Ramla binti Abu Sufyon (Ummu Habiba)

Ramla binti Abu Sufyon (Ummu Habiba)

Ramla binti Abu Sufyon (Ummu Habiba)

Mundarija скрыть
Ramla binti Abu Sufyon (Ummu Habiba)
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

Asl ismi Ramla bo‘lgan Ummu Habiba hijratdan yigirma besh yil avval, ya’ni, Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) risolat mas’uliyati tushishidan o‘n uch yil oldin Abu Sufyon oilasida tug‘ildi.
U nasl-nasabi yuksak, juda boy va go‘zal qiz edi. Hammaning ko‘zi unda, makkalik yigitlar unga uylanish uchun musobaqalashishar edi. Uning go‘zalligi otasining qurayshiylar orasidagi mavqeini yanada yuksaltirgan edi.
Ramlaga uylanish istagida bo‘lganlardan biri Ubaydulloh ibn Jahsh sharafli qavmga mansub, yuksak mavqe sohibi va juda yoqimtoy yigit edi. Bundan tashqari, diniy ilmlarga rag‘bati bor edi. Nasroniy Varaqa ibn Navfaldan ayrilmasdi. Varaqa johiliyat davridayoq butlardan nafratlanib, ulardan yuz o‘girgan edi.
Abu Sufyon barcha so‘raganlar orasidan Ubaydullohni tanladi va qiznin unga berdi. Ramla porloq fikr va aql sohibasi, bilimdon va madaniyatli xotin edi. Eri Ubaydulloh hamma masalada unga murojaat qilar, uning fikri bilan qiziqar edi.
Kunlar shunday o‘tardi… Hazrati Muhammadga payg‘ambarlik tushganida, Ubaydulloh ustozi Varaqa ibn Navfaldan eshitgan hikmatli so‘zlar ta’sirida Rasulullohning(sollallohu alayhi va sallam) nubuvvatlariga imon keltirdi. Ammo bu imon yuzaki edi.
Habashistonga hijrat
Ubaydulloh bilan zavjasi Ramla ham Habashistonga hijrat qilishdi. Najoshiy vataniga oyoq bosar-bosmas Ubaydulloh yana nasroniylikka kaytdi.
Bir kuni Ramla qo‘rqinchli tush ko‘rdi, cho‘chib uyg‘onib ketdi. Tushida erini «g‘alati bir qiyofada — oydin yuzli bo‘lganidan so‘ng qop-qora, go‘zal bo‘lganidan so‘ng chirkin qiyofada ko‘rdi. Bunday tushning yomonligidan Alloh taologa sig‘indi.
Ramla o‘z ishlari bilan kuymalanib yurganida eri Ubaydulloh nasoro bo‘lganini bildirdi va uni ham nasroniylikka da’vat etdi. Ramla bu taklifni qat’iyyan rad qildi. Kechqurun ko‘rgan tushining ma’nosini endi tushundi. Tushini eriga aytib, imon va Islomda qolishga chaqirdi. Ubaydulloh esa, qabul qilmadi. Hatto musulmonlarning oldiga borib, ularga:
 «Biz haqiqatni topdik, siz endi ko‘rishga harakat qilyapsiz. Bundan so‘ng ko‘rolmaysiz», dedi.
Ubaydulloh murtad bo‘lgach, ichkilikka ruju qo‘ydi, oxir-oqibat shu holda o‘lib ketdi.
Tul muhojir
Ramla hijrat yurtida ikki qaygu orasida yashadi. Biri vatanidan ayrilishi bo‘lsa, ikkinchisi beva qolishi edi. Ammo u mustahkam imoni tufayli bu musibatlarga chiday oldi.
* * *
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga hijrat etganlaridan so‘ng qo‘shni davlatlarning hukmdorlariga maktub yuborib, ularni Islomga da’vat qildilar. Bunday maktubni Najoshiyga Amr ibn Umayya ad-Damriy olib bordi. Rasululloh( sollallohu alayhi va sallam) maktubda Najoshiyni musulmonlikka chaqirib, so‘ng Ramla binti Abu Sufyonni o‘zlariga so‘rattan edilar. Najoshiy har ikkala taklifni ham qabul etdi va Abraha ismli bir joriyani bu xushxabar bilan Ramlaning qoshiga jo‘natdi.
