Robert Boyl (1627-1691)

Robert Boyl (1627-1691)

Robert Boyl (1627-1691)

robert boyl 1627 1691 660eed1657d25Robert Boyl ilm-fan tarixida shunchaki kashshof olim sifatida emas, balki, ilm-fanni tizimlashtirib, tartibga solgan tashkilotchi olim sifatida ham yorqin iz qoldirgan. Uning modda tuzilishining korpuskulyar nazariyasi bo‘yicha ilmiy ishlari atom-molekulyar ta’limot yo‘lidagi eng muhim qadamlardan biri bo‘lgan edi. Robert Boylning ilmiy tadqiqotlari kimyo fanining yangitdan tug‘ilishiga sabab bo‘lgan edi. Hozirgi zamon ilm-fanida eng fundamental, eng muhim fanlardan biri bo‘lmish — kimyo fanini mustaqil fan sifatida shakllantirgan olim sifatida ham aynan Robert Boyl tan olinadi. Aynan Boyl, kimyoda o‘ziga xos yondoshuv va uslublar mavjud bo‘lishi kerakligini va bu fanni eskicha uslubda, ya’ni, tibbiyot tarkibida o‘rganishdan foyda kam ekanini isbotlab bergan edi. Juda ko‘p sonli rangdor reaksiyalar va cho‘ktirish reaksiyalarini o‘tkazish orqali, Boyl shuningdek analitik kimyo faniga ham asos solib berdi.

Robert Boyl 1627-yilning 25-yanvar sanasida dunyoga kelgan. o‘z zamondoshlari Robert Boylning otasi Richard Boylni o‘ta manfaatparast, tamagir va yulg‘ich odam sifatida eslab qolishgan. Robert Boyldek mashhur va hassos olimning shunday noinsof kishining farzandi bo‘lganiga ishongisi kelmaydi odamni… Biroq tarixiy haqiqat aynan shunday: Richard Boyl — o‘ta kalondimog‘, shuhratparast, urishqoq odam bo‘lib, qirolicha Yelizavetta zamonida u Kork gersogi maqomiga erishgan edi. U katta-katta yer egalarini qaqshatib, kerak bo‘lsa ular bilan urush, qon to‘kish orqali ko‘pchilikning yer-joylarini tortib olgan. Shu tarzda u o‘z yer-mulklarini kengaytirib, boyib borgan. Uning naq 14 nafar farzandi bo‘lgan va Robert Boyl ular ichida eng kenjalaridan biri, aniqrog‘i 13-chi farzand bo‘lgan.

Boyl o‘z otasining Irlandiyadagi yer-mulklaridan birida, Lismor Kasle yerida tug‘ilgan. U butun bolalik va yoshlik yillarini aynan shu joyda o‘tkazgan. Boshlang‘ich xat-savodni ham u o‘z xonadonida, yollanma o‘qituvchilar yordamida olgan. 8 yoshida Robert Iton universitetiga o‘qishga kirgan. Ushbu dargohda 4 yil ta’lim olgach, Robert otasining yana bir yer-mulkiga — Stolbridjga yo‘l olgan.

Stolbridjda bir muddat bo‘lgan 12 yoshli Robert Boyl, o‘sha davr zodagonlari odatiga ko‘ra, o‘z akasi hamrohligida Yevropa bo‘ylab sayohatga chiqadi. Yo‘l-yo‘lakay u Shveytsariya va Italiya davlatlarida uzoq muddatlarga to‘xtab, bu joylardagi yetuk olimlardan ta’lim olishga harakat qiladi. Boylning Shveytsariya va Italiyada o‘tkazgan jami vaqti 6 yil muddatni tashkil qiladi. Boyl ko‘hna qit’a bo‘ylab sayohat asnosida ta’limni davom ettirar ekan, bu orada uning badavlat va nomdor otasi vafot etadi. Boyl Angliyaga 1644-yilda, otasi vafotidan keyin qaytgan. Richard Boylda juda katta meros qolgan bo‘lib, jumladan Robertga ham nihoyatda katta miqdorda ulush tekkan.

Stolbridjda o‘sha davrning eng mashhur siyosatchilari, olimlari va yozuvchilaridan iborat ziyoli guruhi to‘planadigan maxsus yig‘inlar tez-tez uyushtirilar edi. Bunday yig‘inlarda odatda zamonning eng dolzarb ilmiy va ayniqsa siyosiy masalalari ustida qizg‘in bahslar o‘tkazilgan. Boylni ayniqsa ilmiy munozaralar juda qiziqtirgan.

Yevropa safaridan qaytgan Robert Londonda joylashadi va o‘z yoshlik yillarida Stolbridjda guvohi bo‘lgandek ilmiy anjumanlarni endi Londonda ham tashkil etishga qaror qiladi. Bunga uning moddiy imkoniyati bemalol yetardi va u katta-katta ilmiy davralar tashkil qilib, olimlar va ziyolilarni eng muhim ilmiy muammolar ustida fikr almashinishga taklif etardi. Faqat Boyl tashkil qilgan ilmiy munozaralarda shunday muhim bir jihat mavjud edi: Boyl o‘zi ham mavhum nazariy bahslarni xushlamasdi va olimlarni asosiy e’tiborni amaliy ishlarga, real naf keltiradigan nazariya va loyihalarga qaratishga undardi.

Boylni ayniqsa moddalarning tuzilishi juda qiziqtirgan. U buyumlarning nimadan tuzilganligi, moddani qanday qilib elementlarga parchalash mumkinligi masalalari yuzasidan izlanishlar boshlab yubordi. Boyl o‘rta asrlar alkimyogarlari olib borgan shunchaki ko‘r-ko‘rona tajribalardan naf deyarli bo‘lmasligini va buning o‘rniga kimyo bo‘yicha tizimlashgan, izchil va ilmiy asoslangan tajribalar zarurligini ta’kidlardi. U kimyo bo‘yicha maxsus jihozlar — laboratoriya anjomlarini yasash va tajriba natijalarini tizimli ravishda tahlil qilib, qayd qilib borish zarurligini birinchilardan bo‘lib anglab yetgan. Robert Boyl kimyo fanini chuqurroq o‘rganish va bu borada biryoqlama yondoshuv, ya’ni, kimyoviy moddalarni faqat tibbiyot nuqtai nazaridan tekshirish an’anasidan voz kechish kerakligini ham ustuvor vazifa deb bilgan.

