RIVOJLANISH

RIVOJLANISH

RIVOJLANISHtabiat va jamiyatdagi qonuniyatli oʻzgarish; bir sifat holatidan boshqasiga, eskidan yangiga oʻtish. Rivojlanish natijasida obyektning — tarkibi yoki strukturasining yangi sifat holati vujudga keladi. Rivojlanish tabiat, jamiyat va bilish tarixini tushuntirishning umumiy tamoyilidir. Rivojlanishning 2 shakli mavjud: obyektning sekinasta sodir boʻluvchi miqdor oʻzgarishlari bilan bogʻliq evolyutsion Rivojlanish va obyekt tuzilmasidagi sifat oʻzgarishlaridan iboratinqilobiy R. Evolyutsion Rivojlanish jamiyatda bir tizimning asta-sekin, keskin portlashlarsiz bir sifatiy asosdan ikkinchi sifatiy asosga oʻtishini, inqilobiy Rivojlanish esa keskin portlash yoʻli bilan bir sifatiy asosdan ikkinchi sifatiy asosga oʻtishini bildiradi. Evolyutsion Rivojlanish jamiyatning yangi bosqichga uzluksiz va talafotlarsiz oʻtishiga imkon beradi. Bunday utishda muayyan vaqt zarur boʻladi. Inqilobiy Rivojlanishda jamiyatning eski asosiy tayanch nuqtalari yoʻq qilinib, keskin sifatiy oʻzgarishlar amalga oshiriladi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, yangi jamiyatga oʻtishning evolyutsion Rivojlanish yoʻlini tanladi. Bu yoʻl jamiyat aʼzolarining manfaatlariga zid kelmaydigan, muayyan vaqtni talab qiladigan va pirovardida samarali buladigan yoʻldir. Rivojlanishning progressiv, taraqqiyot turi (q. Taraqqiyot) bilan regressiv, tanazzul turi (q. Inqiroz) farqlanadi.

Ensiklopediya.uz
rivojlanish