SAMKOCHAVTO QOʻSHMA KORXONASI

SAMKOCHAVTO QOʻSHMA KORXONASI

«SAMKOCHAVTO» QOʻSHMA KORXONASI — avtomobilsozlik sanoati korxonasi. «Oʻzavtosanoat» uyushmasi tarkibiga kiradi. «Oʻzavtosanoat» va «Koch xolding A. Sh.» (Turkiya) kompaniyasining hamkorligida tashkil etilgan. Oʻrta hajmli avtobuslar va yuk mashinalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlar asosida qoʻshma korxonani qurish toʻgʻrisida 1995-y. da bitim, 1996-y. da taʼsis hujjatlari imzolandi. Korxona qurilishini moliyalashtirishda Oʻzbekiston Respublikasi (50%), Turkiya tomonidan «KochAvtoinvest LTD» (40%), «RamDish tijaret A. Sh.» (5%), «Koch xolding A. Sh.» (5%), kompaniyalari qatnashgan. 1999-y. mart oyida zdning dastlabki mahsulotlari — shahar ichida va shaharlararo yoʻlovchi tashishga moʻljallangan oʻrta hajmli avtobuslar, ishlab chiqarildi. 2000-y. dan 2 t dan 5 t gacha yuk koʻtaradigan mashinalar i. ch. oʻzlashtirildi. 2002-y. shaxarlararo yoʻlovchi tashuvchi turbodizelli dvigatel oʻrnatilgan avtobuslar va 10 tonna yuk koʻtaradigan yuk mashinalari ishlab chiqarila boshladi. 2002-y. da, shuningdek, oʻt oʻchirish, assenizatsion, evakuator, yoqilgʻi, ichimlik suv, chiqindi, non va non mahsulotlari tashuvchi maxsus avtomobillar i. ch. yoʻlga qoʻyildi. 2003-y. da shahar ichida 50 yoʻlovchi tashishga moʻljallangan avtobus, 20 tonna yuk koʻtaradigan «Ford» rusumli yuk mashinasi ishlab chiqarish boshlandi. Korxonada Yaponiya, Germaniya, Italiya, Angliya va Turkiyada ishlab chiqarilgan eng zamonaviy texnologik uskunalar oʻrnatilgan. Korxonada ishlab chiqarilayotgan avtomobillar tannarxini kamaytirish, ularning butlovchi va ehtiyoj qismlarini mahalliy korxonalarda i. ch. choratadbirlari koʻrilmoqda. Korxonada 2002-y. 414 ta avtomobil ishlab chiqarildi. Korxona mahsulotlari Oʻzbekiston ichki bozorida sotiladi, shuningdek, Rossiya, Ukraina, Qozogʻiston, Afgʻonistonga eksport qilinadi. Eksport salmogʻini oshirish maqsadlarida shu davlatlarda korxonaning vakolatxonalari ochilgan.

Ensiklopediya.uz
SAMKOCHAVTO QOʻSHMA KORXONASI