Shunday muhim va o‘z davri uchun mujmal vazifalarni hal qilish maqsadida, Boyl o‘z hisobidan laboratoriya va ilmiy kutubxona qurishni rejalashtiradi. Kenja farzandlardan bir ekanligi sababli, unga meros qolgan mol-davlat boshqa opa-singillarinikidan ko‘ra kamroq bo‘lgan. Chunonchi, qanchalik boy bo‘lmasin, baribir Robertning mol-mulki tamomila yangi laboratoriya va kutubxona qurishga yetmasdi. Robert hisob-kitob ishlarini ham puxta egallagan, ishni ko‘zini biladigan ishbilarmon kishi bo‘lgan. U o‘z hisobidan laboratoriya va kutubxona qurish uchun mol-davlatini xarjlab yuborish va keyin yana moliyalashtirish manbasini izlab sarson bo‘lib yurmaslik uchun, avvaldan o‘ylangan puxta reja asosida ish olib borishga qaror qildi. Bu maqsadda Boyl o‘ziga meros orqali tekkan Stolbridjdagi ko‘hna qal’adagi binolarni laboratoriya va kutubxona uchun moslashtirishga kirishdi. Stolbridjning yana bir qulayligi shunda ediki, bu joydan Oksfordga juda yaqin bo‘lib, Angliyaning mazkur ko‘hna va ilg‘or ilm dargohiga borib kelish juda oson edi. Shuningdek, Stolbridjdan poytaxt London ham uncha uzoq emasdi. Shu tarzda Boyl Oksfordda va Londonda yashovchi ko‘zga ko‘ringan olimlarni bir vaqtning o‘zida o‘z xonadoniga taklif etishi va avvalgidek ilmiy muloqotlar uyushtirishi imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Stolbridjdagi Boyllar qasri tez orada Robert rejalashtirilgan ko‘rinishda qayta ta’mirlandi. Qasrning ikkinchi qavatida Robertning o‘zi uchun yotoqxona, kattagina ish kabineti, hamda, juda ko‘p javonlarga ega bo‘lgan nihoyatda katta kutubxona hozirlandi. Birinchi qavatda esa fizika va kimyo bo‘yicha ilmiy tajribalar olib borishga mo‘ljallangan, juda yaxshi jihozlangan laboratoriya qurildi. Boyl ayniqsa kutubxona fondini boyitishga katta ahamiyat qaratgan. Keyinchalik shogirdlarining xotirlashicha, Robert Boyl favqulodda tez va ko‘p o‘qiydigan, shuningdek, o‘qigan narsasini juda yaxshi eslab qoladigan zehni o‘tkir odam bo‘lgan ekan. Har hafta oxirida maxsus yollangan aravakash Londondan shu hafta ichida yangi chop etilgan kitoblardan eng kamida bir nusxadan Boylga keltirib berib turgan. Boyl esa hamma kitoblarni katta qiziqish bilan o‘qib, tanishib chiqardi. U ba’zan qo‘liga qiziq kitob tushib qolsa, uni oxirigacha o‘qib chiqmagunicha o‘rnidan qo‘zg‘almay o‘tiraverar ekan. Xizmatchilari esa Boylni ko‘pincha tonggacha ham uhlamasdan kitob o‘qib chiqqanini aytib nolisharkan.

1645-yil oxiriga kelib Boyl laboratoriyasida fizika, kimyo va agrokimyo bo‘yicha tajribalar o‘tkazilishi boshlab yuborildi. Boyl bir vaqtning o‘zida bir necha masalalar yuzasidan shug‘ullanishni yoqtirardi. U chalkashib ketish degan narsadan cho‘chimasdi va aksincha, shunday ish tashkil qilinsa vaqtdan yutib, ko‘proq muammolarni tezroq hal qilish mumkin degan fikr bilan yashagan. Odatda u shogirdlari va yollanma ishchilariga laboratoriyada qanday tajribalar o‘tkazish kerakligini va ularning natijalarini qay tartibda yozib borish kerakligi kabi topshiriqlarni berib, tongda hammani ishga solib qo‘yar va keyin o‘zi o‘z ishchi kabinetiga qaytib, kotibi yordamida ilmiy mulohaza va nazariyalarini qog‘ozga tushirish bilan band bo‘lardi.

Boyl o‘z davri olimlariga xos tarzda, qomusiy olim bo‘lgan. Ya’ni u faqat birgina tor fan sohasi bilan shug‘ullanish bilan cheklanib qolmagan. Balki Boylni qiziqtirgan ilmiy masalalar bir qarashda bir-biridan tamomila mustaqil bo‘lgan va o‘zaro umumiylikdan yiroq fan sohalarini qamrab olgan edi. Xususan, u bir vaqtning o‘zida biologiya, tibbiyot, fizika, kimyo, falsafa, tilshunoslik va hatto diniy ta’limot masalalari bilan ham ish olib borgan. Shunga qaramay, baribir uning uchun ustuvor tadqiqot yo‘nalishlari mavjud edi: u birinchi navbatda amaliy tajribalarga, laboratoriya sinovlariga e’tibor qaratgan. Boyl ilm-fan yutuqlarini inson manfaati uchun yo‘naltirish lozim degan fikrni ilgari surardi va ilm-fan va olimlar faqat nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmasliklarini targ‘ib qilardi. Shu maqsadda Boyl ilmiy yutuqlarni odamzot xizmati uchun bo‘ysundirishni eng birinchi darajali vazifa deb bilgan. Robert Boyl o‘zining mazkur maslagiga monand ravishda, ilm-fan odamzot oldida turgan eng muhim muammolarni chuqur o‘rganishi va hal qilishi lozim deb ta’kidlardi. Londondagi tarixiy qo‘lyozmalar saqlanadigan maxsus fondda, Robert Boyl tomonidan shaxsan yozib shakllantirilgan va uning fikricha, ilm-fan birinchi navbatda hal qilishi lozim bo‘lgan eng muhim joriy muammolar keltirilgan kundalik saqlanadi. Ushbu kundalikning maxsus sahifasida olim hal qilinishi lozim bo‘lgan eng muhim ilmiy muammolarni sanab o‘tadi. Uning ro‘yxatidan birinchi bo‘lib «Odam umrini uzaytirish« — degan yozuv turadi. Keyin esa, «uchishni o‘rganish«; «bir metallni boshqasiga aylantira olish«; «geografik uzunlikni tezkor aniqlash asbobi yasash«; «shamolga qarshi va doimiy tezlik bilan suza oladigan kema yasash«; «uzluksiz yorug‘lik manbai«… singari haqiqatan ham Boyl davri uchun dolzarb va «mo‘jizaviy« ishlar yotadi. Ko‘rib turganingizdek, olim mohiyatan samolyot va vertolyot, GPS, yadroviy reaktor yoki kollayder, paroxod, elektr chiroqlari singari, bugungi kun uchun oddiy ilmiy yutuqlarni orzu qilgan.

