Relikt nurlanish to’liq malumot oling

Relikt nurlanish to’liq malumot oling

Relikt nurlanish mikrotoʻlqinli kosmik fon nurlanishi ham deyiladi. Ushbu nurlanishlar butun koinotni toʻldirib turadi. Relikt nurlanish bundan 13,7 milliard yil muqaddam sodir boʻlgan va hozirgi biz bilgan koinotning paydo boʻlishiga sababchi boʻlgan Ulkan portlashning oʻta kuchsizlangan, sezilar-sezilmas akssadosi hisoblanadi. 

Koinot yaralgan dastlabki lahzada yuzaga kelgan favqulodda ulkan miqdordagi energiya tashuvchi gamma va rentgen nurlari diapazonidagi elektromagnit nurlanishlarni tashuvchi, yuqori energiyali fotonlarning toʻlqin uzunligi vaqt oʻtishi bilan juda ham kattalashib ketdi. Hozirga kelib, ushbu toʻlqinlar uzunligi past energiyali mikrotoʻlqinlar diapazoniga oʻtib ketgan.

Koinotda bunday mikrotoʻlqinli nurlanishlarning mavjudligini va ularni tutish mumkinligini 1948-yilda kosmolog olim Georgiy Gamov taʼkidlagan edi. 1965-yilda Nyu Jersidagi Bell laboratoriyasida ish olib borayotgan fiziklar Arno Penzias va Robert Uilsonlar kuzatishlarga xalaqit berayotgan gʻalati mikrotoʻlqinli shovqinni payqab qoladi. U mutlaq nol haroratga juda yaqin boʻlgan, yaʼni 3 K (‒270 ℃) darajadagi issiqlik nurlanishini oʻzida namoyon qilayotgan edi.

Oʻshanda olimlar antenna tutayotgan ushbu darajada mikrotoʻlqinli shovqinning manbai boʻlishi mumkin boʻlgan barcha manbalarni (shu jumladan, antennalarga qushlarning axlat qilishini ham) tekshirib, barcha taxminlarni istisno qilgach, ushbu nurlanish haqiqatan ham koinot ibtidosi boʻlgan oʻsha Ulkan portlashning akssadosi ekaniga ishonch hosil qildi. 

Ushbu Relikt mikrotoʻlqinli nurlanishning kashf qilinishi koinot yaralishi bilan bogʻliq taxminlar ichidagi Ulkan portlash nazariyasining toʻgʻri ekaniga jiddiy ishora berar edi. Aytib oʻtamizki, koinot qaʼridagi obyektlardan Yerga yetib kelgunicha fotonlarga muayyan vaqt kerak boʻladi va shu sababli ham biz koinotning qayeriga qaramaylik, baribir oʻtmishga nazar tashlayotgan boʻlamiz.

Relikt nurlanishga oid yanada mukammal oʻlchashlar COBE (Cosmic Backround Explorer) fazoviy rasadxonasi orqali 1989-yilda bajarildi. Ushbu rasadxona Explorer sunʼiy yoʻldoshiga oʻrnatilgan boʻlib, ushbu satellitga oʻrnatilgan asboblar mikrotoʻlqinli kosmik fon nurlanishining harorati ‒270,26 ℃ (2,735 K) ekanini aniqladi.

Relikt nurlanish

Nyu Jersidagi Bell laboratoriyasining reflektor antennasi. Aynan shu antenna orqali Penzias va Uilson Relikt mikrotoʻlqinli nurlanishni aniqlagan / orbita.uz

Shuningdek, mazkur nurlanish intensivligining koinotda galaktikalar yuzaga kelishi bilan bogʻliq fluktuatsiyalari ham ushbu samoviy rasadxonaning sezgir asboblari tomonidan qayd qilingan.

Omad juda yaxshi narsa. Ilm-fanda ham u olimlarga kerak boʻlib turadi. Xususan, Arno va Penzias aslida Relikt nurlanishni qidirmagan boʻlsa-da, unga tasodifan, oʻzi kutmagan holda toʻqnash keldi. Boz ustiga, garchi ular ushbu Relikt nurlanishni tekshirib, tadqiq qilmagan va biron-bir ilmiy natijalarni ilmiy jurnallarda eʼlon qilmagan boʻlsa-da, ularga mazkur kashfiyot uchun 1978-yilda fizika boʻyicha Nobel mukofoti topshirildi.

Siz hech qaysi telekanalga sozlanmagan televizorda ekran jivirlashi va shivirlagan shovqin eshitilishini koʻrgansiz, albatta. Aynan shu jivirlash va shovqinning 1 foiz atrofidagi qismi oʻsha Relikt mikrotoʻlqinli nurlanish boʻladi. Agar siz televizor hech narsani koʻrsatmayapti deb xunob boʻlayotgan boʻlsangiz, bunga hojat yoʻq. Chunki siz koinotdagi eng qadimgi nurlanish shovqinini tinglamoqdasiz.

Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Relikt nurlanish
Muqova surat: habr.com

Boshqa mavzular
Relikt nurlanish