Reyno kasalligi haqida malumot

Reyno kasalligi haqida malumot

Bu kasallik 1862 yilda ilk marotaba fransuz shifokori Moris Reyno tomonidan ta’riflangan. Ushbu xastalik xurujsimon rivojlanadigan, qo‘l va oyoqlarda arterial qon aylanishining buzilishi bilan kechadi. Ko‘pincha sovuqdan yoki qattiq hayajonlanish, asabiylashishdan so‘ng uning belgilari namoyon bo‘ladi. Dard asosan qo‘l kaftlarini shikastlaydi. Masalan, bemor qish paytida ko‘chaga qo‘lqop kiymasdan chiqsa yoki qo‘llarini sovuq suvda chaysa, sovuq biror narsani ushlasa darhol Reyno kasalligi xuruji rivojlanadi.

Xuruj vaqtida paresteziyalar (terida og‘riq) kuzatilib, barmoqlar va kaftlar rangi ketma-ketlik bilan o‘zgara boshlaydi, avval u oq tus oladi. Bir necha daqiqadan so‘ng ko‘karadi va muzlaydi. Eng oxirida shikastlangan soha qizaradi. Og‘riq kuchidan bemorlar qo‘l-oyoqlarini qimirlata olmay qoladi. Bunday xurujlar bir necha daqiqadan, bir necha soatgacha davom etishi mumkin. Ba’zi bemorlarda kasallik xuruji qo‘llarning qattiq muzlashi, karaxt bo‘lishi va igna sanchishi kabi hissiyotlar bilan kechadi. Asosan 15-20 daqiqadan so‘ng qon aylanishi qaytadan tiklanib, qo‘l terisi to‘q pushti tus oladi.

Xuruj tugaganidan so‘ng ham og‘riq saqlangan holda, qo‘llarning qizishi va shishishi kuzatiladi. Ko‘pincha bunday holat qo‘l va oyoqning 2-5 barmoqlarida uchraydi. Ammo ba’zan burun, quloq, dahan va tizza usti terisida ham o‘zgarishlar kuzatilishi mumkin. Ba’zi bemorlarda og‘iz ichidagi qon tomirlar shikastlanishi natijasida til karaxt bo‘lib, xuruj paytida ular gapira olmay qoladi.

Kasallikning erta davrida teri oqarishi faqat bir barmoqning uchida kuzatiladi va keyinchalik kasallik avj olganda barcha barmoqlarga o‘tib, hatto oyoq barmoqlarida ham bu hol uchraydi. Ammo bunda oyoqning katta panjalari shikastlanmaydi.

Agar davo muolajalari o‘z vaqtida bosh­lanmasa terida turli xil trofik (uzoq vaqt bitmaydigan yara) va patologik o‘zgarishlar rivojlana boshlaydi. Ya’ni, qo‘l va oyoq barmoqlari terisi tortishib, ingichkalashib ketishi mumkin.

Reyno kasalligi

Reyno kasalligi

Keyinchalik bu a’zolardalar – yaxshi bitmaydigan yaralar rivojlana boshlaydi. Bu kasallik qo‘proq ayollarda uchrab, asosan o‘smirlik davridan kuzatiladi. Xastalik oilaviy tus olishi yoki nasldan-naslga o‘tishi mumkin.

Reyno kasalligi ikkilamchi fenomen hisoblanadi. Ya’ni, bu kasallik quyidagi kasalliklarning asorati sifatida uchraydi:

  • Biriktiruvchi to‘qimalarning diffuz kasalliklarida – tizimli sklerodermiya xastaligida.
  • Barmoqlar qon aylanishi buzilishi kasalliklari – arteriitlar, arteriovenoz anevrizmalarda.
  • Umurtqa pog‘onasi rivojlanishi kasalliklarida – odamning bo‘yin qismidagi qo‘shimcha qovurg‘alar o‘sishida, umurtqa pog‘onasining bo‘yin qismi shikastlanishida.
  • Asab tizimi kasalliklarida.
  • Endokrin kasalliklarda.

