React: mashhur JavaScript kutubxonasining ijobiy va salbiy tomonlari
Veb-ilovalar uchun foydalanuvchi interfeyslarini yaratish haqida gap ketganda, React birinchi navbatda ishlab chiquvchilar orasida eng mashhur vositalardan biri hisoblanadi. Ushbu JavaScript kutubxonasi komponentlarga asoslangan arxitektura va virtual DOMni taklif qiladi, bu uni murakkab va dinamik foydalanuvchi interfeyslarini yaratish uchun kuchli vositaga aylantiradi.
Ammo har qanday texnologiyaning ijobiy va salbiy tomonlari bor, ularni loyihada ishlatishdan oldin hisobga olish kerak. Reactning afzalliklari va kamchiliklarini ko’rib chiqaylik.
Plyuslari
Virtual DOM
React-ning asosiy afzalliklaridan biri virtual DOM , haqiqiy DOMning operativ xotiradagi yengil ko’rinishidan foydalanishidir. Bu React-ga foydalanuvchi interfeysining faqat o‘zgargan qismlarini yangilash imkonini beradi, bu esa uni butun sahifani qayta yangilab ko‘rsatuvchi boshqa kutubxonalarga qaraganda samaraliroq qiladi.
Misol uchun, sizda tez-tez yangilanadigan narsalar ro’yxati bor deylik. Butun ro’yxatni qayta yangilab ko’rsatish o’rniga, React faqat virtual DOM yordamida o’zgartirilgan muayyan elementni yangilaydi.
AngularJS va Vue.js kabi boshqa kutubxonalar ham DOMni yangilash uchun shablonlash tizimidan foydalanadi, ammo ularda React virtual DOM kabi samarali mexanizm yo‘q. Ushbu kutubxonalarda shablon o’zgarganda, uning kichik bir qismi o’zgargan bo’lsa ham, butun shablon qayta ko’rsatiladi. Bu, ayniqsa, katta va murakkab foydalanuvchi interfeyslari bilan ishlashda muammolariga olib kelishi mumkin.
Komponentlar
React ning yana bir afzalligi uning komponentlarga asoslangan arxitekturasidir. Bu shuni anglatadiki, siz foydalanuvchi interfeysini komponentlar deb ataladigan kichikroq, qayta foydalanish mumkin bo’lgan qismlarga bo’lishingiz mumkin. React bunday loyiha qismlarini tartibga solish orqali murakkab foydalanuvchi interfeyslarini yaratish va saqlashni osonlashtiradi.
Shuningdek, u sizga hamjamiyat tomonidan yaratilgan komponentlardan foydalanish imkoniyatini beradi , vaqt va kuchingizni tejaydi. Masalan, navigatsiya menyusi uchun tayyor komponentdan foydalanishingiz va keyin loyiha talablariga muvofiq o’z uslublaringizni, stillaringizni qo’shishingiz mumkin bo’ladi.
Mashhurlik va hamjamiyat (community)
React JavaScript-ning eng mashhur kutubxonalaridan biri bo’lib, katta faol hamjamiyatga ega. Natijada, qo’llanmalar, yo’riqnomalar va uchinchi tomon kutubxonalari kabi ko’plab resurslar mavjud.
React-ning mashhurligi, shuningdek, boshqa ishlab chiquvchilarning kuchli qo’llab-quvvatlashini kafolatlaydi va har qanday savollarga javob topishni osonlashtiradi. Bundan tashqari, React Airbnb, Netflix, Twitter va Uber kabi yirik kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarishda keng qo’llaniladi.
Boshqa kutubxonalar va ramkalar bilan oson integratsiya
React — toʻliq xususiyatli freymwork emas, balki kutubxonadir. Bu shuni anglatadiki, u foydalanuvchi interfeysi komponentlarini yaratish va boshqarish kabi muayyan funktsiyalar to’plamini taqdim etadi. Bu dasturning holat boshqaruvi, marshrutlash va server tomonida hizmat ko’rsatish kabi jihatlarini boshqarish uchun ishlatilishi mumkin bo’lgan boshqa kutubxonalar va ramkalar bilan moslashuvchanlik va integratsiya qulayligini ta’minlaydi.
