Mars va Yupiter orasida harakatlanuvchi mitti sayyoralarning, ya’ni, asteroidlarning soni ham yuz minglab ekanligi ma’lum va ularning har biriga nom qo‘yib chiqishda, shuningdek, katta sayyoralar atrofidagi o‘nlab mayda yo‘ldoshlarga va transneptun hududdagi minglab katta-kichik obyektlarga nom berishda muayyan qiyinchiliklar kelib chiqishi tabiiy. Shu sababli, Quyosh tizimidagi obyektlarda qadimgi yunon va Rim afsonalaridan, yoki, ingliz folkloridan kelib chiqib nom berish an’anasi allaqachon o‘z mantig‘ini yo‘qotgan. Xususan, hozirda asteroidlar orasida ilm-fanga ulkan hissa qo‘shgan olimlar sharafiga qo‘yilgan nomlarni (masalan, Azimovning sharafiga ham Asimov asteroidi nomlangan) yoki, shaharlar nomi bilan atalganlarini ham uchratish mumkin (masalan, 2007 yilda o‘zbekistonlik olimlar tomonidan kashf etilgan mitti sayyoraga Samarqand nomi berilgan). Asteroidlar va transneptun obyektlar nomi haqida gap ketganda yana shuni e’tiborga olish kerakki, ushbu obyektlarning Sereradan boshlab tartib bo‘yicha nechanchi bo‘lib kashf etilganiga qarab, nomining old qismida tartib raqami ham albatta qo‘shib yoziladi. Masalan, (1)Serera, (2)Pallada, (3)Yunona… va shu tarzida, (433)Eros, (1566)Ikar, (2439)Ulug‘bek (Mirzo Ulug‘bek sharafiga), (5020)Asimov (210271)Samarqand va ho kazo. Xuddi shunga o‘xshab, kichik sayyoralarning nomlari oldidan ham, Sereradan boshlab Kichik Sayyoralar Markazi (KSM) tomonidan biriktirilgan maxsus raqam bilan qayd etib boriladi. Masalan, (1)Serera, (134340)Pluton, (136108)Haumea, (136199)Erida, (136472)Makemake, (90377)Sedna va ho kazo.

Hikoya so‘ngida yana bir qiziq ma’lumotni keltirib o‘tishni joiz topdim.

