Rozmarin dorivor o‘simligi haqida malumot

Rozmarin dorivor o‘simligi haqida malumot

Efir moylarini o‘zida mujassam etgan dorivor o‘simliklarning 300 xilga yaqini dunyoning turli mintaqalarida o‘sishi kuzatilgan. Ma’lumki, efir moylari o‘simlikningildizida, poya – barglarida, gul – urug‘ va mevalarida turli miqdorda to‘planadi. Efir moylari uchuvchan xususiyatga ega bo‘lib o‘ziga xos yoqimli, yoqimsiz xatto badbo‘y hid chiqaradi. Bunday moylar og‘riq qoldirishi, a’zolarini qizdirishi va shu bilan birga qon bosimini pasaytirishi mumkin. Aslida efir moyii labguldoshlar, atirguldoshlar, soyabonguldoshlar, loladoshlar va rutadoshlar, choydoshlar oilalariga mansub o‘simliklarda ko‘proq uchraydi.

Rozmarin (Rosmarinus officinalis L.) ham efir moyiga boy o‘simlik, u labguldoshlar (yasnotkaguldoshlar) oilasiga mansub bo‘lib, bo‘yi 2 metrgacha boradi. Vatani O‘rta yer dengizi atrofidagi davlatlardir. Yevropa va Afrika davlatlarida qadimdan ekib o‘stiriladi. O‘simlikni madaniylashtirilganiga 2 ming yildan ortiqroq bo‘lib, hozirda Ispaniya, Fransiya, Jazoir, Tunis, Yugoslaviya va Hindistonda asosiy efir – moyli o‘simlik sifatida katta maydonlarda ekib o‘stirib foydalanilmoqda. O‘simlik Rossiyaga 1816 – yilda Qrimdagi Nikitin botanika bog‘iga keltirib ekilganligi ma’lum. Endilikda bu o‘simlikni O‘zbekistonda ham ekib o‘stirish va undan foydalanish mumkinligi aniqlandi.

Rozmarin sug‘oriladigan bo‘z tuproqli yerlarda issiq va sovuqqa moslashuvchan buta o‘simlik. Barglari cho‘ziq, to‘mtoq uchli bargning ostki qismi dag‘al tukchalar bilan qoplangan. Barglarning bo‘yi 3 – 3,5 sm, qalinligi 1,5 – 2 mm bo‘lib, 5 – 6 tadan to‘p – to‘p bo‘lib joylashgan. Gullari qisqa gulbandiga ega bo‘lib, gultojibarglari ko‘k – binafsha rangli, poyada 5 – 8 ta guli shingilcha, to‘p – to‘p bo‘lib joylashgan. Mevasi yong‘oqcha shaklida.

Efir moylari rozmarin o‘simligining hamma qismlarida (ayniqsa yosh poya va gullarida uning miqdori 1,2% gacha) saqlanadi. Efir moyi o‘z tarkibida 50% pinen, kamfen, sineol, barneol va kamfora saqlanganligi sababli ulardan parfyumeria sanoatida, dorivor va insektatsiya preparatlari tayyorlashda foydalaniladi.

O‘simlikning yer ustki barglari va yosh poyalaridan tayyorlangan damlama va spirtdagi eritmalari (nastoykasi) bosh og‘rig‘i, oshqozon – ichak kasalliklari, shamollashda, ayollarda uchraydigan ayrim xastaliklarni davolashda ijobiy naf beradi. Shu bilan birga organizmni tetiklashtirib, quvvat bag‘ishlash xususiyatiga ham ega.

Barglarida o‘ziga xos xid va ta’m berganligi sababli rozmarin go‘shtli mahsulotlarni pishirishda va ularni uzoq vaqt saqlashda ziravor sifatida ham qo‘llaniladi. Konditer mahsulotlariga qo‘shib tayyorlanganda o‘ziga xos ta’m va maza beradi. O‘simlik qish mavsumida ham barglarini to‘kmasligi va o‘ziga xos hid tarqatib turishini hisobga olgan xolda u park va xiyobonlar, xovli va dam olish maskanlarida manzarali buta sifatida o‘stiriladi.

Abdug‘affor JABBOROV,
biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Kasalliklar
Rozmarin dorivor o‘simligi