Fundamental fan sohalarida esa, Robert Boyl asosan kimyo sohasiga ko‘proq ahamiyat qaratar edi. U turli xil kimyoviy tajribalarni shaxsan o‘tkazishni yoqtirar va tajriba natijalarini diqqat bilan o‘rganib chiqardi. Boyl kimyoni alkimyo va tibbiyot ta’siridan xalos qilish va uni alohida, mustaqil fan sifatida o‘rganish zarur degan maslak bilan yashagan.

Robert Boylning eng dastlabki kimyoviy tajribalari asosan turli o‘simliklar va qo‘ziqorinlardan, moxlar, gullar, daraxt po‘stloqlari, ildizlardan har xil dorivor damlamalar tayyorlashdan iborat bo‘lgan. Bunda u damlamalarning rangiga asosiy e’tibor qaratgan. Ayrim damlamalarga kislota aralashtirilsa, uning rangi o‘zgarar edi; boshqa ayrimlariga esa ishqorlar ta’sir ko‘rsatsa rang o‘zgarishi kuzatilgan. Shunday tajribalardan birida Boylning e’tiborini binafsharang bir damlama o‘ziga tortdi. Uni olim lakmus lishaynikidan olar edi. Damlamaning o‘zi asl holida to‘q binafsharangda bo‘lib, agar unga kislota aralashtirilsa damlama rangi qizilga o‘zgarardi; aksincha, ishqor qo‘shilgan lakmus damlamasining rangi ko‘kimtir bo‘lib qolardi. Robert Boyl shunday eritmani qog‘oz parchasiga shimdirib, keyin ushbu qog‘oz bo‘lagini quritib oldi. Shunday qog‘oz parchasidan Boyl indikator sifatida foydalanish mumkinligini fahmlab yetdi. Indikator qog‘oz parchasini suyuqlikka solish orqali, suyuqlik muhitining kislotali yoki ishqorli muhit ekanini aniqlash mumkin edi. Robert Boyl «indikator« atamasini shu tarzda kimyoga joriy qilgan edi. Va shu tarzda, ilm-fanda tez-tez uchrab turganidek, bir ajoyib kashfiyot o‘z-o‘zidan ikkinchisining ham ochilishiga sabab bo‘ldi. Boyl shunday indikator qog‘ozlar vositasida yong‘oq turlaridan birning damlamasini tekshirish asnosida, ushbu yong‘oq damlamasini suv bilan aralashtirib uni temir tuzlari qo‘shilsa, hosil bo‘lgan eritmadan qora rangli siyoh sifatida foydalanish mumkinligini aniqladi. Shu tarzda, o‘sha yong‘oqni ham «siyoh yong‘og‘i» deb atay boshlashdi. Ushbu ajoyib kashfiyot asnosida endi Boyl turli eritmalardan qanday qilib sifatli siyoh tayyorlash mumkinligi masalasi bilan qiziqib qoldi. U eng sifatli va olish texnologiyasi ham arzon, ham sodda bo‘lgan siyoh turini yaratish ustida ish boshlab yubordi. Boyl siyoh modda hosil bo‘lish jarayonining kimyoviy asoslarini chuqur o‘rganib chiqdi va eng optimal siyoh olish sharoitlarini aniqladi. Keyinchalik Boyl ishlab chiqqan siyoh retseptlari asosida, butun Yevropada deyarli XX asr boshigacha yuqori sifatli siyohlar ishlab chiqarilgan.

Ta’kidlanganidek, Boyl juda sinchkov shaxs bo‘lgan. U yana o‘zi kuzatgan eritmalardan biridagi g‘alati xossani ilg‘ab qoldi. Ya’ni, agar kumushning azot kislotasidagi eritmasiga xlorid kislotasi qo‘shilsa, natijada idish tubida oq cho‘kma hosil bo‘lar edi. Ushbu cho‘kindini Boyl «luna corea» (oy korneasi) deb nomladi. Agar ushbu cho‘kindini ochiq holda qoldirilsa, vaqt mobaynida u qorayib qolardi. Shu tarzda, Boyl qaralayotgan moddada kumush mavjudligini aniqlash imkonini beradigan tahliliy reaksiyani kashf qilgan. Bu analitik reaksiya bo‘lib, u modda tarkibida kumush mavjudligiga ishora qilardi.

Yosh olim olovning kimyo uchun universal tahliliy vositachilik imkoniyatlari va xususiyatlariga shubha qilardi va shu sababli tahlilning boshqa usul va vositalarini qidirardi. U o‘zining ko‘p yillik tadqiqotlari natijasida, agar moddaga u yoki bu reaktivlar bilan ta’sir ko‘rsatilsa, bu moddalar nisbatan soddaroq birikmalarga parchalanishini aniqladi. Maxsus reaksiyalarni qo‘llab, ushbu birikmalarning tarkibini aniqlash mumkin edi. Ba’zi moddalar rangdor cho‘kindilar hosil qilsa, boshqalari ma’lum bir hidli gaz ajratib chiqarardi, ayrimlari esa, rangli aralashmalarga aylanar edi va ho kazo. Moddalarning maxsus reaksiyalar orqali parchalash va hosil bo‘lgan mahsulotlarni identifikatsiyalash jarayonini Boyl analiz deb atadi. Bu yangicha ish uslubi bo‘lib, Analitik Kimyoning rivojlanishiga katta turtki bo‘lib xizmat qildi.

