Reley kriteriysi
Reley kriteriysi
Agar ikkita nuqtaviy yorug‘lik manbalaridan birining difraksion maksimumi ikkinchisining difraksion minimumi bilan ustma-ust tushsa, ushbu ikkala nuqtaviy yorug‘lik manbalarini okulyarda o‘zaro farqlash mumkin bo‘ladi.
Lord Reley — qirolicha Viktoriya zamonasiga oid Britaniyalik «Jentelmen olimlar» avlodining yorqin namoyondalaridan biridir. Serqirra olim sifatida nom qozongan lord Reley ilm-fanning xilma-xil sohalarida samarali faoliyat yuritgan bo‘lib, uning eng asosiy yutuqlaridan biri — argon elementining kashf etganligi deb hisoblanadi. Shu bilan birgalikda, uning fizika fanining ko‘plab yo‘nalishlariga, shu jumladan optika sohasiga qo‘shgan xossasini ham e’tirof etish o‘rinlidir. Yorug‘likning tarqalish qonuniyatlarini o‘rganish asnosida lord Reley yorug‘lik manbalarining optik asboblarda farqlanishi va aniqlanishiga oid muhim bir ilmiy kriteriyni shakllantirdi. Ushbu kriteriy endilikda olim o‘z nomi bilan atalmoqda.
Tasavvur qiling, siz tunda, yoritilmagan to‘g‘ri va tekis shosse bo‘ylab avtomobilda ketmoqdasiz. Sizga qarama-qarshi tarafdan boshqa bir avtomobil uzoqni yorituvchi chiroqlarini yoqqan holda harakatlanib kelmoqda. Avvaliga siz o‘sha avtomobilning faralarini juda uzoqdan, xira holatda, xuddi bitta manbadan tarqalayotgan nur sifatida ko‘rasiz. Lekin, qarshingizdagi mashina yaqinlashib kelgani sari, uning har ikkala faralarini ikkita alohida yorug‘lik manbai sifatida aniq farq bilan ko‘ra boshlaysiz. Bu o‘rinda shuni ham yodga olib o‘tish shartki, qarama-qarshi tarafdan kelayotgan yorug‘likni siz nozik optik asbob vositasida — ko‘z orqali ko‘rmoqdasiz. Mashina faralari yorug‘ligini ham biz umuman har qanday yorug‘lik singari, yorug‘lik nurlarining ko‘z gavharidagi linza orqali ko‘zning to‘rpardasiga kelib tushishi sababli ko‘ramiz. Masala shunday ko‘ndalang qo‘yiladi: biz mashinaning har ikkala farasini alohida-alohida ko‘rishimiz uchun mashina bizga nisbatan uzog‘i bilan qancha masofada joylashishi kerak?
Difraksiyaga oid mumtoz nazariyaga ko‘ra, uzoqdagi manbadan kelib tushayotgan yorug‘lik nuri aylana shaklidagi okulyarga kelib tushib, markaziy eng yorqin nuqta atrofida birin-ketin joylashuvchi qator yorqin va qorong‘u konsentrik yo‘laklardan iborat difraksion tasvir hosil qiladi. Optika qonunlariga binoan, bizning sezgi organlarimiz qabul qilayotgan yorug‘likning haqiqiy, real manbai bizga xira ko‘rinadi va bunday xira tasvir har qanday optik asbob orqali qaralganda ham mavjud bo‘ladi. Agar biz yaqinda joylashgan ikkita yorug‘lik manbaini ko‘rayotgan bo‘lsak, ularning xira tasvirlari ko‘zimizda biri ikkinchisining ustiga minib ketadi. Reley aynan shu jihatga e’tibor qaratdi. Uning aniqlashicha, agar, yorug‘lik manbalaridan biridan hosil bo‘layotgan difraksion tasvirdagi markaziy yorug‘ nuqtaning ikkinchi yorug‘lik manbaidan hosil bo‘lgan difraksion tasvirning markaziy yorug‘ nuqtasidan uzoqligi, birinchi qorong‘i yo‘lakning radiusidan kam bo‘lmagan masofada bo‘lsa, o‘shanda biz ikkita yorug‘lik manbaini alohida-alohida ko‘ra boshlaymiz. Aynan shu masofani fizikada optik asbobning chiziqli yechimi deyiladi. Agar ikkita yorug‘lik manbai bir-biridan d masofada joylashgan bo‘lsa va ulardan bizning ko‘zimizgacha bo‘lgan masofa D ga teng bo‘lsa, shuningdek, yorug‘lik to‘lqini uzunligi λ ga teng, okulyar diametri esa A ga teng deb olinsa, unda Reley kriteriysiga ko‘ra, ikkita yorug‘lik manbaining optik yechimi
ga teng bo‘ladi.