Masalan, mashhur Redux kutubxonasidan React bilan dastur holatini markazlashtirilgan va bashorat qilinadigan tarzda boshqarish uchun foydalanish mumkin.Bu ilovaning holati qanday o’zgarishini va foydalanuvchi interfeysiga qanday ta’sir qilishini tushunishni osonlashtiradi.
React-ning ustiga qurilgan Next.js ramkasi server tomonida renderlashni, shuningdek, marshrutlash va kodni bo’lish funksiyalari to’plamini beradi. Gatsby.js yuqori samarali veb-saytlar va ilovalar yaratish uchun React va GraphQL-dan foydalanadigan statik sayt generatoridir.
Mobil ilovalarni ishlab chiqish
React Native — bu iOS va Android uchun mobil ilovalarni ishlab chiqishda React-dan foydalanish imkoniyatini beruvchi freymvork. Bu ishlab chiquvchilarga JavaScript va React yordamida mobil ilovalar yaratish imkonini beradi. Shu sababli, ishlab chiquvchilar veb va mobil ilovalarni yaratish uchun bir xil kod bazasidan foydalanishlari mumkin. Bu ko’p vaqt va kuchni tejaydi va turli platformalarda ishlash imkonini beradi.
React Native komponentlar, holat va rekvizitlar kabi React bilan bir xil tushunchalardan foydalanadi, shu bilan birga mobil ishlab chiqish uchun maxsus qo’shimcha komponentlar va APIlarni taqdim etadi. Bu ishlab chiquvchilarga React xususiyatlarining qo‘shimcha afzalliklari bilan native ilovalarga o‘xshab ko‘rinadigan mobil ilovalar yaratish imkonini beradi.
Minuslar
O’rganishdagi qiyinchilik
Yangi boshlanuvchilar uchun Reactdagi komponentlarga asoslangan arxitektura va virtual DOMning asosiy tushunchalarini o‘zlashtirish juda qiyin. Komponentga asoslangan arxitektura foydalanuvchi interfeysini yanada murakkab interfeys yaratish uchun birlashtirilgan kichikroq, qayta foydalanish mumkin bo’lgan qismlarga ajratishni o’z ichiga oladi.
Bu ko’proq an’anaviy, monolit ramkalar bilan ishlashga odatlangan ishlab chiquvchilardan yangi fikrlash tarzini talab qiladi. Bundan tashqari, virtual DOM — haqiqiy DOM — ning xotiradagi «yengil tasviri» Reactning o‘ziga xos xususiyati bo‘lib, uni boshida o‘zlashtirish oson emas. Virtual DOM qanday ishlashini va uning ish faoliyatini qanday yaxshilashini tushunish Reactdan samarali foydalanish uchun kalit hisoblanadi.
Katta paket hajmi
React ilovani ishga tushirish uchun zarur bo’lgan barcha JavaScript va boshqa kerakli fayllarni o’z ichiga olgan juda katta paket bilan birga keladi. Muhim bo’lgan fayllarni ko’pligi past internetdagi foydalanuvchi yoki qurilma hisob kitob imkoniyati past bo’lgan foydalanuvchi uchun muammoga aylanadi.
React yangilanishlariga bog’liqlik
React — doimiy rivojlanib boruvchi kutubxona. Bu shuni anglatadiki, har bir keyingi yangilanish kodning ba’zi qismlarini «buzishi» va ishda o’zgarishlarni talab qilishi mumkin. Agar sizda katta kod bazasi bo’lsa va so’nggi yangilanishlarni kuzatishga vaqtingiz bo’lmasa, alohida qiyinchiliklar paydo bo’lishi mumkin.
Xulosa
React — foydalanuvchi interfeyslarini yaratish uchun keng qo’llaniladigan va kuchli JavaScript kutubxonasi. U virtual DOM, komponentlarga asoslangan arxitektura va faol hamjamiyatdan kuch oladi. Biroq, Reactning o’ziga xos kamchiliklari ham bor, masalan, o’rganish qiyinligi va yuklash paketining katta hajmi. React-dan foydalanish qarori qilinmoqchi bo’lgan loyihaning o’ziga xos ehtiyojlari va cheklovlariga asoslangan bo’lishi kerak.
Asl maqola tarjimasi Dun Yan: React: The Pros and Cons of a Popular JavaScript Library
Umumiy Dasturlash
React: mashhur JavaScript kutubxonasining ijobiy va salbiy tomonlari