Abrahaning gaplarini eshittan Ramla sevinchini yashirib o‘tirmadi:
— Alloh sening xayringni bersin… — dedi.
G’urbatda tul qolgan bir ayol uchun Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) o‘zlariga so‘ratishlaridan ham xayrliroq nima bo‘lishi mumkin?!
Ramla to‘y masalalarini aniqlashtirish uchun Xolid ibn Said ibn Osga vakolat berdi. O’sha oqshom Najoshiy musulmonlarni saroyga chaqirib, shunday dedi:
— Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) menga bir maktub yuborib, Ramla binti Abu Sufyonni o‘ziga nikohlashimni xoxlabdi. Men uning xohishini bajo keltirdim va Ramlaga to‘rt yuz dirham mahr berdim.
So‘ngra dinorlarni yig‘ilganlarning oldiga to‘kdi. Shu payt Ramlaning vakili Xolid ibn Said o‘rnidan turdi va:
— Allohga hamd bo‘lsin. Undan bo1pqa iloh yo‘qligiga shahodat keltiraman. Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) Uning to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi qilib, butun dinlar ustiga Haq din bilan yuborgan quli va Rasulidir. Men ham Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) istagini qabul etdim va Ramlani unga berdim. Alloh taolo Rasuli uchun muborak qilsin…
Dinorlar Xolidga berildi. Xaloyiq tarqalmoqchi bo‘lganida, Najoshiy:
— O’tiringlar, uylanayotgan paytda kelganlarga taom berish Payg‘ambarlarning sunnatidir, — dedi.
Taomlar keltirildi. Mehmondorchilik tugagach, duodan so‘ng hamma tarqaldi…
Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) Ramlani so‘rashlarida buyuk hikmat va yuksak maqsadi bor edi. Birinchisi, g‘urbatda beva qolgan Ramlaga yordam berish bo‘lsa, ikkinchisi, o‘zlarining va dinning katta dushmani bo‘lgan Abu Sufyon ibn Harb ibn Umayya ustidan g‘alaba qozonish edi. Abu Sufyonning bu nikoh xabarini eshitgan payti:
«Bu odamning burni yerga tegmaydi», degani rivoyat qilinadi.
Mo‘minlar onasi
Muhojirlar uzoq ayriliqdan so‘ng Habashistondan qaytib kelishdi. Bu voqea Haybar fath etilgan kunga to‘g‘ri kelgan edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) shunday deb shukronalarini bildirdilar:
—  Qaysi biridan quvonay: Haybarning fathidanmi yoki Navfalning kelishidanmi?!
Habashistondan qaytib kelganlar orasida Ramla ham bor edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) u bilan go‘shangaga kirdilar, unga shafqat va marhamat ko‘rsatdilar.
* * *
Ummu Habibaning vafodor, imonida sobit ekanini va dinga sadoqatini ko‘rsatuvchi bir voqea sodir bo‘ldi.
U bir imonli ayol, buning ustiga Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) zavjasi… Ikkinchi yoqdan, otasi haybat va hurmat-e’tibor sohibi, Qurayshning ulug‘laridan, ammo kofir va mushrik… Taqdirida otasi Abu Sufyon bilan yuzma-yuz kelish ham bor ekan…
Hudaibiya sulhi imzolanganidan so‘ng Qurayshning ittifoqchilaridan Bani Bakr bu sulhni buzdi. Shundan so‘ng Rasulullohga(sollallohu alayhi va sallam) ittifoqchi bo‘lgan Xuzo’a o‘g‘illaridan bir kishi u zotdan yordam so‘rab keldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unga yordam berishga va’da qildilar va ishonch bildirdilar.
Qurayshning raisi Abu Sufyoning nima bilan tugashini tushunib yetdi. Darhol Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan sulhni sobit tutish maqsadida Madinaga qarab yo‘lga tushdi.
Madinaga kelgach, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan o‘rtalarida vositachilik qilishini so‘rab, qizi Ummu Habibaning (roziyallohu anhu) oldiga kirdi. Endi o‘tirmoqchi bo‘lganida qizi ko‘rpachani taxlab, olib qo‘ydi. Abu Sufyon so‘radi:
— Ey qizim, meni bu ko‘rpachaga loyiq ko‘rmayapsanmi yoki uni menga loyiq ko‘rmayapsanmi?
— Sizni ko‘rpachaga loyiq ko‘rmayapman. Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) ko‘rpachalarida mushrik odam o‘tirishi nixohlamadim.
