Samoviy poyga to’liq malumot oling

Samoviy poyga to’liq malumot oling

Qadim-qadim zamonda Koinot atalmish bepoyon saroyda 9 ta aka-uka sayyora boʻlgan ekan. Quvnoq Merkuriyjon, yoqimtoy Veneraxon, hazilkash Yer, kulsa ham, yigʻlasa ham, uyalsa ham, darrov qip-qizarib ketadigan Mars, shirinlikxoʻr Yupiter, ozgʻin boʻlay deb hamisha halqa aylantirib yuradigan Saturn, yuvvoshgina Uran, Neptun bilan Plutonlar ahil-inoq yashagan ekanlar.

Ular orasida Plutonni Pluton chaqqon deb atashar, Pluton aqli, zakovati, barcha narsani oʻz vaqtida bajarishi bilan hammani hayron qoldirar ekan. Oʻsha paytlar Quyoshga eng yaqin boʻlgan bu sayyoraga qolgan barcha sayyoralar havas qilisharkan. Ammo, borib-borib Plutonda kibr degan illat paydo boʻlibdi. U oʻzini barchadan ustunman, deb oʻylab, doʻstlarini kamsitib, dilini ogʻrita boshlabdi.

Sayyoralar yaxshi gap bilan Plutonni bu yoʻldan qaytarmoqchi boʻlishibdi. Ammo Pluton oʻziga shunchalik bino qoʻyganidan ularni eshitishni ham istamabdi. Shunda Quyosh bobo bir chora oʻylabdi va poyga oʻtkazishga qaror qilibdi. Qay bir sayyora poygada birinchi boʻlib kelsa, Quyoshga juda yaqin turadigan boʻlibdi. Kutilgan kun kelib poyga boshlangach, Pluton chaqqon, epchilgina emasmi, darrov hammadan oʻzib ketibdi. Shu dam uning xayoliga kutilmagan fikr kelib qolibdi.

“Hammadan chaqqon va dono boʻlsam, nima qilaman ortiqcha urinib, debdi-da, oʻzini uxlaganga solib toʻxtabdi. Hamma mendan oʻzib ketdim, deb xursand boʻlayotganda shart oʻrnimdan turaman-u barchani lol qoldirib, finish chizigʻini birinchi boʻlib kesib oʻtaman. Oʻshanda hamma angrayib qoladi”, – deb oʻylabdi.

Ammo, shu kun finish chizigʻini birinchi boʻlib Merkuriy, ikkinchi boʻlib Venera, soʻng Yer, Mars, Yupiter, Saturn va boshqa sayyoralar ketma-ketlikda bosib oʻtishibdi. Biroq hanuz Pluton koʻrinmasmish.

Xavotirlangan sayyoralar uni izlay boshlabdilar. Qarashsa, Pluton poyga yoʻlagining bir burchagida uxlab yotganmish. U uygʻongach hamma voqeadan xabar topibdi.

“Endi doʻstlarim ustimdan kulib yuradi”, deb oʻylab rosa ichi siqilib turganida, Venera gap boshlabdi:

Pluton doʻstim, ahvolingiz yaxshimi? Sizdan xavotir oldik. Boshqa sayyoralar ham unga mehr bilan qarabdi. Pluton esa qilgan ishidan qattiq pushaymon boʻlibdi. Shundan beri Quyosh bobo oldida Merkuriy birinchi, Venera ikkinchi, Yer uchinchi, Mars toʻrtinchi, Pluton esa eng oxirgi oʻrinda turar ekan.

Koʻrdingizmi, biz qanchalik kuchli, aqlli va bilimli boʻlmaylik, maqtanchoqlik va oʻziga bino qoʻyish qanday yomon ahvolga soladi.

Sevinch Isroilova,
Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi maktabning oʻquvchisi

Ertaklar
Samoviy poyga