Ro`zani buzuvchi amallar
Ro`zani buzuvchi amallar
DO`STLARGA ULASHING:
Quyidagi amallar orqali ro`za buziladi va faqat qazo ro`za tutish vojib bo`ladi:
Ro`zani safarga chiqish, kasallik, hayz-nifos va aqldan ozish kabi sabablar bilan buzilsa;
Tosh, temir, oltin, kumush va boshqa qattiq jismlarni yutilsa;
Zo`rlanganlik oqibatida eb-ichilsa;
Hali tong otmadi deb o`ylab eb-ichish yoki jinsiy aloqa qilib qo`yilsa-yu, aslida tong otib bo`lgan bo`lsa yohud kun botdi degan gumon bilan og`izni ochib qo`ysa-yu, buning aksi bo`lib chiqsa;
Og`iz yoki burunni chayishda ehtiyotsizlik tufayli suvni ichkariga kiritib yuborsa;.
Qasddan ko`ngilni aynitish tufayli og`izdan to`lib qayd qilsa;
Qor yoki yomg`ir og`izga tushsa;.
Tutunni qasddan hidlasa;
Tishlar orasida qolgan no`xot va undan katta hajmdagi ovqat qoldig`ini yutsa;
Tundan niyat qilmagani uchun ro`zani buzsa;
Kun yarmidan keyin safarga chiqib, ro`zani ochib yuborsa;
Niyat qilmay kun bo`yi emoq va ichmoqlardan tiyilib yursa;
Quloqqa tomizilgan yog` yoki suvning mazasini halqumida sezsa;
Burunga dori tomizsa;
Klizma qilsa;
Ayolini quchish yoki o`pish tufayli maniy chiqsa;.
Qorindagi yaraga qo`yilgan dorini oshqozonga va boshdagi yaraga qo`yilgan dorini dimog`ga etsa;
Ushbu yuqorida sanab o`tilgan amallardan birini qilgan kishi Ramazonning hurmati uchun kunning qolganini o`zini tiyish bilan o`tkazishi zarur bo`ladi hamda bir kuniga bir kun ro`za tutib beradi.
Quyidagi amallar orqali ro`za buziladi hamda qazo va kafforat vojib bo`ladi:
Qasddan taom eyish yoki ichish.
Uzrsiz dori-darmonlarni qabul qilish.
Qasddan jinsiy yaqinlik qilish.
Og`izga tushgan yomg`irni qasddan yutish.
Donni chaynagandan so`ng bo`lsa ham yutish.
Kunjut donini yutish.
Tuz iste`mol qilish.
Chekish.
Odatlanib qolgan insonni tuproq eyishi. Agar o`rganib qolmagan bo`lsa, kafforat talab qilinmaydi.
Masalan:
Tuz esa, faqat qazo ro`za vojib bo`ladi. Ammo tuz eb yurish odati bor odam bo`lsa, ham ro`zani qazo qiladi, ham kafforat beradi. Tuz egan ro`zadorga ham qazo, ham kafforat vojib bo`ladi, degan fatvolar mavjud. Binobarin, bunda ehtiyotkorlik lozim bo`ladi (“Fatovoyi Olamgiriya”, “Xulosa”, “Sharhi nihoya”).
Birovning majbur qilishi sababli yoki ro`zaligi esida bo`la turib, ehtiyotsizlik bilan (masalan tahorat yoki g`usl qilayotganida) tomoqdan suv o`tib ketsa, qazoning o`zi vojib, kafforat lozim emas.
Kunduzi uxlayotgan ro`zador uyqusirab, suv ichib qo`ysa, ro`zasi ochiladi. Kafforatsiz, faqat qazosini tutib beradi (“Fatovoyi Olamgiriya”, “Qozixon”).
Ro`za niyatlari
Tong otib qolgandir, deb shubhalanadigan vaqtga qadar saharlik qilish makruhdir. Ramazon oyida saharlik qilish ro`za niyati o`rniga o`tadi. (“Fatovoyi Olamgiriya”). Quyosh botgandan so`ng ertangi kun ro`zasi uchun niyat qilish mumkin (“Imom Saraxsiyning “Mabsut” kitobidan”).
Ramazon ro`zasining niyatini kun yarim bo`lay deguncha, ya`ni peshin namozi vaqti kirguncha qilish mumkin.
Qazo va kafforat ro`zalarning niyatini tong otguncha qilish lozim. Tong otgandan quyosh botguncha o`tgan vaqt kun hisoblanadi, ro`zaning vaqti ham shu oraliq bilan belgilanadi.
“Kafforat” haqida tushunchasi
Kafforat uch turli bo`ladi:
Qul ozod qilish. Lekin hozir qulchilik bekor bo`lgani sababli buni bajarishning iloji yo`q.
Ketma-ket 60 kun ro`za tutish. Bu ro`zani tutishda orasini uzmaslik shart qilinadi. Shuning uchun ikki hayit va tashriq kunlariga to`g`ri kelib qolmasligi kerak.
Inson o`zi iste`mol qiladigan taom kabi eguliklar bilan 60 ta miskinni ovqatlantiradi. Bunda kafforat berayotgan shunga ahamiyat berishi kerakki, miskinlar orasida ota-onasi, xotini va farzandlariga o`xshash yaqinlari bo`lmasligi lozim. Shuningdek, har bir miskinga yarim so` (taxminan 2 kg.) bug`doy yoki uni bir so` arpa yoki xurmo kabilardan yohud ulardan birining qiymatini berish ham mumkin.
Saidjamol MASAYITOV, TII katta o`qituvchisi
muslim.uz dan olindi
Ro`zani buzuvchi amallar