RIVERA

RIVERA

RIVERA (Rivera) Diyego (1886.8.12, Guanaxuato — 1957.25.11, Mexiko) — meksikalik rassom; Meksika monumental rangtasvir maktabi asoschilaridan. Mexiko (18961902), Madrid (1907) BAda oʻqigan. Parij (1909—21)da ishlagan. Italiyada boʻlgan (1920—21). 1930—34 va 1940-y. lar AQSHda yashagan. Riveraning monumental rangtasviri tashviqiytargʻibot va maʼrifiy mazmunga ega; siyosiy va falsafiy gʻoyalar osongina idrok qilinadigan portret yoki ramziy tasvirlarda aks ettirilgan. R. Italiyada Uygonish davri anʼanalari hamda qad. Meksika sanʼatiga boʻlgan qiziqishi asosida oʻzining uslubini ishlab chiqqan. Mexikodagi Milliy saroyning yuqori qismidagi Qad. Meksika koʻrinishini aks ettirgan devoriy rasmlarda Yevropa va Meksika sanʼati uygʻunlashgan (1940— 50 y. lar). Soʻnggi yillarda yaratgan asarlari (freska, mozaika va b.) rang-barang, axborotlarga boy, undagi lavha, ramz va b. yagona bir maʼnoga birlashgan. Binolar tarziga sintetik materiallardan ishlangan rangtasviri (mozaika, relyeflarni oʻz ichiga olgan) umumiy bezak gʻoyasiga boʻysundirilgan («Insurxentes teatri», 1951—53; Mexikodagi Olimpiya stadioni, 1952—53 va b.).

Ensiklopediya.uz
RIVERA