REPETEK QOʻRIQXONASI
REPETEK QOʻRIQXONASI — Sharqiy Qoraqumning markaziy qismidagi qoʻriqxona. Turkmanobod (sobiq Chorjoʻy) sh. dan 70 km janubda. Qumli choʻlning tabiiy majmuini qoʻriqlash va oʻrganish uchun 1928-y. da Repetek qumli choʻl st-yasi (1912) negizida tashkil etilgan. Oʻrta Osiyoning issiq joylaridan biri (eng baland harorati 50°; yillik yogʻin 114 mm). Mayd. 34,6 ming ga. Boshqa qoʻriqxonalardan joʻyakjoʻyak, doʻng barxanlar va ular majmui, shuningdek, Qoraqum choʻlida oʻsadigan asosiy oʻsimlik turkumlari (oq va qora saksovul, qandim, cherkez, quyonsuyak, borjok, quyonquyruq, yaltirbosh, choʻlkuchala, lolaqizgʻaldoq, sassiqquray, ilonchoʻp, tuyayaproq, shirach va b.) bilan ajralib turadi. Hayvonot dunyosi ham xilmaxil. 1000 turdan ortiq hasharot (qoʻngʻizlar, kapalaklar, kanalar, chumolilar va b.), sudraluvchilardan 13 tur kaltakesak (agama, gekkon, echkiemar va b.), 8 tur ilon (charxilon, oʻqilon, koʻlbor ilon va h. k.), dasht toshbaqasi, 196 tur qush (xoʻjasavdogar, qizilishton, qargʻa va b.), sut emizuvchilardan 20 tur (quyon, yumronqoziq, qoʻshoyoq, jayron, qoraqol va q. k.) yashaydi.
Ensiklopediya.uz
REPETEK QOʻRIQXONASI