Boshqacha aytganda, o‘zaro masofasi d dan kam bo‘lmagan ikkita nuqtaviy yorug‘lik manbasidan D masofada joylashgan kuzatuvchi, ularga diametri A ga teng bo‘lgan okulyar orqali qaraganda, ushbu yorug‘lik manbalarini o‘zaro farqlay oladi. Aks holda uning ko‘ziga har ikkala yorug‘lik manbai uyg‘un bo‘lib ko‘rinadi. d/D nisbat har ikkala yorug‘lik manbalaridan chiqayotgan nurlar yo‘nalishi orasidagi burchak o‘lchamining radianda ifodalangan qiymatini ifodalaydi (gradusga o‘girish uchun uni 57,3 ga ko‘paytirish zarur). Shu tarzda, Reley kriteriysi har qanday optik asbob uchun, shu jumladan, teleskop, fotoapparat va hatto odam ko‘zi uchun ham burchak kattaligining chegaraviy qiymatlarini belgilaydi. Yuqoridagi tenglamadagi 1,22 koeffitsient matematik yo‘l bilan aniqlangan bo‘lib, u okulyar o‘lchami va yorug‘lik to‘lqin uzunligi aynan bir xil birlikda o‘lchangan bo‘lishi shartini joriy qiladi.
Reley kriteriysiga ko‘ra, odam ko‘zining optik yechimi 25 sekundga teng bo‘ladi. Ya’ni bu bir gradusdan ham kichik qiymatni tashkil qiladi! Lekin bu ideal holatda. Amalda esa, eng ko‘zi o‘tkir odamlar ham ko‘pi bilan 3 minut, odatiy o‘rta statistik odamlar esa 5 minut burchak yechimi bilangina yorug‘lik manbalarini farqlashadi. Ya’ni, ko‘zlarimiz ideal holatdagidan ancha past ko‘rsatkichga ega. Buning asosiy sababi, fiziologlarning tekshirishiga ko‘ra, asosan ko‘z to‘rpardasining zo‘riqishi va vaqt o‘tishi bilan o‘z tabiiy sifatlarini yomonlashtirib borishi bilan bog‘liq ekan. Aynan to‘rparda tufayli biz ko‘z gavhari juda yaxshi yechim bilan qabul qilib olgan optik parametrlarni to‘laligicha seza olmaymiz. Shunga binoan, maqola avvalida keltirilgan misolga qaytadigan bo‘lsak, yoritilmagan to‘g‘ri va tekis shosse bo‘ylab tunda avtomashinada ketayotganingizda, ro‘paradan kelayotgan avtomobilning faralarini alohida-alohida ko‘rish uchun, avtomobil uzog‘i bilan 10 km masofada bo‘lishi kerak. Undan uzoqdagi mashina faralarini bitta yaxlit yorug‘lik manbai sifatida ko‘rinishi kerak. Amalda esa eng o‘tkirko‘z haydovchilar ham qarshisidan kelayotgan avtomobil faralarini faqat 1 km masofadangina alohida-alohida ko‘ra boshlaydi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Tabiat qonunlari
Reley kriteriysi
Manba:orbita.uz