Sadriddin Ayniy (1878–1954)
Sadriddin Ayniy (1878–1954)
DO`STLARGA ULASHING:
XX asr oʻzbek va tojik adabiyoti taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan atoqli adib, olim va jamoat arbobi Sadriddin Saidmurodzoda Ayniy 1878 yilning 15 aprelida Buxoro viloyati, Gʻijduvon tumanidagi Soktare qishlogʻida dunyoga kelgan. Olti yoshidan maktabga qatnay boshlagan Sadriddin 1890 yilda Buxoroga kelib Mir Arab, Badalbek, Olimxon, Hoji Zohid, Koʻkaldosh madrasalarida tahsil oladi. yangi usul maktablarida muallimlik qiladi.
Buxorolik ulkan maʼrifatparvar Ahmad Donish hamda koʻplab maʼrifatparvarlar asarlari uning dunyoqarashiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Madrasa tahsili tugagach, Ayniy Buxoroda yangi usuldagi maktablar ochadi, ular uchun oʻquv qoʻllanmalar, xalqni ilm-maʼrifatga chaqiruvchi sheʼr va hikoyalardan iborat “Tahsib us-siyobon” – “Yoshlar tarbiyasi” (1909) darsligini tuzadi. “Yosh buxoroliklar” harakatida faol qatnashadi.
Sadriddin Ayniy zullisonayn ijodkor boʻlib oktyabr toʻntarishidan keyin oʻzbek va tojik tillarida daʼvatkor sheʼrlar, marshlar yaratadi, ularni “Inqilob uchqunlari” (1923) toʻplamida nashr etadi.
Yozuvchi “Buxoro jallodlari” (1922) qissasida amir amaldorlarining dahshatli jabr-zulmini, gunohsiz kishilarning qatl etilishlari, “Odina” (1927) qissasida esa mehnatkash xalqning ogʻir qismati va fojiali hayotini jonli tasvirlab berdi.
S. Ayniyning dastlabki “Doxunda” romani 1929–1930 yillarda yaratilgan. Unda maʼrifatga intilgan yosh yigitning hayot yoʻli umumlashtirilgan. Keyingi “Qullar” romani 1934 yilda Toshkentda oʻzbek tilida, 1935 yilda esa Dushanbeda tojik tilida nashr qilindi.
Sadriddin Ayniy 1954 yilning 15 iyulida Dushanbe shahrida vafot etdi. Vafotidan keyin Oʻzbekiston va Tojikistondagi bir qator shahar, tumanlar, qishloqlar, koʻchalar, maktablar, kutubxonalar, sanʼat va madaniyat muassasalariga Sadriddin Ayniy nomi berildi. Samarqandda Ayniy yodgorlik uy-muzeyi ochildi. Vatan va xalq oldidagi unutilmas xizmatlari inobatga olinib, 2001 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
“Oʻzbek adiblari” (Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan
Sadriddin Ayniy (1878–1954)