REZERFORD

REZERFORD

REZERFORD (Rutherford) Ernst (1871.30.8, Braytuoter, Yangi Zelandiya — 1937.19.10, Kembrij) — ingliz fizigi; radioaktivlik va atomning tuzilishi toʻgʻrisidagi taʼlimot asoschilaridan biri. London Qirollik jamiyati aʼzosi (1903-y. dan). Rezerford 1907 — 19 y. lar Manchester, 1919-y. dan Kembrij un-ti prof. va bir vaqtning oʻzida Kavendish lab. direktori. Rezerford 1903-y. da F. Soddi bilan birgalikda radioaktiv yemirilish nazariyasini yaratdi va bir element atomining boshka element atomiga aylanishini isbotlab berdi. 1911-y. da atomning Quyosh sistemasiga oʻxshash planetar modelini yaratdi. Shu modelga asoslanib 1913-y. da N Bor atom tuzilishining kvant nazariyasini va spektrlar nazariyasini yaratdi. 1919-y. da azotni kislorodga aylantirgan birinchi sunʼiy yadro reaksiyasini amalga oshirdi; bu bilan hozirgi zamon yadro fizikasiga asos soldi. Shu vaqtdan boshlab Rezerford atom yadrolarini tezkor zarralar taʼsirida sunʼiy yoʻl bilan oʻzgartirish masalalari bilan shugʻullana boshladi. 1921-y. da u neytral zarralar — neytronlarning mavjudligi toʻgʻrisidagi fikrni oʻrtaga tashladi. 1932-y. da Rezerfordning shogirdi J. Chedvik neytroni kashf qildi.

Ensiklopediya.uz
REZERFORD