SABR-QANOAT HAQIDA
Sabr-qanoat insonlar uchun buyuk bir fazilat. Inson har bir ishni sabr va qanoat bilan olib borsa, maqsadiga erishadi. Tinch va rohatda yashashni istagan kishi har ishda oshiqmay ohista harakat qiladi, nafsini falokatdan, g’ururdan saqlaydi. Sabr boshimizga kelgan balo va qazolarga chidamli bo’lishimizni talab etadi, shuning uchun ham, birinchidan, har bir ishda sabr bilan harakat qilish lozim. Islom dinida sabr yuksak fazilatlardan biri bo’lib, mo’min-musulmon kishining ruhiy tayanchi va hidoyatga boshlovchi omildir. Sabr haqida “Qur’oni Karim” da yetmish marotaba zikr qilingani ham bejiz emas. Boshqa hech qaysi fazilat bu miqdorda zikr etilmagan. Shuning uchun ham “Qur’oni Karim” ning “Anfol” surasining 46-oyatida “Sabr-toqat qilingiz! Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadur”,-deyilgan. “Qur’on” sabrli kishilarda uch xislat borligini, bu xislatlar ulardan boshqalarda bo’lmasligini aytadi. Birinchisi, ularga Allohning mag’firati bo’ladi. Bu ular uchun maqtov bo’lib, bu dunyoda ham, u dunyoda ham sharafdir. Ikkinchisi, Allohning rahmati. Musibat uchun Alloh lutf va ehson qiladi. Uchinchisi, ular hidoyatda yurgan kishilar hisoblanadi. Haq va to’g’ri yo’lda ekanliklari uchun musibat chog’ida o’zini qanday tutish kerak bo’lsa, shunday tutganliklari bois, ularga xafagarchilik va dard-u hasrat o’z hukmini o’tkaza olmasligi ta’kidlanadi. Sabr-toqatli kishi har bir ishda diyonatli, adolatli bo’ladi. U boshqalarning kamchiligidan kulmaydi, aksincha, unga yaqindan yordam beradi. Sabr-qanoatli odamda atrofdagilarga huzur bag’ishlaydigan odatlar paydo bo’ladi. Sabr-toqat qanchalik og’ir bo’lmasin, keyinroq shodlik keltiradi. Shu bois, sabr bilan zafar bir-biriga qadimdan do’st bo’lib kelmoqda.SABR-QANOAT HAQIDA
DO`STLARGA ULASHING:
SABR-QANOAT HAQIDA