Rauf Parfi (1943–2005)
Rauf Parfi (1943–2005)
DO`STLARGA ULASHING:
Rauf Parfi 1943 yil 27 sentyabrda Toshkent viloyati, Yangiyoʻl tumanidagi Shoʻralisoy qishlogʻida tugʻildi. Ota-onasi Parfi Muhammad Amin va Sakina Isabek qizi mustabid tuzum davrida ona yurti Fargʻonaning Vodil hududidan quvgʻin qilingan edi.
Uning “Karvon yoʻli” nomli birinchi kitobi 1968 yilda nashr etildi. Shundan soʻng “Aks sado” (1970), “Tasvir” (1973), “Xotirot” (1975), “Koʻzlar” (1978), “Qaytish” (1981), “Sabr daraxti” (1986), “Sukunat” (1991), “Tavba” (2000) kabi sheʼriy majmualari eʼlon qilindi. Vafotidan soʻng “Sakina” (2013), “Turkiston yodi” (2013) singari saylanmalari bosilib chiqdi.
Rauf Parfi sheʼriyatining asosiy mavzulari – bu shaxs erki, Vatan mustaqilligi va Turkiston, Turk dunyosining birligidir. Bu sheʼriyat – XX asr shaxs shuurini, keskin fojialar dramatizmini ifodalashga jazm etgan jasoratli sheʼriyatdir.
Rauf Parfining “Vatan haqida Bernd Ietshga maktubim”, “Tangri sogʻinchi”, “Sunbula”, “Qora devor”, “Abdurauf Fitrat” (1995) asarlarini olasizmi, Vyetnam urushi haqidagi sheʼrlarinimi, tanka, xokku ‒ uchliklarimi, ularning barchasida adolatsizlikka, haqsizlikka nisbatan nafrat, gʻazab tuygʻulari limmo-limdir.
Rauf Parfi K. Kaladzening “Dengiz xayoli” (1972), Bayronning “Manfred” (1973), A. Salamatning “Oltin bolta” (1974), I. Noneshvilining “Shiddat” (1976), A. Dyumaning “Uch sarboz” (pyesa, 1980), N. Hikmatning “Inson manzaralari” (1981), A. Tvardovskiyning “Zaytun novdasi” (1981), “Xotira huquqi” (1985), “Uygʻur shoirlari” (1986), “Ozod inson qoʻshigʻi” (1988), U. Saroyanning “Hoy, kim bor?” asarlarini hamda B. Brext, P. Neruda, G. Emin, O. Vatsiyetis kabi qardosh va jahon adabiyoti namoyandalari ijodidan namunalarni tarjima qilgan.
Rauf Parfiga “Sabr daraxti” toʻplami uchun Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Hamid Olimjon nomidagi yillik mukofoti berildi. 1992 yilda Xalqaro Mahmud Qoshgʻariy mukofoti bilan taqdirlandi. Turkiyada Diyonat Vaqfi tomonidan oʻtkaziladigan turkiy zabon shoirlar tanlovida gʻolib boʻldi (1993).
Rauf Parfi sheʼriyatimiz rivojiga qoʻshgan hissasi uchun Oʻzbekiston xalq shoiri unvoni bilan taqdirlangan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
Rauf Parfi (1943–2005)