SAID SHOLIKORBOY MAJMUASI

SAID SHOLIKORBOY MAJMUASI

SAID SHOLIKORBOY MAJMUASI — Xivadagi meʼmoriy yodgorlik. Savdogar Said Sholikorboy qurdirgan (1842). Majmua (33,0×32,0 m) 2 hovli, masjid, Madrasa, ayvon va minoradan iborat. Masjid toʻgʻri toʻrtburchak tarhli (24,4×21,2 m), bal. 12 m., 9 gumbazli, 4 ustunli markaziy gumbazi ravoqsimon bagallarga tayangan, diametri (4,8 m)ning kengligi bilan ajralib turadi. Masjidga ayvon orqali 3 boʻlmali 3 eshikdan kiriladi. Ayvondagi ustunlarda mahalliy yogʻoch uymakorligining eng yaxshi anʼanalari aks ettirilgan. Ustunlardan birida 1797-y. sanasi saqlangan. Ayvon devorlariga ganchdan oʻymakori usulda namoyenlar ishlangan. Masjidga shim. dan hovli tutash boʻlib, hovlining yarmisini ayvon egallagan. Madrasa (14,6×4,2 m) masjid sharqidagi kichik hovli atrofidagi tartibsiz joylashgan bir necha xonadan iborat. Sharqiy va shim. tomonidagi hujralar 2 qavatli. 1-qavati tokchali, 2-qavati derazali. Madrasa va masjidga kiraverish oraligʻida minora (diametri — 4,5 m) qad koʻtargan. Tanasi bezaklarga boy. Tepasidagi sharafasining ostiga ravoqsimon mezana ishlangan. Bosh tarzidagi peshtoq bezagida «bantak» uslubi qoʻllanilgan. 1983-y. da qayta taʼmirlangan. Hoz. kunda majmuada Xiva jome masjidi joylashgan.

Ensiklopediya.uz
SAID SHOLIKORBOY MAJMUASI