Hammasi Boyl o‘ylaganidek, bir maromda ketayotgan edi. Olim birin-ketin yangi-yangi tadqiqotlarni o‘tkazib, avvalgi kimyogarlar bilmagan narsalarni kashf qilib borardi. Biroq, 1652-yil boshida Stolbridjdagi ilmiy faoliyatni keskin to‘xtatishga to‘g‘ri keldi. Irlandiyadan sovuq xabar kelgandi. Irlandiyaning Kork yer-mulkidagi Boylga otasidan meros qolgan yerda ishlovchi dehqonlar ish boshqaruvchilar tomonidan o‘zlariga ko‘rsatilayotgan adolatsizliklardan norozi bo‘lib g‘alayon ko‘tarishdi va Kork qal’asini vayron qilib yuborishdi. Bunday favqulodda vaziyatda nafaqat Robert Boylning, balki barcha aka-uka, opa-singillariga qarashli yerlarda ham g‘alayon ko‘tarilish xavfi yuzaga chiqdi. Dehqonlarning yetakchilari bilan zudlik bilan muzokaralar o‘tkazish va ularni tinchlantirish kerak edi. Aks holda g‘azabga mingan dehqonlar Boyllar oilasining nafaqat iqtisodiy xavfsizligiga, balki, hayotiga ham raxna solishi mumkin edi. Boyl tezkorlik bilan Korkka yo‘l oldi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yerdagi ish boshqaruvchilar hadidan oshib ketgan bo‘lib, mulkning moliyaviy ahvoli juda achinarli holga kelib qolgan ekan. Dehqonlar esa o‘z mehnatlariga haq ololmay, qashshoq turmush tarzidan bezib, oxiri qurolli g‘alayon ko‘tarishga majbur bo‘lishgan. Boyl vaziyatga shaxsan aralashib, uzoq muddat mobaynida butun xo‘jalik faoliyatini shaxsan o‘zi nazorat qildi. Ayniqsa moliyaviy muammolarni hal qilish uchun juda ko‘p kuch-quvvat va asab sarflashga to‘g‘ri keldi. Ikki yil davomida Boyl hammasi yana o‘z iziga tushishi uchun qattiq ishlashga majbur bo‘ldi. Vaziyat o‘nglanib, moliyaviy holat barqarorlashgach, xo‘jalik boshqaruvi uchun ancha tajribali va halol bir kishini topib tayinlab qo‘ydi. Biroq, ushbu mashmashalar tufayli u ikki yil mobaynida ilm-fandan biroz uzoqlashib qoldi. Qolaversa, uning asabi charchadi. Ilmiy faoliyati izdan chiqdi.

Biroq u baribir ilm-fan sohasiga, ayniqsa, o‘zi jon-dilidan sevadigan kimyoviy tajribalarga qaytishni istardi. Boyl ilmiy izlanishlarni davom ettirish uchun 1654-yilda Oksfordga ko‘chib o‘tdi. Bu yerda u o‘ziga eng yaqin ilmiy hamkor va shogirdi bo‘lgan Vilgelm Gomberg bilan ilmiy tadqiqotlarni yana jonlantirib yubordi. Endilikda, tadqiqotlar taroq holda, har sohadan bir shingil tarzida emas, balki, umumiy yakdil maqsadga yo‘naltirilgan tarzda yuritila boshladi. Boyl kimyoviy moddalarni tasniflash va xossalariga ko‘ra guruhlashni maqsad qilgandi.

Bu maqsad yo‘lida Boyl va Gomberg juda ko‘p moddalarni, asosan turli tuzlarni tadqiq qilib chiqishdi va ularning xossalarini tizimli ravishda o‘rganib, qayd etib borishdi. Har bir navbatdagi tajribadan keyin Boyl va Gomberg tasnifi tobora kengayib, tafsilotlari ham chuqurlashib borardi. Albatta, Boyl va Gomberg olgan natijalar har doim ham to‘g‘ri bo‘lmagan. Ularda juda qo‘pol xatolar, hatto o‘sha davr kimyosi uchun ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan chalkashliklar uchrab turardi. Lekin baribir Boylning ushbu harakati ilm-fan tarixida misli ko‘rinmagan juda katta ilg‘or qadam bo‘lgan. U kimyo fanining nazariy asoslarini shakllantirish hamda, ushbu fanni qandaydir betartib va tayinsiz pala-partish tajribalarga asoslangan alkimyo iskanjasidan xalos qilishni ko‘zda tutgan edi. Bu esa o‘z navbatida mazkur fanning keyingi taraqqiyoti uchun juda ulkan turtki bergan.

Gomberg bilan bir muddat ishlagach, Boylning qo‘liga shogird sifatida yosh va serg‘ayrat olim Robert Guk kelib qoldi. Guk bilan hamkorlik esa asosan gazlarni tadqiq qilish va modda tuzilishining korpuskulyar nazariyasini rivojlantirishga qaratildi.

o‘sha paytlarda Germaniyada yana bir ajoyib olim Otto Gerike fizikada mashhur vakuum tajribalarini o‘tkazayotgan edi. Boyl maxsus ilmiy ro‘znomalar orqali Gerikening tajribalaridan xabardor bo‘lib borardi. Gerikening tajribalarini katta qiziqish bilan kuzatib borgan Robert Boyl, ushbu tajribalarni o‘zi ham takrorlab ko‘rishga qaror qildi. Bu maqsadda u havo nasosining fon Gerikenikidan ancha farq qiluvchi o‘ziga xos konstruksiyasini o‘ylab topdi. Bu nasosning birinchi namunasi Guk yordamida yasab bitkazildi. Tadqiqotchilar nasosdan havoni deyarli to‘liq yo‘qotishga muvaffaq bo‘ldilar. o‘sha paytlarda butun Yevropa ilm-fanida, jumladan eng yetuk olimlar miyasida ham, havosiz joyda qandaydir «efir» deb ataladigan va modda xossalariga ega bo‘lgan muhit mavjud bo‘ladi degan yanglish fikr hukmron edi. Ular havosi so‘rib olingan idish ichini efir to‘ldirib oladi deb o‘ylashardi. Guk va Boyl o‘zlari yasagan nasos yordamida turli idishlardan havoni so‘rib olib, ichida efir paydo bo‘ladimi-yo‘qmi tekshirmoqchi bo‘lishgan. Ular har qancha urinishmasin, havosi so‘rib olingan idishda hech qanday efirni aniqlay olishmadi. Bo‘sh idishda efirning mavjudligini isbotlashga bo‘lgan barcha urinishlar samarasiz ketdi. Oxiri Boyl qat’iy xulosaga keldi: «Hech qanday efir yo‘q!« — deb xitob qildi u. «Havosi so‘rib olingan joyda hech narsa qolmaydi. Ya’ni, u joy shunchaki bo‘shliqqa aylanadi«. Bo‘shliq joyni Boyl va Guk «vakuum« deb atashga qaror qilishdi (lotincha «bo‘shliq« degan ma’noda).