— Vallohi, senga bir yomonlik yetgan ko‘rinadi, qizim.
— Yo‘q, aksincha, Alloh taolo meni hidoyatga boshladi. Ey ota, siz Qurayning sayyidi va buyugisiz. Qanday qilib ko‘rmaydigan va eshitmaydigan butlarga ibodat qilasiz? Nima uchun Islomni qabul etmaysiz?
Ummu Habiba faqat Alloh va Rasulini sevipshni, ulardan boshqasini sevmasligini aytish bilan, otasining saltanat va azamatidan qo‘rqmay, uning imon va kufr orasidagi o‘rnini buyuk bir jasorat bilan tanitgan edi.
Abu Sufyon bu so‘zlarni eshitib, g‘azabidan tutaqib ketdi. Jahl bilan ko‘chaga chiqdi va Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga bordi. Hazrati Payg‘ambar uni rad etdilar va tarafkashligini qabul qilmadilar. Oxir-oqibat Abu Sufyon hech qanday natijaga erisha olmay, Makkaga qaytdi. Xotini Hind binti Utba uni ayblab:
— Qavming elchiligini yaxshi bajarolmading, xayrli xabar keltirmading, — dedi.
* * *
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ummu Habiba bilan otasi o‘rtasidagi suhbat haqida eshitgach, unga hurmatlari yanada ortdi. Dinga va Payg‘ambar ahliga hurmat va e’zoz qo‘rsatganining mukofoti o‘laroq, uni yanada ko‘proq ikrom etdilar.
* * *
Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan so‘ng Ummu Habiba onamiz xonai saodatda qoldilar. Butun musulmonlar uni e’zozlashar edi. Bu hurmatning sababi Payg‘ambarimizga bo‘lgan ulug‘ sadoqatdan edi.
Xalifalar uni ziyorat qilgani kelishar, ro‘zg‘origa qarashishar, kerakli yordamni ayashmas edi.
Kanchalik fitnalar zuhur etsa ham, Ummu Habiba na so‘z, na fe’l bilan hech biriga qo‘shilmadi. Aksincha, musulmonlarni bir safda va yagona din yo‘lida birlashishga, Allohga bog‘lanib, Uning mustahkam arqonidan qattiq ushlashga da’vat etdi.
Ummu Habiba dono, vazmin va jiddiy ayol edi. Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) eshitgan ko‘plab hadislarni rivoyat qilib, islomiy ilmning yuksalishiga hissasini qo‘shdi.
Vafoti
Ummu Habiba (roziyallohu anhu) faqat namoz uchun uyidan chiqardi. Madinani faqat haj maqsadida tark etgan. Hijratning 44-yili og‘ir kasal bo‘lib qoldi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, yetmish yoshida vafot etdi. Baqi’ qabristoniga dafn etildi. Alloh taolo undan rozi bo‘lsin, uni muborak, mavqeini ulug‘ qilsik. Omin.
 «Qahramon mo’mina ayollar» kitobidan (Toshkent, «Movarounnahr», 2005) olindi.
uzor
Ummu Habiba Ramla roziyallohu anhoning otasining ismi: Abu Sufyon Soxr ibn Harb ibn Umayya ibn Abdu Shams ibn Abdumanofdir.
Ummu Habiba roziyallohu anhoning onasining ismi: Sofiyya binti Abul Oss ibn Umayya ibn Abdu Shams ibn Abdumanofdir.
Ummu Habiba roziyallohu anho hijratdan o‘ttiz besh yil oldin (melodiy olti yuz sakson to‘qqizinchi yili) Makkai mukarramada tug‘ilganlar.
U Quraysh qabilasining sardori, Makka shahrining boshlig‘i, o‘sha davrda musulmonlarning ashaddiy dushmani (keyinchalik islomni qabul qilib sahoba bo‘lgan), Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning ham eng katta g‘animlaridan bo‘lgan Abu Sufyonning qizi edi. Uning qavmi Bani Abdi Shamsning Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning qavmi Bani Hoshimga adovati kuchli edi. Bu qavm Islom da’vatiga hamda da’vat sohibiga doimo to‘sqinlik qilar edi. Abu Sufyon Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam o‘z Parvardigori tomonidan olib kelgan bu muborak Islom da’vatini to‘sishga bor kuchi, imkoniyati bilan qarshilik qildi-yu, lekin bu urinishida muvaffaqiyatga erishmay, hasratu nadomat ila umidini uzdi. Bu vaqtda Makka ahlidan ko‘pgina kishilar va ayollar Islomni qabul qilishgan, hattoki Abu Sufyonning qizi Ummu Habiba roziyallohu anho ham Islom hidoyatini topgan edi. U o‘z otasidan qo‘rqib, bu aziz dinini saqlash uchun eri Ubaydulloh ibn Jahsh bilan Habashistonga ketgan edi.