Aytib o‘tildiki, 1930-yilda kashf qilingan Pluton, uzoq yillar mobaynida, aniqrog‘i 2006 yilgacha, Quyosh tizimining to‘qqizinchi sayyorasi sifatida e’tirof etib kelingan edi. Pluton katta sayyoralar safidan «quvilgach«, Quyosh tizimida 8 ta yirik sayyora qoldi. Biroq, 2016-yilning 20-yanvar sanasida, yana o‘sha bizga yaxshi tanish bo‘lgan Kaliforniya Texnologiya Universiteti olimi Maykl Braun va uning hamkasbi — Konstantin Batiginlar birgalikda shov-shuvli chiqish qilishdi. Ularning ishontirib aytishicha, Quyosh tizimida aslida to‘qqizinchi sayyora mavjud ekan va u Pluton orbitasidan ancha narida, Koyper belbog‘i va tarqoq diskdan ham keyin, xullas kalom, Quyosh tizimining eng chetida harakatlanar emish. Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, hozircha hech kim ko‘rmagan va mavjudligi to‘liq isbotlanmagan mazkur noma’lum sayyoraning massasi Yer massasidan 10 barobar katta bo‘lib, u Neptun orbitasidan ham 20 marta uzoqroqda joylashgan. Noma’lum sayyoraning Quyosh atrofini aylanib chiqish davri taxminan 10000-20000 Yer yiliga to‘g‘ri kelarmish. Lo‘ndasini aytganda, ushbu sayyora haqida hozircha juda oz narsa ma’lum xolos va aniqlangan ma’lumotlar ham juda katta xatolik darajasiga ega (o‘zingiz o‘ylang, 10000 va 20000 yil orasida yana 10000 yil borku, bu olimlar bo‘lsa, taxminan shuncha deb og‘zini bir chetidan chiqib ketmoqda ??????). Shu jumladan, ushbu, hozircha borligiga ham, yo‘qligiga ham ishonish qiyin bo‘lgan sayyoraga qanday nom berilishi ham noma’lum. Uni «kashf qilgan« olimlarning o‘zi, ya’ni, Braun va Batigin o‘zaro suhbatda sayyorani «semizoy« (inglizcha fatty) deb atashadi. Shuningdek, ularning ilmiy jamoalarida gohida bu sayyorani Yosafat (Jehoshaphat) deb ham atab turishadi. Biroq, olimlar o‘zi sayyoraga nom berish borasida «jahon hamjamiyatiga ishonishlarini« bildirishgan. Ilmiy manbalarda ushbu noma’lum sayyora haqida gap borganda uni shunchaki «to‘qqizinchi sayyora«, yoki, «sayyora IX« deb atashmoqda. Ayrim OAVlarda esa, unga allaqachon Niburu deb ham nom to‘qib qo‘yishgan. Afsonalarga ko‘ra, Niburu oxirizamon darakchisi bo‘lib, ushbu nomli sayyora Yer bilan to‘qnashar emish. Xususan, qadimgi Bobilliklar orqali bizga yetib kelgan, qadimgi Akkad va Shumer madaniyatiga taalluqli «Enuma Elish« eposida u akkadliklarning Marduk ma’budi timsolida qayd etiladi. Yodingizda bo‘lsa, Bobilliklar Yupiterni o‘zlarining eng oliy ma’budlari Marduk bilan bog‘lab atashgan edi. Ulardan Pifagor orqali yunonlar va Rimliklar bu mantiqni o‘zlashtirishgan. Shunga ko‘ra, Bobilliklardan avval gullab yashnagan Akkad va Shumer madaniyatida Niburu bu Yupiterning nomi bo‘lgan bo‘lsa ham ehtimol. Lekin, Akkad va Shumer davriga oid manbalarda ham, Bobilliklarga taalluqli manbalarda ham biror bir osmon jismini Niburu deb nomlangani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Oxirizamonda Niburu Yer bilan to‘qnashishi haqidagi puch yolg‘on gaplarni esa, o‘zga sayyoraliklar va Shumer madaniyati haqidagi ko‘plab uydirmalar muallifi Zaxariya Stichin ismli yozuvchi to‘qib chiqargan va ommalashtirgan. Shuning uchun, fikrimcha, Braun va Batigin ehtimol kashf qilgan sayyoraga Niburu nomini berish unchalik ham yaxshi g‘oya bo‘lmasa kerak. Birinchidan bu Akkadliklar va Bobilliklarda Yupiterning nomi bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi bo‘lsa, qolaversa, go‘yoki, «Shumershunos« bo‘lgan Stichinning uydirma va yolg‘onlari orqali bu nom bilan yoqimsiz taassurotlar o‘ralashib qolgan. Yana kim biladi deysiz, avval o‘sha sayyoraning haqiqatan mavjudligini isbotlash kerak. Axir u mutlaqo bo‘lmasligi ham mumkin. Chunki, 1846-yildagi shunga o‘xshash holat, ya’ni, Uranning orbital anomaliayalari asosida Neptunning kashf etilishidan farqli o‘laroq, bu safar olimlar ixtiyorida bunchalik yaqqol dalillar va aniq hisoblashlar mavjud emas. Ular faqat Koyper belbog‘idagi ayrim mayda obyektlar, xususan Sednaning orbital og‘ishlariga asoslanib xulosa chiqarishgan. Neptun bilan bog‘liq holatdan farqli ravishda, Braun va Batigin ushbu noma’lum sayyorani osmonning qaysi qismidan qidirish kerakligini ham aytib bera olishmaydi. Qolaversa, Koyper belbog‘ini tadqiq qilish bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan boshqa kuchli astronomlarning, xususan, Devid Jiuttning ushbu «kashfiyot»ga nisbatan katta shubhasi mavjud.

Nima bo‘lganda ham, to‘qqizinchi sayyora va uning nomi bo‘yicha bahslar hali oldinda uzoq davom etadi. Axir o‘sha sayyora shunchaki aslida yo‘q bo‘lishi ham mumkin…

 


[1] Bu o‘zbek tilidagi Oynisa, yoki Oysara ismiga o‘xshash bo‘lsa kerak ??????izoh tarjimondan.

[2] Masalan, o‘zbek tilida ham biz odatda Oy deyaveramiz, lekin shoirlar uni Moh deb ham atashadi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Astronomiya
Samoviy yo‘qlama

Manba:orbita.uz