Biroq, ko‘p o‘tmay Boyl yana ilmiy faoliyatni vaqtincha to‘xtatib, o‘zining yer-mulkiga qaytishiga to‘g‘ri keldi. Bu safar uning qo‘l ostidagi dehqonlar emas, balki butun Angliya qo‘zg‘algan edi: Oliver Kromvel boshchiligida o‘rnatilgan diktaturaga qarshi monarx tarafdorlari kurash boshlashdi va mamlakatni g‘alayon va qirg‘inlar qamrab oldi. 1660-yilda Boyl shaxsiy xavfsizligi va mol-mulkini muhofaza qilish uchun yana o‘ziga qarashli va olisda joylashgani sababli g‘alayonlardan holi chekka bir hududga ko‘chib o‘tdi.

Garchi bu joyda Boyl o‘zining yaxshi jihozlangan laboratoriyasi va kutubxonasidan yiroq, amaliy tajribalar o‘tkazish imkoniyatidan mahrum holda yashasa-da, lekin u olimlarga xos ravishda, baribir vaqtni behuda o‘tkazmaslikka qaror qildi. U shu paytgacha erishgan ilmiy natijalarini endi qog‘ozga tushirib, asar holida nashrga tayyorlashga kirishdi. Boylning ish kabinetida bir vaqtning o‘zida ikkitadan kotib kunu-tun ish olib borardi. Ulardan biriga Robert Boylning o‘zi u yoki bu ilmiy masala yuzasidan shaxsiy mulohazalarini og‘zaki bayon etib turardi va kotib uning gaplarini qog‘ozga tushirib borardi. Ikkinchi kotib esa, Boylning Gomberg va Guk bilan birgalikda qayd etib borgan natijalari, tajriba xulosalari va hisob-kitoblaridan iborat kundaliklar, qayd daftarlari va boshqa yozuv-chizuvlarni oqqa ko‘chirib, kitob holida tartiblab borgan. Shu tarzda, bir necha oy muttasil ishlash orqali, Boylning kotiblari birin-ketin ikkita yirik kitobni nashrga tayyorlashdi. Ulardan birinchisi «Havoning vazni va mavjud bo‘lishiga oid yangi fizik-mexanik amaliy tajribalar« deb nomlangan bo‘lib, 1660-yilda rasmiy nashrdan chiqqan. Keyingi kitob esa «Kimyogar — skeptik« deb nomlandi va bu ikki kitob orqali Boyl oz emas ko‘p emas, ikki ming yillik davomida hukm surgan «to‘rt unsur» haqidagi Aristotel ta’limotini, Dekartning «efir» haqidagi xulosalarini va alkimyogarlikka oid uchta boshlang‘ich ta’limotlarni chippakka chiqardi. Tabiiyki, bu narsa Aristotel ta’limoti tarafdorlari hamda kartezianchilar tomonidan keskin qarshi olindi. Lekin, Boyl o‘z ilmiy ishlarida faqatgina nazariyot bilan cheklanmasdan, balki asosan amaliy tajribalarga suyanganligi tufayli, keltirgan dalillari va natijalari har qanday shubha va tortishuvlarga o‘rin qoldirmagan edi. Ma’rifat ahlining katta qismi, asosan — korpuskulyar nazariya tarafdorlari Boyl g‘oyalarini katta ilhom bilan kutib oldilar. Uning g‘oyaviy raqiblaridan ko‘pchiligi ham olimning kashfiyotlarini tan olishga majbur bo‘ldilar.

Bu orada Angliyada hokimiyat yana monarx qo‘liga qaytdi. Taxtga chiqqan Karl II mamlakatdagi siyosiy va ijtimoiy barqarorlikni tiklashga kirishdi. Odamlarda yana xotirjamlik va ishonch uyg‘ondi. Jumladan Boyl ham avvalgidek jo‘shqin ilmiy faoliyatga qaytdi. U yana Oksfordda joylashib, tadqiqotlarni qayta boshladi. Uni endi Londonda ham tez-tez uchratish mumkin edi. Boyl Londonga asosan yangi ilmiy yangiliklar bilan tanishish va opasi Katarinadan xabar olish uchun borardi. Oksfordda esa Boylga shogird sifatida yana bir yosh va zehni kuchli olim — Richard Taunli kelib qo‘shildi.

Boylning aynan Taunli bilan olib borgan ilmiy ishlari juda samarali bo‘ldi. Chunonchi, ular birgalikda fizikadagi fundamental qonunlardan birini kashf qilishdi. Unga ko‘ra gazlarning hajmining o‘zgarishi bosimning o‘zgarishiga teskari proporsional aniqlangan edi. Bugungi kunda o‘rta maktab fizika darsliklarida «Boyl-Mariott qonuni« sifatida o‘rgatiladigan mazkur qonun haqiqatan ham ilm-fan tarixidagi eng buyuk kashfiyotlardan biri edi. Robert Boyl otasi Richard Boyldan keskin farqli ravishda o‘ta kamtar va gap-so‘zlarini gapirishda ham sermulohazalik bilan, xushyor so‘zlaydigan odam edi. Shunga ko‘ra u o‘zi va shogirdi Taunli bilan birgalikda kashf qilgan mazkur fundamental fizik qonunni shunchaki «gipoteza« deb atagan. Ya’ni, Boyl ushbu qonunni eng birinchi bo‘lib kashf qilgan olim sifatida o‘zini tan olishlariga da’vo qilmagan. Mazkur fizik qonun haqida Boyl ilk marta o‘zining 1662-yilda nashr etilgan «Havoning vazni va elastikligiga nisbatan ilmning himoyasi« nomli ilmiy ishi bilan bayon qilib bergan edi. Oradan ancha katta muddat — naq 15 yil o‘tib, Boylning mazkur kashfiyotini Fransiyada abbat Edma Mariott ham Boyl ochgan ushbu fizik qonunni qayta kashf qildi va shu tarzda, Boylning qayd etgan xulosasi to‘g‘ri ekanini isbotlagan edi. Biroq, Boyldan farqli o‘laroq, Mariott bu qonunni o‘z-o‘zining nomi bilan «Mariott qonuni» deb to‘g‘ridan-to‘g‘ri e’lon qilib yubordi. Adolat yuzasidan shuni ta’kidlash kerakki, Mariottning ishlari Robert Boylning amaliy tajribalari va ilmiy — uslubiy bayoniga nisbatan aniqlik va batafsillik nuqtai nazaridan ancha sayoz hisoblanadi. Xususan, Boyl o‘z o‘lchash natijalarini dyumning 1/16 ulushigacha aniqlikda o‘lchaydi. o‘lchov natijalaridagi kelib chiqishi mumkin bo‘lgan xatoliklarni ham real baholaydi va matematik hisob kitoblar bilan tuzatishlar kiritish usullarini ham bayon qiladi. Mariottda esa hisoblashlar ham o‘ta dag‘al yaxlitlashlarga liq to‘la, qolaversa, xulosalar ham nisbatan yuzaki bayon qilinadi. Aslini olganda esa, tarixiy haqiqat shuki, biz hozirda «Boyl-Mariott qonuni« deb ataladigan fizik qonunni «Boyl-Taunli« qonuni desak adolat qaror topgan bo‘lardi. Chunki, Boylning kundaliklaridan aniqlangan bir faktga ko‘ra, aslida gazlarning hajmini bosimga teskari proporsional o‘zgarishi haqidagi xulosaga birinchi bo‘lib aynan Richard Taunli kelgan ekan. Boylning ta’kidlashicha, shogirdi Richard Taunli uning «Havoning elastikligiga taalluqli yangi fizik-mexanik tadqiqotlar« nomli ilmiy ishini o‘qib chiqqach, «bosim va kengayish bir biriga teskari proporsional ekan» degan mulohaza bilan ustoziga murojaat qilgan ekan. Edma Mariottning nomi ushbu qonunga qo‘shilib qolganining sababi esa, avvali uning bu boradagi ilmiy ishlarini keng nashr qilgani bilan bog‘liq bo‘lsa, qolaversa, u mazkur qonundan qanday amaliy maqsadlarda foydalanish mumkinligini ham ko‘rsatib bergan edi. Chunonchi, Mariottning ushbu qonundan kelib chiqib o‘rtaga tashlagan takliflaridan biri — joyning balandligini barometr ko‘rsatkichidan kelib chiqib hisoblab chiqish va aniqlash edi. Ammo Mariottning matematik bilimlarining sustligi hisob-kitoblardagi chalkashliklar va o‘ta kichik qiymatlardagi amallar tufayli, uning o‘zi olgan natijalar butunlay yaroqsiz chiqdi.