Habashistonda Alloh taolo uning erini zalolatga mubtalo qilib, u (ba’zi rivoyatga ko‘ra) Islom dinidan chiqib, nasroniy dinini qabul qildi. Buni bilgan Ummu Habiba roziyallohu anho darxol o‘z eridan voz kechdi. Ayol erining turli yo‘llar ila yana qayta yarashishga qilgan harakatlarini rad qilib, o‘z dini bo‘lmish Islomda sobit, mustahkam turdi. O‘zi yolg‘iz qolgach, u begona yurt Habashistonda ko‘pgina qiyinchilik, ko‘rqinchlarga duchor bo‘ldi. Barcha qiyinchilik, og‘ir sharoitlarga sabru matonat ila chidadi. Ummu Habiba roziyallohu anho Qurayshning sardori, kattasi va botiri hisoblangan otasining ta’qibidan va shuningdek, odamlarni Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamdan qaytarib, doim unga qarshi gij-gijlovchi, Payg‘ambar alayhissalomning eng ashaddiy dushmani bo‘lgan onasi Hindning g‘azabidan qo‘rquvda edi. Ummu Habiba roziyallohu anho, shuningdek, o‘z qavmi va qarindoshlari nafratidan va ularga kulgi bo‘lishdan ham qo‘rqar edi. Chunki arablarda dushmani uning baxtsizligidan kulishi eng katta or hisoblanardi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam Habashiston podshohi Najoshiyga maktub yo‘llab, Ummu Habiba roziyallohu anhoni o‘zlariga jufti halol qilib olishga yordamini so‘radilar. Najoshiy bu xushxabarni Ummu Habiba roziyallohu anhoga yetkazganida, u xursandligidan ko‘kka uchayozdi. Ko‘ngli ko‘tarilib, darz ketgan qalbi yaralari tuzaldi. Uni shodlik qamrab oldi. Uning qanchalik xursand bo‘lgani Alloh taologagina ayon edi.
Najoshiy Ummu Habiba roziyallohu anhoga izzat-ikrom ko‘rsatib, unga ko‘p mehribonlik va yaxshiliklar qildi, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam nomlaridan unga mahr qilib to‘rt yuz dinor va boshqa nafis hadyalar taqdim etdi. Va uni Shurahbil ibn Hasna bilan birgalikda izzat-ikromini joyiga qo‘yib, Madinai Munavvaraga — Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kuzatib qo‘ydi. Ummu Habiba roziyallohu anho Madinai Munavvaraga kelgach, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam unga Hijratning oltinchi yoki yetginchi sanasida eri vafot etganidan so‘ng uylandilar. O‘sha vaqtda Ummu Habiba roziyallohu anhoning yoshlari o‘ttiz oltida edi.
Bu muborak turmushning nikohini hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu o‘qidilar.
Alloh taolo Ummu Habiba roziyallohu anho tufayli quydagi oyatni nozil qilgan:
عَسَىاللَّهُأَنْيَجْعَلَبَيْنَكُمْوَبَيْنَالَّذِينَعَادَيْتُمْمِنْهُمْمَوَدَّةًوَاللَّهُقَدِيرٌوَاللَّهُغَفُورٌرَحِيمٌ
Ehtimol, Alloh sizlar bilan sizlar dushman tutib yurgan kimsalar o‘rtasida (ularni Islomga kiritib) do‘stlik paydo qilib qo‘yar. Alloh (bunday ishlarga) qodirdir. Alloh kechirimli va rahmlidir.(Mumtahanah, 7-oyat)
Ummu Habiba Ramla roziyallohu anho hijratning qirq to‘rtinchi sanasida (melodiy olti yuz oltmish to‘rtinchi yili) Madinai munavvarada vafot etdilar. Baqe’ qabiristoniga dafn etildilar.
Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li | Muslim.uz

Ramla binti Abu Sufyon (Ummu Habiba)