Shuni ta’kidlash lozimki, Reyno kasalligida barcha qo‘l va oyoqdagi shikastlanishlar, albatta, simmetrik ravishda rivojlanadi. Teri rangi o‘zgarishining ketma-ketligi esa yuqorida aytilganday uch fazali bo‘ladi. Ya’ni, dastlab teri oqaradi, keyin ko‘karadi va oxirida qizarib chiqadi. Reyno kasalligi bilan xastalangan bemorlar xuruj qaytalamasligi uchun sovuq kunlarda uzoq muddat qo‘chalarda turmasligi, isitilmaydigan sovuq, zax joylarda bo‘lmasligi lozim. Kattayu kichik kuz-qish fasllarida qo‘lqop, issiq ichki kiyim va qalpoq kiyib yurishi kerak. Shuningdek, oyoqni ham hamisha issiq tutish zarur. Tamaki chekish, kofe va tarkibida kofein mavjud ichimliklarni iste’mol qilish mumkin emas.

  • Xurujlar davrini qisqartirish maqsadida bemorlar quyidagi usullarni o‘rganishi kerak, ya’ni ular xuruj paytida qo‘llarini iliq suvda isitishlari yoki sharoit bo‘lmasa, kaftlarini qo‘ltiq ostiga olib isitish zarur. Ularni tez-tez aylanma harakat qildirish va ishqalab isitishga harakat qilish lozim.
  • Agar xuruj bemorda qattiq asabiylashish, ruhiy zo‘riqish (stress) yoki xavotirlanish, kuchli tashvishlanishdan so‘ng rivojlangan bo‘lsa, asabni tinchlantiruvchi dori-darmonlarni shifokor maslahati bilan iste’mol qilish kerak.

Ko‘p hollarda Reyno kasalligi barqaror kechuvchi, hamda o‘z vaqtida va to‘g‘ri davolanganda tuzalib ketadi. Kasallikka duchor bo‘lgan har bir bemor shifokor tomonidan dispanser hisobiga olinadi. Yilda ikki marotaba bemor dispanser ko‘rigidan o‘tishi va shifokorga ko‘rinishi lozim. Albatta, har bir bemor ushbu kasallikka daxldor bo‘lgan yangi belgilar paydo bo‘lganda, vaqtni boy bermay darhol shifokorga murojaat etishi zarurligi to‘g‘risida ogoh bo‘lishi kerak.

© Feruza OQILOVA, tibbiyot fanlari nomzodi.
Soglom.uz


Savol: Assalomu alaykum. Yoshim 28 da mana 7-8 yil bo‘ldiki, onam reyno kassaligi bilan kasallanganlar. Har 3 oyda Toshkentga TashMI ga professorlarga borib ko‘rikdan o‘tib davolanib keladilar, yiliga 2-3 marotaba ranatoriyalarga borib keladilar. Lekin men bu davolanganlarini samarasini sezmayabman. Hozir onamni barmoqlarini uchi tirnoq taglariga qora yara toshgan. Judayam kuchli og‘riqdan uxlolmay chiqadilar. O‘rta barmoqlari ingichkalashib toshdek qotib qiyshayib qolgan. Iltimos bu kasallik bilan aynan kimga murojaat qilishimiz kerak? To‘liq davosi bormi? Shu haqida ma’lumot bering iltimos. Onajonimni qolgan qo‘llari qotib qolmasdan asrab qolishni iloji bormi? Javobingiz judayam muhim. Aynan kimga murojaat qilishimiz kerak?

Javob: Reyno kasalligi davosi bu kasallikni darajasiga bog‘liq. Yozganingizga qaraganda, onangizda 3 darajasi — bu darajada davolash ancha mushkul. Respublika bo‘yicha biz biladigan yaxshi davolaydigan tibbiy muassasa bu yangi ToshMI — Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-klinikasi qon-tomir jarrohligi bo‘limi. Qon-tomir jarrohiga ko‘rininglar. Salomat bo‘ling!

© Javlon Abdullayev, shifokor.

Kasalliklar
Reyno kasalligi