Keyinroq, 1686-yilda atmosfera bosimi yordamida joyning balandligini aniqlash masalasiga ingliz astronomi Edmond Galley (1656-1742) e’tibor qaratdi. U ko‘pchilikka o‘z nomi bilan ataluvchi kometaning kashf etganligi bilan yaxshi tanish. Demak, shuningdek aynan Galley mazkur masala yuzasidan nisbatan aniq formulani ishlab chiqdi. Nisbatan deyilishiga sabab u o‘z formulasida atmosferadagi harorat o‘zgarishlarini nazardan qochirgan edi. Galley formulasining asosiy g‘oyasi shundan iborat ediki, balandlik arifmetik progressiya tarzida ortishi bilan, atmosfera bosimi geometrik progressiya tarzida kamayib boradi deb hisoblardi. Shu tarzda, Robert Boyl o‘z shogirdi Richard Taunli bilan birgalikda, eng muhim fizik qonunlardan birini kashf qilganligi bilan ilm-fan tarixida o‘chmas iz qoldirdi.

Bundan tashqari, Boylning diqqatini yana bir qiziq holat o‘ziga tortdi. Oddiy sharoitlarda bug‘lanmaydigan va suyuqlanmaydigan ayrim qattiq moddalar uchun bosim o‘zgartirilsa, ular suyuqlanishi va bug‘lanishni boshlashi mumkin ekan. Boyl oddiyroq va tushunarliroq bo‘lishi uchun, muz misolida jismlarning issiqlik ta’sirida kengayishi va sovuqlik ta’sirida torayishi qonuniyatlarini bayon qilib berdi.

Boyl temir quvurni suv bilan to‘ldirib, keyin unga sovuq harorat ta’sir ettirish orqali quvur ichidagi suvni muzlatadi. Quvur ichida muzlab qolgan suv (muz) hajman kengayib temir quvurni yorib yuboradi. Shuningdek, bosim pasaytirilsa, suv nisbatan past haroratlarda ham qaynaverishini ham birinchi bo‘lib Boyl ilmiy asoslab berdi.

Biroq, yangi-yangi fizik va kimyoviy jarayonlarni kashf qilar ekan, Robert Boyl har doim ham ularning mohiyatini tushuntirib bera olmasdi. Masalan, suyuqliklarning ingichka quvurlar orqali yuqoriga ko‘tarilishining sabablarini izohlay olmay ancha xunob bo‘lgan. Boz ustiga, Boyl suyuqliklarda sirt taranglik hodisasini kashf qilgan bo‘lsa-dam lekin ushbu fizik hodisaning mohiyatini o‘zi tushunib yetmagani bois, yana bir ajoyib fizik qonuniyatni kashf qilganligidan o‘zi bexabar qolib ketgan (sirt tarangligi hodisasini ilmiy asoslash masalasini keyinchalik yana bir ingliz olimi — Stoks hal qilgan). Shuningdek Boyl jismlarning yonishi sababli olov atrofidagi havo o‘zgarishini ham payqagan edi (ya’ni, kislorodning yonishga yordam berishini aniqlagan). Ba’zi metallar esa qiziganda vazni og‘irlashib qolishini ham u birinchi bo‘lib sezgan. Lekin ushbu fizik hodisalarga ham Boyl hech qanday ilmiy asoslangan nazariyalar keltira olmadi. Albatta, bunda olimning zarracha ham aybi yo‘q. Chunki, Boylgacha bo‘lgan davrda ilm-fanda eksperimental fizikaning o‘zi mavjud bo‘lmagan va Boyl ushbu fanga asos solgan olimlardan biri sifatida, mazkur yo‘nalishni o‘zi boshlab bergan edi.

1670-1680 yillar oralig‘ida Robert Boylning ko‘p sonli ilmiy ishlari va asarlari orqali butun Angliyada yaxshi taniydigan bo‘lishdi. Olim rasmiy hukmron doiralarda va ilm-fan kishilari orasida katta obro‘-e’tibor qozona boshladi. Ayniqsa uni hamma Angliyaning eng kuchli kimyogar mutaxassisi sifatida tan olardi.

Boyl Angliyada ilm-fanni markazlashtirilgan holda, tizimlashtirib o‘rganilishini tashkil qilish va ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan olimlarni boshini qovushtirib, ularni moddiy rag‘batlantirib borish uchun xizmat qiladigan ilmiy markaz tashkil etish g‘oyasi bilan yashardi. U o‘zining ushbu g‘oyalari bayoni bilan Angliya hukumatiga va qirol oilasiga murojaat qildi. o‘z murojaatida Boyl ilm-fanni o‘rganishda nazariya bilan cheklanib qolmasdan, balki davlat va jamiyat uchun amaliy naf keltiradigan yo‘nalishlardagi bilimlarni rivojlantirishga, ya’ni, amaliy-muhandislik fanlari sohalarini yanada taraqqiy ettirishni bosh maqsad qilib olishni alohida urg‘u bilan ta’kidlagan. Boyl hukumat vakillariga: «ilmni moliyalashtiring va biz sizning eng o‘tkir muammolaringizni hal qilib beramiz» — degan edi. o‘sha zamonlarda Angliya endi-endi dengiz hukmronligiga da’vo qila boshlagan bo‘lib, mamlakatda amaliy hal qilinishi lozim bo‘lgan qator texnik va harbiy muammolar bor edi. Xususan, dengizlardan suzish borasida kema turgan joyning geografik koordinatalarini aniqlash, ayrim dahshatli epidemik kasalliklarni yengish, ko‘chalarni yoritish kabi muhim ijtimoiy-siyosiy masalalar uzoq yillardan buyon o‘z yechimini kutib yotgandi. Boyl olimlarning diqqatini ushbu masalalarga yo‘naltirish va ularni ilmiy asosida o‘rganish orqali muammolarni hal qilishni rejalashtirgan edi. Biroq buning uchun olimlarni boshini bir yerda qovushtirish va ularga barqaror moliyaviy rag‘bat ko‘rsatish zarur edi. Shu maqsadda Boyl Angliyaning eng nufuzli va kuchli olimlarini o‘zida jamlaydigan ilmiy jamiyat tuzishga qaror qildi. Uning mazkur taklifi 1680-yilda hukumat va qirollikning qizg‘in qo‘llab-quvvatlashi orqali amalga joriy etildi. Boyl tashabbusi bilan tashkil etilgan ilmiy jamiyat jahonda o‘xshashi bo‘lmagan, juda yaxshi tashkillangan va o‘zida Angliyaning eng o‘tkir zehnli olimlarini jamlagan nihoyatda katta ilmiy potensialga ega ilmiy dargohga aylandi. Ushbu jamiyatni olimlar «London Qirollik Jamiyati» — deb nomlashardi. Ushbu jamiyatning jonkuyar tashkilotchisi va butun Angliyada tan olingan yirik kimyogar olim sifatida, Robert Boylning o‘zi ushbu jamiyatning ilk rahbarligiga saylandi. Qirollik Jamiyatida u bilan bir vaqtda, zamonasining va umuman ilm-fan tarixining eng buyuk olimlaridan biri — Isaak Nyuton ham faoliyat ko‘rsatgan. Undan tashqari, Jamiyat a’zolari sifatida Lokk, Uolles kabi yirik olimlarni ham qayd etish mumkin edi. Boyl umrining oxirigacha ushbu muassasaga rahbarlik qilib yashab o‘tdi va uning oyoqqa turib, jahonda eng nufuzli ilmiy dargohlardan biriga aylanishida ulkan hissa qo‘shdi.

Bu paytda Boyl ilmiy va ijodiy sohalarda o‘z faoliyatining eng cho‘qqisiga chiqqan bo‘lib, uni hatto saroyda ham nihoyatda hurmat qilishardi. Qirol va uning oilasi muhim ilmiy va siyosiy masalalarda Boyl bilan maslahatlashishdan tortinmasdi. Ayni payda uning ilmiy ishlari birin-ketin chop etilib, ilmiy doiralarda katta qiziqishlar va munozaralarga sabab bo‘lardi. Xususan uning 1664-yilda nashrdan chiqqan «Ranglar haqida mulohazalar va tajribalar» nomli asari, 80-yillarga kelib butun ilmiy doiralar ichida katta qiziqishlarga sabab bo‘ldi.

Boylning rahbarlik qobiliyati ham ancha shakllangan bo‘lib, u yirik kampaniyalarga bemalol boshchilik qilishi mumkin edi. Buni u Qirollik Jamiyatini tashkil qilish va boshqarish misolida yaqqol ko‘rsatib bergan edi. Qolaversa, u 1644-yilda e’tiboran, ya’ni, otasi vafotidan keyin Angliyaga qaytgan paytdanoq, o‘ziga meros qolgan katta yer-mulk va xizmatchilardan iborat yirik xo‘jalikni ham bequsur boshqarib kelmoqda edi. Shularni inobatga olim, qirol Robert Boylga muhim siyosiy vazifa yuklashga qaror qiladi: Robert Boyl Angliyaning dengiz orti hududlarni egallash va boshqa mamlakatlar bilan dengiz orqali savdo-sotiq qilish masalalari bilan shug‘ullanuvchi kampaniyasi — Ost-Indiya kampaniyasiga direktorlikka tayinlandi.

Qanchalik yuqori lavozimlarda va qirollik oilasi e’tibori markazida bo‘lmasin, Boyl hamma vaqt o‘ziga xos kamtar va bosiq xarakteri bilan ko‘pchilikni ajablantirishda davom etardi. U o‘ziga yuklatilgan rasmiy lavozim vazifalaridan ortib, o‘zi hayotini bag‘ishlagan ilmiy masalalar bilan ham shug‘ullanishga vaqt topa olardi. Yuqori mansab lavozimlaridan olgan yirik daromadlarini esa olim ilm-fan yo‘lida xayriyaga xarjlab yuborardi. Chunonchi u yosh olimlarni rag‘batlantirish, ularning asarlarini nashrga tayyorlash va turli ilmiy dargohlarda laboratoriya va kutubxonalarni jihozlagani ma’lum. Masalan, o‘sha yillari Boyl keyinchalik nafaqat Angliya yoki Yevropada, balki butun jahonda eng yetakchi ilmiy laboratoriyalardan biriga aylangan Oksford laboratoriyasini bunyod etishga kirishgan. U laboratoriyani puxta reja asosida, aynan ilm-fan bilan shug‘ullanish uchun maxsus loyihalab bunyod etilishini istagan va oqibatda o‘z maqsadiga erishgan. Oksford laboratoriyasi Boylning jonbozligi evaziga, o‘z davrining eng ilg‘or laboratoriya asbob-uskunalari va jihozlari bilan ta’minlangan edi. Natijada, yosh olimlar uchun Oksfordda ishlash o‘ziga xos sharafga aylandi va aksariyat ilmiy izlanuvchilar aynan Oksford laboratoriyasiga borib ishlashga harakat qila boshlashdi.

Olim o‘z asarlarini nashr ettirishda ham davom etdi. Uning «Gidrostatik paradokslar«, «Korpuskulyar nazariyaga muvofiq shakl va sifatning hosil bo‘lishi«, «Mineral suvlar haqida« kitoblari ketma-ket chop etildi. Ayniqsa uning «Mineral suvlar haqida« asari nafaqat olimlar, balki oddiy aholi orasida ham ancha mashhur bo‘lib ketdi. Chunki bunda olim mineral suvlarning salomatlikka ta’siri va ularni tahlil qilish usullarini bayon qilgan edi. Shu bilan birga Boyl olimlar orasida «yog‘dulanuvchi tosh« deb nomlangan moddani tadqiq qilishga e’tibor qaratdi. Biz bu moddani fosfor nomin bilan yaxshi taniymiz. Boyl «yog‘dulanuvchi tosh«ni sinchiklab o‘rganar ekan, uning asosida 1680-yilda oq fosforni kashf qildi. Shu tufayli, uzoq yillar davomida boshqa olimlar, ayniqsa kimyo mutaxassislari oq fosforni «Boyl fosfori» deb ham atashgan.

80-yillar oxiriga kelib, Boylning salomatligi yomonlasha boshladi. Allaqachon 60 yoshni urib qo‘ygan va Angliyada beqiyos obro‘-e’tibor qozongan olim endilikda laboratoriyada va idoralarda ishlashga jismonan yaramay qoldi. Shu sababli endi u amaliy ishlarni ko‘proq ishongan shogirdlariga topshirib, o‘zi esa, qayd etilgan natijalarni umumlashtirish va ular asosida ilmiy xulosalar yasashga ko‘proq e’tibor qarata boshladi. Asosiy vaqtini olim o‘zi egallagan bilimlarni qog‘ozga tushirib, keyingi avlodlarga yetkazib berishga bag‘ishlay boshladi. Ba’zan esa u Kembrijga — Isaak Nyuton huzuriga yo‘l olar va u bilan yangi ilmiy mulohazalarni muhokama qilardi. Boshqa safar uni Oksfordda — o‘z shogirdlari davrasida uchratish mumkin edi. Yana bir safarda u Londonga yo‘l olib, qarindoshlari bilan diydorlashib kelardi. Lekin endi u asosiy vaqtini o‘z uyida, kutubxonada o‘tkaza boshlagan edi.

Butun ilmiy faoliyati davomida asosan aniq va tabiiy fanlar bilan shug‘ullangan, ayniqsa kimyoning fundamental masalalarini ko‘proq tadqiq qilgan olim, so‘nggi yillardan birdan ijtimoiy fanlarga murojaat qilishga o‘tdi. U endi falsafa va dinshunoslik bilan ham jiddiy shug‘ullana boshladi. Tez orada endi Boylni o‘z davrining eng kuchli kimyogari sifatida emas, balki eng kuchli dinshunos-ruhoniysi sifatida ham e’tirof eta boshlashdi. U diniy ta’limot masallariga qattiq berildi va ba’zan shogirdlariga dindan nasihatlar ham qila boshladi. Umuman olganda XVII-asr kishisi va olimlari uchun bu oddiy holat edi. Jamiyatda ilm-fanning o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganiga qaramasdan, avom xalq va olimlar ham asosan diniy aqidalar va diniy qonun-qoidalar doirasida yashashardi. Shu sababli, kimyogar olim sifatida nom qozongan Robert Boylning ayni damda ruhoniylikka ham aloqador bo‘lganiga ajablanish kerak emas. Aslida u butun umr kuchli diniy e’tiqod bilan yashab o‘tgan. Shunga binoan, uning kundaliklaridan birida «Iblis mening qalbimni qo‘rqinch bilan to‘ldirdi va men ishongan diniy aqidalarning haq ekaniga shubha uyg‘otishga urindi» — qabilidagi jumlalarni ham tez-tez uchratish mumkin.

Hayotining so‘nggi yillarida Boyl nasroniylik dinining muqaddas kitoblarini Injil va uning Eski va Yangi Ahd kitoblari asl talqinda o‘qib chiqishni istab qoladi. Buning uchun u ataylab qadimgi yunon va qadimgi yahudiy tillarini o‘rganishga kirishdi. Bundan tashqari u dinshunoslik bo‘yicha maxsus yig‘inlar tashkil etib, din tarixi va aqida masalalari bo‘yicha o‘qishlar uyishtirar boshladi.

Aniq va tabiiy fanlar olimi va kuchli e’tiqodli dindor bo‘lishdan tashqari Robert Boyl adabiyot ixlosmandi ham bo‘lgan. Lekin uning adabiyot yo‘nalishida ijod qilishga shunchaki vaqti yetmagan bo‘lsa kerak. Chunki, uning qalamiga mansub sanoqli she’rlar va axloq qoidalari haqida bahs yurituvchi risolalariga nazar tashlasak, Boylning adabiyot yo‘nalishida ham komil iste’dod egasi bo‘lganiga ishonch hosil qilish mumkin.

Uzoq yillar davomida turli fan sohalarida samarali faoliyat ko‘rsatgan olim Robert Boyl 1691-yiling 30-dekabr sanasida olamdan ko‘z yumdi. Uni Angliyaning eng buyuk farzandlari dafn etiladigan Vestminster abbatligida dafn etilgan.

Boyl o‘limi oldidan juda muhim vasiyat qoldirgan. U o‘zi umri davomida ishlab topgan va yiqqan mol-mulki va boyliklarining barcha-barchasi Angliyada ilm-fanni yanada taraqqiy etishi uchun sarflanishini istashini va jumladan, uning moddiy merosi hisobidan Qirollik Jamiyatining moliyalashtirilishi davom etishini, yosh olimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishini vasiyat qilgan. Bundan tashqari, Boyl o‘zidan keyin qoladigan meros hisobidan fizika va dinshunoslik bo‘yicha yillik anjumanlar o‘tkazilishini ham ixtiyor qilgan edi. Butun umrini ilmga bag‘ishlagan buyuk olim Robert Boyl, o‘limidan so‘ng ham shu tarzda ilm-fanga xizmat qilishda davom etdi. Lol qolmasdan iloj yo‘q…


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

O’tmishning buyuk olimlari
Robert Boyl (1627-1691)

Manba:orbita.uz